47-modda. Umumiy foydalanishdagi temir yoʻl transporti korxonalarining, tashuvchilarning javobgarligi
Temir yoʻl transporti toʻgʻrisida (O‘RQ-1006-son) · Sana: 27.11.2024 · Amalda
Umumiy foydalanishdagi temir yoʻl transporti korxonalari, tashuvchilar yoʻl haqini hamda bagaj, yuk bagaji, yuk, pochta va kuryerlik joʻnatmalarining tashish haqini toʻlagan va yoʻl hujjatlarini toʻgʻri rasmiylashtirgan yoʻlovchiga va yuk joʻnatuvchiga (joʻnatuvchiga), agar ushbu Qonunda yoki boshqa qonunchilik hujjatlarida boshqacha tartib nazarda tutilmagan boʻlsa, tashishni rad etishga haqli emas.
Umumiy foydalanishdagi temir yoʻl transporti korxonalari, tashuvchilar yoʻlovchining yoki temir yoʻl transporti xizmatlaridan foydalanuvchi boshqa shaxsning, xuddi shuningdek temir yoʻl transporti faoliyati natijasida jabrlangan shaxsning hayoti va sogʻligʻiga yetkazilgan zarar uchun qonunchilikda belgilangan tartibda javobgar boʻladi.
Umumiy foydalanishdagi temir yoʻl transporti korxonalari, tashuvchilar yuklarni tashish chogʻida yuklarni tashish uchun olingan buyurtmanomalarni bajarmaganlik, vagonlarni umumiy foydalanishda boʻlmagan temir yoʻllarga keltirib bermaganlik va ularni umumiy foydalanishda boʻlmagan temir yoʻllardan olib ketishni kechiktirganlik, yuklarni yuk joʻnatuvchilar va yukni oluvchilarga tegishli boʻlgan yoki ular tomonidan ijaraga olingan vagonlar va konteynerlarni oʻzboshimchalik bilan egallaganlik, bu vagonlar va konteynerlarga shikast yetkazganlik yoki ularni yoʻqotganlik uchun qonunchilikda belgilangan tartibda neustoyka toʻlash tarzida javobgar boʻladi.
Umumiy foydalanishdagi temir yoʻl transporti korxonalari, tashuvchilar yuklarni tashishda yukni yetkazib berish muddatlarini buzganlik uchun mulkiy javobgarlik bilan bir qatorda tashilayotgan yukning saqlanishini taʼminlamaganlik uchun ham qonunchilikda belgilangan tartibda va miqdorlarda mulkiy javobgar boʻladi.
Umumiy foydalanishdagi temir yoʻl transporti korxonalari, tashuvchilar yoʻlovchilar, bagaj, yuk bagaji, yuk, pochta va kuryerlik joʻnatmalarini tashish boʻyicha majburiyatlarni bajarmaganlik yoki lozim darajada bajarmaganlik uchun qonunchilikda belgilangan tartibda va miqdorlarda javobgar boʻladi.
Umumiy foydalanishdagi temir yoʻl transporti korxonalari, tashuvchilar atrof tabiiy muhitga yetkazilgan zarar uchun hamda temir yoʻl transporti ehtiyojlari uchun ajratilgan yerlarni lozim darajada saqlamaganlik va ulardan foydalanmaganlik uchun qonunchilikka muvofiq javobgar boʻladi.
