3-modda. Asosiy tushunchalar
Temir yoʻl transporti toʻgʻrisida (O‘RQ-1006-son) · Sana: 27.11.2024 · Amalda
Ushbu Qonunda quyidagi asosiy tushunchalar qoʻllaniladi:
bagaj — yoʻlovchiga tegishli boʻlgan, bagaj vagonida tashish uchun yoʻl hujjati (chipta) boʻyicha qabul qilinadigan buyumlar;
vagonlar (konteynerlar) operatori — mulk huquqi asosida yoki boshqa qonuniy asoslarda vagonlarga (konteynerlarga) egalik qiladigan, temir yoʻl transportining tashuvchisi bilan tuzilgan shartnoma asosida xizmatlar koʻrsatish orqali tashish jarayonida ishtirok etadigan va tashish hujjatlarida koʻrsatilgan yuridik shaxs;
yoʻlovchi — yoʻl hujjatiga ega boʻlgan, poyezdda safarni amalga oshirayotgan yoki temir yoʻl vokzali (stansiyasi) yoxud yoʻlovchilar platformasi hududida bevosita safarga ketishdan avval yoki bevosita safardan keyin turgan jismoniy shaxs;
yoʻl hujjati (chipta) — umumiy foydalanishdagi temir yoʻl transportida yoʻlovchi tashish shartnomasi tuzilganligini tasdiqlovchi belgilangan namunadagi tashish hujjati;
tashuvchi — temir yoʻl transportida ichki hamda xalqaro qatnovlarda yoʻlovchilarni va yuklarni tashish faoliyati boʻyicha litsenziyaga ega boʻlgan, temir yoʻl transportida tashish shartnomasi boʻyicha yoʻlovchini, yuk joʻnatuvchi (joʻnatuvchi) tomonidan oʻziga ishonib topshirilgan bagajni, yuk bagajini, yukni, pochta va kuryerlik joʻnatmalarini joʻnatish punktidan moʻljallangan punktga yetkazish, shuningdek bagajni, yuk bagajini, yuklarni, pochta va kuryerlik joʻnatmalarini yukni oluvchiga (oluvchiga) berish majburiyatini oʻz zimmasiga olgan yuridik shaxs;
tashish jarayoni — umumiy foydalanishdagi temir yoʻl transporti korxonalari, tashuvchi, vagonlar (konteynerlar) operatori, infratuzilma operatori tomonidan yoʻlovchilarni, bagajni, yuk bagajini, yuklarni, pochta va kuryerlik joʻnatmalarini tashishga tayyorgarlik koʻrishda, ushbu tashishni amalga oshirishda va yakunlashda bajariladigan, tashkiliy va texnologik jihatdan oʻzaro bogʻliq boʻlgan harakatlar va operatsiyalar majmui;
tashish hujjati — yoʻlovchilarni, bagajni, yuk bagajini, yuklarni, pochta va kuryerlik joʻnatmalarini tashish shartnomasi tuzilganligini tasdiqlaydigan yoʻl hujjati (chipta), bagaj kvitansiyasi, temir yoʻl transporti yuk xati, elektron axborot tashuvchi karta yoki boshqa axborot tashuvchi tarzidagi hujjat;
temir yoʻl stansiyasi — poyezdlarni qabul qilish, joʻnatish, kesishtirish va quvib oʻtish operatsiyalarini, bagajni, yuk bagajini, yuklarni, pochta va kuryerlik joʻnatmalarini qabul qilish, berish hamda yoʻlovchilarga xizmat koʻrsatish operatsiyalarini, poyezdlarni tarqatish va tuzish boʻyicha manyovr ishlarini hamda poyezdlar bilan texnik operatsiyalarni amalga oshirish imkonini beradigan, asosiy temir yoʻllardan tashqari temir yoʻllarning qoʻshimcha guruhlariga ega boʻlgan alohida punkt;
