28-modda. Temir yoʻl transportida tashish tariflari
Temir yoʻl transporti toʻgʻrisida (O‘RQ-1006-son) · Sana: 27.11.2024 · Amalda
Umumiy foydalanishdagi temir yoʻl transportida quyidagi tashish tariflari turlari qoʻllaniladi:
yuklarni tashish tariflari;
yoʻlovchilarni tashish tariflari;
bagaj va yuk bagajini tashish tariflari;
pochta va kuryerlik joʻnatmalarini tashish tariflari.
Umumiy foydalanishdagi temir yoʻl transporti tashish tariflari ichki qatnovlarda tashish tariflariga va xalqaro qatnovlarda tashish tariflariga boʻlinadi.
Temir yoʻl transportida tashish tariflari turlarining tarkibiy qismlari quyidagilardan iborat:
umumiy foydalanishdagi temir yoʻl transporti infratuzilmasi xizmatlari;
tortish lokomotivi xizmatlari;
vagon xarajatlarini qoplash qismi.
Xalqaro qatnovda (shu jumladan tranzit tashuvlar) umumiy foydalanishdagi temir yoʻl transportida tashish tariflari Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalariga muvofiq belgilanadi.
Ushbu Qonunga muvofiq tartibga solinmaydigan temir yoʻl transporti tariflari, yigʻimlari va toʻlovlari shartnoma asosida belgilanadi va raqobat toʻgʻrisidagi qonunchilikka muvofiq nazorat qilinadi.
Vakolatli tashkilot umumiy foydalanishdagi temir yoʻl transportida qoʻllaniladigan tashish tariflarining turlari boʻyicha maʼlumotlarni va ularning oʻzgarish dinamikasini yuklar, harakatdagi tarkib turlari kesimida ommaviy axborot vositalarida doimiy ravishda eʼlon qilinishini taʼminlaydi.
