26-modda. Tashuvchining huquq va majburiyatlari
Temir yoʻl transporti toʻgʻrisida (O‘RQ-1006-son) · Sana: 27.11.2024 · Amalda
Tashuvchi quyidagi huquqlarga ega:
narx belgilash qoidalariga muvofiq tashish narxlarini erkin belgilash, bundan tartibga solinadigan tariflar belgilangan hollar mustasno;
fuqarolarning hayoti va sogʻligʻiga, harakat xavfsizligiga tahdid, ekologiya va sanitariya normalari buzilishi yoki boshqa gʻayrihuquqiy harakatlar (harakatsizlik) yuzaga kelishiga sabab boʻladigan holatlarda tashishni rad etish.
Tashuvchi qonunchilikka va tashish shartnomasiga muvofiq boshqa huquqlarga ham ega boʻlishi mumkin.
Tashuvchi:
ichki va xalqaro qatnovlardagi temir yoʻl transportida yoʻlovchilar va yuklarni tashishga doir faoliyat uchun tegishli litsenziyaga ega boʻlishi;
davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan, tashishlarni amalga oshirish uchun moʻljallangan harakatdagi tarkibga mulk huquqi asosida yoki boshqa qonuniy asosda ega boʻlishi;
tashishlarni belgilangan tartibda sertifikatlashtirilgan harakatdagi tarkibda amalga oshirishi;
harakat va temir yoʻl transportidan foydalanish xavfsizligi talablari bajarilishini taʼminlashi;
yoʻlovchining xavfsizligini, unga zarur qulayliklar va xizmat koʻrsatish sharoitlari yaratilishini, yoʻlovchi tomonidan bagaj hamda yuk bagaji topshirilgan taqdirda esa ularning oʻz vaqtida tashilishi hamda but saqlanishini taʼminlashi;
nogironligi boʻlgan shaxslar va aholining imkoniyati cheklangan guruhlari jumlasidagi yoʻlovchilarning harakatdagi tarkibdan, axborotdan, shuningdek aloqa vositalaridan foydalanish imkoniyatini taʼminlashi, temir yoʻl orqali tashish bilan bogʻliq boshqa xizmatlar koʻrsatish chogʻida zarur shart-sharoitlar yaratishi;
majburiy ravishda sertifikatlashtirilishi lozim boʻlgan joʻnatilayotgan yuk uchun muvofiqlik sertifikatining koʻchirma nusxasini yuk joʻnatuvchidan talab qilishi;
qonunchilikka muvofiq oʻz fuqarolik javobgarligi sugʻurta qilinishini amalga oshirishi shart.
Tashuvchining zimmasida qonunchilikka va tashish shartnomasiga muvofiq boshqa majburiyatlar ham boʻlishi mumkin.
