12-modda. Umumiy foydalanishdagi temir yoʻl transporti infratuzilmasi
Temir yoʻl transporti toʻgʻrisida (O‘RQ-1006-son) · Sana: 27.11.2024 · Amalda
Tashuvchilar umumiy foydalanishdagi temir yoʻllar boʻylab tashishlarni Umumiy foydalanishdagi temir yoʻl transporti infratuzilmasiga kirish va uning xizmatlaridan foydalanish qoidalariga muvofiq amalga oshiradi.
Umumiy foydalanishdagi temir yoʻl transporti infratuzilmasi xizmatlaridan foydalanishga doir ruxsat infratuzilma operatori tomonidan beriladi.
Infratuzilma operatori umumiy foydalanishdagi temir yoʻl transporti infratuzilmasi xizmatlaridan kamsitishlarsiz foydalanilishini taʼminlashi va tashuvchilarga ushbu infratuzilmadan foydalanishda teng huquq berishi shart.
Infratuzilma operatorining tashuvchilarga yoki vagonlar (konteynerlar) operatorlariga nisbatan kamsituvchi harakatlari aniqlangan taqdirda, infratuzilma operatori bunday harakatlar uchun qonunchilikka muvofiq javobgar boʻladi.
Infratuzilma operatori umumiy foydalanishdagi temir yoʻllardan va umumiy foydalanishdagi temir yoʻl transporti infratuzilmasining boshqa obyektlaridan foydalanishni, ularning joriy taʼminotini va modernizatsiya qilinishini, qurilishini amalga oshiradi.
Umumiy foydalanishdagi temir yoʻl transporti infratuzilmasidan foydalanish va uning joriy taʼminoti umumiy foydalanishdagi temir yoʻl transporti infratuzilmasidan foydalanish xizmatlaridan olingan mablagʻlar hisobidan ustuvor tarzda moliyalashtiriladi.
