Respublikada issiqxona xoʻjaliklari faoliyatini sogʻlomlashtirish va qoʻllab-quvvatlash boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida (777-son)
21.11.2024
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Respublikada issiqxona xoʻjaliklariga qulay shart-sharoitlar yaratish orqali ularning faoliyatini sogʻlomlashtirish va qoʻllab-quvvatlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Quyidagilar:
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Issiqxona xoʻjaliklari faoliyatini ragʻbatlantirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida” 2024-yil 26-sentabrdagi PQ-339-son qarori qabul qilinganligi;
Xorazm viloyati hokimi boshchiligida tuzilgan ishchi guruh (keyingi oʻrinlarda — ishchi guruh) tomonidan 262 ta issiqxona xoʻjaligi faoliyatida yuzaga kelayotgan muammolar, ularni keltirib chiqaruvchi omillar va issiqxona xoʻjaliklari faoliyati toʻxtab qolish sabablari oʻrganib chiqilganligi;
kredit qarzdorliklari oʻz vaqtida soʻndirilmaganligi oqibatida majburiy ijro ishlari doirasida issiqxona majmualari belgilangan tartibda tijorat banklariga oʻtkazilayotganligi;
ishchi guruh tomonidan 2016 — 2022-yillarda Xorazm viloyatida ishga tushirilgan 220 ta issiqxona xoʻjaligi faoliyatini sogʻlomlashtirish hamda tijorat banklari koʻmagida zudlik bilan koʻrilishi zarur boʻlgan choralar yuzasidan takliflar ishlab chiqilganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Tijorat banklarining ishchi guruh tavsiyalaridan kelib chiqib, dastlab Xorazm viloyatida, keyinchalik Xorazm viloyati tajribasi asosida respublikaning boshqa hududlarida issiqxona xoʻjaliklarini yanada qoʻllab-quvvatlash boʻyicha quyidagi takliflariga rozilik berilsin:
a) faoliyati qayta tashkil etiladigan issiqxona xoʻjaliklarini boshqarish maqsadida tijorat banklari tomonidan investitsiya kompaniyalarini tashkil qilish. Bunda ayrim issiqxona majmualarini respublikaning boshqa hududlariga koʻchirish;
b) tijorat banklari tomonidan har bir issiqxona xoʻjaligiga individual yondashgan holda, quyidagilarni amalga oshirishga ruxsat berish:
issiqxona majmualarini salohiyatli investorlarga, shu jumladan, respublikaning boshqa hududlariga koʻchirib oʻtkazish orqali sotish;
issiqxona xoʻjaligi tomonidan qoʻshimcha garov taʼminotini taqdim etish hisobiga issiqxona majmualarini taʼmirlash va aylanma mablagʻlarni toʻldirish uchun kredit resurslarini ajratish;
tijorat banklari tomonidan xorijiy valyutadagi kreditlarni ularning kredit siyosatlari doirasida milliy valyutada qayta rasmiylashtirishni koʻrib chiqish;
v) issiqxona xoʻjaliklarida yetishtiriladigan qishloq xoʻjaligi ekinlarining hosildorligini oshirish maqsadida tijorat banklari tomonidan issiqxona xoʻjaliklari uchun yuqori malakali agronomlarni jalb qilish.
Bunda Qishloq xoʻjaligi vazirligi huzuridagi Agrosanoatni rivojlantirish agentligi tijorat banklariga yuqori malakali agronomlarni jalb qilishda amaliy yordam koʻrsatadi.
3. Xorazm viloyati hokimligi, Qishloq xoʻjaligi vazirligi, Iqtisodiyot va moliya vazirligining issiqxona xoʻjaliklarini sogʻlomlashtirish boʻyicha quyidagi takliflari maʼqullansin:
a) issiqxona xoʻjaliklari va ularga ajratilgan kreditlarni yangi mulkdorga qayta rasmiylashtirishda “Tadbirkorlikni rivojlantirish kompaniyasi” AJ tomonidan ilgari berilgan kafillik va kompensatsiyalar boʻyicha shartnomalarni qayta tuzishga ruxsat berish.
Bunda loyihalar uchun kompensatsiya yordamini koʻrsatish orqali ajratilgan kredit (lizing)lar boʻyicha loyihaning biznes rejasida koʻrsatilgan ish oʻrinlarini yaratish va mahsulot (xizmat)lar realizatsiyasidan tushum kabi koʻrsatkichlar bajarilmagan hollarda, kompensatsiya toʻlovlari 2027-yil 1-yanvardan toʻxtatilishi belgilansin;
b) issiqxona xoʻjaliklariga xorijiy valyutada ajratilgan kreditlar milliy valyutada qayta rasmiylashtirilganda, “Tadbirkorlikni rivojlantirish kompaniyasi” AJ tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki asosiy stavkasining 4 foizlik punktidan yuqori va asosiy stavkaning 1,75 baravaridan oshmagan stavkadagi kreditlarga hududlar toifasidan kelib chiqqan holda, kompensatsiya taqdim etish hamda taqdim etilgan kafilliklarni saqlab qolish;
v) issiqxona xoʻjaliklariga avval ajratilgan kreditlarning muddatlari uzaytirilganda, ushbu kreditlar boʻyicha rasmiylashtirilgan mahalliy hokimliklar kafilliklari muddatlarini uzaytirishga ruxsat berish;
g) kredit boʻyicha qarzdorlikni soʻndirish hisobiga undiruv qaratiladigan garovga qoʻyilgan mol-mulkni (issiqxona majmuasi va uskunasi), istisno tariqasida, bozor bahosida qayta baholab, Bosh prokuratura huzuridagi Majburiy ijro byurosining elektron onlayn-auksion savdolari orqali sotishga ruxsat berish.
4. Respublikada issiqxona xoʻjaliklarini toʻliq quvvatda va samarali faoliyat yuritishini taʼminlash, mahsulotlar tannarxini pasaytirish, yuqori qiymatga ega mahsulotlar yetishtirishni yoʻlga qoʻyish hamda ularni samarali sotish mexanizmini yaratish boʻyicha chora-tadbirlar rejasi ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
5. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari hamda Qishloq xoʻjaligi vazirligi ikki oy muddatda Xorazm viloyati misolida respublikaning boshqa hududlaridagi issiqxona xoʻjaliklari joylashgan yer uchastkalarini xatlovdan oʻtkazgan holda:
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan yer uchastkalarini ijaraga berish tartibini takomillashtirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida” 2024-yil 18-yanvardagi PF-15-son Farmoni ijrosi doirasida huquqni tasdiqlovchi hujjatlari toʻliq boʻlmagan, hujjatdagi va amaldagi maydoni bir-biridan farq qiladigan, doimiy foydalanish huquqi bilan ajratilgan, shu sabablarga koʻra yer uchastkasiga boʻlgan ijara huquqi davlat roʻyxatidan oʻtkazilmagan issiqxonalar joylashgan yer maydonlari xalq deputatlari tuman (shahar) Kengashlari sessiyalarida koʻrib chiqilishi va tegishli qarorlar qabul qilinishini tashkil etsin;
tijorat banklariga oʻtkaziladigan issiqxona majmualarining yer maydonlarini tuman (shahar) hokimi va yerdan foydalanuvchi oʻrtasida yer ijarasi shartnomasining qolgan davriga mutanosib ravishda tuzish masalasida tijorat banklari tomonidan mustaqil ravishda qaror qabul qilinishini taʼminlasin.
6. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari bir oy muddatda Xorazm viloyati tajribasi boʻyicha issiqxona xoʻjaliklari faoliyatini oʻrganib chiqib, ularni qoʻllab-quvvatlash va moliyaviy sogʻlomlashtirish yuzasidan tezkor choralarni koʻrsin va amalga oshirilgan ishlar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga axborot kiritsin.
7. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari J.A. Xodjayev zimmasiga yuklatilsin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2024-yil 21-noyabr,
777-son
Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 21-noyabrdagi 777-son qaroriga ILOVA
Respublikada issiqxona xoʻjaliklarini toʻliq quvvatda va samarali faoliyat yuritishini taʼminlash, mahsulotlar tannarxini pasaytirish, yuqori qiymatga ega mahsulotlar yetishtirishni yoʻlga qoʻyish hamda ularni samarali sotish mexanizmini yaratish boʻyicha
CHORA-TADBIRLAR REJASI
