Sanoat korxonalarining atrof-muhitga salbiy taʼsirini kamaytirishni taʼminlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida (783-son)
25.11.2024
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasini transformatsiya qilish va vakolatli davlat organi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2023-yil 31-maydagi PF-81-son Farmoni ijrosini taʼminlash, shuningdek, sanoat korxonalarining atrof-muhitga salbiy taʼsirini kamaytirish hamda aholining atrof-muhit holati toʻgʻrisida xabardorligini oshirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasini transformatsiya qilish va vakolatli davlat organi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2023-yil 31-maydagi PF-81-son Farmoniga muvofiq:
a) tumanlarda (shaharlarda) atmosfera havosi ifloslanishi fon monitoringini amalga oshirish uchun avtomatlashgan 347 ta kichik stansiyalar (keyingi oʻrinlarda — avtomatlashgan kichik stansiyalar) Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi (keyingi oʻrinlarda — Ekologiya vazirligi) tomonidan tasdiqlangan texnik talablar hamda hududlarga joylashtirish xaritalari asosida Ekologiya vazirligi huzuridagi Gidrometeorologiya xizmati agentligi tomonidan oʻrnatilishi;
b) atrof tabiiy muhitni ifloslantiruvchi manbalarning monitoringini sifatli yuritish uchun atrof-muhitga taʼsiri boʻyicha I va II toifalarga mansub xoʻjalik yurituvchi subyektlarga:
atmosfera havosiga ustuvor turgʻun (tashkillashtirilgan) ifloslantiruvchi manbalardan chiqadigan tashlanmalarni tahlil qiluvchi avtomatik monitoring stansiyalarini (keyingi oʻrinlarda — tashlamalarning avtomatik monitoring stansiyalari) oʻrnatish;
yuqori samaradorlikka ega chang-gaz tozalash uskunalari va lokal suv tozalash inshootlarini oʻrnatish hamda mavjudlarini modernizatsiya qilish;
sanitar himoya zonalarini avtomatik statsionar kuzatuv postlari (keyingi oʻrinlarda — avtomatik kuzatuv postlari) bilan jihozlash boʻyicha majburiyatlar yuklanganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Quyidagilar:
Tuman va shaharlarda avtomatlashgan kichik stansiyalarni oʻrnatish boʻyicha manzilli roʻyxat 1-ilovaga muvofiq;
Atmosfera havosiga ustuvor turgʻun (tashkillashtirilgan) ifloslantiruvchi manbalardan chiqadigan tashlanmalarni tahlil qiluvchi avtomatik monitoring stansiyalarini oʻrnatish, sanitar himoya zonalarini avtomatik statsionar kuzatuv postlari bilan jihozlash hamda yuqori samaradorlikka ega chang-gaz tozalash uskunalarini oʻrnatish va mavjudlarini modernizatsiya qilish tarmoq jadvali 2-ilovaga muvofiq;
Atrof-muhitni ifloslantiruvchi oqovalari manbalarini yuqori samaradorlikka ega lokal suv tozalash inshootlari bilan jihozlash (qurish va (yoki) modernizatsiya qilish) tarmoq jadvali 3-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
3. Belgilansinki:
atrof-muhitga taʼsiri boʻyicha I va II toifalarga mansub xoʻjalik yurituvchi subyektlarda tashlamalarning avtomatik monitoring stansiyalari, chang-gaz tozalash uskunalari va lokal suv tozalash inshootlari oʻrnatilganligi, shuningdek, sanitar himoya zonalari avtomatik kuzatuv postlari bilan jihozlanganligini tekshirish tadbirlari Ekologiya vazirligi tomonidan nazorat organlari faoliyatini muvofiqlashtiruvchi vakolatli organ bilan oldindan kelishmasdan oʻtkaziladi. Bunda vakolatli organ Tekshiruvlarni elektron roʻyxatga olish yagona tizimida roʻyxatdan oʻtkazish orqali tekshiruv boshlangan paytdan boshlab yigirma toʻrt soat ichida majburiy ravishda xabardor qilinadi;
avtomatlashgan kichik stansiyalar va avtomatik kuzatuv postlari Oʻzbekiston Respublikasining OʻzMSt 194:2024 “Atmosfera havosi sifatini avtomatik monitoring stansiyalari. Umumiy texnik shartlar” milliy standartiga, tashlamalarning avtomatik monitoring stansiyalari Oʻzbekiston Respublikasining OʻzMSt 195:2024 “Tashlamalarning avtomatik monitoring stansiyalari. Umumiy texnik shartlar” milliy standartiga muvofiq boʻlishi shart;
avtomatlashgan kichik stansiyalar (TIF TN kodi 9027), tashlamalarning avtomatik monitoring stansiyalari (TIF TN kodi 9027), avtomatik kuzatuv postlari (TIF TN kodi 9027), chang-gaz tozalash uskunalari (TIF TN kodi 8421) hamda lokal suv tozalash inshootlarining (TIF TN kodi 8421) texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlar talablariga muvofiqligini baholash hamda oʻlchash vositalarini metrologiya tekshiruvidan oʻtkazish Ekologiya qoʻmitasi huzuridagi Davlat ekologik sertifikatlashtirish va standartlashtirish markazi tomonidan amalga oshiriladi;
tashlamalarning avtomatik monitoring stansiyalari, avtomatik kuzatuv postlari, chang-gaz tozalash uskunalari hamda lokal suv tozalash inshootlari Ekologiya qoʻmitasi huzuridagi Davlat ekologik sertifikatlashtirish va standartlashtirish markazi tomonidan ishlab chiqilgan texnik topshiriq shartlar asosida xarid qilinadi va davlat ishtirokidagi korxonalarga xarid qilinadigan uskunalar va xizmatlar boʻyicha yetkazib beruvchilarga respublika hududida texnik servis xizmatini tashkil etish talabi qoʻyiladi;
oʻrnatiladigan yangi chang-gaz tozalash uskunalarining samaradorligi 99,5 foizdan, modernizatsiya qilinadigan mavjud uskunalarning samaradorligi esa 95 foizdan kam boʻlmasligi, shuningdek, oʻrnatiladigan yangi hamda modernizatsiya qilinadigan mavjud lokal suv tozalash inshootlarining samaradorligi 80 foizdan kam boʻlmasligi lozim;
xoʻjalik yurituvchi subyektlarning sanitar himoya zonalarida avtomatik kuzatuv postlari oʻrnatiladigan joylar Ekologiya vazirligi tomonidan belgilanadi.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda Ekologiya vazirligining ushbu qarorga 1-ilovada nazarda tutilgan avtomatlashgan kichik stansiyalarni xarid qilish uchun talab etiladigan mablagʻlarni 2024-yil Davlat budjeti parametrlarida Turizmni qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasiga yoʻnaltiriladigan transfertlar hisobidan Qoraqalpogʻiston Respublikasi respublika budjeti, viloyatlar va Toshkent shahar mahalliy budjetlariga oʻtkazib berish toʻgʻrisidagi taklifiga rozilik berilsin.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi Ekologiya vazirligi bilan birgalikda 2024-yil IV chorak yakuni bilan Turizmni qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi mablagʻlari oʻzlashtirilishidan kelib chiqib, mazkur jamgʻarmaga qoʻshimcha mablagʻ ajratish yuzasidan Vazirlar Mahkamasiga taklif kiritsin.
6. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bir oy muddatda ushbu qarorga 1-ilovadagi manzilli roʻyxat asosida tuman va shaharlarda avtomatlashgan kichik stansiyalarni oʻrnatish uchun zaruratga koʻra belgilangan tartibda Ekologiya vazirligining hududiy organlariga yer maydonlarini ajratsin.
7. Ekologiya vazirligi Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda:
a) 2025-yil 1-martga qadar:
avtomatlashgan kichik stansiyalarning xarid qilinishi va manzilli roʻyxat asosida oʻrnatilishini;
oʻrnatilgan avtomatlashgan kichik stansiyalar tegishliligi boʻyicha Gidrometeorologiya xizmati agentligining Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar hududiy markazlari hisobiga belgilangan tartibda oʻtkazilishini;
b) 2025-yil 1-martdan boshlab avtomatlashgan kichik stansiyalar maʼlumotlari atrof tabiiy muhit davlat monitoringi tizimining yagona geoaxborot maʼlumotlar bazasiga integratsiya qilinishini va uzluksiz faoliyat yuritishini taʼminlasin.
8. Ekologiya vazirligi uch oy muddatda:
sanoat korxonalarida atmosfera havosiga ustuvor turgʻun (tashkillashtirilgan) ifloslantiruvchi manbalarni belgilash boʻyicha uslubiyotni hamda Sanoat korxonalarida chang-gaz tozalash uskunalarining texnik holatini belgilovchi pasportlarni yuritish tartibini tasdiqlasin;
Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi bilan birgalikda tashlamalarning avtomatik monitoring stansiyalarini, avtomatik kuzatuv postlarini, chang-gaz tozalash uskunalarini hamda lokal suv tozalash inshootlarini ishlab chiqarishni mahalliylashtirish toʻgʻrisidagi takliflarni ishlab chiqib, belgilangan tartibda Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
9. Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining 4-ilovaga muvofiq ayrim qarorlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilsin.
10. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vaziri A.A. Abduxakimov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2024-yil 25-noyabr,
783-son
Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 25-noyabrdagi 783-son qaroriga 1-ILOVA
Tuman va shaharlarda avtomatlashgan kichik stansiyalarni oʻrnatish boʻyicha
MANZILLI ROʻYXAT
Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 25-noyabrdagi 783-son qaroriga 2-ILOVA
Atmosfera havosiga ustuvor turgʻun (tashkillashtirilgan) ifloslantiruvchi manbalardan chiqadigan tashlanmalarni tahlil qiluvchi avtomatik monitoring stansiyalarini oʻrnatish, sanitar himoya zonalarini avtomatik statsionar kuzatuv postlari bilan jihozlash hamda yuqori samaradorlikka ega chang-gaz tozalash uskunalarini oʻrnatish va mavjudlarini modernizatsiya qilish
TARMOQ JADVALI
Izoh. Ushbu roʻyxat yakuniy hisoblanmaydi. Ushbu roʻyxatga kiritilmagan atrof-muhitga taʼsiri I va II toifa boʻlgan boshqa korxonalarda atmosfera havosiga ustuvor turgʻun (tashkillashtirilgan) ifloslantiruvchi manbalardan chiqadigan tashlanmalarni tahlil qiluvchi avtomatik monitoring stansiyalari, statsionar kuzatuv postlari hamda yuqori samaradorlikka ega chang-gaz tozalash uskunalari oʻrnatiladi.
Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 25-noyabrdagi 783-son qaroriga 3-ILOVA
Atrof-muhitni ifloslantiruvchi oqovalari manbalarini yuqori samaradorlikka ega lokal suv tozalash inshootlari bilan jihozlash (qurish va (yoki) modernizatsiya qilish)
TARMOQ JADVALI
Izoh. Ushbu roʻyxat yakuniy hisoblanmaydi. Ushbu roʻyxatga kiritilmagan atrof-muhitga taʼsiri I va II toifaga mansub boʻlgan boshqa korxonalarda yuqori samaradorlikka ega lokal suv tozalash inshootlari oʻrnatiladi.
Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 25-noyabrdagi 783-son qaroriga 4-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga kiritilayotgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar
2. Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 7-sentabrdagi 541-son qarori bilan tasdiqlangan Davlat ekologik ekspertizasi toʻgʻrisidagi nizomda:
quyidagi mazmundagi 61-band bilan toʻldirilsin:
“61. Atrof-muhitga taʼsiri boʻyicha I va II toifaga kiruvchi yangi obyektlarni loyihalashtirishda yuqori samaradorlikka ega chang-gaz tozalash uskunalari va (yoki) lokal suv tozalash inshootlari oʻrnatilishi koʻzda tutilmagan loyihalarni davlat ekologik ekspertizasidan oʻtkazish man etiladi”;
52-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“52. Davlat ekologik ekspertizasi xulosasi tegishlicha Davlat ekologik ekspertizasi markazi va uning Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar filiallari rahbarlari tomonidan belgilangan tartibda tasdiqlanadi.
Davlat ekologik ekspertizasi xulosasi tegishlicha Oʻzbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi, viloyatlar hamda Toshkent shahar Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi boshqarmalari bilan belgilangan tartibda kelishiladi”.
3. Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 12-apreldagi 202-son qarori bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasi hududida atrof tabiiy muhit ifloslantirilganligi va chiqindilar joylashtirilganligi uchun kompensatsiya toʻlovlarini qoʻllash tartibi toʻgʻrisidagi nizomda:
5-bandning toʻrtinchi va beshinchi xatboshilari quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablagʻlaridan moliyalashtiriladigan tashkilotlar (keyingi oʻrinlarda — budjet tashkilotlari) hamda “Chiqindi poligonlarini boshqarish direksiyasi” davlat muassasasi va uning hududiy boshqarmalari Oʻzbekiston Respublikasi hududida atrof tabiiy muhit ifloslantirganligi uchun kompensatsiya toʻlovchi subyektlar hisoblanmaydi.
Budjet tashkilotlari hamda “Chiqindi poligonlarini boshqarish direksiyasi” davlat muassasasi va uning hududiy boshqarmalari mazkur Nizomga muvofiq oʻzlarining asosiy faoliyatidan tashqari va atrof tabiiy muhitga salbiy taʼsir koʻrsatish bilan bogʻliq boʻlgan boshqa faoliyat bilan shugʻullanganda, undan olingan daromad manbalari hisobidan kompensatsiya toʻlovlarini toʻlaydilar”;
quyidagi mazmundagi 201-band bilan toʻldirilsin:
“201. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasini transformatsiya qilish va vakolatli davlat organi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2023-yil 31-maydagi PF-81-son Farmoni 9-bandining birinchi xatboshisida belgilangan muddatlarda atmosfera havosiga ustuvor turgʻun (tashkillashtirilgan) ifloslantiruvchi manbalardan chiqadigan tashlanmalarni tahlil qiluvchi avtomatik monitoring stansiyalarini, yuqori samaradorlikka ega chang-gaz tozalash uskunalarini va lokal suv tozalash inshootlarini oʻrnatmagan va (yoki) mavjudlarini modernizatsiya qilmagan, shuningdek, korxonaning sanitar himoya zonasini avtomat statsionar kuzatuv posti bilan jihozlamagan atrof-muhitga taʼsiri boʻyicha I va II toifaga kiruvchi xoʻjalik yurituvchi subyektlar tomonidan atrof tabiiy muhitni ifloslantirganligi va chiqindilarni joylashtirganligi uchun kompensatsiya toʻlovlari besh baravarga oshirilgan holda toʻlanadi”;
quyidagi mazmundagi 301-band bilan toʻldirilsin:
“301. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasini transformatsiya qilish va vakolatli davlat organi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2023-yil 31-maydagi PF-81-son Farmoni 9-bandining yettinchi xatboshisida belgilangan muddatda atmosfera havosiga ustuvor turgʻun (tashkillashtirilgan) ifloslantiruvchi manbalardan chiqadigan tashlanmalarni tahlil qiluvchi avtomatik monitoring stansiyalarini, yuqori samaradorlikka ega chang-gaz tozalash uskunalarini va lokal suv tozalash inshootlarini oʻrnatgan va (yoki) mavjudlarini modernizatsiya qilgan, korxonaning sanitar himoya zonasini avtomat statsionar kuzatuv posti bilan jihozlagan yoki shartnomaga asosan 15 foizdan ortiq toʻlovlarni amalga oshirgan atrof-muhitga taʼsiri boʻyicha I va II toifaga kiruvchi xoʻjalik yurituvchi subyektlarga atrof tabiiy muhitni ifloslantirganligi va chiqindilarni joylashtirganligi uchun kompensatsiya toʻlovlarini teng ulushlarda 36 oy davomida boʻlib-boʻlib toʻlashga ruxsat etiladi”.
4. Vazirlar Mahkamasining “Gidrometeorologiya va atrof tabiiy muhit ifloslanishi monitoringi sohasida ixtisoslashtirilgan xizmatlar koʻrsatish reglamentini tasdiqlash toʻgʻrisida” 2021-yil 6-avgustdagi 501-son qaroriga ilovaning 13-bandi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“13. Pullik xizmatlardan tushadigan mablagʻlar davlat organlari va tashkilotlariga gidrometeorologik xizmatlar koʻrsatishni yanada yaxshilash, ob-havo prognozlarining aniqligini oshirish uchun Oʻzgidromet tizimining moddiy-texnik bazasini takomillashtirish hamda gidrometeorologiya xizmatining kadrlar salohiyatini mustahkamlashga yoʻnaltiriladi”.
5. Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 17-sentabrdagi 579-son qarori bilan tasdiqlangan Obyektlarni qurish, rekonstruksiya qilish, mukammal va joriy taʼmirlash boʻyicha shaharsozlik va loyiha hujjatlarining loyihaviy yechimlarini shaharsozlik hujjatlariga muvofiqligi yuzasidan ekspertizadan oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizom quyidagi mazmundagi 51-band bilan toʻldirilsin:
“51. Atrof-muhitga taʼsiri boʻyicha I va II toifaga kiruvchi yangi obyektlarni loyihalashtirishda yuqori samaradorlikka ega chang-gaz tozalash uskunalari va (yoki) lokal suv tozalash inshootlari oʻrnatilishi koʻzda tutilmagan loyihalarni shaharsozlik hujjatlariga muvofiqligi yuzasidan ekspertizadan oʻtkazish man etiladi”.
6. Vazirlar Mahkamasining “Qurilish sohasiga oid yagona maʼmuriy qurilish reglamentlarini tasdiqlash toʻgʻrisida” 2022-yil 20-apreldagi 200-son qarorida:
a) 4-ilovada:
9-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“9. Davlat xizmatlari markazlari, Kengashlar, vakolatli organlar, tuman (shahar) qurilish boʻlimlari, hududiy ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi organlari, sanitariya-epidemiologiya xizmatining tuman (shahar) boʻlimlari, tuman (shahar) favqulodda vaziyatlar boʻlimlari hamda Oʻzkomnazorat inspeksiyasi (keyingi oʻrinlarda — xulosa beruvchilar) oʻrtasida axborot almashish ERIdan foydalangan holda faqat elektron amalga oshiriladi”;
19-bandda:
quyidagi mazmundagi oltinchi xatboshi bilan toʻldirilsin:
“atrof-muhitga taʼsiri boʻyicha I va II toifalarga kiruvchi yangi obyektlarda yuqori samaradorlikka ega chang-gaz tozalash uskunalari va (yoki) lokal suv tozalash inshootlarining oʻrnatilishi loyiha-smeta hujjatlarida koʻzda tutilmaganligi”;
oltinchi — sakkizinchi xatboshilar tegishlicha yettinchi — toʻqqizinchi xatboshilar deb hisoblansin;
1-ilovaning “2-bosqich” pozitsiyasi “Amalga oshiriladigan tadbirlar” ustunidagi “b” kichik bandi quyidagi tahrirda bayon qilinsin:
“b) bir vaqtda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Qurilish vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahar qurilish bosh boshqarmasi hamda hududiy sanitariya-epidemiologiya va yongʻinga qarshi nazorat xizmatlariga” soʻzlari “Qoraqalpogʻiston Respublikasi Qurilish vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahar qurilish bosh boshqarmasi, hududiy ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi organlari, sanitariya-epidemiologiya xizmatining tuman (shahar) boʻlimlari hamda tuman (shahar) favqulodda vaziyatlar boʻlimlariga”;
b) 6-ilovada:
4-bandning “v” kichik bandi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“v) sanitariya-epidemiologiya xizmatining tuman (shahar) boʻlimi, tuman (shahar) favqulodda vaziyatlar boʻlimi hamda hududiy ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi organi (keyingi oʻrinlarda — xulosa beruvchilar) quyidagi toifalardagi obyektlardan foydalanish boʻyicha xulosa beradilar:
sanitariya-epidemiologiya xizmatining tuman (shahar) boʻlimi va tuman (shahar) favqulodda vaziyatlar boʻlimi — II — IV toifalar boʻyicha;
hududiy ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi organi — atrof-muhitga taʼsiri boʻyicha I — IV toifalar boʻyicha”;
17-bandning birinchi va ikkinchi xatboshilaridagi “sanitariya-epidemiologik” soʻzlari “sanitariya-epidemiologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish” soʻzlari bilan almashtirilsin;
19-bandda:
quyidagi mazmundagi oʻn sakkizinchi xatboshi bilan toʻldirilsin:
“atrof-muhitga taʼsiri boʻyicha I va II toifalarga kiruvchi yangi obyektlarda yuqori samaradorlikka ega chang-gaz tozalash uskunalari va (yoki) lokal suv tozalash inshootlari oʻrnatilmaganligi”;
oʻn sakkizinchi — yigirmanchi xatboshilar tegishlicha oʻn toʻqqizinchi — yigirma birinchi xatboshilar deb hisoblansin.
