Hududlarda jamoat transporti infratuzilmasini rivojlantirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida (757-son)
14.11.2024
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
[Koʻchirma]
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Davlat boshqaruvi sohasida korrupsiyaviy xavf-xatarlarni bartaraf etish mexanizmlarini takomillashtirish va ushbu sohada jamoatchilik ishtirokini kengaytirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2022-yil 11-maydagi PQ-240-son qarori ijrosi yuzasidan namunaviy loyihalar asosida avtobus bekatlarini tashkil etish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Davlat boshqaruvi sohasida korrupsiyaviy xavf-xatarlarni bartaraf etish mexanizmlarini takomillashtirish va ushbu sohada jamoatchilik ishtirokini kengaytirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2022-yil 11-maydagi PQ-240-son qarori bilan mavjud avtobekatlarni xatlovdan oʻtkazib, ular joylashgan yer uchastkalarining huquqiy maqomini aniqlashtirish, shuningdek, avtobekatlarda tadbirkorlik obyektlarini joylashtirishga ruxsat berishning shaffof elektron mexanizmlarini yaratish va ulardan foydalanishning aniq talablarini belgilash nazarda tutilganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Belgilab qoʻyilsinki:
a) umumiy foydalanishdagi avtomobil yoʻllari boʻyida avtobus bekatlari Transport vazirligi huzuridagi Avtomobil yoʻllari qoʻmitasining hududiy tashkilotlari tomonidan tashkil etiladi;
b) shaharlar va boshqa aholi punktlarining koʻchalaridagi avtobus bekatlari Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari tomonidan tashkil etiladi;
v) avtobus bekatlari loyihasi yoʻlovchilar, shu jumladan, nogironligi boʻlgan shaxslar uchun qulay shart-sharoitlar yaratilishini inobatga olgan holda, ishlab chiqiladi va belgilangan meʼyorlarga muvofiq namunaviy loyiha (yengil konstruksiya) asosida quriladi;
g) avtobus bekatlarida faqatgina reklama vositasi, bankomatlar, mahsulotlarni va elektron chiptalarni xarid qilishga moʻljallangan oʻziga oʻzi xizmat koʻrsatish (vending, infokioska) avtomatlari, aholining internet jahon axborot tarmogʻidan foydalanishi uchun “Wi-Fi” aloqa tizimini joylashtirishga ruxsat etiladi.
Bunda elektron chiptalarni xarid qilishga moʻljallangan oʻziga oʻzi xizmat koʻrsatish avtomatlarini (infokioska) joylashtirishda ijara toʻlovlari olinmaydi, elektr quvvatini hisoblash qurilmalarini oʻrnatmasdan oylik toʻlov normasi belgilanadi;
d) yangi va rekonstruksiya qilinadigan bekatlar joylashtiriladigan yer maydonlarida savdo va maishiy xizmat koʻrsatish obyektlarini joylashtirish taqiqlanadi;
e) shahar markazlarida joylashgan avtobus bekatlarida maʼlumotlarni onlayn aks ettiruvchi elektron tablolar qoʻyiladi;
j) oʻrindiqlar va chiqindi tashlash qutilari majburiy tartibda oʻrnatiladi.
3. Quyidagilar:
Umumiy foydalanishdagi avtomobil yoʻllarida Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Avtomobil yoʻllarini rivojlantirish maqsadli jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan avtobus bekatlarini qurish, rekonstruksiya qilish va jihozlash dasturi 1-ilovaga muvofiq;
Shaharlar va boshqa aholi punktlarining koʻchalarida mahalliy budjet mablagʻlari hisobidan avtobus bekatlarini qurish, rekonstruksiya qilish va jihozlash dasturi 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
4. Shaharlar va boshqa aholi punktlari koʻchalari hamda ichki xoʻjalik yoʻllaridagi avtobus bekatlari uchun yer uchastkalari elektron onlayn-auksion savdolari orqali tadbirkorlik subyektlariga uzoq muddatga ijara huquqi asosida foydalanishga Vazirlar Mahkamasining “Koʻchma savdo faoliyatiga zamonaviy axborot texnologiyalarini yanada keng joriy etish hamda savdo avtomati orqali chakana savdo faoliyatini tartibga solish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2021-yil 3-avgustdagi 485-son qarori asosida beriladi. Bunda:
a) ijara shartnomasi elektron onlayn-auksion gʻolibi va tuman (shahar) hokimligi oʻrtasida tuziladi;
b) talabgorlarga 120 oygacha ijaraga berilgan yer uchastkasi xususiylashtirilmaydi;
v) avtobus bekati uchun yer uchastkasini uzoq muddatga ijaraga berish manzilli roʻyxati tuman (shahar) hokimliklari tomonidan Transport vazirligining hududiy boʻlinmalari va Avtomobil yoʻllari qoʻmitasi bilan birgalikda avtobus bekatlarini xatlovdan oʻtkazgan holda, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi hamda viloyatlar hokimliklariga tasdiqlash uchun kiritiladi.
5. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari:
avtobus bekatlarini qurish va rekonstruksiya qilish uchun kiritilgan dasturlar doirasida ajratiladigan mablagʻlar xarajatlar smetalarida aks ettirilishini taʼminlash;
Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligi huzuridagi Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi sohasida nazorat qilish inspeksiyasi, Ichki ishlar vazirligi va Transport vazirligining hududiy boʻlinmalari bilan birgalikda savdo va maishiy xizmat koʻrsatish obyektlari mavjud boʻlgan faoliyat koʻrsatayotgan avtobus bekatlarida ushbu qarorning 2-bandida belgilangan minimal talablarni inobatga olgan holda, jamoat transportlari, yoʻlovchilar, shu jumladan, nogironligi boʻlgan shaxslar uchun qulay va xavfsiz shart-sharoit yaratish choralarini koʻrsin.
6. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari Transport vazirligi, Raqamli texnologiyalar vazirligi, Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Kadastr agentligi bilan birgalikda uch oy muddatda hududlarda joylashgan avtobus bekatlarining elektron ID-reyestrini yuritish hamda obyektlar joylashgan geografik lokatsiyani (Geocode) ID-kodga bogʻlash ishlarini tashkil etsin.
7. Vazirlar Mahkamasining “Avtomobil transporti sohasida davlat ishtirokidagi korxona faoliyatini takomillashtirish va moliyaviy sogʻlomlashtirish borasidagi qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida” 2024-yil 9-avgustdagi 494-son qaroriga 3-ilovaga muvofiq oʻzgartirishlar kiritilsin.
8. Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Soliq qoʻmitasi ikki oy muddatda mazkur qaror talablaridan kelib chiqib, Vazirlar Mahkamasining “Koʻchma savdo faoliyatiga zamonaviy axborot texnologiyalarini yanada keng joriy etish hamda savdo avtomati orqali chakana savdo faoliyatini tartibga solish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2021-yil 3-avgustdagi 485-son qaroriga tegishli oʻzgartirishlar kiritish boʻyicha Hukumat qarori loyihasini belgilangan tartibda kiritsin.
9. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari A.J. Ramatov, transport vaziri I.R. Maxkamov hamda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar hokimlari zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2024-yil 14-noyabr,
757-son
Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 14-noyabrdagi 757-son qaroriga 1-ILOVA
Umumiy foydalanishdagi avtomobil yoʻllarida Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Avtomobil yoʻllarini rivojlantirish maqsadli jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan avtobus bekatlarini qurish, rekonstruksiya qilish va jihozlash
DASTURI
T/rHududlar nomiJami2024-yilda2025-yilda2026-yilda2027-yilda2028-yilda2029-yilda2030-yildaRejaJami:1 9052852652752702652752701.Qoraqalpogʻiston Respublikasi125151520201520202.Andijon viloyati85151015101015103.Buxoro viloyati125201520201515204.Jizzax viloyati90151510101510155.Qashqadaryo viloyati195302530253025306.Navoiy viloyati140202020202020207.Namangan viloyati195302530253025308.Samarqand viloyati120152015201520159.Surxondaryo viloyati1552025202520252010.Sirdaryo viloyati1051515151515151511.Toshkent viloyati2354035303530353012.Fargʻona viloyati1402020202020202013.Xorazm viloyati19530253025303025
Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 14-noyabrdagi 757-son qaroriga 2-ILOVA
Shaharlar va boshqa aholi punktlarining koʻchalarida mahalliy budjet mablagʻlari hisobidan avtobus bekatlarini qurish, rekonstruksiya qilish va jihozlash
DASTURI
T/rHududlar nomiJami2024-yilda2025-yilda2026-yilda2027-yilda2028-yilda2029-yilda2030-yildaRejaJami:3 2614724735144384924104621.Qoraqalpogʻiston Respublikasi210505030202020202.Andijon viloyati98101212181215193.Buxoro viloyati250303040354035404.Jizzax viloyati251363540354030355.Qashqadaryo viloyati275304045404535406.Navoiy viloyati227263038353825357.Namangan viloyati343555157455040458.Samarqand viloyati1036710201525209.Surxondaryo viloyati3054545554045354010.Sirdaryo viloyati1852427282528252811.Toshkent viloyati2293534303530353012.Fargʻona viloyati2983845454045404513.Xorazm viloyati48787678450845065
Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 14-noyabrdagi 757-son qaroriga 3-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga kiritilayotgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar
1. Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 30-iyuldagi 636-son qarori bilan tasdiqlangan Avtomobil transportida yoʻlovchilarni shaharda, shahar atrofida, shaharlararo, xalqaro, shuningdek, yuklarni xalqaro yoʻnalishlar boʻyicha tashish faoliyatini litsenziyalash yuzasidan davlat xizmatlari koʻrsatishning maʼmuriy reglamentining 29-bandi birinchi xatboshisi “shaklda yuboriladi” soʻzlaridan keyin “lekin ushbu muddat oʻttiz ish kunidan ortiq boʻlmasligi lozim” soʻzlari bilan toʻldirilsin.
2. Vazirlar Mahkamasining “Koʻchma savdo faoliyatiga zamonaviy axborot texnologiyalarini yanada keng joriy etish hamda savdo avtomati orqali chakana savdo faoliyatini tartibga solish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2021-yil 3-avgustdagi 485-son qarorida:
a) 3-bandning birinchi xatboshisi “koʻchma muzlatgichlar” soʻzlaridan keyin “hamda avtobus bekatlari” soʻzlari bilan toʻldirilsin;
b) 1-ilovaning 20-bandi birinchi xatboshisi, 31-bandi oltinchi xatboshisi, 35-bandi sakkizinchi xatboshisi hamda 40-bandi yettinchi xatboshisi “koʻchma muzlatgichlar” soʻzlaridan keyin “hamda avtobus bekatlari” soʻzlari bilan toʻldirilsin;
v) 2-ilova quyidagi mazmundagi 8-band bilan toʻldirilsin:
“8. Oʻzbekiston Respublikasi Transport vazirligi huzuridagi Avtomobil yoʻllari qoʻmitasining hududiy tashkilotlari”.
