17-modda. Boshqaruvning vakolatlari
Oʻzbekiston Respublikasining Markaziy banki toʻgʻrisida (154-I-son) · Sana: 21.12.1995 · Kuchini yo'qotgan
Boshqaruv quyidagi vakolatlarga ega:
monetar siyosatning asosiy yoʻnalishlarini, shu jumladan Markaziy bankning ochiq bozordagi operatsiyalari koʻlami, Markaziy bankning hisob va ssuda berishdagi foiz stavkalari hamda banklarning Markaziy bankdagi majburiy rezervlari normasini belgilaydi;
Markaziy bankning normativ hujjatlarini tasdiqlaydi;
Markaziy bankning xalqaro tashkilotlardagi ishtiroki masalasini hal qiladi;
banknotlar va tangalarning nominal qiymati va namunalarini, shuningdek pul belgilarini muomaladan chiqarish shartlarini belgilaydi;
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatiga beriladigan ssudalar miqdori va shartlarini tasdiqlaydi;
banklar, mikrokredit tashkilotlari, lombardlar uchun iqtisodiy normativlarni hamda banklar, mikrokredit tashkilotlari va lombardlar uchun moliyaviy va kassa operatsiyalarini oʻtkazish, buxgalteriya hisobi hamda hisobotini yuritish qoidalarini tasdiqlaydi, shuningdek ularga rioya etilishini koʻrib chiqadi;
bank faoliyati bilan shugʻullanish uchun litsenziyalar berish va ularni chaqirib olish toʻgʻrisida qarorlar qabul qiladi, mikrokredit tashkilotlari, lombardlar, valyuta birjasi va kredit byurolari faoliyati, shuningdek qimmatli qogʻozlar blankalari ishlab chiqarish litsenziyalanishini amalga oshiradi;
Markaziy bankning tashkiliy tuzilmasini belgilaydi;
Markaziy bank muassasalari hamda korxonalarini tashkil etadi, qayta tuzadi va tugatadi;
Markaziy bank xarajatlari va daromadlari smetasini tasdiqlaydi;
Markaziy bankning yillik va moliya hisobotlarini koʻrib chiqadi;
Markaziy bankning tarkibiy boʻlinmalari, muassasalari va korxonalari rahbarlarini tasdiqlaydi;
Markaziy bank tarkibiy boʻlinmalari, uning muassasalari va tashkilotlari rahbarlarining hisobotlari hamda maʼruzalarini tinglaydi;
Markaziy bank xodimlarini ishga yollash, ishdan boʻshatish, ularning mehnatiga haq toʻlash shartlarini, shuningdek ularning kreditlar olishi va aksiyalar sotib olishi tartibini qonun hujjatlariga muvofiq belgilaydi;
Markaziy bank vakolati doirasidagi boshqa masalalarni koʻrib chiqadi va hal qiladi.
