Oʻquvchi-yoshlarni chaqiruvga qadar boshlangʻich tayyorlash tizimini yangi bosqichga olib chiqish chora-tadbirlari toʻgʻrisida (PQ-393-son)
15.11.2024
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
qarori
Mamlakatimiz yoshlarini harbiy-vatanparvarlik, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat, yuksak maʼnaviy-axloqiy fazilatlar ruhida tarbiyalash, ularning ongiga tinchlik va totuvlikni koʻz qorachigʻidek asrab-avaylash zarurligini chuqur singdirish, ularning barcha yoʻnalishlarda bilim va koʻnikmalarini oshirish, shuningdek, “Oʻzbekiston — 2030” strategiyasida mamlakatimizni har tomonlama rivojlantirish boʻyicha belgilangan keng koʻlamli vazifalarni samarali amalga oshirish maqsadida:
1. Mudofaa vazirligi, Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligining yoshlarni yuksak vatanparvarlik ruhida tarbiyalashning vertikal tizimini yaratish orqali oʻquvchi-yoshlarni chaqiruvga qadar boshlangʻich tayyorlash tizimini yangi bosqichga olib chiqish toʻgʻrisidagi quyidagi takliflariga rozilik berilsin:
a) 2025/2026 oʻquv yilidan boshlab umumiy oʻrta (Prezident, ijod, ixtisoslashgan taʼlim muassasalari) taʼlim tashkilotlarida (keyingi oʻrinlarda — taʼlim tashkilotlari) chaqiruvga qadar boshlangʻich tayyorgarlik (keyingi oʻrinlarda — CHQBT) fani nufuzini oshirish va CHQBT rahbarlari faoliyatini muvofiqlashtirish yuzasidan yangi tizimni joriy etish, bunda:
respublikada “Vatan taqdiriga daxldorlik tuygʻusi, faol hayotiy pozitsiya” tamoyiliga asosan yangilangan CHQBT fanining oʻquv dasturi va darsliklarini yaratish;
taʼlim tashkilotlarida CHQBT fani haftasiga ikki soatdan oʻqitilishini belgilash.
Bunda tayanch oʻquv rejada 10-11-sinflarga haftasiga bir soatdan qoʻshimcha yuklama kiritish;
b) Mudofaa vazirligi tizimida chaqiriqqa qadar boshlangʻich tayyorgarlik rahbari lavozimini (keyingi oʻrinlarda — CHQBT rahbari) joriy etish va CHQBT rahbari lavozimiga Mudofaa vazirligi tomonidan Maktabgacha va maktab taʼlim vazirligi hamda Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligining hududiy boʻlinmalari bilan kelishgan holda oliy taʼlim tashkilotlari harbiy taʼlim fakultetlarining “Chaqiriqqacha harbiy taʼlim” yoʻnalishi bitiruvchilarini, Qurolli Kuchlarning rezervi (zaxira)dagi oliy maʼlumotga ega boʻlgan oddiy askar, serjant, shuningdek, ofitserlar tarkibiga mansub kontrakt boʻyicha harbiy xizmatchilarni ishga qabul qilish;
v) CHQBT rahbarlarining harbiy malakasini vatanparvarlik yoʻnalishida mudofaa tizimida, pedagogik koʻnikmalarini taʼlim tizimida oshirish;
g) CHQBT rahbarlarining faoliyati samaradorligini baholash koʻrsatkichlarini (KPI) ishlab chiqish;
d) Mudofaa vazirligi hamda Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligining tegishincha mavjud shtat birliklari doirasida:
Mudofaa vazirligi markaziy apparati tarkibidagi Tarbiyaviy va mafkuraviy ishlar bosh boshqarmasi Yoshlar boʻlimi negizida Mudofaa vazirligi Chaqiruvga qadar boshlangʻich tayyorgarlik va yoshlar bilan ishlash departamenti (keyingi oʻrinlarda — Departament)ni;
Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi markaziy apparatida Vatanparvarlik va chaqiruvga qadar boshlangʻich tayyorgarlikni muvofiqlashtirish boʻlimini tashkil etish;
e) respublikadagi har bir tuman (shahar)da bitta umumiy oʻrta taʼlim maktabi negizida bolalarni kichik yoshidan Vatanga cheksiz sadoqat ruhida, jismonan sogʻlom va maʼnaviy yetuk insonlar qilib tarbiyalashga yoʻnaltirilgan “Jasorat maktabi” faoliyatini yoʻlga qoʻyish. Bunda quyidagilar nazarda tutiladi:
sport turlari boʻyicha ushbu maktablarda “Barkamol avlod” bolalar maktablarining tarmoq toʻgaraklari faoliyatini yoʻlga qoʻyish;
harbiy-sport musobaqalari, intellektual viktorinalar va koʻrik-tanlovlarni tashkil etish;
Qurolli Kuchlar tarkibiga kiruvchi vazirlik va idoralarning oliy harbiy va harbiylashtirilgan taʼlim tashkilotlarini oʻz faoliyat yoʻnalishidan kelib chiqqan holda “jasorat maktablari”ga uslubiy yordam koʻrsatuvchi muassasa sifatida biriktirish tizimini joriy etish.
2. Belgilansinki:
a) 2025-yil 1-iyundan taʼlim tashkilotlaridagi Vatanparvarlik ruhida yoshlarni tayyorlash boʻyicha direktor oʻrinbosari — harbiy chaqiriqqacha tayyorgarlik rahbari lavozimi tugatilib, shtat birliklari Mudofaa vazirligiga oʻtkaziladi va ushbu shtat birliklari hisobidan CHQBT rahbari lavozimi joriy etiladi hamda CHQBT rahbari quyidagi vazifalarni amalga oshiradi:
Mudofaa vazirligi tomonidan biriktirilgan taʼlim tashkilotida yoshlarni harbiy vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, harbiy kasbga yoʻnaltirish, harbiy-sport musobaqalari va CHQBT fani mashgʻulotlarini tashkil etish;
oʻquvchi-yoshlarni harbiy taʼlim muassasalariga saralash ishlarini olib borish;
“Vatan tayanchi” otryadi faoliyatini boshqarish hamda harbiy qism va poligonlarda amaliy mashgʻulotlar oʻtkazish;
b) CHQBT rahbarlariga:
umumiy oʻrta taʼlim tashkiloti oʻqituvchisining bazaviy tarif stavkasi belgilanadi;
qonunchilik hujjatlariga muvofiq, umumiy oʻrta taʼlim tashkilotlari xodimlari uchun belgilangan yillik mehnat taʼtillari beriladi;
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 6-noyabrdagi PF-6108-son Farmonida belgilangan tartibda CHQBT rahbarlariga bazaviy hisoblash miqdorining 50 baravari miqdorida bir martalik boshlangʻich yordam puli va uy-joylarni ijaraga olganlik (ijarada turganlik) uchun bazaviy hisoblash miqdorining 2 baravari miqdorida har oylik pulli kompensatsiya toʻlanadi;
v) 2025/2026 oʻquv yilidan boshlab har bir yangi tashkil etiladigan taʼlim tashkilotlari uchun 1 ta shtat birligidan iborat CHQBT rahbari lavozimi kiritib boriladi;
g) mudofaa vaziriga belgilangan tartibda Departamentning tashkiliy-shtat tuzilmasiga amaldagi shtatlar doirasida oʻzgartirishlar kiritish huquqi beriladi.
3. “Jasorat maktablari” umumtaʼlim maktablari uchun harbiy vatanparvarlik yoʻnalishida tayanch maktab etib belgilanadi.
“Jasorat maktablari”da:
matematika, CHQBT, tarix, jismoniy tarbiya, chet tili, fizika fanlari chuqurlashtirilgan holda oʻqitiladi;
oʻqish uchun oʻquvchilarni saralash beshinchi sinfdan boshlab amalga oshiriladi;
robototexnika, kelajak oʻyinlari, tibbiy tayyorgarlik, huquqiy savodxonlik, milliy sport oʻyinlari kabi toʻgarak mashgʻulotlari oʻtkaziladi;
oʻquv yili davomida ikki marta harbiy poligonlarda, har chorakda bir marta harbiy qismlarda amaliy mashgʻulotlar olib boriladi.
“Jasorat maktablari”ga biriktiriladigan CHQBT rahbarlariga taʼlim tashkiloti oʻqituvchisining bazaviy tarif stavkasi bilan birga tuman (shahar) mudofaa ishlari boʻlimlari fuqaro xodimlari uchun belgilangan mehnatga haq toʻlash, ustama haq, qoʻshimcha toʻlov, ragʻbatlantirish va moddiy yordam koʻrsatish shartlari ham tatbiq etiladi.
4. Taʼlim tashkilotlarida yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalashda quyidagilar asosiy yoʻnalishlar etib belgilansin:
oʻquvchilarda xalqimizning maʼnaviy-maʼrifiy qadriyatlariga, uning madaniyati va urf-odatlariga chuqur hurmatni, ularda halollik, vijdoniylik, vatanparvarlik, sadoqat, fidokorlik singari sifatlarni, shuningdek, milliy gʻurur tuygʻularini shakllantirish;
mamlakatimizning tarixi va boy madaniyati, buyuk ajdodlarimizning, eng avvalo, sohibqiron Amir Temurning bebaho merosi, Vatanimiz ozodligi va el-yurt tinchligi yoʻlida mardlik va jasorat koʻrsatgan vatandoshlarimizning qahramonligi asosida Oʻzbekiston xalqiga sodiq, qatʼiy hayotiy qarashlar va faol fuqarolik pozitsiyasiga ega boʻlgan yoshlarni tarbiyalash;
harbiylar hayotiga oid vatanparvarlik gʻoyasidagi qoʻllanmalar, film, ijtimoiy rolik, badiiy asar, turkum koʻrsatuvlar yaratish;
taʼlim tashkilotlarida “Turon” maktab teatri tanlovini muntazam ravishda oʻtkazib borish;
oʻquvchilarda keng dunyoqarash, intellektual salohiyat, ijodiy va tahliliy fikrlash koʻnikmalarini rivojlantirish, tabiiy va aniq fanlar, xorijiy tillar va zamonaviy axborot texnologiyalari boʻyicha mustahkam bilimlarni shakllantirish.
5. Shunday tartib oʻrnatilsinki, unga muvofiq:
a) taʼlim tashkilotlarida harbiy vatanparvarlik tarbiyasi quyidagi toʻrt bosqichda amalga oshiriladi:
maktabgacha taʼlim tashkilotlari tarbiyalanuvchilariga (3 — 6 yosh) oila, Vatan, milliy qadriyatlar haqidagi ilk tushunchalar oʻrgatiladi;
boshlangʻich sinf oʻquvchilariga (1 — 4-sinf) mustaqillik tushunchasi, davlat ramzlariga hurmat va intizom kabi hayotiy koʻnikmalar singdiriladi;
oʻrta sinf oʻquvchilarida (5 — 9 sinf) huquqiy ong, milliy gʻurur, buyuk ajdodlarga munosib voris boʻlish tuygʻusi shakllantiriladi;
yuqori sinf oʻquvchilarida (10-11-sinf) harbiy xizmatga qiziqish va Qurolli Kuchlar bilan faxrlanish tuygʻusi kuchaytiriladi;
b) taʼlim tashkilotlarida:
oʻquvchilar oʻrtasida kibersport, dron va robototexnika, kelajak oʻyinlari boʻyicha alohida tanlovlar hamda harbiy-sport musobaqalari oʻtkaziladi;
ziyolilar va nuroniylar ishtirokida “uch avlod uchrashuvlari” tashkil etiladi;
harbiy xizmatchilar tomonidan motivatsion suhbatlar va mahorat darslari olib boriladi;
v) CHQBT rahbarlariga qonunchilikda belgilangan tartibda malaka toifalari beriladi.
6. Madaniyat vazirligi (O. Nazarbekov), Yozuvchilar uyushmasi (S. Saidov), Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi (O. Xasanov):
har yili yoshlarni vatanparvarlik, fidoyilik, insonparvarlik kabi gʻoyalar asosida tarbiyalovchi badiiy asarlar (qissa, roman, doston, sheʼriy va nasriy asarlar toʻplami) yaratilishini tashkil etsin va barcha foydalanuvchilar uchun qulay boʻlgan onlayn platformalarda joylashtirsin;
har oyda ikki marotaba oʻquvchilar va talabalar uchun maʼnaviy ibrat timsoli boʻlib xizmat qiladigan tarixiy va zamonaviy qahramonlar obrazlari, mamlakatimiz tarixi aks ettirilgan asarlarni namoyish etish hamda ijodiy-maʼrifiy kechalar va ijodiy amaliy mashgʻulotlar oʻtkazishni yoʻlga qoʻysin.
7. Yoshlar ishlari agentligi (A. Saʼdullayev), Sport vazirligi (A. Ikramov) taʼlim tashkilotlarida oʻtkazib kelinayotgan harbiy-sport musobaqalarini sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqish maqsadida ushbu tadbirlarni yillik ish rejalariga kiritgan holda moliyalashtirish ishlarini amalga oshirsin.
8. Shunday tartib oʻrnatilsinki, unga muvofiq 2026/2027 oʻquv yilidan boshlab:
a) Toshkent davlat pedagogika universiteti, Fargʻona davlat universiteti va Buxoro davlat pedagogika institutlarining “Chaqiriqqacha harbiy taʼlim” yoʻnalishlariga qoʻshimcha qabul kvotalari ajratiladi;
b) “Jasorat maktabi”ni aʼlo baholar bilan tamomlagan har bir “Vatan tayanchi” otryadining aʼzosi boʻlgan bir nafar oʻquvchiga Mudofaa vazirligi tomonidan belgilanadigan tanlab olish tartibiga muvofiq oliy harbiy va harbiylashtirilgan hamda yuridik taʼlim muassasalariga oʻqishga kirish uchun imtiyozli tavsiyanoma beriladi.
9. Mudofaa vazirligi (B. Kurbanov) Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi (O. Xasanov), Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi (X. Umarova), Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi (K. Sharipov), Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligi (B. Zaxidov) bilan birgalikda:
a) uch oy muddatda:
taʼlim tashkilotlarida faoliyat olib borayotgan CHQBT rahbari lavozimiga nomzodlarni saralab olish tartibini ishlab chiqish;
CHQBT rahbarlarini Toshkent davlat pedagogika universiteti, Fargʻona davlat universiteti va Buxoro davlat pedagogika instituti harbiy taʼlim fakultetlarida qayta tayyorlash va malakasini oshirish dasturi va rejasini ishlab chiqish;
malaka oshirish davomida CHQBT rahbarlarini oʻquv-mashq harbiy yigʻinlariga jalb etish, ularning pedagogik koʻnikmalarini rivojlantirish boʻyicha mashgʻulotlarni Abdulla Avloniy nomidagi pedagogik mahorat milliy institutida oʻtkazish, natijalari boʻyicha navbatdagi harbiy unvonni berish tartibini joriy etish choralarini koʻrsin;
b) 2025-yil 1-aprelga qadar CHQBT rahbari lavozimiga saralash natijalari boʻyicha tayinlangan xodimlar faoliyati samaradorligini baholash koʻrsatkichlarini (KPI) belgilash tartibini tasdiqlasin.
10. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklari taʼlim tashkilotlarida CHQBT tadbirlarini moliyalashtirish, moddiy-texnik jihatdan taʼminlash va oʻquv-moddiy bazasini barpo etish choralarini koʻrib borsin.
11. Iqtisodiyot va moliya vazirligi (J. Qoʻchqorov) mazkur qarorni amalga oshirish bilan bogʻliq xarajatlar uchun Mudofaa vazirligining asoslangan hisob-kitoblariga asosan 2025-yilda Davlat budjetidan yetarli darajada qoʻshimcha mablagʻlar ajratsin, 2026-yildan boshlab Davlat budjeti parametrlarini shakllantirishda zarur mablagʻlarni nazarda tutsin.
12. Quyidagilar:
Oʻquvchilarda Vatan himoyachisi boʻlishga mehr va havas uygʻotish boʻyicha chora-tadbirlar dasturi 1-ilovaga muvofiq;
Taʼlim tashkilotlari negizida tashkil etiladigan “jasorat maktablari” hamda ularga biriktirilgan vazirlik va idoralar roʻyxati 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
13. Mazkur qarorning 1-ilovasi bilan tasdiqlangan chora-tadbirlar dasturining toʻliq va oʻz vaqtida bajarilishini taʼminlash yuzasidan shaxsiy masʼuliyat tegishli vazirlik va idoralar hamda harbiy-maʼmuriy sektorlar rahbarlari zimmasiga yuklansin.
14. Mudofaa vazirligi (B. Kurbanov) Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi (X. Umarova), Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi (K. Sharipov), Adliya vazirligi (A. Tashkulov) hamda boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda uch oy muddatda qonunchilik hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar yuzasidan Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
15. Qaror ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N. Aripov va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Xavfsizlik kengashi kotibi V.V. Maxmudov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2024-yil 15-noyabr,
PQ-393-son
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 15-noyabrdagi PQ-393-son qaroriga 1-ILOVA
Oʻquvchilarda Vatan himoyachisi boʻlishga mehr va havas uygʻotish boʻyicha
CHORA-TADBIRLAR DASTURI
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 15-noyabrdagi PQ-393-son qaroriga 2-ILOVA
Taʼlim tashkilotlari negizida tashkil etiladigan “jasorat maktablari” hamda ularga biriktirilgan vazirlik va idoralar
ROʻYXATI
