Oʻzbekiston Respublikasi muhim axborot infratuzilmasi obyektlarini toifalash va ularning yagona reyestrini shakllantirish tartibi toʻgʻrisidagi vaqtinchalik nizomni tasdiqlash haqida (3570-son)
11.11.2024
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati raisining
buyrugʻi
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2024-yil 11-noyabrda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 3570]
Oʻzbekiston Respublikasining “Kiberxavfsizlik toʻgʻrisida”gi Qonuni va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 31-maydagi PQ-167-son “Oʻzbekiston Respublikasining muhim axborot infratuzilmasi obyektlari kiberxavfsizligini taʼminlash tizimini takomillashtirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq buyuraman:
1. Oʻzbekiston Respublikasi muhim axborot infratuzilmasi obyektlarini toifalash va ularning yagona reyestrini shakllantirish tartibi toʻgʻrisidagi vaqtinchalik nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Mazkur buyruq rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
3. Mazkur buyruq 2029-yil 1-yanvarga qadar amal qiladi.
Rais A. AZIZOV
Toshkent sh.,
2024-yil 24-oktabr,
118-son
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati raisining 2024-yil 24-oktabrdagi 118-son buyrugʻiga ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi muhim axborot infratuzilmasi obyektlarini toifalash va ularning yagona reyestrini shakllantirish tartibi toʻgʻrisidagi
VAQTINCHALIK NIZOM
Mazkur Nizom Oʻzbekiston Respublikasi muhim axborot infratuzilmasi obyektlarini toifalash va ularning toifasini qayta koʻrib chiqish, shuningdek muhim axborot infratuzilmasi obyektlarining vaqtinchalik yagona reyestrini (bundan buyon matnda Reyestr deb yuritiladi) yuritish tartibini belgilaydi.
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Nizomda quyidagi asosiy tushunchalar qoʻllaniladi:
muhim axborot infratuzilmasi (bundan buyon matnda MAI deb yuritiladi) — muhim strategik va ijtimoiy-iqtisodiy ahamiyatga ega boʻlgan avtomatlashtirilgan boshqaruv tizimlarining, axborot tizimlari hamda tarmoqlar va texnologik jarayonlar resurslarining majmui;
muhim axborot infratuzilmasi obyektlari — davlat boshqaruvi va davlat xizmatlari koʻrsatish, mudofaa, davlat xavfsizligini, huquq-tartibotni taʼminlash, yoqilgʻi-energetika majmui (atom energetikasi), kimyo, neft-kimyo tarmoqlari, metallurgiya, suvdan foydalanish va suv taʼminoti, qishloq xoʻjaligi, sogʻliqni saqlash, uy-joy kommunal xizmatlar koʻrsatish, bank-moliya tizimi, transport, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari, ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish, strategik ahamiyatiga ega boʻlgan foydali qazilmalarni qazib olish va qayta ishlash sohasida, ishlab chiqarish sohasida, shuningdek iqtisodiyotning boshqa tarmoqlarida va ijtimoiy sohada qoʻllaniladigan axborotlashtirish tizimlari;
MAI subyektlari — davlat organlari va tashkilotlari, shuningdek mulk, ijara huquqlari asosida yoki boshqa qonuniy asoslarda muhim axborot infratuzilmasi obyektlariga egalik qiluvchi yuridik shaxslar, shu jumladan muhim axborot infratuzilmasi obyektlarining ishlashini hamda hamkorligini taʼminlovchi yuridik shaxslar va (yoki) yakka tartibdagi tadbirkorlar;
kiberxavfsizlik hodisasi — kibermakonda axborot tizimlarining ishlashida uzilishlarga va (yoki) ulardagi axborotning ochiqligi, yaxlitligi va undan erkin foydalanilishining buzilishiga olib kelgan hodisa.
2. MAI obyektlarini toifalash va Reyestrni yuritish Oʻzbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati (bundan buyon matnda vakolatli davlat organi deb yuritiladi) tomonidan amalga oshiriladi.
MAI obyektlarini toifalash va Reyestrni yuritish bevosita vakolatli davlat organi tashabbusiga koʻra yoki uning yozma topshirigʻi asosida vakolatli davlat organining ishchi organi — “Kiberxavfsizlik markazi” DUK (bundan buyon matnda ishchi organ deb yuritiladi) tomonidan amalga oshirilishi mumkin.
2-bob. Muhim axborot infratuzilmasi obyektlarini toifalash tartibi va mezonlari
3. MAI obyektlariga egalik qiluvchi MAI subyektlari (bundan buyon matnda MAI obyekti egasi deb yuritiladi) har yili kamida bir marta MAI obyektlarini toifalashi lozim.
4. MAI obyektini toifalash uchun quyidagi tarkibda komissiya (bundan buyon matnda komissiya deb yuritiladi) tuziladi:
MAI obyekti egasi;
MAI obyekti ishlashi va hamkorligini taʼminlovchi shaxslar;
MAI obyektining faoliyati xavfsizligini taʼminlovchi shaxslar.
MAI obyekti egasining qaroriga muvofiq komissiya tarkibiga boshqa shaxslar ham kiritilishi mumkin.
MAI obyekti egasi Komissiya rahbari hisoblanadi.
5. Vakolatli davlat organi bilan kelishilgan holda MAI obyektini toifalash ishlari boshqa tashkilotlar (bundan buyon matnda toifalovchi tashkilot deb yuritiladi) tomonidan ham amalga oshirilishi mumkin. Bunda, MAI obyektini toifalash natijalarining haqqoniyligi uchun javobgarlik MAI obyekti egasi zimmasiga yuklanadi.
6. Komissiya yoki toifalovchi tashkilot tomonidan MAI obyektini toifalash ishlari oʻttiz ish kuni ichida amalga oshiriladi.
7. Komissiya yoki toifalovchi tashkilot MAI obyektining toifasini aniqlash uchun quyidagi ishlarni amalga oshiradi:
MAI obyekti tomonidan amalga oshiriladigan axborotni qayta ishlash (toʻplash, saqlash, izlash, unga ishlov berish va boshqalar) jarayonlarini aniqlash;
MAI obyekti tomonidan muhim jarayonlar bajarilishini taʼminlash va (yoki) ularni bajarilishini boshqarish, nazorat qilish yoki kuzatishni amalga oshirish uchun zarur maʼlumotlarni qayta ishlash jarayonlarini aniqlash;
MAI obyektida kiberxavfsizlik hodisalari yuz berishiga sabab boʻlishi mumkin boʻlgan kibertahdid va zaifliklarni, shu jumladan buzgʻunchi xatti-harakatlar hamda kiberxavfsizlik tahdidlarining boshqa manbalarini koʻrib chiqish va tahlil qilish;
MAI obyektida kiberxavfsizlik hodisalari natijasida yuzaga kelishi mumkin boʻlgan oqibatlar va zarar koʻlamini baholash;
mazkur Nizomning 9-bandida belgilangan mezonlardan kelib chiqib MAI obyektini toifasini belgilash.
8. Komissiya yoki toifalovchi tashkilot MAI obyektini toifalashda MAI obyektida kiberxavfsizlik hodisalari natijasida quyidagi oqibatlar yuzaga kelishi mumkinligini aniqlaydi:
davlat yoki maʼlum bir hududni boshqarish funksiyalarining buzilishi yoki tugatilishi;
davlat organiga yuklatilgan vazifalarning bajarilmasligi;
xizmat koʻrsatish obyektlarining texnik reglamentlar yoki boshqa hujjatlarda ruxsat etilgan maksimal vaqt davomida ishlashining buzilishi yoki toʻxtashi;
davlatning nufuzi va obroʻsiga zarar yetishi;
xalqaro barqarorlikning buzilishi;
konfidensial va davlat sirlarini oʻz ichiga olgan maʼlumotlarning oshkor qilinishi;
davlat mudofaa qobiliyati va xavfsizligi taʼminlanishining buzilishi;
bank-moliya tizimi barqarorligining buzilishi, shuningdek davlatning bevosita yoki bilvosita moliyaviy zarar koʻrishi;
transport tizimi xavfsizligining buzilishi;
telekommunikatsiya xizmatlarining ishdan chiqishi va telekommunikatsiya tarmoqlari faoliyat koʻrsatishida buzilishlar yuzaga kelishi;
aholi punktlari va shaharlarda hayot faoliyatini taʼminlash tizimlarining buzilishi;
inson sogʻligʻiga zarar yetishi;
davlat iqtisodiy koʻrsatkichlarining pasayishi, ijtimoiy va iqtisodiy ahamiyatga ega tovarlarni uzluksiz ishlab chiqarilishining toʻxtashi;
huquq-tartibotning ommaviy buzilishi;
aholi salomatligi va hayotiga zarar yetishiga, milliy resurslarning (tabiiy, qishloq xoʻjaligi, oziq-ovqat, ishlab chiqarish, axborot resurslari va boshqalar) yoʻq qilinishiga, shuningdek atrof-muhitga zarar yetishiga olib keladigan mintaqaviy miqyosdagi avariya va halokatlarning sodir boʻlishi.
9. MAI obyektlari quyidagi mezonlar asosida toifalarga boʻlinadi:
a) yuqori darajadagi MAI obyektlari — kiberxavfsizlik hodisasi natijasida ishdan chiqishi tufayli juda koʻp miqdorda zarar yetishi, 20 dan ortiq odamning sogʻligʻiga zarar yetishi, 500 dan ortiq odamning hayot faoliyati sharoitlari buzilishi yoki katta ekin maydoniga teng boʻlgan hududda atrof-muhitga zarar yetishi mumkin boʻlgan MAI obyektlari.
Mazkur kichik bandning birinchi xatboshisida koʻrsatilgan oqibatlar kelib chiqishidan qatʼi nazar davlat sirlariga oid maʼlumotlar aylanmasi mavjud boʻlgan, shuningdek yoqilgʻi-energetika, atom energetikasi, sogʻliqni saqlash, telekommunikatsiya va qoʻriqlanadigan shaxslar doimiy yoki vaqtinchalik turgan joylardagi MAI obyektlari yuqori darajadagi MAI obyekti hisoblanadi;
b) oʻrta darajadagi MAI obyektlari — kiberxavfsizlik hodisasi natijasida ishdan chiqishi tufayli koʻp miqdorda zarar yetishi, 10 dan ortiq, biroq 20 dan koʻp boʻlmagan odamning sogʻligʻiga zarar yetishi, 100 dan ortiq, biroq 500 dan koʻp boʻlmagan odamning hayot faoliyati sharoitlari buzilishi, oʻrtacha kattalikdagi ekin maydoniga teng boʻlgan hududda atrof-muhitga zarar yetishi yoki davlatning nufuzi va obroʻsiga zarar yetishi mumkin boʻlgan MAI obyektlari.
v) past darajadagi MAI obyektlari — yuqori va oʻrta darajadagi MAI obyektlari toifasiga kirmaydigan MAI obyektlari.
3-bob. MAI obyektlarini toifalash natijalarini rasmiylashtirish
10. Komissiya yoki toifalovchi tashkilot tomonidan MAI obyektini toifalash natijalari boʻyicha quyidagi maʼlumotlarni oʻz ichiga olgan dalolatnoma rasmiylashtiriladi:
MAI obyektining nomi;
MAI obyekti egasi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar (yuridik shaxsning toʻliq nomi, joylashgan joyi (pochta manzili), tashkiliy-huquqiy shakli);
MAI obyektida kiberxavfsizlikni taʼminlashga masʼul boʻlgan xodim toʻgʻrisidagi maʼlumotlar (familiyasi, ismi va otasining ismi, maʼlumoti, kiberxavfsizlikni taʼminlash uchun masʼul etib tayinlanganligi haqidagi buyruq, attestatsiyadan oʻtganligi toʻgʻrisida maʼlumot, malakasini oshirganligi toʻgʻrisidagi maʼlumot, telefon raqami, elektron pochtasi);
MAI obyektining koʻlami va maqsadi;
MAI obyektida qoʻllaniladigan axborotlashtirish, apparat, apparat-dasturiy va dasturiy vositalarning nomi va turi hamda ularga berilgan litsenziya va muvofiqlik sertifikatining raqami hamda sanasi;
MAI obyektining kiberhimoyasini taʼminlashda foydalaniladigan vositalarning nomi va turi hamda ularga berilgan litsenziya va muvofiqlik sertifikatining raqami hamda sanasi;
MAI obyektining telekommunikatsiya tarmogʻi va Internet jahon axborot tarmogʻiga ulanishi haqidagi maʼlumotlar;
MAI obyektida yuzaga kelishi mumkin boʻlgan zaifliklar, kibertahdidlar, kiberhujumlar va boshqa buzgʻunchi xatti-harakatlar haqidagi maʼlumotlar;
MAI obyektida kiberxavfsizlik hodisasi natijasida ishdan chiqishi tufayli yuzaga kelishi mumkin boʻlgan oqibat va zararlar;
MAI obyektining tegishli toifasi.
11. MAI obyektini toifalash natijalari boʻyicha dalolatnoma ikki nusxada, toifalash toifalovchi tashkilot tomonidan amalga oshirilganda esa uch nusxada tuziladi.
12. MAI obyektini toifalash natijalari boʻyicha dalolatnoma komissiya aʼzolari tomonidan, toifalash toifalovchi tashkilot tomonidan amalga oshirilganda, toifalovchi tashkilot rahbari va toifalashda ishtirok etgan xodimlar tomonidan imzolanadi hamda MAI obyekti egasi tomonidan tasdiqlanadi.
13. MAI obyektini toifalash natijalari boʻyicha dalolatnomaga uni tuzish va toifalash uchun foydalanilgan hujjatlar va maʼlumotlar ilova qilinadi.
14. MAI obyekti egasi tomonidan MAI obyektini toifalash natijalari boʻyicha dalolatnoma tuzilgan kundan boshlab besh ish kuni ichida MAI obyektini Reyestrga kiritish toʻgʻrisida ushbu Nizomning 1-ilovasiga muvofiq shakldagi ariza qogʻoz yoki elektron shaklda vakolatli davlat organiga taqdim etiladi. Arizaga MAI obyektini toifalash natijalari boʻyicha dalolatnoma ilova qilinadi.
4-bob. MAI obyektlarining toifasini qayta koʻrib chiqish
15. Komissiya yoki toifalovchi tashkilot tomonidan har yili kamida bir marta ilgari toifalangan MAI obyektlarining toifalari mazkur Nizomning 2-bobida belgilangan tartibda qayta koʻrib chiqiladi.
MAI obyektiga dasturiy va texnik taʼminot vositalarini qoʻshish yoki oʻchirish, MAI obyektining konfiguratsiyasi hamda kiberhimoya vositalari yoxud uning koʻlami va maqsadi oʻzgarganda, komissiya yoki toifalovchi tashkilot tomonidan MAI obyektlarining toifalari oʻttiz ish kuni ichida mazkur Nizomning 2-bobida belgilangan tartibda qayta koʻrib chiqiladi.
16. MAI obyektlarining toifalarini qayta koʻrib chiqishda mazkur Nizomning 9-bandida koʻrsatilgan mezonlar asosida MAI obyektlari bir toifadan boshqa toifaga oʻtkazilishi yoki oʻzgarishsiz qoldirilishi mumkin.
17. MAI obyektlarining toifasini qayta koʻrib chiqish natijalari boʻyicha mazkur Nizomning 3-bobida belgilangan tartibda dalolatnoma tuziladi.
18. MAI obyekti egasi tomonidan MAI obyektlarining toifalarini qayta koʻrib chiqish haqidagi dalolatnoma tuzilgan kundan boshlab besh ish kuni ichida ushbu dalolatnoma hamda MAI obyektining toifasi oʻzgargan taqdirda, mazkur Nizomning 1-ilovasiga muvofiq shakldagi ariza qogʻoz yoki elektron shaklda vakolatli davlat organiga taqdim etiladi.
5-bob. MAI obyektlarini Reyestrga kiritish va Reyestrni yuritish
19. Vakolatli davlat organi MAI obyektlarini mazkur Nizomning 2-ilovasidagi sxemaga muvofiq Reyestrga kiritadi.
MAI obyektlarini Reyestrga kiritish bevosita vakolatli davlat organi tashabbusiga koʻra yoki uning yozma topshirigʻi asosida ishchi organ tomonidan amalga oshirilishi mumkin.
20. MAI obyektini Reyestrga kiritish toʻgʻrisidagi ariza va unga ilova qilingan hujjatlar (bundan buyon matnda ariza deb yuritiladi) vakolatli davlat organiga kelib tushgan kundan boshlab oʻttiz ish kunidan koʻp boʻlmagan muddatda vakolatli davlat organi yoki ishchi organ tomonidan koʻrib chiqiladi.
21. Arizani koʻrib chiqishda vakolatli davlat organi va ishchi organ quyidagi huquqlarga ega:
MAI obyekti egasidan arizada keltirilgan maʼlumotlarga izoh va qoʻshimchalar soʻrash;
MAI obyektining toifasini aniqlashda MAI obyekti egasi tomonidan berilgan maʼlumotlarining ishonchliligini va toʻgʻriligini joyiga chiqqan holda tekshirish.
22. Vakolatli davlat organi yoki ishchi organ ariza kelib tushgan kundan boshlab oʻn ish kuni ichida arizaning toʻgʻri va toʻliqligini tekshiradi.
Ariza mazkur Nizomning 1-ilovasiga muvofiq shaklda taqdim etilmagan taqdirda, vakolatli davlat organi yoki ishchi organ ariza kelib tushgan kundan oʻn kundan koʻp boʻlmagan muddatda MAI obyekti egasiga kamchiliklarni koʻrsatgan holda qogʻoz yoki elektron shaklda xabarnoma yuboradi.
MAI obyekti egasi oʻn ish kuni ichida kamchiliklarni bartaraf etadi va natijasi boʻyicha maʼlumotlarni vakolatli davlat organi yoki ishchi organga yuboradi.
Kamchiliklar oʻn ish kuni ichida bartaraf etilmasa, MAI obyekti egasi MAI obyektini Reyestrga kiritish uchun vakolatli davlat organiga yangi ariza bilan murojaat qiladi.
23. Vakolatli davlat organi yoki ishchi organ arizaning toʻgʻri va toʻliqligini tekshirganidan soʻng oʻn ish kuni ichida arizada koʻrsatilgan maʼlumotlarning ishonchliligi va toʻgʻriligini joyiga chiqqan holda tekshiradi.
24. Vakolatli davlat organi yoki ishchi organ tomonidan arizani koʻrib chiqish quyidagi hollarda rad etiladi:
arizaga dalolatnoma ilova qilinmasa yoki dalolatnoma ushbu Nizomning 3-bobida belgilangan tartibda rasmiylashtirilmagan boʻlsa;
arizada nazarda tutilgan maʼlumotlar notoʻgʻri va hujjatlar bilan tasdiqlanmagan axborotga asoslangan boʻlsa;
taqdim qilingan arizadagi maʼlumotlar oʻrtasida nomuvofiqliklar mavjud boʻlsa yoki arizada koʻrsatilgan maʼlumotlarni joyiga chiqqan holda tekshirishda nomuvofiqliklar aniqlansa.
25. Mazkur Nizomning 24-bandiga muvofiq arizani koʻrib chiqish rad etilgan taqdirda, bu haqda shu kunning oʻzida MAI obyekti egasiga yozma xabarnoma yuboriladi. Xabarnomada arizani koʻrib chiqishning rad etilishi sabablari koʻrsatiladi.
26. MAI obyekti egasi arizani koʻrib chiqishning rad etilishiga asos boʻlgan sabablarni bartaraf etgan holda, oʻttiz besh ish kuni ichida MAI obyektini Reyestrga kiritish uchun takroran murojaat qilishi kerak.
27. Arizani koʻrib chiqish rad etilgan taqdirda, takroran kiritilgan ariza ushbu Nizomga muvofiq umumiy asoslarda va belgilangan muddatlarda koʻrib chiqiladi.
28. Vakolatli davlat organi yoki ishchi organ tomonidan oʻn ish kuni ichida MAI obyektlarini Reyestrga kiritish toʻgʻrisida qaror qabul qilinadi hamda mazkur Nizomning 32-bandidagi maʼlumotlar Reyestrga kiritiladi va MAI obyekti egasiga bu haqda qogʻoz yoki elektron shaklda xabarnoma yuboriladi.
29. Reyestrga kiritilgan maʼlumotlarning dolzarbligi va ishonchliligini taʼminlash uchun vakolatli davlat organi yoki ishchi organ MAI obyekti egasi tomonidan Reyestrga kiritilgan MAI obyektlari toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni berish muddatlarini belgilaydi.
30. Reyestrga kiritilgan maʼlumotlarga vakolatli davlat organi yoki ishchi organ tomonidan quyidagi holatlarda oʻzgartirishlar kiritilishi mumkin:
MAI obyekti egasining Reyestrga kiritilgan MAI obyekti maʼlumotlari oʻzgarganligi haqidagi qogʻoz yoki elektron shaklda yuborilgan xabarnomasi yoxud arizasi asosida;
vakolatli organ yoki ishchi organ, shu jumladan vakolatli organ topshirigʻi asosida MAI obyektining kiberxavfsizlik talablariga muvofiqligi yuzasidan oʻtkazilgan tadbirlar natijalari asosida.
31. MAI obyektining faoliyati tugatilganligi haqida MAI obyekti egasining murojaatiga muvofiq vakolatli davlat organi yoki ishchi organ MAI obyektini Reyestrdan chiqaradi.
6-bob. Reyestrga kiritiladigan asosiy maʼlumotlar roʻyxati
32. Reyestrga MAI obyektlari toʻgʻrisidagi quyidagi maʼlumotlar kiritiladi:
MAI obyektining nomi;
MAI obyekti egasi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar (yuridik shaxsning toʻliq nomi, joylashgan joyi (pochta manzili), tashkiliy-huquqiy shakli, bank rekvizitlari, STIR, telefon raqami, faksi, elektron pochtasi);
MAI obyektining kiberxavfsizligini taʼminlashga masʼul boʻlgan xodim toʻgʻrisidagi maʼlumotlar (familiyasi, ismi va otasining ismi, maʼlumoti, kiberxavfsizlikni taʼminlash uchun masʼul etib tayinlanganligi haqidagi buyruq, attestatsiyadan oʻtganligi toʻgʻrisida maʼlumot, malakasini oshirganligi toʻgʻrisidagi maʼlumot, telefon raqami, elektron pochtasi);
MAI obyektining koʻlami va maqsadi;
MAI obyektida qoʻllaniladigan axborotlashtirish apparat, apparat-dasturiy va dasturiy vositalarning nomi va turi hamda ularga berilgan litsenziya va muvofiqlik sertifikatining raqami hamda sanasi;
MAI obyektining kiberhimoyasini taʼminlashda foydalaniladigan vositalarning nomi va turi hamda ularga berilgan litsenziya va muvofiqlik sertifikatining raqami hamda sanasi;
MAI obyektining telekommunikatsiya tarmogʻi va Internet jahon axborot tarmogʻiga ulanishi haqidagi maʼlumotlar;
MAI obyektida yuzaga kelishi mumkin boʻlgan zaifliklar, kibertahdidlar, kiberhujumlar va boshqa buzgʻunchi xatti-harakatlar haqidagi maʼlumotlar;
MAI obyekti kiberxavfsizlik hodisasi natijasida ishdan chiqishi tufayli yuzaga kelishi mumkin boʻlgan oqibat va zararlar;
MAI obyektining tegishli toifasi.
33. Reyestrdagi maʼlumotlar bazasi maxfiylashtiriladi va undagi maʼlumotlar qonunchilikka muvofiq himoya qilinishi kerak.
34. Kiberhujumlarni aniqlash, ularning oldini olish va oqibatlarini bartaraf etish maqsadida vakolatli davlat organi tomonidan Reyestrda mavjud boʻlgan maʼlumotlar boshqa davlat organlari va tashkilotlariga taqdim etilishi mumkin.
7-bob. MAI obyektiga identifikatsiya raqamini berish
35. Reyestrga kiritilgan MAI obyekti uchun lotin alifbosining bosh harflari va raqamlardan tashkil topgan defis bilan ajratilgan uch qismdan iborat “XX-X-XXXXX” koʻrinishdagi identifikatsiya raqami (bundan buyon matnda identifikatsiya raqami deb yuritiladi) beriladi.
36. Identifikatsiya raqamining birinchi qismi MAI obyekti joylashgan hududni anglatuvchi 01 dan 14 gacha boʻlgan quyidagi raqamlar bilan belgilanadi:
01 — Toshkent shahri;
02 — Toshkent viloyati;
03 — Sirdaryo viloyati;
04 — Jizzax viloyati;
05 — Samarqand viloyati;
06 — Fargʻona viloyati;
07 — Namangan viloyati;
08 — Andijon viloyati;
09 — Qashqadaryo viloyati;
10 — Surxondaryo viloyati;
11 — Buxoro viloyati;
12 — Navoiy viloyati;
13 — Xorazm viloyati;
14 — Qoraqalpogʻiston Respublikasi.
37. Identifikatsiya raqamining ikkinchi qismi lotin alifbosining bosh harflari bilan belgilanib, MAI obyektining quyidagi sohalarga tegishliligini anglatadi:
A — davlat boshqaruvi va davlat xizmatlari;
B — mudofaa;
S — davlat xavfsizligi;
D — huquq-tartibot;
E — yoqilgʻi-energetika majmui (atom energetikasi);
F — kimyo;
G — neft-kimyo;
I — metallurgiya;
J — suvdan foydalanish va suv taʼminoti;
K — qishloq xoʻjaligi;
L — sogʻliqni saqlash;
M — uy-joy kommunal xizmatlari;
N — bank-moliya tizimi;
O — transport;
P — axborot-kommunikatsiya texnologiyalari;
Q — ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish;
R — strategik ahamiyatga ega boʻlgan foydali qazilmalarni qazib olish va qayta ishlash;
S — ishlab chiqarish;
T — iqtisodiyotning boshqa tarmoqlari.
38. Identifikatsiya raqamining uchinchi qismi 00001 dan 99999 gacha boʻlgan raqamlardan iborat boʻlib, MAI obyektining Reyestrdagi tartib raqamini anglatadi.
39. MAI obyekti maʼlumotlariga oʻzgartirish kiritilganda, uning identifikatsiya raqami oʻzgarmaydi.
MAI obyekti Reyestrdan chiqarib yuborilganda, uning identifikatsiya raqamidan qayta foydalanilmaydi.
8-bob. Yakuniy qoida
40. Mazkur Nizom talablari buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonunchilikda belgilangan tartibda javobgar boʻladilar.
Oʻzbekiston Respublikasi muhim axborot infratuzilmasi obyektlarini toifalash va yagona davlat reyestrini yuritish tartibini belgilovchi vaqtinchalik nizomga 1-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi muhim axborot infratuzilmasi obyekti maʼlumotlarini vaqtinchalik yagona reyestrga kiritish uchun
ARIZA
Quyida keltirilgan maʼlumotlarga muvofiq muhim axborot infratuzilmasi obyekti maʼlumotlarini vaqtinchalik yagona reyestrga kiritishingizni soʻrayman.1.MAI obyektining nomi2.Mulk huquqi, ijara yoki boshqa huquqiy asoslarda MAI obyektiga egalik qiluvchi subyekt toʻgʻrisidagi maʼlumotlar (yuridik shaxsning toʻliq nomi, joylashgan joyi (pochta manzili), tashkiliy-huquqiy shakli, bank rekvizitlari, STIRi, telefon raqami, faksi, elektron pochtasi)3.MAI obyektining kiberxavfsizligini taʼminlashga masʼul boʻlgan xodim toʻgʻrisida maʼlumotlar4.MAI obyektining tatbiq qilish darajasi va vazifasi5.MAI obyektining toifasi6.MAI obyektida qoʻllaniladigan axborotlashtirish apparat, apparat-dasturiy va dasturiy vositalarning nomi va turi hamda ularga berilgan litsenziya va muvofiqlik sertifikatining raqami hamda sanasi7.MAI obyektining kiberhimoyasini taʼminlashda foydalaniladigan vositalarning nomi va turi hamda ularga berilgan litsenziya va muvofiqlik sertifikatining raqami hamda sanasi8.MAI obyektini umumiy telekommunikatsiya tarmogʻi, shuningdek Internet tarmogʻiga ulanishi haqida maʼlumot9.MAI obyektiga nisbatan kiberxavfsizlik tahdidlari va qoidabuzarlik toifalari haqida maʼlumotlar10.MAI obyekti faoliyatida kiberxavfsizlik hodisasi natijasida xatolik yuz berganda yoki u ishdan chiqqan taqdirda, yuzaga kelishi mumkin boʻlgan oqibat va zararlarMAI obyekti haqidagi maʼlumotlar elektron shaklda ilova qilinadi._________________________________________________________(rahbar)(imzo, F.I.O.)
Oʻzbekiston Respublikasi muhim axborot infratuzilmasi obyektlarini toifalash va yagona davlat reyestrini yuritish tartibini belgilovchi vaqtinchalik nizomga 2-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasining muhim axborot infratuzilmasi obyektlarining vaqtinchalik yagona reyestriga maʼlumotlarni kiritish
SXEMASI
BosqichlarSubyektlarTadbirlarBajarish muddati1-bosqichMAI obyekti egasiMAI obyektini MAI obyektlarining vaqtinchalik yagona reyestriga kiritish uchun vakolatli davlat organiga ariza yuboradi.Obyekt tayyor boʻlganda2-bosqichVakolatli davlat organiToifalash obyektni MAI obyektlari vaqtinchalik yagona reyestriga kiritish toʻgʻrisidagi arizani koʻrib chiqadi, tahlil qiladi va ishchi organga yuboradi.10 ish kuni ichida3-bosqichVakolatli davlat organi(ishchi organ)Maʼlumotlar notoʻgʻri yoki toʻliq taqdim etilmagan taqdirda MAI obyekti egasiga kamchiliklarni bartaraf etish boʻyicha murojaat yuboradi.4-bosqichMAI obyekti egasiAniqlangan kamchiliklarni bartaraf etadi va maʼlumotni vakolatli davlat organiga yoki ishchi organga yuboradi.Kamchiliklar oʻn ish kuni ichida bartaraf etilmasa, 35 ish kuni ichida MAI obyekti egasi MAI obyektini reyestrga kiritish uchun vakolatli davlat organiga takroran ariza bilan murojaat qiladi.10 ish kuni ichida5-bosqichVakolatli davlat organi(ishchi organ)Arizada koʻrsatilgan maʼlumotlarning ishonchliligi va toʻgʻriligini joyiga chiqqan holda tekshiradi.10 ish kuni ichida6-bosqichVakolatli davlat organi(ishchi organ)Arizani koʻrib chiqish rad etilgan taqdirda, bu haqda shu kunning oʻzida MAI obyekti egasiga yozma xabarnoma yuboriladi. Xabarnomada arizani koʻrib chiqishning rad etilishi sabablari koʻrsatiladi.1 ish kuni7-bosqichVakolatli davlat organi(ishchi organ)Maʼlumotlarning ishonchliligi va toʻgʻriligini joyiga chiqqan holda tekshirish natijasida nomuvofiqliklar aniqlanmasa MAI obyektlarini Reyestrga kiritish toʻgʻrisida qaror qabul qilinadi hamda maʼlumotlar Reyestrga kiritiladi va MAI obyekti egasiga bu haqda qogʻoz yoki elektron shaklda xabarnoma yuboriladi10 ish kuni ichida
