35-modda. Ombudsmanning parlament nazoratining boshqa subyektlari bilan hamkorligi
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari boʻyicha vakili (ombudsman) toʻgʻrisida (O‘RQ-1002-son) · Sana: 15.11.2024 · Amalda
Ombudsman jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlarini koʻrib chiqish, inson huquqlari va erkinliklari buzilganligi hollarini oʻz tashabbusiga koʻra tekshirish bilan bogʻliq materiallarni har chorakda umumlashtirib boradi.
Ombudsman jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlarini koʻrib chiqish bilan bogʻliq materiallarni umumlashtirish hamda inson huquqlari va erkinliklari, shuningdek jamiyat va davlat manfaatlari buzilishiga olib keluvchi sabablar hamda shart-sharoitlarni aniqlash natijalariga koʻra davlat organlari rahbarlarining axborotini eshitish masalasini koʻrib chiqish toʻgʻrisidagi taklif bilan Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining qoʻmitalariga murojaat qilishi mumkin.
Ombudsman Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining parlament nazoratini amalga oshirishga doir tadbirlarida ishtirok etishga, ularga koʻrib chiqilayotgan masalalar yuzasidan materiallar taqdim etishga haqlidir.
