27-modda. Xulosa
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari boʻyicha vakili (ombudsman) toʻgʻrisida (O‘RQ-1002-son) · Sana: 15.11.2024 · Amalda
Ombudsman shikoyatni koʻrib chiqish natijalari yuzasidan harakatlarida yoki harakatsizligida inson huquqlari va erkinliklari buzilganligi aniqlangan tashkilotga yoki mansabdor shaxsga insonning buzilgan huquqlarini tiklashga doir tavsiyalar mavjud boʻlgan oʻz xulosasini yuborishi mumkin.
Ombudsmanning xulosasida quyidagi tavsiyalar nazarda tutilishi mumkin:
ishning tashkilot yoki mansabdor shaxs tomonidan oxiriga yetkazilishi zarurligi;
tashkilotning yoki mansabdor shaxsning qarori oʻzgartirilishi yoxud bekor qilinishi kerakligi;
tashkilotning yoki mansabdor shaxsning qarori asoslanishi zarurligi;
tashkilot yoki mansabdor shaxs qoʻshimcha qaror qabul qilishi kerakligi.
Ombudsmanning xulosasida boshqa tavsiyalar ham boʻlishi mumkin.
Ombudsmanning xulosasini olgan tashkilot yoki mansabdor shaxs uni koʻrib chiqishi va bir oydan kechiktirmay asoslantirilgan javob yuborishi shart.
