2-modda. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari boʻyicha vakili (ombudsman)
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari boʻyicha vakili (ombudsman) toʻgʻrisida (O‘RQ-1002-son) · Sana: 15.11.2024 · Amalda
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari boʻyicha vakili (ombudsman) mansabdor shaxs boʻlib, u davlat organlari, shu jumladan huquqni muhofaza qiluvchi va nazorat qiluvchi organlar, korxonalar, muassasalar, tashkilotlar (bundan buyon matnda tashkilotlar deb yuritiladi) hamda mansabdor shaxslar tomonidan inson huquqlari va erkinliklari toʻgʻrisidagi qonunchilikka rioya etilishi ustidan parlament nazoratini amalga oshiradi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari boʻyicha vakili (ombudsman) (bundan buyon matnda Ombudsman deb yuritiladi) inson huquqlari boʻyicha milliy institut sifatida inson huquqlari va erkinliklarini himoya qilishning mavjud shakllari hamda vositalarini toʻldiradi. Ombudsman Oʻzbekiston Respublikasining inson huquqlari va erkinliklari toʻgʻrisidagi qonunchiligini takomillashtirishga hamda uni xalqaro huquq normalariga muvofiqlashtirishga, inson huquqlari va erkinliklari sohasida xalqaro hamkorlikni rivojlantirishga, fuqarolarning inson huquqlari sohasidagi huquqiy madaniyatini oshirishga koʻmaklashadi.
Ombudsman oʻz faoliyatini tashkilotlar va mansabdor shaxslardan mustaqil ravishda, faqat qonunga boʻysungan holda amalga oshiradi.
Ombudsmanga Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Spikeri va Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Raisi tomonidan imzolanadigan guvohnoma beriladi. Ombudsman guvohnomadan oʻz vakolatlari muddati mobaynida foydalanadi.
