12-modda. Ombudsmanning huquqlari
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari boʻyicha vakili (ombudsman) toʻgʻrisida (O‘RQ-1002-son) · Sana: 15.11.2024 · Amalda
Ombudsman quyidagi huquqlarga ega:
inson huquqlari va erkinliklari buzilganligi haqidagi xabarlarni tashkilotlar va mansabdor shaxslar bilan birgalikda tekshirish;
tashkilotlarning inson huquqlari va erkinliklarini himoya qilish masalalarini koʻrib chiqish bilan bogʻliq majlislarida ishtirok etish;
tashkilotlarga va mansabdor shaxslar huzuriga moneliksiz kirish;
oʻz vakolatlariga taalluqli masalalar yuzasidan tashkilotlar va mansabdor shaxslardan hujjatlarni, tahliliy materiallarni, xulosalarni va boshqa maʼlumotlarni soʻrash hamda olish;
harakatlanish erkinligi cheklangan shaxslar saqlanadigan joylarda saqlanayotgan shaxslar bilan uchrashuvlar va suhbatlar oʻtkazish;
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentiga, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalariga va Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga inson huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish yuzasidan huquqiy, tashkiliy, ijtimoiy-iqtisodiy va boshqa chora-tadbirlar koʻrishga qaratilgan maxsus maʼruzalar taqdim etish;
inson huquqlari va erkinliklari toʻgʻrisidagi qonunchilikning buzilishiga yoʻl qoʻymaslik haqida tashkilotlar va mansabdor shaxslarga yozma ravishda ogohlantirish yuborish;
inson huquqlari va erkinliklari toʻgʻrisidagi qonunchilikning aniqlangan buzilishlarini, ularga imkon beruvchi sabablar va shart-sharoitlarni bartaraf etish haqida tashkilotlarning rahbarlariga koʻrib chiqilishi majburiy boʻlgan taqdimnomalar kiritish;
harakatlarida (harakatsizligida) inson huquqlari va erkinliklari buzilganligi aniqlangan shaxslarni javobgarlikka tortish toʻgʻrisida tegishli tashkilotlarga iltimosnoma kiritish;
fuqarolarning buzilgan huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish toʻgʻrisidagi arizalar hamda daʼvolar bilan sudlarga murojaat etish;
insonning buzilgan huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilishga doir ilmiy-amaliy, tahliliy ishlarni amalga oshirish uchun ilmiy va boshqa tashkilotlarni, olimlarni, ekspertlarni hamda mutaxassislarni belgilangan tartibda, shu jumladan shartnoma asosida jalb etish.
Ombudsman qonunchilikka muvofiq boshqa huquqlarga ham ega boʻlishi mumkin.
