10-modda. Ombudsmanning asosiy vazifalari
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari boʻyicha vakili (ombudsman) toʻgʻrisida (O‘RQ-1002-son) · Sana: 15.11.2024 · Amalda
Ombudsmanning asosiy vazifalari quyidagilardan iborat:
inson huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlariga oid davlat siyosatini amalga oshirishda ishtirok etish;
tashkilotlar va mansabdor shaxslar tomonidan inson huquqlari va erkinliklari toʻgʻrisidagi qonunchilikka rioya etilishi ustidan parlament nazoratini amalga oshirish;
jismoniy va yuridik shaxslarning inson huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlari buzilishi toʻgʻrisidagi murojaatlarini koʻrib chiqish;
inson huquqlari va erkinliklari toʻgʻrisidagi qonunchilikning amalda roʻyobga chiqarilishini oʻrganish hamda ularni takomillashtirish yuzasidan takliflar tayyorlash;
ichki ishlar organlari tizimiga kiradigan maʼmuriy qamoqqa olingan shaxslarni qabul qilish va saqlash uchun moʻljallangan maxsus muassasalarda, voyaga yetmaganlarga ijtimoiy-huquqiy yordam koʻrsatish markazlarida, Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarining garnizoni hamda qoʻshin gauptvaxtalarida, vaqtincha saqlash hibsxonalarida, tergov hibsxonalarida, jazoni ijro etish muassasalarida, intizomiy qismlarda, majburiy davolash muassasalarida (bundan buyon matnda harakatlanish erkinligi cheklangan shaxslar saqlanadigan joylar deb yuritiladi) qiynoqqa solish va boshqa shafqatsiz, gʻayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomala hamda jazo turlarini qoʻllash hollarining oldini olish boʻyicha tegishli choralar koʻrish;
aholi oʻrtasida inson huquqlari va erkinliklari toʻgʻrisidagi xalqaro hamda milliy qonunchilik normalarini targʻib qilish, shuningdek aholining huquqiy ongi va huquqiy madaniyatini oshirishga koʻmaklashish;
inson huquqlari va erkinliklari sohasidagi xalqaro hamkorlikni rivojlantirish.
