“291-modda. Oʻzbekiston Respublikasida boʻlishi nomaqbul deb topilgan chet el fuqarolari va fuqaroligi boʻlmagan shaxslar roʻyxati
“Oʻzbekiston Respublikasida chet el fuqarolarining va fuqaroligi boʻlmagan shaxslarning huquqiy holati toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish haqida (O‘RQ-998-son) · Sana: 15.11.2024 · Amalda
Chet el fuqarosining va fuqaroligi boʻlmagan shaxsning Oʻzbekiston Respublikasining davlat suverenitetiga, hududiy yaxlitligiga va xavfsizligiga zid boʻlgan, shuningdek davlatlararo, ijtimoiy, milliy, irqiy hamda diniy adovatni keltirib chiqaruvchi, Oʻzbekiston xalqining shaʼnini, qadr-qimmatini, tarixini tahqirlovchi ommaviy chiqishlari yoki harakatlari ularni Oʻzbekiston Respublikasida boʻlishi nomaqbul deb topilgan chet el fuqarolari va fuqaroligi boʻlmagan shaxslar roʻyxatiga (bundan buyon matnda Roʻyxat deb yuritiladi) kiritish uchun asos boʻladi.
Chet el fuqarosini yoki fuqaroligi boʻlmagan shaxsni Roʻyxatga kiritish Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Kengashining, Senati Kengashining, maxsus vakolatli davlat organlarining taqdimiga asosan amalga oshiriladi.
Roʻyxat Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi tomonidan yuritiladi.
Roʻyxatga kiritilgan chet el fuqarosining yoki fuqaroligi boʻlmagan shaxsning Oʻzbekiston Respublikasi hududiga kirishiga yoʻl qoʻyilmaydi, shuningdek unga Oʻzbekistonda bank hisobvaraqlarini ochish, Oʻzbekiston Respublikasi hududida koʻchmas mulkni sotib olish, davlat mulkini xususiylashtirishda ishtirok etish, moliyaviy va shartnomaviy munosabatlarga kirishish taqiqlanadi, bundan unga mulk huquqi asosida tegishli boʻlgan Oʻzbekiston Respublikasi hududida joylashgan mulkni begonalashtirish mustasno.
Chet el fuqarosining yoki fuqaroligi boʻlmagan shaxsning Roʻyxatda boʻlish muddati besh yilni tashkil etadi va uni Roʻyxatga kiritishning tegishli asoslarini ushbu muddat ichida bartaraf etmagan taqdirda, Roʻyxatda boʻlish muddati besh yilga uzaytiriladi. Chet el fuqarosining yoki fuqaroligi boʻlmagan shaxsning Roʻyxatga kiritilishi uchun asoslar bartaraf etilganidan keyin shaxs Roʻyxatdan chiqarish toʻgʻrisidagi murojaatiga yoxud uni Roʻyxatga kiritish haqida taqdimnoma bergan tegishli davlat organining iltimosnomasiga asosan muddatidan ilgari Roʻyxatdan chiqarilishi mumkin.
Oʻzbekiston Respublikasida vaqtincha turgan yoki doimiy yashaydigan chet el fuqarosining yoki Oʻzbekiston Respublikasida vaqtincha turgan fuqaroligi boʻlmagan shaxsning Roʻyxatga kiritilishi uning mamlakat hududida qonuniy asoslarda yashash va boʻlish huquqi bekor qilinishiga sabab boʻladi.
