5-modda. Zoʻravonlikdan jabrlanuvchilarning huquqlari
Bolalarni zoʻravonlikning barcha shakllaridan himoya qilish toʻgʻrisida (O‘RQ-996-son) · Sana: 14.11.2024 · Amalda
Zoʻravonlikning har qanday turidan jabrlangan bola zoʻravonlikdan jabrlanuvchi deb eʼtirof etiladi.
Zoʻravonlikdan jabrlanuvchi quyidagi huquqlarga ega:
zoʻravonlikning barcha shakllaridan himoya qilinish;
oʻziga nisbatan zoʻravonlik sodir etilganligi yoki sodir etilishi tahdidi toʻgʻrisidagi ariza bilan bevosita yoki oʻzining qonuniy vakili orqali tegishli davlat organlariga va tashkilotlarga yoxud qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda sudga murojaat etish;
tekin huquqiy, iqtisodiy, ijtimoiy, psixologik, tibbiy va boshqa yordam, shu jumladan bepul telefon liniyasi tarmogʻi (ishonch telefoni) orqali taqdim etiladigan yordam olish;
himoya orderi berish toʻgʻrisidagi talab bilan bevosita yoki oʻzining qonuniy vakili orqali tegishli davlat organlariga murojaat etish, himoya orderi shartlari buzilgan taqdirda esa bu haqda xabardor qilish;
oʻziga nisbatan sodir etilgan zoʻravonlik natijasida yetkazilgan moddiy zararning oʻrni qoplanishi va maʼnaviy ziyonning kompensatsiya qilinishi.
Zoʻravonlikdan jabrlanuvchi qonunchilikka muvofiq boshqa huquqlarga ham ega boʻlishi mumkin.
Bolaning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish uning ota-onasi, ularning oʻrnini bosuvchi shaxslar tomonidan, qonunda nazarda tutilgan hollarda esa vasiylik va homiylik organi, prokuror, sud tomonidan amalga oshiriladi.
Zoʻravonlikdan jabrlanuvchi va uning qonuniy vakili moddiy zararning oʻrni qoplanishi hamda maʼnaviy ziyon kompensatsiya qilinishi toʻgʻrisidagi ariza bilan sudga murojaat etganda davlat boji toʻlashdan ozod qilinadi.
