44-modda. Taʼlim muassasalarida bolalarga nisbatan zoʻravonlikka yoʻl qoʻymaslik
Bolalarni zoʻravonlikning barcha shakllaridan himoya qilish toʻgʻrisida (O‘RQ-996-son) · Sana: 14.11.2024 · Amalda
Taʼlim dasturlari bolalarga nisbatan va bolalar oʻrtasida zoʻravonlikning, shu jumladan taʼqib etishning (bullingning) oldini olishga, shuningdek bolalarning huquqlari va qonuniy manfaatlariga nisbatan mensimaslik bilan munosabatda boʻlishga barham berishga koʻmaklashishi kerak.
Taʼlim muassasalarida intizomiy jazo choralari sifatida zoʻravonlikning har qanday shakllarini, shu jumladan jismoniy jazolarni va boshqa shafqatsiz yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomala va jazo turlarini qoʻllashga yoʻl qoʻyilmaydi.
Taʼlim muassasalarida bolalarga nisbatan va bolalar oʻrtasida zoʻravonlikning, shu jumladan taʼqib etishning (bullingning) oldini olish, shuningdek zoʻravonlikni qoʻllash faktlari yuzasidan tegishli chora-tadbirlar koʻrish boʻyicha dasturlar va mexanizmlar joriy etiladi. Bunday chora-tadbirlar taʼlim muassasasining ichki tartib-qoidalariga, ustavlariga va ish rejalariga kiritiladi.
Taʼlim muassasalarida bolalarga nisbatan zoʻravonlikning oldini olish uchun masʼul boʻlgan shaxslar tayinlanadi.
Bolalarni zoʻravonlikdan himoya qilish maqsadida taʼlim muassasasi rahbariyati bolalarga nisbatan zoʻravonlik sodir etilishiga imkon beruvchi sabablarni va shart-sharoitlarni bartaraf etish, taʼlim muassasasida inson huquqlari va qadr-qimmatini hurmat qilishga asoslangan, zoʻravonlikdan xoli boʻlgan munosabatlarni shakllantirish, xavfsiz va ijobiy psixologik muhitni tashkil etish hamda taʼminlash choralarini koʻrishi shart.
Bolalarni zoʻravonlikdan himoya qilish maqsadida taʼlim muassasasi xodimlari taʼlim oluvchilar, ota-onalar (ularning oʻrnini bosuvchi shaxslar), pedagogik jamoaning aʼzolari bilan muloqot qilishda taʼlim muassasasining ichki tartib-qoidalariga, pedagogik odob-axloq qoidalariga qatʼiy rioya etishi, barcha taʼlim oluvchilarga teng munosabatda boʻlinishini taʼminlashi, sinfdagi psixologik muhitni baholashi va yaxshilashi, taʼlim oluvchilar bilan suhbatlar oʻtkazishi hamda ota-onalarga (ularning oʻrnini bosuvchi shaxslarga) maslahatlar berish uchun psixologlar va psixolog inspektorlar bilan yaqin hamkorlikni taʼminlashi shart.
Bolalarni zoʻravonlikdan himoya qilish maqsadida taʼlim muassasasi oʻquvchilari taʼlim muassasasining ichki tartib-qoidalariga rioya etishi, bolalarga nisbatan zoʻravonlik hollarining oldini olish maqsadida tashkil qilingan treninglarda ishtirok etishi, agar zoʻravonlikka guvoh boʻlsa yoki bu haqda axborotga ega boʻlsa, taʼlim muassasasining rahbariyatini albatta xabardor etishi shart.
