3-modda. Bolalarga nisbatan zoʻravonlik
Bolalarni zoʻravonlikning barcha shakllaridan himoya qilish toʻgʻrisida (O‘RQ-996-son) · Sana: 14.11.2024 · Amalda
Bolaning hayotiga, sogʻligʻiga, jinsiy daxlsizligiga, shaʼniga, qadr-qimmatiga hamda qonun bilan himoya qilinadigan boshqa huquqlari va erkinliklariga tajovuz qiladigan, jismoniy yoki ruhiy azob yetkazayotgan yoki yetkazishi mumkin boʻlgan hamda asosiy ehtiyojlariga zid boʻlgan, shu jumladan telekommunikatsiya tarmoqlaridan va Internet butunjahon axborot tarmogʻidan foydalangan holda amalga oshiriladigan, qasddan sodir etiladigan harakat (harakatsizlik) bolalarga nisbatan zoʻravonlik deb eʼtirof etiladi.
Jismoniy zoʻravonlik, jinsiy zoʻravonlik, ruhiy zoʻravonlik, gʻamxoʻrlik koʻrsatmaslik, ekspluatatsiya qilish va taʼqib etish (bulling) bolalarga nisbatan zoʻravonlikning shakllaridir. Bolalarga nisbatan zoʻravonlikning barcha shakllari taqiqlanadi hamda qonun bilan taʼqib qilinadi.
Bolalarga ogʻirligi turli darajada boʻlgan tan jarohatlari yetkazish, ularni xavf ostida qoldirish, hayoti va sogʻligʻi uchun xavfli holatda boʻlgan bolalarga yordam koʻrsatmaslik hamda zoʻravonlik xususiyatiga ega boshqa huquqbuzarliklarni sodir etish yoxud bolalarning hayoti, sogʻligʻi yoki erkinligiga tajovuz qiladigan jismoniy taʼsir oʻtkazish bolalarga nisbatan jismoniy zoʻravonlik deb eʼtirof etiladi.
Bolaga nisbatan shahvoniy xususiyatga ega boʻlgan harakatlarni sodir etish orqali uning jinsiy daxlsizligiga tajovuz qilish, shu jumladan nomusga tegish, jinsiy ehtiyojni zoʻrlik ishlatib gʻayritabiiy usulda qondirish, jinsiy aloqa qilishga majburlash, oʻn olti yoshga toʻlmagan shaxs bilan jinsiy aloqa qilish, voyaga yetmagan shaxsni pornografik xususiyatga ega harakatlar ijrochisi sifatida jalb etish, voyaga yetmagan shaxsni jalb etgan holda qoʻshmachilik qilish, fohishaxonalar tashkil etish yoxud unga nisbatan uyatsiz-buzuq harakatlar sodir etish, aldash yoki ishonchni suiisteʼmol qilish orqali yoxud bolaning ojizligidan foydalanib shahvoniy xususiyatga ega harakatlarni sodir etish, shahvoniy shilqimlik qilish, shuningdek qonunda taqiqlangan, shahvoniy xususiyatga ega boʻlgan har qanday boshqa harakatlar bolalarga nisbatan jinsiy zoʻravonlik deb eʼtirof etiladi.
Bolalarni haqoratlash, ularga tuhmat qilish, tahdid qilish, ularning shaʼni va qadr-qimmatini kamsitish, ularni tahqirlash, shuningdek bolalarning asosiy ehtiyojlarini cheklashga qaratilgan boshqa harakatlarda ifodalangan zoʻravonlik shakli, shu jumladan zoʻravonlikdan jabrlanuvchida oʻz xavfsizligi uchun xavotir uygʻotgan, oʻzini himoya qila olmaslikka olib kelgan yoki ruhiy sogʻligʻiga zarar yetkazgan harakatlar (harakatsizlik) bolalarga nisbatan ruhiy zoʻravonlik deb eʼtirof etiladi.
