23-modda. Bolalarni zoʻravonlikning barcha shakllaridan himoya qilish boʻyicha yakka tartibdagi chora-tadbirlar turlari
Bolalarni zoʻravonlikning barcha shakllaridan himoya qilish toʻgʻrisida (O‘RQ-996-son) · Sana: 14.11.2024 · Amalda
Bolalarni zoʻravonlikning barcha shakllaridan himoya qilish boʻyicha yakka tartibdagi chora-tadbirlar turlari jumlasiga quyidagilar kiradi:
himoya orderini berish;
zoʻravonlikdan jabrlangan bolalarga va oʻziga nisbatan zoʻravonlik sodir etilishi xavfi ostida boʻlgan bolalarga huquqiy, iqtisodiy, ijtimoiy, psixologik, tibbiy va boshqa yordam koʻrsatish;
zoʻravonlikdan jabrlangan bolalarning hamda oʻziga nisbatan zoʻravonlik sodir etilishi xavfi ostida boʻlgan bolalarning oilalarini mustahkamlash va qoʻllab-quvvatlash;
zoʻravonlikdan jabrlangan bolani va oʻziga nisbatan zoʻravonlik sodir etilishi xavfi ostida boʻlgan bolani ota-onasidan (ularning biridan) yoki bolani oʻz qaramogʻiga olgan boshqa shaxslardan bolaning hayotiga yoki sogʻligʻiga bevosita tahdid mavjud boʻlganda olib qoʻyish;
zoʻravonlikdan jabrlangan yoki zoʻravonlikka guvoh boʻlgan bolalarni “Jabrlanuvchilarni, guvohlarni va jinoyat protsessining boshqa ishtirokchilarini himoya qilish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunida nazarda tutilgan hollarda, jinoyat ishini yuritish chogʻida himoya qilish choralarini qoʻllash;
bolalarga nisbatan zoʻravonlik sodir etgan shaxslarning zoʻravonlik xulq-atvorini oʻzgartirish boʻyicha tuzatish dasturlaridan oʻtish;
sogʻliqqa, jinsiy erkinlikka, oilaga, yoshlarga va axloqqa qarshi jinoyatlar sodir etgan shaxslarning huquqlarini cheklash.
