10-modda. Bolalar masalalari boʻyicha milliy komissiyaning bolalarni zoʻravonlikning barcha shakllaridan himoya qilish sohasidagi vakolatlari
Bolalarni zoʻravonlikning barcha shakllaridan himoya qilish toʻgʻrisida (O‘RQ-996-son) · Sana: 14.11.2024 · Amalda
Bolalar masalalari boʻyicha milliy komissiya:
bolalarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish sohasida bolalarni zoʻravonlikning barcha shakllaridan himoya qilishga doir faoliyatni amalga oshiruvchi davlat organlari va tashkilotlar faoliyatini, shu jumladan bolalar masalalari boʻyicha Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar, Toshkent shahar va tuman (shahar) komissiyalarining faoliyatini muvofiqlashtiradi;
bolalarga nisbatan zoʻravonlikning barcha shakllarining oldini olishga hamda ularga barham berishga qaratilgan qisqa va uzoq muddatli dasturlarni ishlab chiqadi va qabul qiladi;
bolalarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlari, ularning sogʻlom turmush tarzi taʼminlanishini tashkil etadi;
bolalarning jismoniy, intellektual, maʼnaviy va axloqiy jihatdan kamol topishiga koʻmaklashadi;
bolalarning ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlishining oldini olish, shuningdek bolalar oʻrtasida nazoratsizlik va qarovsizlik profilaktikasi boʻyicha choralar koʻradi;
bolalar oʻrtasida nazoratsizlik va huquqbuzarliklar profilaktikasi sohasidagi davlat dasturlarining hamda boshqa dasturlarning ishlab chiqilishini va amalga oshirilishini, shuningdek ularning ijro etilishi ustidan nazoratni tashkil etadi;
bolalarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish boʻyicha koʻrilayotgan choralarni baholaydi, ularning monitoringini olib boradi va samaradorligini oshiradi;
tizimli kamchiliklarning yuzaga kelishi sabablari va shart-sharoitlarini aniqlaydi va tahlil qiladi hamda ularni huquqni qoʻllash amaliyoti va qonunchilikni takomillashtirish yoʻli bilan bartaraf etish choralarini koʻradi;
bolalarga nisbatan zoʻravonlik toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni toʻplashni, saqlashni, ularga ishlov berishni, ularni tahlil qilishni, shuningdek ulardan foydalanishni amalga oshiradi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligi Bolalar masalalari boʻyicha milliy komissiyaning ishchi organidir.
