Navoiy viloyati Karmana tumanida kimyo sanoati yoʻnalishida yirik investitsiya loyihalarini amalga oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida (750-son)
12.11.2024
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Yer kodeksining 9 va 24-moddalariga muvofiq, shuningdek, Navoiy viloyatida kimyo sanoati yoʻnalishidagi loyihalarga toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalarni keng jalb qilish, yuqori texnologiyalarga asoslangan zamonaviy ishlab chiqarish quvvatlarini tashkil etish, yuqori qoʻshilgan qiymat zanjirini yaratish va yangi ish oʻrinlarini tashkil etish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Quyidagilar:
Navoiy viloyati Karmana tumanida xitoylik investor Ju Dongliang taʼsischiligida “Zarafshon Industrial Technology” MChJ xorijiy korxonasida (keyingi oʻrinlarda — “Zarafshon Industrial Technology” MChJ XK) 2019-yilda korxonaga ijara huquqi bilan ajratilgan 30 gektar yer uchastkasida 200 ming tonna olium, 120 ming tonna sulfat kislotasi ishlab chiqarish boʻyicha umumiy qiymati 46 mln AQSh dollariga teng boʻlgan investitsiya loyihalari ishga tushirilganligi;
Navoiy viloyati hokimi boshchiligidagi delegatsiyaning 2024-yil iyun oyida Xitoy Xalq Respublikasiga tashrifi davomida xorijiy investorlar bilan oʻtkazilgan muzokaralarda Navoiy viloyati Karmana tumanida 100 gektar yer maydonida 2028-yil oxiriga qadar 1 mlrd AQSh dollari miqdorida toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalar kiritish hisobidan kimyo sanoati yoʻnalishidagi yangi yirik investitsiya loyihalarini amalga oshirish boʻyicha kelishuvga erishilganligi;
Investitsiyalarni jalb qilish, sanoatni rivojlantirish va savdoni tartibga solish masalalari boʻyicha Hukumat komissiyasining 2024-yil 29-oktabrdagi 175-sonli qarori bilan Navoiy viloyati Karmana tumanida 104 gektar yer uchastkasida kimyo sanoati yoʻnalishida yirik investitsiya loyihasini amalga oshirish boʻyicha “Zarafshon Industrial Technology” MChJ XK tomonidan bildirilgan taklif eng yaxshi taklif sifatida tanlab olinganligi;
baholovchi tashkilot tomonidan Navoiy viloyati Karmana tumanida tanlangan 104 gektar yer uchastkasini 25 yilga ijaraga olish huquqining qiymati 43 mlrd soʻm miqdorida baholanganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Navoiy viloyatining Karmana tumani hududidagi 1-ilovaga muvofiq sugʻorilmaydigan 104 gektar yer uchastkasi:
qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan yerlar toifasidan sanoat, transport, aloqa, mudofaa va boshqa maqsadiga moʻljallangan yerlar toifasiga oʻtkazilsin;
“Zarafshon Industrial Technology” MChJ XKga 25 yilga toʻgʻridan-toʻgʻri ijaraga berilsin.
3. Belgilansinki, “Zarafshon Industrial Technology” MChJ XK toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalar hisobidan:
ijaraga berilayotgan yer uchastkasida 2-ilovaga muvofiq 2024 — 2028-yillarda umumiy qiymati 1 mlrd AQSh dollari boʻlgan investitsiya loyihalarini amalga oshirish;
investitsiya loyihalari uchun barcha turdagi tashqi va ichki muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlarini qurish;
104 gektar yer uchastkasini 25 yilga ijaraga olish huquqining bozor qiymatiga 0,1 kamaytiruvchi koeffitsiyent qoʻllagan holda yakuniy 4,3 mlrd soʻm miqdoridagi mablagʻni hamda qishloq xoʻjaligi ishlab chiqarishi nobudgarchiliklarining oʻrnini qoplash boʻyicha toʻlovlarni toʻlash majburiyatini oladi.
4. Navoiy viloyati hokimligi bir oy muddatda:
Ipakchilik va jun sanoatini rivojlantirish qoʻmitasi bilan birgalikda 1-ilovaga muvofiq 104 gektar yer uchastkasi zaxiraga qaytarilishi va davlat mulki sifatida davlat roʻyxatidan oʻtkazilishini;
Karmana tumani hokimi va “Zarafshon Industrial Technology” MChJ XK oʻrtasida mazkur qarorda nazarda tutilgan shartlar asosida yer ijarasi shartnomasi tuzilishini taʼminlasin.
Kadastr agentligi Yer resurslarining holati toʻgʻrisidagi milliy hisobotga tegishli oʻzgartirishlar kiritsin.
5. “Zarafshon Industrial Technology” MChJ XK tomonidan investitsiya loyihalari uchun tashqi gaz va suv taʼminoti inshootlarini qurish maqsadida 3-ilovaga muvofiq yer uchastkalaridan cheklangan tarzda foydalanish zarurati yuzaga kelganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
Navoiy viloyati hokimligi Qishloq xoʻjaligi vazirligi va Kadastr agentligi bilan birgalikda bir oy muddatda “Zarafshon Industrial Technology” MChJ XKga yer fondi toifasini oʻzgartirmagan hamda yer uchastkalarini olib qoʻymagan holda, 3-ilovadagi yer uchastkalaridan cheklangan tarzda foydalanish huquqi (servitut) belgilanishi va davlat roʻyxatidan oʻtkazilishiga koʻmaklashsin.
6. Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi “Zarafshon Industrial Technology” MChJ XK tomonidan investitsiya loyihalari amalga oshirilishida tabiatni muhofaza qilish toʻgʻrisidagi qonunchilikka qatʼiy rioya etilishi yuzasidan davlat nazoratini oʻrnatsin.
7. Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi, Navoiy viloyati hokimligi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 21-sentabrdagi 592-son qarori bilan tasdiqlangan Yirik investitsiya loyihasini amalga oshirish uchun eng yaxshi taklifni tanlab olishning maʼmuriy reglamentida belgilangan tartibda investitsiya majburiyatlari bajarilishini monitoring qilib borsin, “Zarafshon Industrial Technology” MChJ XKga loyihalarni amalga oshirishda tashkiliy jihatdan koʻmaklashsin.
8. Belgilansinki, “Zarafshon Industrial Technology” MChJ XK tomonidan mazkur qarorda belgilangan investitsiya majburiyatlari bajarilmagan va yer ijara shartnomasida nazarda tutilgan talablarga rioya qilinmagan taqdirda, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Yer kodeksining 36-37-moddalarida nazarda tutilgan hollarda, yer uchastkasini ijaraga olish huquqi bekor qilinadi.
9. Navoiy viloyati hokimligi bir oy muddatda “Zarafshon Industrial Technology” MChJ XK tomonidan ijaraga olingan yer uchastkalariga tutash hududda kimyo sanoati yoʻnalishida boshqa investitsiya loyihalarini joylashtirish va oʻzaro kooperatsiyani yoʻlga qoʻyish uchun sugʻorilmaydigan 200 gektar yer uchastkalarini qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan yerlar toifasidan chiqarish boʻyicha asoslantirilgan takliflarni Qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan va oʻrmon fondi yerlarining yer fondi toifalarini oʻzgartirish masalalarini koʻrib chiqish boʻyicha Hukumat komissiyasiga kiritsin.
10. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari J.A. Xodjayev hamda Navoiy viloyati hokimi N.T. Tursunov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2024-yil 12-noyabr,
750-son
Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 12-noyabrdagi 750-son qaroriga 1-ILOVA
Navoiy viloyati Karmana tumanidagi “Yangiariq” MFY hududida qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan sugʻorilmaydigan yerlar toifasidan sanoat, transport, aloqa, mudofaa va boshqa maqsadiga moʻljallangan yerlar toifasiga oʻtkaziladigan, “Zarafshon Industrial Technology” MChJ xorijiy korxonasiga ijaraga beriladigan yer uchastkalari
ROʻYXATI
Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 12-noyabrdagi 750-son qaroriga 2-ILOVA
2024 — 2026-yillarda Navoiy viloyati Karmana tumanida “Zarafshon Industrial Technology” MChJ xorijiy korxonasi tomonidan kimyo sanoati yoʻnalishida amalga oshiriladigan investitsiya loyihalarining
MANZILLI ROʻYXATI
Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 12-noyabrdagi 750-son qaroriga 3-ILOVA
“Zarafshon Industrial Technology” MChJ XK tomonidan investitsiya loyihalari uchun tashqi gaz va suv taʼminoti inshootlarini qurish maqsadida cheklangan tarzda foydalanish (servitut belgilash) zarur boʻlgan yer uchastkalarining
MANZILLI ROʻYXATI
