Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki ishtirokida Xorazm viloyatidagi umumiy foydalanishdagi avtomobil yoʻllarini rekonstruksiya qilish va rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida (PQ-390-son)
08.11.2024
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
qarori
Mamlakatimizda xalqaro talablar va standartlarga mos zamonaviy avtomobil yoʻllarini qurish hamda rekonstruksiya qilish, avtomobil yoʻllari tarmogʻini rivojlantirish va milliy yoʻl-transport infratuzilmasini yanada takomillashtirish maqsadida:
1. Quyidagilar:
a) Transport vazirligi huzuridagi Avtomobil yoʻllari qoʻmitasi (keyingi oʻrinlarda — Avtomobil yoʻllari qoʻmitasi) tomonidan umumiy qiymati 294,1 mln AQSH dollari boʻlgan “D 213 “Urganch — Xonqa — Hazorasp — Amudaryo daryosi — A380” avtomobil yoʻlining 0 — 84 km qismini rekonstruksiya qilish” loyihasining (keyingi oʻrinlarda — Loyiha) texnik-iqtisodiy asosi belgilangan tartibda ishlab chiqilganligi;
b) Loyihani amalga oshirish uchun:
Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki (keyingi oʻrinlarda — YETTB) tomonidan 4 yillik imtiyozli davrni oʻz ichiga oluvchi 18 yil muddatga 238,0 mln AQSH dollari miqdorida qarz ajratilishi maʼqullanganligi;
Oʻzbekiston Respublikasi va YETTB oʻrtasida tegishli qarz bitimi imzolanganligi;
v) umumiy qiymati 294,1 mln AQSH dollari boʻlgan Loyihaning texnik-iqtisodiy asosiga koʻra:
Loyihada YETTBning ulushi 238,0 mln AQSH dollari, Oʻzbekiston Respublikasining ulushi 56,1 mln AQSH dollari miqdoridagi mablagʻlarni tashkil etishi;
Loyihani amalga oshirish davri 5 yilni (2 yillik kafolat davrini hisoblagan holda 2024 — 2029-yillar) tashkil etishi;
g) Iqtisodiyot va moliya vazirligi, Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi, Transport vazirligi, Avtomobil yoʻllari qoʻmitasi tomonidan oʻtkazilgan dastlabki oʻrganishlar natijasi boʻyicha xarajatlar (32,7 mln AQSH dollarigacha) maqbullashtirilishi mumkinligi aniqlanganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Belgilansinki:
Avtomobil yoʻllari qoʻmitasi va uning tarkibidagi “Avtoyoʻlinvest” agentligi Loyihani oʻz vaqtida sifatli amalga oshirish hamda YETTB qarzidan maqsadli va samarali foydalanish boʻyicha masʼul ijro etuvchi organ hisoblanadi;
YETTB tomonidan ajratilgan qarzlarni qaytarish, foiz va boshqa toʻlovlar boʻyicha xarajatlar Oʻzbekiston Respublikasining respublika budjeti mablagʻlari hisobidan amalga oshiriladi.
Iqtisodiyot va moliya vazirligi Loyihani amalga oshirish guruhini saqlash xarajatlari 2024-yil va kelgusi yillarda Avtomobil yoʻllari qoʻmitasiga ushbu maqsadlar uchun ajratilgan mablagʻlar hisobidan moliyalashtirilishini taʼminlasin.
3. Quyidagilar:
“D 213 “Urganch — Xonqa — Hazorasp — Amudaryo daryosi — A380” avtomobil yoʻlining 0 — 84 km qismini rekonstruksiya qilish” loyihasining asosiy texnik-iqtisodiy koʻrsatkichlari 1-ilovaga muvofiq;
“D 213 “Urganch — Xonqa — Hazorasp — Amudaryo daryosi — A380” avtomobil yoʻlining 0 — 84 km qismini rekonstruksiya qilish” loyihasi doirasida Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki tomonidan ajratilgan qarzni qaytarish, foiz va boshqa toʻlovlarni amalga oshirishning prognoz jadvali 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
4. Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi, Iqtisodiyot va moliya vazirligi, Transport vazirligi, Avtomobil yoʻllari qoʻmitasining Loyiha doirasida maqbullashtiriladigan va iqtisod qilinadigan mablagʻlarni Xorazm viloyatidagi “D 217 “Urganch — Gurlan — Mangʻit — Turkmaniston Respublikasi chegarasi” avtomobil yoʻlining 5 — 75 km qismini qayta qurish loyihasiga yoʻnaltirish toʻgʻrisidagi taklifi maʼqullansin.
Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi Iqtisodiyot va moliya vazirligi, Avtomobil yoʻllari qoʻmitasi bilan birgalikda YETTB bilan 2024-yil 31-dekabrga qadar Loyiha doirasida maqbullashtiriladigan va iqtisod qilinadigan mablagʻlarni mazkur bandda nazarda tutilgan ishlarga yoʻnaltirish yuzasidan muzokaralar oʻtkazsin.
5. Xorazm viloyati hokimligi Avtomobil yoʻllari qoʻmitasi bilan birgalikda yashil hududlarni barpo etish maqsadida Loyiha doirasida rekonstruksiya qilinadigan avtomobil yoʻllarining yoʻl boʻyi mintaqalarida iqlim sharoitlarini hisobga olgan holda 30 ming dona manzarali daraxt va butalar ekilishini taʼminlasin.
Bunda barpo etiladigan yashil hududlarni lozim darajada saqlash boʻyicha tashabbuskor jismoniy va yuridik shaxslar bilan oʻrnatilgan tartibda shartnomalar tuziladi.
6. Adliya vazirligi Oʻzbekiston Respublikasi hamda YETTB oʻrtasida imzolangan qarz bitimi boʻyicha yuridik xulosa bersin.
7. Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligi Loyihani amalga oshirish doirasida jalb etiladigan xorijiy mutaxassislarga (Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari orasida bunday mutaxassislar boʻlmagan taqdirda) Oʻzbekiston Respublikasi hududida mehnat faoliyatini amalga oshirish huquqini beruvchi tasdiqnomalar berilishini yoki muddati uzaytirilishini belgilangan tartibda taʼminlasin.
8. Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi Loyihaning atrof-muhitga taʼsiri toʻgʻrisidagi arizalar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda davlat ekologik ekspertizasidan oʻtkazilishini taʼminlasin.
9. Davlat dasturlari ijro etilishini nazorat qilish va muvofiqlashtirish boʻyicha respublika shtabi (S.I. Samadov) Loyiha doirasida mablagʻlarning maqsadli ajratilishi va sarflanishi ustidan doimiy nazorat oʻrnatsin hamda har yarim yilda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasiga axborot kiritib borsin.
10. Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligiga Loyiha doirasida jalb qilingan mablagʻlarning ishlatilishi jarayonida ochiqlik va oshkoralikni taʼminlash ustidan doimiy nazorat oʻrnatish tavsiya etilsin.
11. Mazkur qarorning ijrosini samarali tashkil qilishga masʼul va shaxsiy javobgar etib Bosh vazir oʻrinbosari A.J. Ramatov hamda Avtomobil yoʻllari qoʻmitasi raisi J.Yu. Tursunov belgilansin.
Qaror ijrosini muhokama qilib borish, masʼul tashkilotlar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N. Aripov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2024-yil 8-noyabr,
PQ-390-son
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 8-noyabrdagi PQ-390-son qaroriga 1-ILOVA
“D 213 “Urganch — Xonqa — Hazorasp — Amudaryo daryosi — A380” avtomobil yoʻlining 0 — 84 km qismini rekonstruksiya qilish” loyihasining
ASOSIY TEXNIK-IQTISODIY KOʻRSATKICHLARI
* Yakuniy narx koʻrsatkichlari batafsil loyiha-smeta hujjatlari, tovar (ish va xizmatlar) yetkazib berish boʻyicha belgilangan tartibda oʻtkaziladigan tender savdolari natijalari asosida belgilanadi.
** Qurilish-montaj ishlarining summasiga 10% miqdorida koʻzda tutilmagan xarajatlar hisobga olgan holda.
*** Ijtimoiy soliq Avtomobil yoʻllari qoʻmitasiga ajratiladigan Davlat budjeti mablagʻlari hisobidan qoplanadi, shuningdek, Loyihani amalga oshirish guruhini saqlash xarajatlari 2024-yil va kelgusi yillarda Avtomobil yoʻllari qoʻmitasiga ushbu maqsadlar uchun ajratilgan mablagʻlar hisobidan moliyalashtiriladi.
**** Yakuniy moliyaviy xarajatlar miqdori haqiqiy summalar, oʻzlashtirish sanasi va 10 yillik SOFRning oʻrtacha SVOP koʻrsatkichiga bogʻliq.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 8-noyabrdagi PQ-390-son qaroriga 2-ILOVA
“D 213 “Urganch — Xonqa — Hazorasp — Amudaryo daryosi — A380” avtomobil yoʻlining 0 — 84 km qismini rekonstruksiya qilish” loyihasi doirasida Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki tomonidan ajratilgan qarzni qaytarish, foiz va boshqa toʻlovlarni amalga oshirishning
PROGNOZ JADVALI
* Qarz boʻyicha foizlarni hisoblab chiqishda 2024-yil 13 sentabr holatiga SOFR stavkasi 5,39% ga teng deb hisoblanadi.
** Bir martalik boshlangʻich toʻlovlar qarz mablagʻi hisobidan toʻlanadi.
*** Majburiyat uchun toʻlov qarz bitimi imzolangandan soʻng 60 kundan keyin hisoblanadi.
**** Toʻlov summalari qarzlarning amalda oʻzlashtirilishidan kelib chiqib aniqlanadi.
