Sanoat namunalarini xalqaro roʻyxatdan oʻtkazish toʻgʻrisida
02.07.1999
Gaaga bitimining Jeneva Akti
KIRISH QOIDALARI
1-modda Qisqartirilgan iboralar
Ushbu Akt maqsadlari uchun:
(i) “Gaaga bitimi” sanoat namunalarini xalqaro depozitlash toʻgʻrisidagi Gaaga bitimini ifodalaydi, hozirda Sanoat namunalarini xalqaro roʻyxatdan oʻtkazish toʻgʻrisidagi Gaaga bitimi deb qayta nomlangan;
(ii) “ushbu Akt” ushbu Akt bilan rasmiylashtirilgan Gaaga bitimini ifodalaydi;
(iii) “Yoʻriqnoma” ushbu Aktga Yoʻriqnomani ifodalaydi;
(iv) “koʻrsatma berilgan” Yoʻriqnomada koʻrsatma berilganligini ifodalaydi;
(v) “Parij konvensiyasi” 1883-y. 20-martda Parijda imzolangan Sanoat mulkini muhofaza qilish boʻyicha Parij konvensiyasini ifodalaydi, qayta koʻrib chiqishlar va oʻzgartishlar hisobga olingan holda;
(vi) “xalqaro roʻyxatdan oʻtkazish” ushbu Aktga muvofiq amalga oshirilgan sanoat namunasini xalqaro roʻyxatdan oʻtkazishni ifodalaydi;
(vii) “xalqaro talabnoma” xalqaro roʻyxatga olishga topshirilgan talabnomani ifodalaydi;
(viii) “xalqaro reyestr” xalqaro roʻyxatga olishlar haqidagi Xalqaro byuro tomonidan yuritiluvchi maʼlumotlar toʻplamini ifodalaydi, bunda ushbu maʼlumotlarning yozib olinishi, ularning oʻzlari saqlanadigan tashuvchidan qatʼiy nazar, ushbu Akt yoki Yoʻriqnomada talab qilinadi yoki ruxsat ifodalaydi;
(ix) “shaxs” jismoniy yoki yuridik shaxsni ifodalaydi;
(x) “talabnoma beruvchi” nomidan xalqaro talabnoma topshirilgan shaxsni ifodalaydi;
(xi) “egasi” nomiga Xalqaro reyestrda xalqaro roʻyxatdan oʻtkazish toʻgʻrisidagi yozuv amalga oshirilgan shaxsni ifodalaydi;
(xii) “hukumatlararo tashkilot” 27(1)(ii)-moddaga muvofiq ushbu Akt qatnashchisi boʻlish huquqiga ega hukumatlararo tashkilotni ifodalaydi;
(xiii) “Ahdlashuvchi tomon” ushbu Akt ishtirokchisi boʻlgan har qanday davlat yoki hukumatlararo tashkilotni ifodalaydi;
(xiv) “talabnoma beruvchining Ahdlashuvchi tomoni” Ahdlashuvchi tomonni yoki Ahdlashuvchi tomonlardan birini bildiradi, bunda talabnoma beruvchida ushbu Ahdlashuvchi tomonga nisbatan u 3-moddada koʻrsatilgan shartlarning kamida bittasini qoniqtirgani tufayli, xalqaro talabnoma berish huquqi vujudga keladi; ikkita yoki bir nechta Ahdlashuvchi tomonlar mavjud boʻlib, talabnoma beruvchida 3-moddaga muvofiq ularda xalqaro talabnoma berish huquqi vujudga kelishi mumkin boʻlganida, “talabnoma beruvchining Ahdlashuvchi tomoni” deganda, xalqaro talabnomada Ahdlashuvchi tomon sifatda koʻrsatilgan tomon tushuniladi.
(xv) “Ahdlashuvchi tomon hududi”, agar Ahdlashuvchi tomon davlat boʻlsa, u holda ushbu davlat hududini bildiradi, agar Ahdlashuvchi tomon hukumatlararo tashkilot boʻlsa, u holda ushbu hukumatlararo tashkilotni taʼsis qiladigan shartnoma qoʻllanayotgan hududni bildiradi;
(xvi) “Idora” deb, Ahdlashuvchi tomon tarafidan ushbu Ahdlashuvchi tomon hududida amal qiluvchi sanoat namunalariga muhofaza taqdim etishni topshirilgan tashkilotni ifodalaydi;
(xvii) “Ekspertiza oʻtkazadigan idora”, sanoat namunalari kamida yangilik shartini qay darajada qanoatlantirishini aniqlash maqsadida sanoat namunalariga muhofaza taqdim etish uchun ushbu idoraga topshirilgan talabnomalar ekspertizasini exofficio oʻtkazadigan Idorani ifodalaydi;
(xviii) “koʻrsatma” xalqaro roʻyxatdan oʻtkazish muayyan Ahdlashuvchi tomonda amal qilishi haqidagi rasmiy iltimosnomani anglatadi; u, shuningdek, ushbu rasmiy iltimosnoma haqida xalqaro reyestrga yozuv kiritilishini ham ifodalaydi;
(xix) “koʻrsatilgan Ahdlashuvchi tomon” va “koʻrsatilgan Idora” mos ravishda koʻrsatma tegishli boʻlgan Ahdlashuvchi tomonni va Ahdlashuvchi tomonning Idorasini ifodalaydi;
(xx) “1934-yil Akti” 1934-y. 2-iyunda Londonda imzolangan Gaaga bitimi Aktini ifodalaydi;
(xxi) “1960-yil Akti” 1960-yil 28-noyabrda Gaagada imzolangan Gaaga bitimi Aktini ifodalaydi;
(xxii) “1961-yildagi Qoʻshimcha akt” 1934-yildagi Aktga qoʻshimcha ravishda 1961-yil 18-noyabrda Monakoda imzolangan Aktni ifodalaydi;
(xxiii) “1967-yildagi Toʻldiruvchi akt” 1967-yil 14-iyulda tuzatishlarni hisobga olgan holda Stokgolmda imzolangan Gaaga bitimining Toʻldiruvchi aktini ifodalaydi;
(xxiv) “Ittifoq” 1925-yil 6-noyabrda Gaaga bitimi bilan taʼsis qilingan hamda 1934 va 1960-yillardagi Aktlar, 1961-yildagi Qoʻshimcha Akt, 1967-yildagi Toʻldiruvchi Akt va ushbu Akt bilan kuchda qoldirilgan Gaaga ittifoqini ifodalaydi;
(xxv) “Assambleya” 21(1)(a)-moddada aytib oʻtilgan Assambleyani yoki ushbu Assambleyaning oʻrnini bosuvchi har qanday organni ifodalaydi;
(xxvi) “Tashkilot” Butunjahon intellektual mulk tashkilotini ifodalaydi;
(xxvii) “Bosh direktor” Tashkilotning Bosh direktorini ifodalaydi;
(xxviii) “Xalqaro byuro” Tashkilotning Xalqaro byurosini ifodalaydi;
(xxix) “ratifikatsiya yorligʻi” shuningdek qabul qilish yoki maʼqullash toʻgʻrisidagi hujjatni ifodalaydi;
2-modda Ahdlashuvchi tomonlar qonunchiligi va boshqa baʼzi xalqaro shartnomalar taqdim etadigan boshqa muhofaza turlarining qoʻllanishi
[Ahdlashuvchi tomonlar qonunchiligi va baʼzi xalqaro shartnomalar] Ushbu Akt qoidalari Ahdlashuvchi tomon qonunchiligi taqdim etishi mumkin boʻlgan boshqa kuchliroq muhofazaning qoʻllanishiga ziyon yetkazmaydi. Ular shuningdek, mualliflik huquqi boʻyicha xalqaro shartnomalar va konvensiyalarga muvofiq sanʼat asarlari va amaliy sanʼat asarlariga taqdim etiladigan muhofazaga, hamda Umumjahon savdo tashkilotini taʼsis etuvchi Bitim ilovasida oʻz aksini topgan Intellektual mulk huquqlarining savdo jihatlari toʻgʻrisidagi bitimga muvofiq sanoat namunalariga taqdim etiladigan muhofazaga ham hech qanday ziyon yetkazmaydi.
(2) [Parij konvensiyasiga rioya qilish majburiyati] Har bir Ahdlashuvchi tomon sanoat namunalariga nisbatan Parij konvensiyasi qoidalariga rioya qilish majburiyatini oʻz zimmasiga oladi.
I-BOB XALQARO TALABNOMA VA XALQARO ROʻYXATDAN OʻTKAZISH
3-modda Xalqaro talabnomani topshirish huquqi
Ahdlashuvchi tomon boʻlgan davlatning, yoki Ahdlashuvchi tomon maqomidagi hukumatlararo tashkilot aʼzosi boʻlgan davlatning fuqarosi boʻlgan, yoki Ahdlashuvchi tomon hududida doimiy yoki oddiy turar joyga ega boʻlgan yoki ushbu hududda haqiqiy va qonuniy sanoat yoki savdo korxonasiga ega boʻlgan har qanday shaxs xalqaro talabnoma topshirish huquqiga ega.
4-modda Xalqaro talabnomani topshirish tartibi
(1) [Bevosita yoki bilvosita topshirish]
(a) Xalqaro talabnoma talabnoma beruvchining tanloviga binoan bevosita Xalqaro byuroga, yoki talabnoma beruvchining Ahdlashuvchi tomon Idorasi orqali topshirilishi mumkin.
(b) (a)-band osti bandga qaramay, har qaysi Ahdlashuvchi tomon Bosh direktorga yoʻllagan arizasida xalqaro talabnomalar uning idorasi orqali topshirilishi mumkin emasligi haqida xabar berishi mumkin.
(2) [Bilvosita topshirish holatida joʻnatish uchun boj] Har qanday Ahdlashuvchi tomon Idorasi talabnoma topshiruvchidan ushbu idora orqali topshirilgan har qanday xalqaro talabnomani joʻnatish uchun ushbu idora foydasiga boj toʻlanishini talab qilishi mumkin.
5-modda Xalqaro talabnomaning mazmuni
(1) [Xalqaro talabnomaning majburiy mazmuni] Xalqaro talabnoma belgilangan tilda yoki belgilangan tillarning birida tuzilgan boʻlishi hamda quyidagi hujjatlardan tarkib topgan boʻlishi yoki unga quyidagi hujjatlar ilova qilingan boʻlishi kerak:
(i) ushbu Aktga muvofiq xalqaro roʻyxatga olish toʻgʻrisidagi ariza;
(ii) talabnoma beruvchi haqida koʻrsatilgan maʼlumotlar;
(iii) xalqaro talabnoma obyekti boʻlgan sanoat namunasi tasvirining, yoki, talabnoma beruvchining tanloviga koʻra, bir nechta turli tasvirlarining belgilangan tartibda taqdim etilgan belgilangan miqdordagi nusxalari; biroq, agar sanoat namunasi ikki oʻlchamli boʻlsa va (5)-bandga muvofiq nashrni kechiktirish toʻgʻrisida iltimosnoma taqdim etilgan boʻlsa, tasvirlar oʻrniga xalqaro talabnomaga ushbu sanoat namunasining belgilangan miqdordagi haqiqiy namunalari ilova qilinishi mumkin;
(iv) sanoat namunasini tashkil qilgan mahsulot yoki mahsulotlarni, yoki sanoat namunasiga bogʻliq holda ishlatiladigan mahsulot yoki mahsulotlarni belgilangan tartibda koʻrsatish;
(v) koʻrsatib oʻtilgan Ahdlashuvchi tomonlar nomi;
(vi) belgilangan bojlar;
(vii) har qanday boshqa belgilangan maʼlumotlar.
(2) [Xalqaro talabnomaning qoʻshimcha majburiy mazmuni]
(a) har qanday Ahdlashuvchi tomon, agar uning Idorasi ekspertiza oʻtkazuvchi Idora boʻlsa, va qonunchiligi Ahdlashuvchi tomon ushbu Aktning tomoni boʻlgan vaqtda ushbu qonunchilikka muvofiq sanoat namunasiga muhofaza taqdim etishga talabnoma topshirish sanasini belgilash maqsadida ushbu talabnoma (b)-band osti bandda sanab oʻtilgan elementlardan har qaysisini oʻz ichiga olishini talab qilsa, Bosh direktor nomiga yuborgan arizasida bunday elementlar haqida xabar berishi mumkin.
(b) (a)-band osti bandga muvofiq bildirishnoma tarkibiga kirishi mumkin boʻlgan elementlar quyidagilardan iborat:
(i) ushbu talabnoma obyekti boʻlgan sanoat namunasi muallifining shaxsiga tegishli koʻrsatmalar;
(ii) ushbu talabnoma obyekti boʻlgan sanoat namunasi tasvirining yoki farqlovchi belgilarining qisqacha tavsifi;
(iii) daʼvo.
(s) Agar xalqaro talabnoma (a)-band osti bandga muvofiq bildirishnoma bergan Ahdlashuvchi tomon koʻrsatmasini oʻz ichiga olgan boʻlsa, u shuningdek ushbu bildirishnomaning predmeti boʻlgan elementlarning har qaysisini belgilangan tartibda oʻz ichiga olgan boʻlishi kerak.
(3) [Xalqaro talabnoma mazmunining ehtimoldagi boshqa elementlari] Xalqaro talabnoma tarkibiga Yoʻriqnomada koʻrsatilgan elementlar kirgan boʻlishi yoki ilova qilinishi mumkin.
(4) [Bitta xalqaro talabnomada bir nechta sanoat namunalari] Belgilangan boʻlishi mumkin boʻlgan talablarni hisobga olgan holda, xalqaro talabnoma ikkita yoki bir nechta sanoat namunalarini oʻz ichiga olishi mumkin.
(5) [Nashrni kechiktirish toʻgʻrisida iltimosnoma] Xalqaro talabnoma nashrni kechiktirish toʻgʻrisidagi iltimosnomani oʻz ichiga olishi mumkin.
6-modda Ustuvorlik
(1) [Ustuvorlikka daʼvo]
(a) Parij konvensiyasining 4-moddasiga muvofiq xalqaro talabnoma Parij konvensiyasi qatnashchisi boʻlgan har qaysi mamlakatda yoki Butun jahon savdo tashkiloti aʼzosi boʻlgan mamlakatda, yoki bunday mamlakatga nisbatan taqdim etilgan bitta yoki bir nechta avvalgi talabnomalarning ustuvorligi haqidagi arizani oʻz ichiga olishi mumkin.
(b) Yoʻriqnomada (a)-band osti bandida aytib oʻtilgan ariza xalqaro talabnoma topshirilgandan keyin berilishi mumkinligi koʻzda tutilgan boʻlishi mumkin. Bunday holda Yoʻriqnomada shunday ariza berilishi mumkin boʻlgan eng oxirgi muddat oʻrnatiladi.
(2) [Ustuvorlikka daʼvo uchun asos boʻladigan xalqaro talabnoma] Topshirilgan sanasidan boshlab, xalqaro talabnoma, oʻzining keyingi taqdiridan qatʼiy nazar, Parij konvensiyasi 4-moddasining mazmuniga binoan toʻgʻri rasmiylashtirib topshirilgan talabnomaning ekvivalenti boʻlib hisoblanadi.
7-modda Koʻrsatma uchun bojlar
(1) [Koʻrsatma uchun belgilangan boj] Belgilangan bojlar, (2)-bandni hisobga olgan holda, har bir Ahdlashuvchi tomonga nisbatan koʻrsatma uchun bojni oʻz ichiga oladi.
(2) [koʻrsatma uchun individual boj] Idorasi ekspertiza oʻtkazadigan Idora boʻlgan har qanday Ahdlashuvchi tomon, va xalqaro tashkilot boʻlgan Ahdlashuvchi tomon Bosh direktorga yuborilgan arizasida, uning oʻzi koʻrsatilgan har qanday xalqaro talabnoma bilan bogʻliq holda, hamda roʻyxatdan oʻtkazilgan xalqaro talabnomaning amal qilish muddatini uzaytirish bilan bogʻliq holda, (1)-bandda aytib oʻtilgan koʻrsatma uchun belgilangan boj individual bojga almashtirilishi, hamda ushbu boj miqdori arizada koʻrsatilgani va keyingi arizalarda oʻzgartirilishi mumkinligi haqida maʼlum qilishi mumkin. Yuqorida aytib oʻtilgan Ahdlashuvchi tomon ushbu boj miqdorini muhofazaning dastlabki muddati uchun va har gal muhofaza muddatini uzaytirish uchun yoki tegishli Ahdlashuvchi tomon belgilagan maksimal muhofaza davri uchun oʻrnatishi mumkin. Biroq bunday bojning miqdori, mazkur Ahdlashuvchi tomon Idorasi talabnoma beruvchidan sanoat namunalarining xuddi shunday miqdoriga teng davrda muhofaza taqdim etilganlik uchun olish huquqiga ega boʻlgan, ammo xalqaro protseduradan foydalanish natijasida tejalgan miqdorni ayirgandan keyin qolgan summadan oshmasligi kerak.
(3) [Koʻrsatma uchun bojlarni oʻtkazish] Xalqaro byuro (1) va (2)-bandlarda aytib oʻtilgan va Ahdlashuvchi tomonlarga koʻrsatma uchun toʻlab berilgan bojlarni Ahdlashuvchi tomonlarga oʻtkazadi.
8-modda Buzilishlarni tuzatish
(1) [Xalqaro talabnoma ekspertizasi] Agar Xalqaro byuro xalqaro talabnoma Xalqaro byuro tomonidan olingan vaqtda ushbu Akt va Yoʻriqnoma talablariga javob bermasligini aniqlasa, u talabnoma beruvchiga belgilangan muddat mobaynida zarur tuzatishlar kiritishni taklif qiladi.
(2) [Tuzatilmagan buzilishlar]
(a) agar talabnoma beruvchi belgilangan muddat mobaynida tuzatishlar kiritish toʻgʻrisidagi taklifni bajarmasa, xalqaro talabnoma boʻyicha ish yuritish (b)-band osti bandiga asosan toʻxtatiladi.
(b) 5(2)-modda bilan bogʻliq buzilish yoki Ahdlashuvchi tomon Yoʻriqnomaga muvofiq Bosh direktorga xabar bergan maxsus talab bilan bogʻliq buzilish sodir boʻlgan holatda, agar talabnoma beruvchi belgilangan muddat mobaynida tuzatishlar kiritish toʻgʻrisidagi taklifni bajarmasa, xalqaro talabnomaga ushbu Ahdlashuvchi tomonning koʻrsatmalari kirmagan hisoblanadi.
9-modda Xalqaro talabnomani topshirish sanasi
(1) [Xalqaro talabnomani bevosita topshirish] Agar xalqaro talabnoma Xalqaro byuroga bevosita topshirilgan boʻlsa, (3)-band hisobga olingan holda, Xalqaro byuro xalqaro talabnomani olgan sana uning topshirilish sanasi boʻlib hisoblanadi
(2) [Xalqaro talabnomani bilvosita topshirish] Agar xalqaro talabnoma Ahdlashuvchi tomonining Idorasi orqali topshirilayotgan boʻlsa, topshirish sanasi belgilangan tartibda aniqlanadi.
(3) [Tarkibida baʼzi buzilishlar boʻlgan xalqaro talabnoma] Agar xalqaro talabnoma Xalqaro byuroga kelib tushgan sanada unda, belgilab qoʻyilganidek, xalqaro talabnomaning topshirilish sanasini kechiktirilishiga sabab boʻladigan buzilish sifatida olib qaraladigan buzilish boʻlsa, bu holda Xalqaro byuro bunday buzilish tuzatilgan talabnoma variantini olgan sana xalqaro talabnoma topshirilgan sana hisoblanadi.
10-modda Xalqaro roʻyxatdan oʻtkazish, xalqaro roʻyxatdan oʻtkazish sanasi, nashr etish va xalqaro roʻyxatdan oʻtkazishning konfidensial nusxalari
[Xalqaro roʻyxatdan oʻtkazish] Xalqaro byuro xalqaro talabnoma obyekti boʻlgan har bir sanoat namunasini darhol ushbu talabnoma olinishi bilan, yoki, agar 8-moddaga muvofiq unga tuzatishlar kiritish taklif qilingan boʻlsa, zarur tuzatishlar olinishi bilan darhol roʻyxatdan oʻtkazadi. Roʻyxatdan oʻtkazish 11-moddaga muvofiq chop etish kechiktirilgan yoki kechiktirilmaganidan qatʼiy nazar, amalga oshiriladi.
(2) [Xalqaro roʻyxatdan oʻtkazish sanasi]
(a) (b)-ostband hisobga olingan holda, xalqaro talabnoma topshirilgan sana uni xalqaro roʻyxatga olish sanasi hisoblanadi.
(b) Agar xalqaro talabnoma Xalqaro byuro tomonidan olingan sanada u 5(2)-moddada koʻrsatilgan buzilishlarga ega boʻlsa, Xalqaro byuro tomonidan tuzatish kiritilgan xalqaro talabnoma olingan sana, yoki xalqaro talabnoma topshirilgan sana, ularning qaysi biri keyinroq kelib tushganiga qarab, xalqaro roʻyxatdan oʻtkazish sanasi boʻlib hisoblanadi.
(3) [Nashr etish]
(a) Xalqaro byuro xalqaro roʻyxatdan oʻtkazish toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni chop etadi. Bunday chop etish barcha Ahdlashuvchi davlatlarda yetarli deb hisoblanadi va xalqaro talabnoma egasidan boshqa hech qanday chop etish talab qilinmaydi.
(b) Xalqaro byuro xalqaro roʻyxatdan oʻtkazish haqida chop etilgan maʼlumotlar nusxasini har bir koʻrsatib oʻtilgan Idoraga yuboradi.
(4) [Nashr etilgunga qadar konfidensiallikka rioya qilish] (5)-band va 11(4)(b)-moddani hisobga olgan holda, Xalqaro byuro nashrgacha har bir xalqaro talabnomaning va har bir xalqaro roʻyxatdan oʻtkazishning konfidensialligini taʼminlashi lozim.
(5) [Konfidensial hujjatlarning nusxalari]
(a) Xalqaro byuro, roʻyxatdan oʻtkazish amalga oshirilgandan keyin, darhol xalqaro roʻyxatdan oʻtkazish nusxasini, shuningdek, xalqaro talabnomaga ilova qilingan har qanday ariza, hujjat yoki haqiqiy namunani xalqaro talabnomada koʻrsatilgan va Xalqaro byuroga bunday nusxani olish istagi haqida bildirishnoma yuborgan Idoralarning har biriga yuboradi;
(b) Idora, Xalqaro byuro xalqaro roʻyxatdan oʻtkazishni chop qilgunga qadar, Xalqaro byuro tomonidan nusxasi oʻziga yuborilgan har bir xalqaro roʻyxatdan oʻtkazishga nisbatan konfidensiallikka rioya qilishga majbur, va koʻrsatib oʻtilgan nusxadan ushbu Idorani eʼtiborli hisoblagan Ahdlashuvchi tomon yoki uning nomidan topshirilgan tegishli xalqaro talabnomaning va sanoat namunalarini muhofaza qilish uchun topshirilgan talabnomalarning faqat ekspertizasini oʻtkazish uchun foydalanishi mumkin. Xususan, Idora har qanday xalqaro roʻyxatdan oʻtkazish mazmunini ushbu xalqaro roʻyxatdan oʻtkazish egasidan boshqa Idora xodimi boʻlmagan hech qaysi bir shaxsga maʼlum qilish huquqiga ega emas, bunda xalqaro roʻyxatdan oʻtkazishni amalga oshirish uchun asos boʻlgan xalqaro talabnomani topshirish huquqi masalasi yuzasidan chiqish ehtimoli boʻlgan nizo tufayli ishni maʼmuriy yoki sudda koʻrib chiqish holatlari bundan mustasno. Ishni maʼmuriy yoki sudda koʻrib chiqish holatlarida xalqaro roʻyxatdan oʻtkazish mazmuni bunday koʻrib chiqish qatnashchilari tomonidan maxfiylikka rioya qilish sharti bilan oshkor qilinishi mumkin, bunda ishni koʻrib chiqishda qatnashuvchi tomonlar bunday oshkoralikka nisbatan maxfiylikka amal qilish majburiyatini oʻz zimmalariga oladilar.
11-modda Nashr etishni kechiktirish
(1) [Ahdlashuvchi tomonlar qonunchiligining nashr etishni kechiktirishga nisbatan qoidalari]
(a) Agar Ahdlashuvchi tomon qonunchiligi sanoat namunasi haqidagi maʼlumotlarning chop etilishini belgilangan muddatga nisbatan qisqaroq muddatga kechiktirishni koʻzda tutgan boʻlsa, bu holda Ahdlashuvchi tomon Bosh direktorga yuboriladigan arizada kechiktirishning yoʻl qoʻyiladigan davomiyligi haqida maʼlumot beradi.
(b) Agar Ahdlashuvchi tomon qonunchiligi sanoat namunasi haqidagi maʼlumotlarning nashr etilishini kechiktirishni koʻzda tutmagan boʻlsa, bu holda Ahdlashuvchi tomon Bosh direktorga yuboriladigan arizada bu haqda xabar beradi.
(2) [Nashr etishni kechiktirish] Agar xalqaro talabnomada nashrni kechiktirish toʻgʻrisida iltimosnoma boʻlsa, nashr etish quyidagi holatlarda amalga oshiriladi:
(i) agar xalqaro talabnomada koʻrsatilgan Ahdlashuvchi tomonlarning birontasi ham (1)-bandga muvofiq ariza bermagan boʻlsa, — u holda belgilangan muddat tugaganda; yoki
(ii) agar xalqaro talabnomada koʻrsatilgan Ahdlashuvchi tomonlardan biri (1)(a)-bandga muvofiq ariza bergan boʻlsa, — u holda bunday arizada maʼlum qilingan muddat tugaganda, yoki, bunday Ahdlashuvchi tomonlar bir nechta boʻlganda, — u holda ularning arizalarida maʼlum qilingan muddatlarning eng qisqasi tugaganda.
(3) [Qoʻllanadigan qonunchilikka muvofiq kechiktirish mumkin boʻlmagan hollarda kechiktirish haqidagi iltimosnomalarni koʻrib chiqish] Agar nashr etishni kechiktirish toʻgʻrisidagi iltimosnoma taqdim etilgan boʻlib, xalqaro talabnomada koʻrsatilgan Ahdlashuvchi tomonlardan birontasi uning qonunchiligiga muvofiq kechiktirish mumkin emasligi haqida (1)(b)-bandga muvofiq maʼlumot bergan boʻlsa, u holda,
(i) (ii)-ost bandni hisobga olib, Xalqaro byuro talabnoma beruvchini bu haqda xabardor qiladi. Agar belgilangan muddat mobaynida talabnoma beruvchi Xalqaro byuroga yuborilgan yozma xabarda bunday Ahdlashuvchi tomonning koʻrsatmasini chiqarib tashlamasa, Xalqaro byuro nashr etishni kechiktirish toʻgʻrisidagi iltimosnomani eʼtiborsiz qoldiradi;
(ii) agar sanoat namunasining tasviri oʻrniga xalqaro talabnoma sanoat namunasining buyum koʻrinishini oʻz ichiga olgan boʻlsa, Xalqaro byuro bunday Ahdlashuvchi tomon koʻrsatmasini eʼtiborsiz qoldiradi va bu haqda talabnoma beruvchiga xabar beradi.
(4) [Muddatdan oldin nashr etish toʻgʻrisidagi yoki xalqaro roʻyxatdan oʻtkazish materiallaridan maxsus foydalanishni taqdim etish toʻgʻrisidagi iltimosnoma]
(a) (2)-bandga muvofiq qoʻllanadigan nashr etishni kechiktirish davri mobaynidagi har qanday vaqtda sanoat namunasining egasi xalqaro roʻyxatdan oʻtkazish obyekti boʻlgan ayrim yoki hamma sanoat namunalari haqidagi maʼlumotlarni nashr etish haqida iltimos qilishi mumkin; bu holda bunday sanoat namunasi yoki bunday sanoat namunalariga nisbatan kechiktirish davri Xalqaro byuro tomonidan bunday iltimosnoma olingan sanada tugagan hisoblanadi.
(b) Sanoat namunasining egasi shuningdek (2)-bandga muvofiq qoʻllanadigan nashr etishni kechiktirish davri mobaynidagi har qanday vaqtda Xalqaro byurodan oʻzi koʻrsatgan bironta uchinchi tomonga xalqaro roʻyxatdan oʻtkazish obyekti boʻlgan alohida yoki hamma sanoat namunalariga tegishli materiallardan koʻchirmani taqdim etishni yoki ushbu uchinchi tomonga bunday materiallardan foydalanishga ruxsat berishni iltimos qilishi mumkin.
(5) [Xalqaro roʻyxatdan oʻtkazishdan voz kechish va uning amal qilishini cheklash]
(a) Agar (2)-bandga muvofiq qoʻllanadigan nashr etishni kechiktirish davri mobaynidagi har qanday vaqtda egasi barcha koʻrsatib oʻtilgan Ahdlashuvchi tomonlarga nisbatan xalqaro roʻyxatdan oʻtkazishdan voz kechsa, xalqaro roʻyxatdan oʻtkazish obyekti boʻlgan sanoat namunasi yoki sanoat namunalari haqidagi maʼlumotlar chop etilmaydi.
(b) Agar (2)-bandga muvofiq qoʻllanadigan nashr etishni kechiktirish davri mobaynidagi har qanday vaqtda egasi xalqaro roʻyxatdan oʻtkazish harakatini barcha aytib oʻtilgan Ahdlashuvchi tomonlarga nisbatan xalqaro roʻyxatdan oʻtkazish obyekti boʻlgan bitta yoki bir nechta sanoat namunalari bilan cheklasa, qolgan xalqaro roʻyxatdan oʻtkazish obyekti boʻlgan sanoat namunalari yoki sanoat namunasi haqidagi maʼlumotlar chop etilmaydi.
(6) [Nashr etish va tasvirlarni taqdim etish]
(a) Ushbu modda qoidalariga muvofiq qoʻllanadigan har qanday kechiktirish davri tugaganida, Xalqaro byuro belgilangan bojlar toʻlanishi sharti bilan xalqaro roʻyxatdan oʻtkazish haqidagi maʼlumotlarni chop etadi. Agar bunday bojlar belgilangan tartibda toʻlanmasa, xalqaro roʻyxatdan oʻtkazish bekor qilinadi, nashr etish esa amalga oshirilmaydi.
(b) Agar 5(1)(iii)-moddaga muvofiq xalqaro talabnomaga sanoat namunasining bitta yoki bir nechta tabiiy namunasi ilova qilingan boʻlsa, egasi belgilangan muddat mobaynida ushbu talabnomaning obyekti boʻlgan har bitta sanoat namunasi tasvirining belgilangan miqdordagi nusxalarini Xalqaro byuroga taqdim etadi. Agar egasi bunday qilmasa, xalqaro roʻyxatdan oʻtkazish bekor qilinadi, nashr esa amalga oshirilmaydi.
12-modda Rad etish
[Rad etish huquqi] Har qaysi koʻrsatib oʻtilgan Ahdlashuvchi tomonning Idorasi, agar xalqaro roʻyxatdan oʻtkazish obyektlari boʻlgan alohida yoki hamma sanoat namunalariga nisbatan uning qonunchiligida koʻzda tutilgan muhofaza taqdim etish shartlariga rioya qilinmagan boʻlsa, ushbu Ahdlashuvchi tomon hududida har qanday xalqaro roʻyxatdan oʻtkazishning amal qilishi tan olinishini toʻliq yoki qisman rad etishi mumkin; biroq hech qaysi Idora xalqaro talabnomaning shakli va mazmuniga nisbatan tegishli Ahdlashuvchi tomon qonunchiligida koʻzda tutilgan talablarning yoki mazkur Aktda yoki Yoʻriqnomada koʻzda tutilgan talablarga qoʻshimcha boʻlgan, yoki ulardan farqlanuvchi talablarning bajarilmaganiga asoslanib, har qanday xalqaro roʻyxatdan oʻtkazishning amal qilishini tan olishni toʻliq yoki qisman rad qila olmaydi.
(2) [Rad qilish toʻgʻrisida bildirishnoma]
(a) belgilangan muddat mobaynida Idora rad qilish toʻgʻrisidagi bildirishnomada Xalqaro byuroga xalqaro roʻyxatdan oʻtkazishning amal qilishini tan olishni rad qilishi toʻgʻrisida xabar beradi.
(b) Har qanday rad qilish toʻgʻrisidagi bildirishnomada rad qilish uchun asos boʻlgan barcha sabablar bayon qilinadi.
(3) [Rad qilish toʻgʻrisidagi bildirishnomani joʻnatish, himoya vositalari]
(a) Xalqaro byuro rad qilish toʻgʻrisidagi bildirishnoma nusxasini egasiga darhol joʻnatadi.
(b) Xalqaro roʻyxatga olish obyekti boʻlgan har qaysi sanoat namunasi rad javobini yuborgan Idoraga nisbatan qoʻllanadigan qonunchilikka muvofiq muhofaza taqdim etishga qaratilgan talabnomaning obyekti boʻlganida, qanday himoya vositasiga huquqi boʻlsa, egasi ham xuddi shunday himoya vositasiga huquqi boʻladi. Bunday himoya vositalari kamida takroran koʻrib chiqish imkoniyatini yoki rad etish toʻgʻrisidagi qarorni qayta koʻrib chiqish yo unga eʼtiroz bildirish imkoniyatini oʻz ichiga olishi lozim.
(4) [Raddiyani chaqirib olish] Har qanday raddiya uni yuborgan Idora tomonidan har qanday vaqtda toʻliq yoki qisman chaqirib olinishi mumkin
13-modda Sanoat namunasining birligiga nisbatan maxsus talablar
(1) [Maxsus talablar toʻgʻrisida bildirish] Har qanday Ahdlashuvchi tomon, u mazkur Akt tomoniga aylangan paytda uning qonunchiligi bitta alohida talabnomaning obyekti boʻlgan sanoat namunalari gʻoya birligi, tayyorlash birligi yoki foydalanish birligi talabiga javob berishini, yoxud bitta komplektga yoki buyumlar toʻplamiga tegishli boʻlishini, yoki faqat bitta mustaqil va alohida sanoat namunasi bitta talabnomaning obyekti boʻlishini talab qilsa, Bosh direktorni bu haqda xabardor qilishi mumkin. Biroq, bu kabi hech qanday ariza, hatto talabnomada ariza yuborgan Ahdlashuvchi tomonga koʻrsatma boʻlgan holda ham, talabnoma beruvchining xalqaro talabnomaga, 5(4)-moddaga muvofiq, ikkita yoki bir nechta sanoat namunalarini kiritish huquqiga ziyon yetkazmaydi.
(2) [Ariza yuborish oqibatlari] Bu kabi har qanday ariza bildirish yuborgan Ahdlashuvchi tomon Idorasiga, ushbu Ahdlashuvchi tomon bildirishnomasida bayon qilingan talab bajarilmagunga qadar, 12(1)-moddaga muvofiq xalqaro roʻyxatdan oʻtkazishning amal qilishini tan olishni rad etish huquqini beradi.
(3) [Roʻyxatga olishni boʻlishda toʻlanishi kerak boʻlgan qoʻshimcha bojlar] Agar (2)-bandga muvofiq sodir qilingan raddiya bilan bogʻliq holda, tegishli Idoraga bildirishnomada bayon etilgan raddiya uchun asoslarni bartaraf qilish maqsadida xalqaro talabnomani boʻlish haqida iltimosnoma taqdim etilsa, ushbu Idora raddiya uchun bunday asoslarni bartaraf qilish maqsadida topshirilishi zarur boʻlgan har bir qoʻshimcha xalqaro talabnoma uchun boj undirish huquqiga ega.
14-modda Xalqaro roʻyxatdan oʻtkazishning amal qilishi
(1) [Qoʻllanayotgan qonunchilikka muvofiq talabnoma topshirishga aynan oʻxshash xatti-harakat] Xalqaro roʻyxatdan oʻtkazish sanasidan eʼtiboran, koʻrsatib oʻtilgan Ahdlashuvchi tomonlarning har birida ushbu Ahdlashuvchi tomon qonunchiligiga muvofiq sanoat namunasiga muhofaza taqdim etish uchun toʻgʻri rasmiylashtirilgan talabnoma topshirish qanday amal qilsa, xalqaro roʻyxatdan oʻtkazish ham kamida shunday amal qiladi.
(2) [Qoʻllanayotgan qonunchilikka muvofiq muhofaza taqdim etishga aynan oʻxshash xatti-harakat]
(a) Koʻrsatib oʻtilgan har bir Ahdlashuvchi tomonda, agar uning Idorasi 12-moddaga muvofiq raddiya yubormagan boʻlsa, ushbu Ahdlashuvchi tomon qonunchiligiga muvofiq sanoat namunasiga muhofaza taqdim etish uning tomonidan raddiya yuborilish koʻzda tutilgan muddat tugagan sanadan boshlab, agar Ahdlashuvchi tomon Yoʻriqnomaga muvofiq tegishli arizani bergan boʻlsa, kechi bilan ushbu arizada koʻrsatilgan sandan boshlab qanday amal qilsa, xalqaro roʻyxatdan oʻtkazish ham xuddi shunday amal qiladi.
(b) Agar koʻrsatib oʻtilgan Ahdlashuvchi tomon idorasi raddiyani yuborib, keyinchalik uni qisman yoki toʻliq chaqirib olgan boʻlsa, kechi bilan raddiyaning chaqirib olinishi amalga oshirilgan sanadan boshlab, Ahdlashuvchi tomon qonunchiligiga muvofiq sanoat namunasiga muhofaza taqdim etish qanday amal qilsa, xalqaro roʻyxatdan oʻtkazishning ushbu raddiya tegishli boʻlgan qismi ham ushbu Ahdlashuvchi tomonda xuddi shunday amal qiladi.
(c) xalqaro roʻyxatdan oʻtkazishning mazkur bandga muvofiq ega boʻlgan amal qilishi, ushbu roʻyxatdan oʻtkazish obyekti boʻlgan sanoat namunasi yoki sanoat namunalariga, xalqaro roʻyxatdan oʻtkazish koʻrsatib oʻtilgan Idora tomonidan Xalqaro byurodan qanday koʻrinishda olingan boʻlsa, shunday koʻrinishda, yoki, mazkur Idora tomonidan qoʻllanadigan protseduraga binoan mumkin boʻlgan joyda kiritilgan tuzatishlarni hisobga olgan holda joriy qilinadi.
(3) [Talabnoma beruvchining Ahdlashuvchi tomoni koʻrsatmasining amal qilishiga nisbatan ariza]
(a) Har qanday Ahdlashuvchi tomon, agar uning Idorasi ekspertiza oʻtkazuvchi Idora boʻlsa, Bosh direktorga yuborgan arizasida uni, agar Ahdlashuvchi tomon talabnoma beruvchining ahdlashuvchi tomoni boʻlsa, ushbu uning xalqaro roʻyxatdan oʻtkazishdagi koʻrsatmasi amal qilmasligini maʼlum qilishi mumkin.
(b) Agar (a)-ost bandda aytib oʻtilgan arizani bergan Ahdlashuvchi tomon, xalqaro talabnomada ham talabnoma beruvchining Ahdlashuvchi tomoni, ham koʻrsatib oʻtilgan Ahdlashuvchi tomon sifatida koʻrsatilgan boʻlsa, u holda Xalqaro byuro ushbu Ahdlashuvchi tomon koʻrsatmasini eʼtiborga olmaydi.
15-modda: Xalqaro roʻyxatdan oʻtkazishning haqiqiy emas deb topish
(1) [Himoya uchun imkoniyat berish talabi] Koʻrsatib oʻtilgan Ahdlashuvchi tomon hududida xalqaro roʻyxatdan oʻtkazishning qisman yoki toʻliq haqiqiy emas deb topish haqidagi qaror ushbu Ahdlashuvchi tomonning vakolatli organlari tomonidan sanoat namunasi egasiga oʻz huquqlarini kerakli vaqtda himoya qilish uchun imkoniyat bermasdan turib qabul qilinmasligi lozim.
(2) [Xalqaro roʻyxatdan oʻtkazishning haqiqiy emasligi toʻgʻrisidagi bildirishnoma] Hududida xalqaro roʻyxatdan oʻtkazishni haqiqiy emas deb topilgan Ahdlashuvchi tomonning Idorasi, agar roʻyxatdan oʻtkazish haqiqiy emas deb topilgani haqida unga maʼlum boʻlsa, bu haqda Xalqaro byuroga xabar beradi.
16-modda Xalqaro roʻyxatdan oʻtkazishlarga nisbatan oʻzgartirishlar haqidagi yozuvlarni va boshqa yozuvlarni kiritish
(1) [Oʻzgartirishlar haqidagi yozuvlarni va boshqa yozuvlarni kiritish] Xalqaro byuro oʻrnatilgan tartibda Xalqaro reyestrga quyidagilar haqida yozuvlar kiritadi:
(i) xalqaro roʻyxatdan oʻtkazish egasining, yangi ega 3-moddaga muvofiq xalqaro talabnoma topshirish huquqiga ega degan shart bilan, alohida yoki hamma koʻrsatib oʻtilgan Ahdlashuvchi tomonlarga nisbatan va xalqaro roʻyxatdan oʻtkazish obyekti boʻlgan alohida yoki hamma sanoat namunalariga nisbatan har qanday oʻzgarishi haqida;
(ii) eganing nomi yoki manzilga nisbatan har qanday oʻzgarish haqida;
(iii) talabnoma beruvchi yoki ega vakilini tayinlash hamda bunday vakilga taalluqli har qanday boshqa tegishli maʼlumotlar haqida;
(iv) eganing alohida yoki hamma koʻrsatib oʻtilgan Ahdlashuvchi tomonlarga nisbatan xalqaro roʻyxatdan oʻtkazishdan har qanday voz kechishi haqida;
(v) xalqaro roʻyxatdan oʻtkazishning amal qilishini ayrim yoki hamma koʻrsatib oʻtilgan Ahdlashuvchi tomonlarga nisbatan xalqaro roʻyxatdan oʻtkazish obyektlari boʻlgan bitta yoki bir nechta sanoat namunalari bilan ega tomonidan har qanday cheklash haqida;
(vi) xalqaro roʻyxatdan oʻtkazish obyektlari boʻlgan alohida yoki hamma sanoat namunalariga nisbatan koʻrsatib oʻtilgan Ahdlashuvchi tomonning vakolatli organlari tomonidan uning hududida xalqaro roʻyxatdan oʻtkazish noqonuniy ekanligini har qanday eʼtirof etilganligi haqida;
(vii) xalqaro roʻyxatdan oʻtkazish obyektlari boʻlgan alohida yoki hamma sanoat namunalariga qarashli huquqlarga taalluqli boʻlgan va Yoʻriqnomada aytib oʻtilgan har qanday boshqa maʼlumotlar haqida.
(2) [Xalqaro reyestrga yozuvlar kiritishning oqibatlari] (i), (ii), (iv), (v), (vi)-ost bandlarda va (1)-bandning (vii)-ost bandida aytib oʻtilgan har qanday kiritilgan yozuv, ushbu yozuv har bir tegishli Ahdlashuvchi tomon Idorasining Reyestriga kiritilganda qanday amal qilsa, xuddi shunday amal qiladi; har qanday Ahdlashuvchi tomon Bosh direktorga yuborgan arizasida uni (1)-bandning (i)-ost bandida aytib oʻtilgan yozuv bunday arizada sanab oʻtilgan arizalar yoki hujjatlar uning Idorasi tomonidan olinmagunga qadar ushbu Ahdlashuvchi tomonda amal qilmasligi haqida maʼlum qilishi mumkin boʻlgan hollar bundan mustasno.
(3) [Bojlar] (1)-bandga muvofiq har qanday yozuvning kiritilgani uchun boj olinishi mumkin.
(4) [Nashr etish] Xalqaro byuro (1)-bandga muvofiq har qanday yozuvning kiritilgani haqida xabarnoma chop etadi. Xabarnoma chop etilgan nashr nusxasi har bir tegishli Ahdlashuvchi tomon Idorasiga yuboriladi.
17-modda Xalqaro roʻyxatdan oʻtkazishning amal qilish muddati va uni uzaytirish, muhofaza muddati
(1) [Xalqaro roʻyxatdan oʻtkazishning amal qilish muddati] Xalqaro roʻyxatdan oʻtkazish dastlab xalqaro roʻyxatdan oʻtkazish sanasidan hisoblaganda, besh yilga amalga oshiriladi.
(2) [Xalqaro roʻyxatdan oʻtkazishni uzaytirish] Xalqaro roʻyxatdan oʻtkazish, belgilangan protseduraga muvofiq va belgilangan bojlarni toʻlash sharti bilan, har biri besh yildan iborat qoʻshimcha muddatlarga uzaytirilishi mumkin.
(3) [Koʻrsatib oʻtilgan Ahdlashuvchi tomonlarda muhofaza muddati]
(a) Xalqaro roʻyxatdan oʻtkazishni uzaytirish sharti bilan va (b)-bandni hisobga olgan holda, koʻrsatib oʻtilgan Ahdlashuvchi tomonlarning har birida muhofaza davri, xalqaro roʻyxatdan oʻtkazish sanasidan boshlab hisoblaganda, 15 yilni tashkil qiladi.
(b) Koʻrsatib oʻtilgan Ahdlashuvchi tomon qonunchiligi ushbu qonunchilikka muvofiq muhofaza taqdim etilgan sanoat namunasiga nisbatan 15 yildan ortiq muhofaza muddatini koʻzda tutgan holatlarda, muhofaza muddati, xalqaro roʻyxatdan oʻtkazishni uzaytirish sharti bilan, ushbu Ahdlashuvchi tomon qonunchiligida koʻzda tutilgan muddat qanday boʻlsa, shunday boʻladi.
(s) Har bir Ahdlashuvchi tomon Bosh direktorga yuborilgan arizada oʻzining qonunchiligida koʻzda tutilgan muhofazaning maksimal muddati haqida xabar beradi.
(4) [Uzaytirishning amal qilish muddatini cheklash] Xalqaro roʻyxatdan oʻtkazishni uzaytirish alohida yoki hamma koʻrsatib oʻtilgan Ahdlashuvchi tomonlarga nisbatan va xalqaro roʻyxatdan oʻtkazish obyekti boʻlgan alohida yoki hamma sanoat namunalariga nisbatan amalga oshirilishi mumkin.
(5) [Uzaytirish haqidagi yozuvni kiritish va nashr etish] Xalqaro byuro uzaytirishlar haqidagi yozuvlarni Xalqaro reyestrga kiritadi va bu haqda xabarnoma chop etadi. Xabarnomani oʻz ichiga olgan chop etilgan nashr nusxasini Xalqaro byuro har bir tegishli Ahdlashuvchi tomon Idorasiga yuboradi.
18-modda Maʼlumotlari nashr etib boʻlingan xalqaro roʻyxatdan oʻtkazishlar toʻgʻrisidagi axborot
(1) [Maʼlumotdan foydalanish imkoniyati] Xalqaro byuro har qanday shaxsga uning iltimosiga koʻra, belgilangan bojni toʻlash sharti bilan, Xalqaro reyestrdan koʻchirmalar yoki maʼlumotlari avval chop etib boʻlingan har qanday xalqaro roʻyxatdan oʻtkazishga tegishli Xalqaro reyestr mazmuni haqida axborot taqdim etadi.
(2) [Legallashtirishdan ozod qilish] Xalqaro byuro tomonidan taqdim etiladigan Xalqaro reyestrdan koʻchirmalar har bir Ahdlashuvchi tomonda legallashtirish talablaridan ozod qilinadi.
II-BOB MAʼMURIY QOIDALAR
19-modda Bir nechta davlatlarning yagona Idorasi
(1) [Yagona Idora haqida bildirish] Agar mazkur Akt ishtirokchisi boʻlmoqchi boʻlgan bir nechta davlat sanoat namunalari boʻyicha milliy qonunchiliklari unifikatsiyasini amalga oshirgan yoki amalga oshirishga kelishib olgan boʻlsalar, ular Bosh direktorga quyidagilar haqida xabar berishlari mumkin:
(i) umumiy Idora ushbu davlatlardan har birining milliy Idorasining oʻrnini bosadi; va
(ii) ularning yagona qonunchilik qoʻllanayotgan hududlarining majmuyi mazkur Aktning 1-, 3 — 18- va 31-moddalarini qoʻllash maqsadlari uchun bitta Ahdlashuvchi tomon sifatida olib qaralishi lozim.
(2) [Bildirish qachon qilinishi kerak] (1)-bandda aytib oʻtilgan bildirish quyidagilarga nisbatan amalga oshiriladi:
(i) ushbu Akt ishtirokchisi boʻlmoqchi davlatlarga nisbatan — 27(2)-moddada aytib oʻtilgan hujjatlarni saqlash uchun topshirish paytidan eʼtiboran
(ii) ushbu Akt qatnashchilari boʻlgan davlatlarga nisbatan — milliy qonunchiligining unifikatsiyasi amalga oshirilgandan keyingi har qanday vaqtdan eʼtiboran.
(3) [Bildirishning kuchga kirish sanasi] (1)- va (2)-bandlarda aytib oʻtilgan bildirish quyidagilarga nisbatan kuchga kiradi:
(i) mazkur Akt qatnashchilari boʻlmoqchi davlatlarga nisbatan — bunday davlatlar mazkur Akt majburiyatlarini oʻz zimmalariga olgan vaqtdan eʼtiboran;
(ii) mazkur Akt qatnashchilari boʻlgan davlatlarga nisbatan — ushbu munosabat bilan Bosh direktorning boshqa Ahdlashuvchi tomonlarga yuborgan xabari sanasidan eʼtiboran uch oydan keyin, yoki bildirishnomada koʻrsatilgan har qanday kechroq sanadan eʼtiboran.
20-modda Gaaga ittifoqiga aʼzolik
Ahdlashuvchi tomonlar 1943-yil Akti va 1960-yil Akti qatnashchilari boʻlgan davlatlar aʼzo boʻlgan Ittifoqning aʼzosi boʻlib hisoblanadilar.
21-modda Assambleya
(1) [Tarkibi]
(a) Ahdlashuvchi tomonlar 1967-yildagi Toʻldiruvchi aktning 2-moddasi bilan bogʻlangan davlatlar aʼzosi boʻlgan Assambleyaning aʼzosidirlar.
(b) Assambleyaning har bitta aʼzosi bitta delegat bilan vakil qilgan boʻlib, u oʻrinbosarlar, maslahatchilar va ekspertlarga ega boʻlishi mumkin, bunda har bir delegat faqat bitta Ahdlashuvchi tomondan vakil boʻlishi mumkin.
(s) Assambleya aʼzosi boʻlmagan Ittifoq aʼzolari Assambleya majlislariga kuzatuvchilar sifatida qatnashishlari mumkin.
(a) Assambleya:
(i) Ittifoqni saqlash va rivojlantirishga hamda ushbu Aktni qoʻllashga tegishli barcha masalalarni koʻrib chiqadi;
(ii) ushbu Aktga yoki 1967-yildagi Toʻldiruvchi aktga binoan uning zimmasiga maxsus yuklatilgan yoki unga topshirilgan huquqlarni amalga oshiradi va masalalarni hal qiladi;
(iii) Bosh direktorga qayta koʻrib chiqish boʻyicha konferensiyalarni tayyorlash boʻyicha koʻrsatmalar beradi va bunday konferensiyani chaqirish toʻgʻrisida qaror qabul qiladi;
(iv) Yoʻriqnomani oʻzgartiradi;
(v) Bosh direktorning Ittifoqqa tegishli hisobotlari va faoliyatini koʻrib chiqadi va maʼqullaydi, hamda Bosh direktorga Ittifoq vakolati doirasiga kiruvchi masalalar boʻyicha hamma zarur koʻrsatmalarni beradi;
(vi) Ittifoq dasturini belgilaydi va ikki yillik hisobotini qabul qiladi hamda uning moliyaviy hisobotlarini maʼqullaydi;
(vii) Ittifoqning moliyaviy reglamentini qabul qiladi;
(viii) Ittifoq maqsadlarini amalga oshirish uchun zarur deb hisoblagan qoʻmitalar va ishchi guruhlarni tuzadi;
(ix) (1)(s)-bandini hisobga olib, qaysi davlatlar, hukumatlararo va nohukumat tashkilotlar uning majlislariga kuzatuvchilar sifatida qoʻyilishi mumkinligini belgilaydi;
(x) Ittifoq maqsadlariga erishish uchun zarur boʻlgan barcha boshqa xatti-harakatlarni amalga oshiradi va ushbu Akt bilan oʻziga yuklatilgan boshqa barcha vazifalarni bajaradi.
(b) Maʼmuriy vazifalarini Tashkilot bajaradigan boshqa Ittifoqlar uchun ahamiyatli boʻlgan massalarga nisbatan Assambleya, Tashkilotning muvofiqlashtirish qoʻmitasi tavsiyalarini eshitgandan keyin, qaror qabul qiladi
(3) [Kvorum]
(a) Davlat hisoblangan va aniq masala boʻyicha ovoz berish huquqiga ega boʻlgan Assambleya aʼzolarining yarmi ushbu masala boʻyicha ovoz berish uchun kvorumni tashkil qiladilar.
(b) (a)-ost band qoidalariga qaramay, agar biron-bir sessiyada vakil qilingan va aniq masala boʻyicha ovoz berish huquqiga ega boʻlgan davlatlar soni yarmidan kamini tashkil qilsa, biroq aniq masala boʻyicha ovoz berish huquqiga ega boʻlgan Assambleyaga aʼzo vakolatli davlatlar sonining uchdan bir qismiga teng boʻlsa yoki undan ortiq boʻlsa, Assambleya qaror qabul qilishi mumkin; biroq Assambleyaning qarorlari, uning oʻz protseduralariga tegishli qarorlar bundan mustasno, faqat quyidagi shartlarga rioya qilingandagina majburiy boʻladi. Xalqaro byuro bunday qarorlarni ushbu masala boʻyicha ovoz berish huquqiga ega boʻlgan, biroq Assambleya sessiyasida vakili qatnashmagan Assambleyaga aʼzo davlatlarga yuboradi, va ularga qarorlar yuborilgan sanadan eʼtiboran uch oylik muddatda oʻzlariga qarshi qarorlar uchun ovoz berishlari, yoki ovoz berishda betaraf qolishlari toʻgʻrisida yozma ravishda xabar berishlarini taklif qiladi. Agar ushbu muddat tugagach, shu tariqa ovoz bergan yoki betaraf qolgan davlatlar soni sessiyaning oʻzida kvorumga erishish uchun yetmagan ovozlar soni bilan tenglashsa, bunday qarorlar kerakli koʻpchilik bir vaqtning oʻzida mavjud degan shart bilan kuchga kiradi.
(4) [Assambleyada qaror qabul qilish]
(a) Assambleya imkon qadar oʻz qarorlarini konsensus asosida qabul qiladi.
(b) Konsensus asosida qaror qabul qilish imkoni boʻlmasa, u holda muhokama qilinayotgan masala boʻyicha qaror ovoz berish yoʻli bilan qabul qilinadi. Bu holda:
(i) davlat maqomida boʻlgan har bir Ahdlashuvchi tomon faqat bir ovozga ega boʻladi va faqat oʻz nomidan ovoz beradi, va
(ii) hukumatlararo tashkilot maqomida boʻlgan har bir Ahdlashuvchi tomon oʻzining aʼzo-davlatlari nomidan ovoz berishi mumkin, bunda ovozlar soni uning tarkibiga kirgan va ushbu Aktning ishtirokchilari boʻlgan aʼzo davlatlar soniga teng boʻlishi kerak, shu bilan birga, bunday hukumatlararo tashkilot, agar unga aʼzo-davlatlarning birontasi oʻzining ovoz berishda qatnashish huquqidan foydalanishga qaror qilsa, ovoz berishda ishtirok eta olmaydi, va aksincha.
(c) 1967-yildagi Toʻldiruvchi aktning 2-moddasi qoidalari bilan bogʻlangan davlatlargagina tegishli masalalar boʻyicha mazkur modda bilan bogʻlanmagan Ahdlashuvchi tomonlar ovoz berish huquqiga ega emaslar, shu paytning oʻzida, Ahdlashuvchi tomonlargagina tegishli masalalar boʻyicha faqat ularning oʻzigina ovoz berish huquqiga egadirlar.
(5) [Koʻpchilik]
(a) 24(2), 26(2)-moddalarni hisobga olgan holda, Assambleya oʻz qarorlarini uchdan ikki qismni tashkil qilgan koʻpchilik ovoz bilan qabul qiladi.
(b) Ovoz berishda betaraf qolganlarning ovozlari hisobga olinmaydi.
(6) [Sessiyalar]
(a) Assambleya Bosh direktor tomonidan chaqiriladigan navbatdagi sessiyaga ikki yilda bir marta, Tashkilotning Bosh Assambleyasi bilan bir vaqtda va bir joyda toʻplanadi, favqulodda vaziyatlar bundan mustasno.
(b) Assambleya Bosh direktor tomonidan chaqiriladigan navbatdan tashqari sessiyasiga Assambleya aʼzolaridan toʻrtdan bir qismining talabi bilan yoki Bosh direktor tashabbusi bilan toʻplanadi.
(s) Bosh direktor har bir sessiyaning kun tartibini tayyorlaydi.
(7) [Protsedura qoidalari] Assambleya bevosita oʻzining protsedura qoidalarini qabul qiladi.
22-modda Xalqaro byuro
(1) [Maʼmuriy vazifalari]
(a) Xalqaro roʻyxatdan oʻtkazish bilan bogʻliq vazifalar, shuningdek ushbu Ittifoqqa tegishli boshqa maʼmuriy vazifalar Xalqaro byuro tomonidan amalga oshiriladi.
(b) Xalqaro byuro, xususan, majlislarni tayyorlaydi va Assambleya Kotibiyati va Assambleya tomonidan taʼsis qilinishi mumkin boʻlgan ekspertlar qoʻmitalari va ishchi guruhlar vazifalarini ham bajaradi.
(2) [Bosh direktor] Bosh direktor Ittifoqning bosh mansabdor shaxsi hisoblanadi va Ittifoq nomidan ish yuritadi.
(3) [Assambleya sessiyalaridan tashqari boshqa majlislar] Bosh direktor Assambleya tomonidan taʼsis etilgan har qanday qoʻmita va ishchi guruhni, va Ittifoqqa tegishli masalalar boʻyicha barcha boshqa majlislarni chaqiradi.
(4) [Xalqaro byuroning Assambleyadagi va boshqa majlislardagi roli]
(a) Bosh direktor va Bosh direktor tomonidan tayinlagan shaxslar Assambleyaning, Assambleya tomonidan taʼsis etilgan qoʻmitalar va ishchi guruhlarining hamma majlislarida, hamda Ittifoq rahbarligida Bosh direktor tomonidan chaqiriladigan barcha boshqa majlislarda ovoz berish huquqisiz qatnashadilar.
(b) Bosh direktor yoki Bosh direktor tomonidan tayinlangan har qanday xodim (a)-ost bandda aytib oʻtilgan Assambleya, qoʻmitalar, ishchi guruhlari va boshqa majlislarning ex officio kotibi boʻlib hisoblanadi.
(5) [Konferensiyalar]
(a) Xalqaro byuro Assambleya koʻrsatmalariga muvofiq qayta koʻrib chiqish boʻyicha har qanday konferensiyalarga tayyorgarlik ishlarini amalga oshiradi.
(b) Xalqaro byuro aytib oʻtilgan tayyorgarlik ishlariga tegishli masalalar boʻyicha hukumatlararo tashkilotlar hamda xalqaro va milliy nohukumat tashkilotlar bilan maslahatlashishi mumkin.
(s) Bosh direktor va Bosh direktor tomonidan tayinlangan shaxslar qayta koʻrib chiqish boʻyicha konferensiyalardagi muhokamalarda ovoz berish huquqisiz qatnashadilar.
(6) [Boshqa vazifalar] Xalqaro byuro oʻz zimmasiga yuklatilgan ushbu Akt bilan bogʻliq boshqa har qanday vazifalarni bajaradi.
23-modda Moliya
(1) [Budjet]
(a) Ittifoq budjetga ega.
(b) Ittifoq budjeti faqat Ittifoqning oʻziga tegishli tushumlar va xarajatlarni, hamda maʼmuriy vazifalarini Tashkilot bajarayotgan Ittifoqlar uchun umumiy boʻlgan xarajatlar budjetiga uning toʻlovlarini oʻz ichiga oladi.
(s) Faqat Ittifoqning oʻziniki boʻlmagan xarajatlar, shuningdek maʼmuriy vazifalarini Tashkilot bajarayotgan boshqa Ittifoqlardan biriga yoki bir nechtasiga tegishli boʻlgan xarajatlar Ittifoqlarning umumiy xarajatlari hisoblanadi. Ittifoqning ushbu umumiy xarajatlardagi ulushi uning mazkur xarajatlardan manfaatdorligiga mos keladi.
(2) [Boshqa Ittifoqlar budjetlari bilan muvofiqlashtirish] Ittifoq budjeti maʼmuriy vazifalarini Tashkilot bajarayotgan boshqa Ittifoqlar budjetlari bilan muvofiqlashtirish talablaridan kelib chiqib tuziladi.
(3) [Budjetni moliyalash manbalari] Ittifoq budjeti quyidagi manbalardan moliyalashtiriladi:
(i) xalqaro roʻyxatdan oʻtkazish bilan bogʻliq bojlar hisobidan;
(ii) Xalqaro Byuro tomonidan taqdim etilayotgan Ittifoqqa tegishli boshqa xizmatlar uchun yigʻim va toʻlovlardan;
(iii) Xalqaro byuroning Ittifoqqa tegishli nashrlarini sotishdan kelgan tushumlardan, yoki royalti hisobidan tushumlardan;
(iv) sovgʻalar, meros qoldirilgan mablagʻlar va subsidiyalardan;
(v) rentalar, foizlar va boshqa turli daromadlardan.
(4) [Bojlar va yigʻimlar miqdorining oʻrnatilishi; budjet darajasi]
(a) (3)(i)-bandda koʻzda tutilgan bojlar miqdori Bosh direktor taklifi boʻyicha Assambleya tomonidan oʻrnatiladi. (3)(ii)-bandda koʻzda tutilgan yigʻimlar Bosh direktor tomonidan oʻrnatiladi, va, ular Assambleya keyingi sessiyasida maʼqullanguniga qadar, vaqtinchalik asosda qoʻllanadi.
(b) (3)(i)-bandda koʻzda tutilgan bojlar miqdori shunday belgilanadiki, bunda Ittifoqning bojlar va boshqa manbalar hisobiga olinadigan daromadlari Xalqaro byuroning Ittifoqqa nisbatan barcha xarajatlarini kamida qoplash uchun yetarli boʻlishi kerak.
(s) Agar budjet yangi moliyaviy davr boshlanishigacha qabul qilinmagan boʻlsa, unda moliyaviy reglamentga muvofiq oldingi yil darajasidagi budjetdan foydalaniladi.
(5) [Aylanma mablagʻlar fondi] Ittifoq aylanma mablagʻlar fondiga ega boʻlib, bu fond ortiqcha tushumlar va, agar bunday ortiqcha tushum yetarli boʻlmasa, Ittifoqning har bir aʼzosi tomonidan amalga oshiriladigan bir martalik toʻlov hisobiga tashkil etiladi. Agar aylanma mablagʻlar fondi yetarli boʻlmay qolsa, Assambleya uni oshirish masalasini hal qiladi. Bir martalik toʻlov miqdori va uni toʻlash shartlari Assambleya tomonidan Bosh direktor taklifiga binoan belgilanadi.
(6) [Qabul qiluvchi davlat tomonidan avans berish]
(a) Davlat tomonidan ushbu davlat hududida oʻz shtab-kvartirasiga ega boʻlgan Tashkilot bilan tuziladigan shtab-kvartira toʻgʻrisidagi bitimda, aylanma mablagʻlar fondi yetarli boʻlmay qolganda, ushbu davlat avans taqdim etishi koʻzda tutiladi. Ushbu avanslar summasi va ularni taqdim etish shartlari har bir holda ushbu davlat va Tashkilot oʻrtasida tuziladigan alohida bitimlar predmetini tashkil qiladi.
(b) (a)-ost bandda aytib oʻtilgan davlat ham, Tashkilot ham, yozma bildirishnoma orqali avanslar taqdim etish majburiyatini bekor qilish huquqiga ega. Bekor qilish (denonsatsiya) bildirish taqdim etilgan yil tugagandan keyin uch yil oʻtib kuchga kiradi.
(7) [Hisoblarni ryeviziya qilish] Hisoblar reviziyasi, moliyaviy reglamentda koʻzda tutilganidek, Ittifoqqa aʼzo bitta yoki bir nechta davlatlar yoki tashqi revizorlar tomonidan amalga oshiriladi. Ularni, oʻz xohishlariga koʻra Assambleya tayinlaydi.
24-modda Yoʻriqnoma
(1) [Tartibga solish sohasi] Yoʻriqnoma ushbu Aktning qoʻllanish tartibini boshqaradi, xususan, Yoʻriqnoma:
(i) tartibga solinishi mazkur Akt bilan “Yoʻriqnomada maxsus koʻrsatilgan” talablarga nisbatan;
(ii) mazkur Akt qoidalariga tegishli boshqa tafsilotlarga yoki ularni qoʻllash uchun foydali boʻlgan har qanday tafsilotlarga nisbatan;
(iii) har qanday maʼmuriy talablar, masalalar yoki protseduralarga nisbatan qoidalarni oʻz ichiga oladi.
(2) [Yoʻriqnomaning baʼzi qoidalariga tuzatishlar]
(a) Yoʻriqnomada Yoʻriqnomaning baʼzi qoidalariga tuzatishlar faqat bir ovozdan qabul qilingan qaror asosida yoki beshdan toʻrt qismdan iborat koʻpchilik bilan kiritilishi mumkin deb koʻrsatilishi mumkin.
(b) Bir ovozlilik yoki beshdan toʻrt qismdan iborat koʻpchilik talabi kelajakda Yoʻriqnomaning biror qoidasiga tuzatishlar kiritishga joriy qilinmasligi uchun bir ovozdan qabul qilingan qaror talab qilinadi.
(s) Bir ovozdan yoki beshdan toʻrt qismdan iborat koʻpchilik talab kelajakda Yoʻriqnomaning biror qoidasiga tuzatishlar kiritishga joriy qilinishi uchun beshdan toʻrt qismdan iborat koʻpchilik talab qilinadi.
(3) [Mazkur Akt va Yoʻriqnoma oʻrtasidagi tafovutlar] Mazkur Akt va Yoʻriqnoma oʻrtasida tafovutlar mavjud boʻlganida Akt qoidalari qabul qilinadi.
III-BOB QAYTA KOʻRIB CHIQISH VA OʻZGARTIRISHLAR KIRITISH
25-modda Ushbu aktni qayta koʻrib chiqish
(1) [Qayta koʻrib chiqish boʻyicha konferensiya] Ushbu Akt Ahdlashuvchi tomonlar konferensiyasi tomonidan qayta koʻrib chiqilishi mumkin.
(2) [Ayrim moddalarni qayta koʻrib chiqish yoki ularga oʻzgartirishlar kiritish] 21, 22, 23, va 26-moddalarga tuzatishlar qayta koʻrib chiqish boʻyicha konferensiya tomonidan yoki 26-moddaga muvofiq Assambleya tomonidan kiritilishi mumkin.
26-modda Assambleya tomonidan ayrim moddalarga tuzatishlar kiritish
(1) [Tuzatishlar kiritish toʻgʻrisidagi takliflar]
(a) Assambleya tomonidan 21, 22, 23-moddalarga va ushbu moddaga tuzatishlar kiritish toʻgʻrisidagi takliflar istalgan Ahdlashuvchi tomon yoki Bosh Direktor tomonidan kiritilishi mumkin.
(b) Bunday takliflarni Bosh direktor Ahdlashuvchi tomonlarga bu takliflar Assambleya tomonidan koʻrib chiqilishidan kamida 6 oy avval yuboradi.
(2) [Ovoz berishda talab qilinadigan koʻpchilik] Assambleya tomonidan (1) bandda aytib oʻtilgan moddalarga har qanday tuzatishlar kiritish toʻrtdan uch qismdan iborat koʻpchilik ovozlarni talab qiladi, qabul qilinishi uchun beshdan toʻrt qismdan iborat koʻpchilik ovozlar talab qilinadigan 21-bandga kiritiladigan har qanday tuzatishlar bundan mustasno.
(3) [Kuchga kirish]
(a) (2)-band qoʻllanadigan holatlarni istisno qilganda, (1)-bandda sanab oʻtilgan moddalarga har qanday tuzatish Bosh direktor tomonidan tuzatish qabul qilinganligi toʻgʻrisida Ahdlashuvchi tomonlarning har biridan belgilangan tartibga muvofiq tuzilgan yozma bildirish olinganidan keyin bir oy oʻtib kuchga kiradi, bunda bildirish tuzatish kiritilayotgan vaqtda Assambleya aʼzolari boʻlgan va ushbu tuzatish boʻyicha ovoz berish huquqiga ega boʻlgan Ahdlashuvchi tomonlarning toʻrtdan uch qismidan olingan boʻlishi kerak.
(b) Agar Assambleya tomonidan tuzatish qabul qilingan sanadan eʼtiboran olti oy mobaynida istalgan Ahdlashuvchi tomon Bosh direktorni oʻzining mazkur tuzatish bilan bogʻlanmaganligi haqida xabardor qilsa, 21(3) yoki (4)-moddaga, yoki ushbu ost bandga kiritiladigan har qanday tuzatish kuchga kirmaydi.
(s) Ushbu bandning qoidalariga muvofiq kuchga kirayotgan har qanday tuzatish ushbu tuzatish kuchga kirish paytida Ahdlashuvchi tomon boʻlgan, yoki kechroq sanada Ahdlashuvchi tomon boʻlayotgan barcha davlatlar va hukumatlararo tashkilotlar uchun majburiydir.
IV-BOB YAKUNIY QOIDALAR
27-modda Ushbu aktda ishtirok etish
(1) [Aktda ishtirok etish shartlari] (2) va (3)-bandlar va 28-moddani hisobga olgan holda,
(i) Tashkilotga aʼzo xar qanday davlat mazkur Aktni imzolashi va uning qatnashchisi boʻlishi mumkin;
(ii) sanoat namunalariga muhofaza olish mumkin boʻlgan Idoraga ega boʻlgan har qanday hukumatlararo tashkilot, agar u ushbu hukumatlararo tashkilotni taʼsis etuvchi shartnoma qoʻllanadigan hududda amal qilsa, ushbu Aktga imzo chekishi va uning ishtirokchisi boʻlishi mumkin, shu shart bilanki, ushbu hukumatlararo tashkilotning kamida bittasi Tashkilotning aʼzosi boʻlishi kerak, va yana shu shart bilanki, bunday Idora 19-moddaga muvofiq qilingan bildirish obyekti boʻlmasligi kerak.
(2) [Ratifikatsiya yoki qoʻshilish] (1)-bandda aytib oʻtilgan har qanday davlat yoki hukumatlararo tashkilot:
(i) ratifikatsiya qilish yorligʻini, agar ular mazkur Aktni imzolagan boʻlsalar; yoki
(ii) qoʻshilish toʻgʻrisidagi aktni, agar ular ushbu Aktni imzolamagan boʻlsalar, saqlashga topshirishlari mumkin.
(3) [Saqlash uchun topshirish sanasi]
(a) (b)-(d)-ost bandlarini hisobga olgan holda, ratifikatsiya yorligʻi yoki qoʻshilish haqidagi akt saqlash uchun topshirilgan sana tegishli hujjat saqlash uchun topshirilgan sana hisoblanadi.
(b) ratifikatsiya yorligʻining yoki har qanday davlatning qoʻshilishi haqidagi aktning saqlash uchun topshirilish sanasi boʻlib, hukumatlararo tashkilotning tegishli hujjati saqlashga topshirilgan sana hisoblanadi, agar ushbu sana mazkur davlat hujjati topshirilgan sanadan kechroq boʻlsa, bunda ushbu davlatga nisbatan sanoat namunalariga muhofaza faqat ushbu davlat aʼzolik qiladigan hukumatlararo tashkilot qoshidagi Idora orqaligina olinishi mumkin.
(s) har qanday ratifikatsiya yorligʻini yoki 19-moddaga muvofiq tarkibida bildirish boʻlgan yoki bildirish ilova qilingan aytib oʻtilgan har qanday qoʻshilish haqidagi aktni saqlash uchun topshirish sanasi boʻlib, tegishli bildirish yuborgan davlatlar guruhiga aʼzo davlatlar hujjatlarining oxirgisi saqlash uchun topshirilgan sana hisoblanadi.
(d) Har qanday ratifikatsiya yorligʻi yoki davlatning qoʻshilganligi haqidagi akt tarkibiga ariza kirgan boʻlishi yoki unga ariza ilova qilingan boʻlishi mumkin, bunda arizaga binoan ushbu hujjat, mazkur Akt qatnashchilari boʻlish huquqiga ega boʻlgan bitta boshqa davlatning yoki bitta hukumatlararo tashkilotning hujjati ham, yoki ikkita boshqa davlatning hujjatlari ham, yoki bitta davlat va bitta hukumatlararo tashkilotning hujjatlari ham ularning nomlari koʻrsatilgan holda saqlashga topshirilganligi sharti bilan saqlashga topshirilgan hisoblanadi. Shunday arizani oʻz ichiga olgan yoki ariza ilova qilingan hujjat arizada koʻrsatilgan shart bajarilgan sanada saqlash uchun topshirilgan deb hisoblanadi. Biroq, arizada koʻrsatilgan hujjat, oʻz navbatida, shunga oʻxshash arizani oʻz ichiga olgan boʻlsa, yoki unga ariza ilova qilingan boʻlsa, ushbu hujjat oxirgi arizada koʻrsatilgan shart bajarilgan sanaga saqlash uchun topshirilgan deb hisoblanadi.
(e) (d)-bandga muvofiq yuborilgan har qanday ariza har qanday vaqtda toʻliq yoki qisman chaqirib olinishi mumkin. Bu kabi har qanday chaqirib olish Bosh direktor tomonidan tegishli bildirishnoma olingan sanadan eʼtiboran kuchga kiradi.
28-modda Ratifikatsiyalar va qoʻshilishlarning kuchga kirish sanasi
(1) [Eʼtiborga olinadigan hujjatlar] Ushbu modda maqsadlari uchun faqat 27(1)-moddada aytib oʻtilgan davlatlar va hukumatlararo tashkilotlar tomonidan saqlash uchun topshirilgan va 27(3)-moddaga muvofiq saqlash uchun topshirish sanasiga ega boʻlgan ratifikatsiya yorliqlari yoki qoʻshilish toʻgʻrisidagi aktlargina eʼtiborga olinadi.
(2) [Ushbu Aktning kuchga kirishi] Ushbu Akt oltita davlat ratifikatsiya yorliqlari yoki qoʻshilish toʻgʻrisidagi aktlarni saqlash uchun topshirgandan uch oy oʻtib, kuchga kiradi, bunda Xalqaro byuro tomonidan toʻplangan oxirgi yillik statistika maʼlumotlariga binoan, ushbu davlatlarning kamida uchtasi quyidagi shartlarning kamida bittasiga javob berishi kerak:
(i) tegishli davlatda yoki unga nisbatan sanoat namunalarini muhofaza qilish uchun kamida 3000 talabnoma topshirilgan boʻlishi; yoki
(ii) tegishli davlatda yoki unga nisbatan biron-bir boshqa davlatlarda istiqomat qiluvchilar tomonidan sanoat namunalarini muhofaza qilish uchun kamida 1000 talabnoma topshirilgan boʻlishi.
(3) [Ratifikatsiyalar va qoʻshilishlarning kuchga kirishi]
(a) Ushbu Akt kuchga kirish sanasidan eʼtiboran kamida uch oy oldin ratifikatsiya yorligʻini yoki qoʻshilish toʻgʻrisidagi aktni saqlash uchun topshirgan har qanday davlat yoki hukumatlararo tashkilot ushbu Akt kuchga kirish sanasiga uning qoidalari bilan bogʻlangan boʻlib hisoblanadi.
(b) Har qanday davlat yoki hukumatlararo tashkilot oʻzlarining ratifikatsiya yorliqlari va qoʻshilish haqidagi aktlarini saqlash uchun topshirgan sanadan eʼtiboran uch oy oʻtib, yoki tegishli hujjatda koʻrsatilgan kechroq sanadan boshlab ushbu Akt bilan bogʻlangan hisoblanadilar.
29-modda Qoʻshimcha shartlar qilishni taqiqlash
Ushbu Aktga nisbatan hech qanday qoʻshimcha shartlarga yoʻl qoʻyilmaydi.
30-modda Ahdlashuvchi tomonlar arizalari
(1) [Arizalarni qachon berish mumkin] Har qanday ariza 4(1)(b), 5(2)(a), 7(2), 11(1), 13(1), 14(3), 16(2), yoki 17(3)(s)-moddalarga muvofiq, quyidagi vaqtlarda berilishi mumkin:
(i) 27(2)-moddada aytib oʻtilgan har qanday hujjatni saqlash uchun topshirish vaqtida, — bu holda ariza bunday ariza bergan davlat yoki hukumatlararo tashkilot ushbu Akt bilan bogʻlangan sanadan eʼtiboran kuchga kiradi; yoki
(ii) 27(2)-moddada aytib oʻtilgan har qanday hujjat saqlash uchun topshirilganidan keyin, — bu holda ariza Bosh direktor tomonidan olingan sanadan eʼtiboran uch oy oʻtib, yoki arizada koʻrsatilgan har qanday kechroq sanadan eʼtiboran kuchga kiradi, biroq faqat xalqaro roʻyxatdan oʻtkazish sanasi ariza kuchga kirgan sanaga yoki kechroq sanaga toʻgʻri kelgan har qanday roʻyxatdan oʻtkazishga nisbatan qoʻllanadi.
(2) [Umumiy Idoraga ega boʻlgan davlatlar arizalari] (1)-bandga qaramay, ushbu bandda aytib oʻtilgan har qanday ariza, u 19(1)-moddaga muvofiq, umumiy idora oʻzlarining milliy idoralarining oʻrnini bosishi haqida boshqa davlat yoki boshqa davlatlar bilan birga Bosh direktorga xabar bergan davlat tomonidan berilgan boʻlsa, agar ushbu boshqa davlat yoki boshqa davlatlar tegishli arizani yoki arizalarni bergan holdagina kuchga kiradi.
(3) [Arizalarni chaqirib olish] (1)-bandda aytib oʻtilgan har qanday ariza Bosh direktorga bildirishnoma yuborish yoʻli bilan har qanday vaqtda chaqirib olinishi mumkin. Bunday chaqirib olish Bosh direktor bildirishnomani olgan sanadan eʼtiboran uch oydan keyin, yoki bildirishnomada koʻrsatilgan har qanday boshqa kechroq vaqtdan boshlab kuchga kiradi. 7(2)-moddaga muvofiq qilinayotgan bildirishnoma boʻlsa, u holda yuqorida aytib oʻtilgan chaqirib olish kuchga kirgunga qadar topshirilgan xalqaro talabnomalarga nisbatan chaqirib olish amal qilmaydi.
31-modda 1934-yildagi va 1960-yildagi Aktlarning qoʻllanishi
(1) [Ham ushbu Aktning, ham 1934-yildagi va 1960-yildagi Aktlarning qatnashchilari boʻlgan davlatlar oʻrtasidagi munosabatlar] Ham ushbu Aktning, ham 1934-yildagi va 1960-yildagi Aktlarning qatnashchisi boʻlgan davlatlar oʻrtasidagi oʻzaro munosabatlarga nisbatan faqat ushbu Akt qoʻllanadi. Biroq, ushbu davlatlarning oʻzaro munosabatlariga mazkur Akt qoʻllana boshlagan sanaga qadar, Xalqaro byuroda depozitlangan sanoat namunalariga nisbatan oʻzaro munosabatlarida ushbu davlatlar, vaziyatga qarab, 1934-yildagi Aktni yoki 1960-yildagi Aktni qoʻllaydilar.
(2) [Ham ushbu Aktning, ham 1934-yildagi va 1960-yildagi Aktlarning qatnashchilari boʻlgan davlatlar oʻrtasidagi, va 1934-yildagi va 1960-yildagi Aktlarning qatnashchilari boʻlgan, biroq ushbu Aktning qatnashchilari boʻlmagan davlatlar oʻrtasidagi munosabatlar]
(a) Ham ushbu Aktning, ham 1934-yildagi Aktning qatnashchisi boʻlgan har qanday davlat 1934-yildagi Akt qatnashchisi boʻlgan, biroq 1960-yildagi Akt yoki ushbu Akt qatnashchisi boʻlmagan davlatlar oʻrtasidagi oʻz munosabatlarida 1934-yildagi Aktni qoʻllashda davom etadi.
(b) Ham ushbu Aktning, ham 1960-yildagi Aktning qatnashchisi boʻlgan har qanday davlat 1960-yildagi Akt qatnashchisi boʻlgan, biroq ushbu Akt qatnashchisi boʻlmagan davlatlar oʻrtasidagi oʻz munosabatlarida 1960-yildagi Aktni qoʻllashda davom etadi.
32-modda Ushbu Akt denonsatsiyasi
(1) [Bildirishnoma] Har qanday Ahdlashuvchi tomon Bosh direktorga yuborilgan bildirishnoma orqali ushbu Aktni denonsatsiya qilishi mumkin.
(2) [Kuchga kirish sanasi] Denonsatsiya Bosh direktor tomonidan bildirishnoma olingan sanadan eʼtiboran yoki bildirishnomada koʻrsatilgan har qanday kechroq sanadan bir yil oʻtib kuchga kiradi. Denonsatsiya koʻrib chiqilayotgan har qanday xalqaro talabnomaga nisbatan, va denonsatsiya kuchga kirish vaqtida denonsatsiya qilayotgan Ahdlashuvchi tomonga nisbatan amal qilayotgan har qanday roʻyxatdan oʻtkazishga nisbatan ushbu Aktning qoʻllanishiga taʼsir koʻrsatmaydi.
33-modda Ushbu Aktda qoʻllaniladigan tillar; imzolash
(1) [Asl matnlar; rasmiy matnlar]
(a) Ushbu Akt bir nusxada ingliz, arab, ispan, xitoy, rus va fransuz tillarida imzolanadi, bunda barcha matnlar tengdir.
(b) Rasmiy matnlar Bosh direktor tomonidan manfaatdor hukumatlar bilan maslahatlashgandan keyin Assambleya belgilab beradigan boshqa tillarda ishlab chiqiladi.
(2) [Imzolash uchun muddat] Ushbu Akt qabul qilingandan bir yil mobaynida Tashkilot shtab-kvartirasida imzolash uchun ochiqdir.
34-modda Depozitariy
Bosh direktor ushbu Akt depozitariyi boʻlib hisoblanadi.
Jeneva akti va Jenevaga akti Yoʻriqnomasiga nisbatan Diplomatik konferensiyaning kelishilgan bayonnomalari
Diplomatik konferensiya tomonidan 12(4)-moddani, 14(2) (b)-moddani va 18(4)-qoidani qabul qilishda shu narsa anglashiladiki, raddiyani chaqirib olish toʻgʻrisidagi bildirish uni yuborgan Idora tomonidan shunday ariza koʻrinishida amalga oshirilishi mumkinki, ushbu arizada tegishli Idora raddiyani chaqirib olish toʻgʻrisidagi bildirishnoma taalluqli boʻlgan sanoat namunalariga yoki sanoat namunalarining ayrimlariga nisbatan xalqaro roʻyxatdan oʻtkazishning amal qilishini eʼtirof etish boʻyicha qaror qabul qilganligi koʻrsatiladi. Bunda, yana shu narsa anglashiladiki, har qanday Idora raddiyani chaqirib olish toʻgʻrisidagi bildirishnomani yuborish uchun oʻrnatilgan muddat mobaynida ariza yuborib, unda Idora raddiya toʻgʻrisidagi bildirishnomani yubormagan holda ham, xalqaro roʻyxatdan oʻtkazishning amal qilishini eʼtirof etish haqida qaror qabul qilganligi koʻrsatiladi.
2. Diplomatik konferensiya tomonidan 10-moddaning qabul qilinishida, shu narsa anglashiladiki, ushbu moddada talabnoma beruvchining yoki egasining, yoki talabnoma beruvchining yo egasining ruxsatini olgan shaxsning xalqaro talabnomadan yoki xalqaro roʻyxatdan oʻtkazishdan foydalanishiga hech narsa toʻsqinlik qilmaydi.
