Imtiyozli shartlarda pensiyaga chiqish huquqini beruvchi ishlab chiqarishlar, muassasalar, ishlar, kasblar, lavozimlar va koʻrsatkichlarning roʻyxatini tasdiqlash toʻgʻrisida (250-son)
12.05.1994
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Kengashining “Fuqarolarning davlat pensiya taʼminoti toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunini joriy etish tartibi haqida” 1993-yil 3-sentabrdagi qarorini bajarish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Quyidagi ilova qilinayotgan roʻyxatlar tasdiqlansin:
talab qilinadigan umumiy va maxsus ish staji boʻlganda yoshidan qatʼi nazar, pensiyaga chiqish huquqini beruvchi ishlab chiqarishlar, muassasalar, ishlar, kasblar va lavozimlarning 1-roʻyxati*;
talab qilinadigan umumiy va maxsus ish staji boʻlganda umumiy belgilangan yoshdan 10 yil oldin pensiyaga chiqish huquqini beruvchi ishlab chiqarishlar, muassasalar, ishlar, kasblar, lavozimlar va koʻrsatkichlarning 2- roʻyxati*;
talab qilinadigan umumiy va maxsus ish staji boʻlganda umumiy belgilangan yoshdan 5 yil oldin pensiyaga chiqish huquqini beruvchi ishlab chiqarishlar, muassasalar, ishlar, kasblar, lavozimlar va koʻrsatkichlarning 3-roʻyxati*.
* 1, 2, 3-roʻyxatlar rus tilidagi matnda beriladi.
2. Belgilab qoʻyilsinki:
2-roʻyxatning 1-qismi va 3-roʻyxatning 1-qismi ish oʻrnini mehnat sharoitlari boʻyicha attestatsiyadan oʻtkazishni hisobga olgan holda, Oʻzbekiston Respublikasi Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligi hamda Sogʻliqni saqlash vazirligi belgilagan tartibda tatbiq etiladi;
mulkchilik shakllari va qaysi idoraga qarashliliklaridan qatʼi nazar, korxonalarda imtiyozli pensiya taʼminoti boʻyicha roʻyxatlarning toʻgʻri qoʻllanilishi ustidan nazoratni Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi budjetdan tashqari Pensiya jamgʻarmasi hamda Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligi amalga oshiradilar.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligiga hamda Iqtisodiyot va moliya vazirligiga yoshi boʻyicha imtiyozli shartlarda pensiyaga chiqish huquqini beruvchi ishlab chiqarishlar, muassasalar, ishlar, kasblar, lavozimlar va koʻrsatkichlar Roʻyxatini tatbiq qilish tartibi toʻgʻrisida tushuntirishlar berish, shuningdek, kelishgan holda ushbu Roʻyxatga qoʻshimchalar va oʻzgartirishlar kiritish huquqi berilsin.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat matbuot qoʻmitasi Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligining buyurtmanomasi boʻyicha 1994-yilning 1-iyunigacha imtiyozli pensiya taʼminoti haqidagi normativ hujjatlar toʻplamining nashr etilishini taʼminlasin.Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi toʻplamning nashr qilinishi uchun kerakli mablagʻlarni izlab topsin.
5. Ushbu qarorning bajarilishini nazorat qilish Vazirlar Mahkamasining Ijtimoiy masalalar, fan va madaniyat boʻlimi zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. MUTALOV
Toshkent sh.,
1994-yil 12-may,
250-son
