38-modda. Kooperativ va uning aʼzolarining mulkiy javobgarligi
Qishloq xoʻjaligi kooperativi toʻgʻrisida (O‘RQ-995-son) · Sana: 08.11.2024 · Amalda
Kooperativ oʻz faoliyati bilan bogʻliq majburiyatlari boʻyicha oʻzining butun mol-mulki doirasida javobgar boʻladi. Kooperativ oʻz aʼzolarining uchinchi shaxslar oldidagi majburiyatlari boʻyicha javob bermaydi.
Kooperativ aʼzosi kooperativning majburiyatlari boʻyicha oʻz mol-mulki bilan javobgar boʻlmaydi. Kooperativ aʼzosi ushbu Qonunga va kooperativ ustaviga muvofiq kooperativ faoliyatini amalga oshirishda yuzaga keladigan zararlar uchun oʻzining majburiy pay badali miqdori doirasida, shu jumladan majburiy pay badalining kiritilmagan qismi doirasida ham javobgar boʻladi.
Agar kooperativning toʻlovga qobiliyatsizligi toʻgʻrisidagi ishni yuritish jarayonida kooperativning mol-mulki va zaxira jamgʻarmasi mablagʻlari kreditorlik qarzini toʻlash uchun yetarli boʻlmasa, agar kooperativ ustavida boshqacha tartib nazarda tutilmagan boʻlsa, kooperativ aʼzolarining umumiy yigʻilishida kooperativ aʼzolaridan qoʻshimcha pay badallarini yigʻish toʻgʻrisida koʻpchilik ovoz bilan qaror qabul qilinadi. Bu holda, agar kooperativ ustavida boshqacha tartib nazarda tutilmagan boʻlsa, qoʻshimcha pay badallarining miqdori kooperativning barcha aʼzolari uchun bir xil boʻladi.
Kooperativ aʼzosining aybi bilan yetkazilgan zararlarning oʻrni ushbu Qonunda, kooperativ ustavida va boshqa qonunchilik hujjatlarida nazarda tutilgan tartibda qoplanadi.
