35-modda. Kooperativ aʼzolarining pay badallari va paylari
Qishloq xoʻjaligi kooperativi toʻgʻrisida (O‘RQ-995-son) · Sana: 08.11.2024 · Amalda
Kooperativ aʼzolarining pay badallari majburiy va qoʻshimcha pay badallari tarzida kiritiladi.
Kooperativning majburiy pay badali kooperativning har bir aʼzosi uchun teng miqdorlarda belgilanadi.
Kooperativ aʼzolarining qoʻshimcha pay badallarini kiritish majburiyatining mavjudligi yoki mavjud emasligi kooperativ aʼzolari umumiy yigʻilishining qarori bilan belgilanadi. Bunda majburiy pay badalini toʻliq hajmda toʻlagan hamda kooperativ aʼzoligiga kirgan davri olti oydan kam boʻlmagan kooperativ aʼzolariga qoʻshimcha pay badalini kiritishga ruxsat beriladi.
Kooperativ ustavida qoʻshimcha pay badalining miqdoriga nisbatan cheklovlar va qoʻshimcha shartlar belgilanishi mumkin.
Kooperativ har bir aʼzosi umumiy pay qiymatining miqdori majburiy va qoʻshimcha pay badallarining umumiy qiymatiga tengdir.
Umumiy pay qiymatining miqdori yillik sof foydadan kooperativning zaxira jamgʻarmasiga chegirma qilingan mablagʻlar hisobiga koʻpayib borishi yoki yil yakunlariga koʻra yuzaga kelgan zarar hisobiga kamayib borishi mumkin.
Kooperativ bir aʼzosi umumiy pay qiymatining miqdori kooperativ pay fondi miqdorining yigirma foizidan oshmasligi kerak.
Qoʻshma kooperativ bir aʼzosi umumiy pay qiymatining miqdori qoʻshma kooperativ pay fondining qirq foizidan oshmasligi kerak.
Kooperativ aʼzolari tomonidan kiritiladigan majburiy va qoʻshimcha pay badallarining hisobi ularning puldagi ifodasida yuritiladi. Kooperativ tomonidan kooperativ aʼzosiga majburiy va qoʻshimcha badallarni kiritishi uchun kreditlar berilishi mumkin emas.
Kooperativga aʼzo boʻlib kirgan shaxs pay badali hisobiga mulkiy ulushlarni va boshqa mol-mulkni yoki mulkiy huquqlarni kiritgan taqdirda pay badalining puldagi qiymati kooperativ boshqaruvi tomonidan baholanadi hamda kooperativ aʼzolarining umumiy yigʻilishida tasdiqlanadi. Kooperativ aʼzolari umumiy yigʻilishining qaroriga koʻra pay badalining puldagi qiymati mustaqil baholovchi (baholovchi tashkilot) tomonidan baholanishi mumkin.
Baholangan pay badali qiymatining majburiy pay badalidan oshgan qismi kooperativ aʼzosining roziligi bilan uning qoʻshimcha pay badali hisobiga oʻtkazilishi mumkin.
Bittadan ortiq qoʻshimcha pay badali kiritgan kooperativ aʼzosi oʻzining bir yoki bir nechta qoʻshimcha pay badalini qaytarib olishi mumkin. Bunda pay badallarini qaytarib olish moliya yilining oxirida amalga oshiriladi, bu kooperativ aʼzosining zimmasiga oʻzining pay badalini qaytarib olish niyati toʻgʻrisida moliya yili tugashidan kamida uch oy oldin yozma shaklda kooperativ boshqaruvini xabardor qilish majburiyatini yuklaydi.
