17-modda. Kooperativga aʼzolikni tugatish
Qishloq xoʻjaligi kooperativi toʻgʻrisida (O‘RQ-995-son) · Sana: 08.11.2024 · Amalda
Kooperativga aʼzolik quyidagi hollarda joriy moliya yili tamomlanganidan keyin tugatiladi:
kooperativ aʼzosi kooperativ aʼzoligidan chiqish toʻgʻrisidagi arizaga asosan kooperativ aʼzoligidan chiqqanda;
kooperativ aʼzosi boʻlgan jismoniy shaxs vafot etganda;
sudning jismoniy shaxs boʻlgan kooperativ aʼzosini bedarak yoʻqolgan deb topish yoki vafot etgan yoxud muomalaga layoqatsiz deb eʼlon qilish toʻgʻrisidagi qarori kuchga kirganda;
kooperativ aʼzosi boʻlgan yuridik shaxs tugatilganda;
kooperativ aʼzosi davlat fuqarolik xizmatiga kirganda;
kooperativ aʼzosi oʻz payini mazkur kooperativning boshqa aʼzosiga toʻliq hajmda oʻtkazganda — kooperativ aʼzolarining umumiy yigʻilishi tomonidan tegishli qaror qabul qilingan sanadan eʼtiboran;
kooperativ aʼzoligidan chiqarilganda.
Kooperativning har bir aʼzosi ushbu Qonunda va kooperativ ustavida belgilangan tartibda kooperativ aʼzoligidan ixtiyoriy ravishda chiqish huquqiga ega.
Kooperativ aʼzosi kooperativ boshqaruviga yozma ariza bergan holda kooperativ aʼzoligidan chiqishi mumkin. Kooperativ aʼzoligidan chiqish toʻgʻrisidagi ariza, agar kooperativ ustavida boshqa muddat nazarda tutilmagan boʻlsa, kooperativning joriy moliya yili tugaguniga qadar uch oydan kechiktirmay berilishi kerak.
Kooperativ aʼzoligidan chiqish istagini bildirgan yoki kooperativ aʼzoligidan chiqarilgan kooperativ aʼzosi, agar kooperativ ustavida payning oʻtkazilishi taqiqlanmagan boʻlsa, oʻzining payini toʻliq hajmda ushbu kooperativning boshqa aʼzosiga istalgan vaqtda oʻtkazish huquqiga ega. Bu holda taraflar oʻrtasida yozma kelishuv imzolanib, bu haqda kooperativ boshqaruvi yozma shaklda xabardor qilinadi.
Agar kooperativ ustavida kooperativ aʼzosi payining eng koʻp miqdori belgilangan boʻlsa, kooperativ aʼzosi payining umumiy miqdori ushbu moddaning toʻrtinchi qismida nazarda tutilgan tartibda kooperativning boshqa aʼzosi tomonidan oʻtkazilgan pay bilan birga kooperativ aʼzosi payining belgilangan eng koʻp miqdoridan oshib ketmasligi kerak.
Kooperativ aʼzosi boʻlgan jismoniy shaxs vafot etgan deb eʼlon qilingan taqdirda, payga doir huquq uning merosxoʻrlariga oʻtadi.
Agar merosxoʻrlar soni ikki nafar yoki undan ortiq merosxoʻrlarni tashkil etsa, barcha merosxoʻrlar oʻzini kooperativ aʼzoligiga qabul qilish toʻgʻrisidagi masala hal etilguniga qadar kooperativ aʼzolarining umumiy yigʻilishida faqat bitta ovoz berish huquqiga ega boʻladi.
