Harbiy xizmatchilar va harbiy xizmatga majburlarning, shuningdek maxsus unvonga ega boʻlgan xodimlarning davlat majburiy sugʻurtasini oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida (3568-son)
04.11.2024
Oʻzbekiston Respublikasi Istiqbolli loyihalar milliy agentligi direktorining
buyrugʻi
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2024-yil 4-noyabrdagi roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 3568]
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1994-yil 26-yanvardagi 38-son “Harbiy xizmatchilar va harbiy majburiyatli shaxslarning, oddiy askarlar hamda boshliqlar tarkibiga kiruvchi shaxslarning davlat majburiy shaxsiy sugʻurtasi toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq buyuraman:
1. Harbiy xizmatchilar va harbiy xizmatga majburlarning, shuningdek maxsus unvonga ega boʻlgan xodimlarning davlat majburiy sugʻurtasini oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Mazkur buyruq Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi, Mudofaa vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Davlat xavfsizlik xizmati, Sogʻliqni saqlash vazirligi, Bosh prokuratura, Milliy gvardiya, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Davlat xavfsizlik xizmati, Elektron texnologiyalarini rivojlantirish markazi va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligi bilan kelishilgan.
3. Mazkur buyruq rasmiy eʼlon qilingan kundan kuchga kiradi.
Direktor D. LI
Toshkent sh.,
2024-yil 24-sentabr,
10-son
Kelishildi:
Milliy gvardiya qoʻmondoni R. DJURAYEV
2024-yil 13-sentabr
Bosh prokuror N. YOʻLDOSHEV
2024-yil 19-sentabr
Favqulodda vaziyatlar vaziri A. KULDASHEV
2024-yil 21-sentabr
Ichki ishlar vaziri P. BOBOJONOV
2024-yil 4-sentabr
Sogʻliqni saqlash vaziri A. XUDAYAROV
2024-yil 20-sentabr
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Davlat xavfsizlik xizmati raisi A. USMANOV
2024-yil 10-sentabr
Iqtisodiyot va moliya vaziri D. KUCHKAROV
2024-yil 23-sentabr
Mudofaa vaziri B. KURBANOV
2024-yil 13-sentabr
Elektron texnologiyalarini rivojlantirish markazi boshligʻi O. XODJAKBAROV
2024-yil 18-sentabr
Davlat Xavfsizlik Xizmati Raisi A. AZIZOV
2024-yil 13-sentabr
Ijtimoiy himoya milliy agentligi direktori M. OLLOYOROV
2024-yil 21-sentabr
Oʻzbekiston Respublikasi Istiqbolli loyihalar milliy agentligi direktorining 2024-yil 24-sentabrdagi 10-son buyrugʻiga ILOVA
Harbiy xizmatchilar va harbiy xizmatga majburlarning, shuningdek maxsus unvonga ega boʻlgan xodimlarning davlat majburiy sugʻurtasini oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi
NIZOM
Mazkur Nizom harbiy xizmatchilar va harbiy xizmatga majburlarning, shuningdek maxsus unvonga ega boʻlgan xodimlarning davlat majburiy sugʻurtasini (bundan buyon matnda davlat majburiy sugʻurtasi deb yuritiladi) amalga oshirish, shuningdek davlat majburiy sugʻurtasi boʻyicha sugʻurta toʻlovlarini amalga oshirish tartibini belgilaydi.
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Nizomda quyidagi asosiy tushunchalar qoʻllaniladi:
vakolatli tuzilmalar — sugʻurtalangan shaxslarga (naf oluvchilarga) sugʻurta toʻlovi uchun hujjatlar olish va rasmiylashtirilgan hujjatlarni hisobini yuritishga koʻmaklashish vazifalari oʻrnatilgan tartibda yuklatilgan sugʻurta qildiruvchining boʻlimlari, boʻlinmalari, hududiy (viloyat, tuman) boʻlinmalari guruhlari;
harbiy xizmatchilar — Oʻzbekiston Respublikasining fuqarolari boʻlgan haqiqiy harbiy xizmatdagi shaxslar;
harbiy xizmatga majburlar — Oʻzbekiston Respublikasining fuqarolari boʻlgan Qurolli Kuchlarning rezervi yoki zaxirasidagi shaxslar;
maxsus unvonga ega boʻlgan xodimlar — sugʻurta qildiruvchida xizmatda boʻlgan maxsus unvon berilgan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari;
naf oluvchilar — sugʻurtalangan shaxs halok boʻlganda (vafot etganda) Oʻzbekiston Respublikasi qonunchilik hujjatlariga muvofiq sugʻurta toʻlovini olishga haqli boʻlgan sugʻurtalangan shaxsning meʼrosxoʻrlari;
sugʻurta qildiruvchi — sugʻurta shartnomasini tuzuvchi, sugʻurtalovchi bilan sugʻurta munosabatlariga kirishuvchi, shuningdek sugʻurta mukofoti toʻlovchi Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Milliy gvardiya, Davlat xavfsizlik xizmati, Elektron texnologiyalarini rivojlantirish markazi, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti davlat xavfsizlik xizmati, Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Bojxona qoʻmitasi, Oʻzbekiston Respublikasi Harbiy prokuraturasi;
sugʻurta mukofoti — bir yilga har bir sugʻurtalangan shaxs uchun toʻlov kunida qonunchilikda belgilangan bazaviy hisoblash miqdorining 20 foiz miqdorini tashkil etuvchi sugʻurta qildiruvchi tomonidan haqiqiy sugʻurtalangan shaxslarning sonidan kelib chiqib sugʻurtalovchiga har yili toʻlanadigan toʻlov;
sugʻurta summasi — sugʻurtalovchining har bir sugʻurtalangan shaxs oldidagi majburiyatlarining maksimal hajmini ifodalovchi mazkur Nizomning 2-bandida koʻrsatilgan summa;
sugʻurtalangan shaxslar — uning foydasiga sugʻurta amalga oshirilayotgan va sugʻurta mukofoti toʻlangan harbiy xizmatchilar va harbiy xizmatga majburlar, shuningdek maxsus unvonga ega boʻlgan xodimlar;
sugʻurtalovchi — davlat majburiy sugʻurtasini amalga oshiruvchi sugʻurta tashkiloti boʻlgan yuridik shaxs.
2. Sugʻurtalovchi sugʻurta toʻlovini quyidagi hollarda amalga oshiradi:
a) sugʻurtalangan shaxs Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 13-martdagi PF-34-son “Vatan himoyasi va el-yurtimiz tinchligi yoʻlida halok boʻlgan harbiy xizmatchilar va xodimlar oila aʼzolarini ijtimoiy qoʻllab-quvvatlashni kuchaytirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmoniga muvofiq, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan eʼlon qilingan favqulodda holat (urush holati) davrida jalb qilingan vaqtda, shuningdek, jangovar (harbiy) harakatlar olib borilayotgan paytda yaralanganligi, kontuziya yoki mayib boʻlganligi oqibatida halok boʻlganda — naf oluvchilarga (meros huquqini tasdiqlaydigan guvohnoma taqdim etilganda) toʻlovni amalga oshirish kunidagi respublikada belgilangan bazaviy hisoblash miqdorining 200 baravari miqdorida;
b) sugʻurtalangan shaxs xizmatni oʻtash (harbiy yigʻinlar) davrida halok boʻlganda (mazkur bandning “a” kichik bandida koʻrsatilgan hollar bundan mustasno) yoki xizmat (harbiy yigʻinlar)dan boʻshagandan soʻng bir yil mobaynida xizmatni oʻtash (harbiy yigʻinlar) davrida olingan jarohatlar (kontuziya), kasallanish natijasida vafot etganda — naf oluvchilarga (meros huquqini tasdiqlaydigan guvohnoma taqdim etilganda) toʻlovni amalga oshirish kunidagi respublikada belgilangan bazaviy hisoblash miqdorining 84 baravari miqdorida;
v) sugʻurtalangan shaxs xizmatdan boʻshagandan keyin bir yil mobaynida unga xizmatni oʻtash (harbiy yigʻinlar) bilan bogʻliq boʻlgan nogironlik belgilanganda: I guruh nogironligi boʻlgan shaxsga ushbu bandning “b” kichik bandida nazarda tutilgan toʻlovning — 75 foizi, II guruh nogironligi boʻlgan shaxsga — 50 foizi, III guruh nogironligi boʻlgan shaxsga — 30 foizi miqdorida;
g) sugʻurtalangan shaxs xizmatni oʻtash (harbiy yigʻinlar) davrida ogʻir jarohatlanganda — ushbu bandning “b” kichik bandida nazarda tutilgan toʻlovning 20 foizi va yengil jarohatlanganda 10 foizi miqdorida;
d) muddatli xizmatdagi harbiy xizmatchining, harbiy yigʻinlarni oʻtayotganda harbiy xizmatga majburlarning, shuningdek, maxsus unvonga ega boʻlgan xodimlarning sogʻligʻi holatiga koʻra kelgusi harbiy xizmatni (harbiy yigʻinlarni) oʻtashga yaroqsiz deb topilganda — ushbu bandning “b” kichik bandida nazarda tutilgan toʻlovning 10 foizi.
3. Sugʻurta toʻlovi sugʻurtalangan shaxslarga yoki naf oluvchilarga sugʻurta shartnomasi asosida amalga oshiriladi.
Sugʻurta shartnomasi bir yil mobaynida amalda boʻladi.
4. Sugʻurta mukofoti har chorakda sugʻurtalovchining hisob raqamiga umumiy sugʻurta mukofotining toʻrtdan bir qismi miqdorida chorakning boshlanishidagi oʻn besh kalendar kun ichida amalga oshiriladi.
5. Sugʻurta toʻlovi sugʻurtalovchi tomonidan sugʻurtalangan shaxsning yoki naf oluvchilarning bank hisobraqamiga (bank kartasiga) pul mablagʻlarini oʻtkazish yoki qonunchilikka muvofiq boshqa usulda amalga oshirilishi mumkin.
Voyaga yetmagan naf oluvchiga sugʻurta toʻlovi bir vaqtning oʻzida vasiylik organlarini xabardor qilgan holda faqat uning nomidagi bank depozitiga pul oʻtkazish orqali amalga oshiriladi.
6. Sugʻurta qildiruvchi tomonidan sugʻurta mukofoti oʻz vaqtida toʻlangan holatlarda, sugʻurta toʻlovi sugʻurtalovchi tomonidan barcha zarur hujjatlar olingan kundan boshlab besh ish kunida amalga oshiriladi.
7. Sugʻurtalovchi sugʻurta hodisasi mazkur Nizomning 2-bandida nazarda tutilganidan boshqa asoslarga koʻra sodir boʻlgan taqdirda, sugʻurta toʻlovini toʻlashni rad etishi mumkin.
Sugʻurta toʻlovini amalga oshirish rad etilgan taqdirda, zarur hujjatlar taqdim etilgan paytdan boshlab oʻn besh kalendar kuni ichida sugʻurtalovchi bu haqda sugʻurtalangan shaxsni (naf oluvchilarni) rad etish sabablarini koʻrsatgan holda yozma ravishda xabardor qiladi.
8. Muddatli xizmatdagi harbiy xizmatchi, harbiy xizmatga majburlar yoki maxsus unvonga ega boʻlgan xodimlar xizmatni oʻtash (harbiy yigʻinlar) davrida sogʻligʻining holati tufayli kelgusi xizmatni (harbiy yigʻinlar) oʻtashga yaroqsiz deb topilgan taqdirda, u yashash joyiga ketayotganda harbiy qism yoki harbiy-davolash muassasasi tomonidan unga vakolatli tuzilmalarga taqdim etish uchun kasallik haqidagi guvohnomaning nusxasi beriladi.
9. Sugʻurtalangan shaxslar xizmat (harbiy yigʻinlar) oʻtashi davrida yarador, kontuziya boʻlishi, jarohatlanishi va shikastlanishi oqibatida kasalligi yoki sogʻligʻining cheklangan holati boʻyicha xizmatdan (harbiy yigʻindan) boʻshatilmasa, xizmatga yaroqlilikni aniqlaydigan tegishli harbiy tibbiy komissiya tomonidan yarador, kontuziya boʻlish, jarohat va shikast olish holatlari haqidagi dalolatnoma (maʼlumotnoma) asosida tibbiy koʻrikdan keyin unga yarador, kontuziya boʻlganligi, jarohat va shikast olganligi haqida ushbu Nizomning 1-ilovasida belgilangan maʼlumotnoma beriladi.
Harbiy tibbiy komissiya tomonidan mazkur maʼlumotnoma roʻyxatga olinadi va uning nusxasi 25 yil mobaynida saqlanadi.
Sugʻurtalangan shaxs tomonidan yarador, kontuziya boʻlganligi, jarohat va shikast olganligi haqidagi maʼlumotnoma yoʻqotilgan taqdirda, harbiy tibbiy komissiyaga sugʻurtalangan shaxsning murojaatiga asosan yuqori oʻng qismiga “Yoʻqolgani oʻrniga dublikat” deb koʻrsatgan holda maʼlumotnomaning dublikati taqdim etiladi.
10. Olingan yaradorlik, kontuziya, jarohat va shikast darajasini aniqlash harbiy tibbiy komissiya tomonidan ushbu Nizomning 2-ilovasida belgilangan ogʻir yoki yengil yaradorlik, kontuziya, jarohat va shikastlar roʻyxatiga muvofiq amalga oshiriladi.
11. Sugʻurta toʻlovi sodir boʻlgan hodisadan kelib chiqib, ushbu voqea uchun avval toʻlangan mablagʻlarni chegirib qolgan holda hisoblangan, lekin yigʻindisi har bir sugʻurtalangan shaxs uchun belgilangan sugʻurta summasidan oshmagan, ushbu Nizomning 2-bandida koʻrsatilgan miqdorda amalga oshiriladi.
Barcha holatlarda sugʻurta shartnomasi amalda boʻlgan muddatda sodir boʻlgan voqealar boʻyicha sugʻurtalangan shaxsga toʻlangan barcha sugʻurta toʻlovlarining yigʻindisi sugʻurta summasidan oshishi mumkin emas, ushbu Nizomning 2-bandi “a” kichik bandida belgilangan holatlar bundan mustasno.
2-bob. Sugʻurta toʻlovini amalga oshirish uchun hujjatlarni rasmiylashtirish
12. Sugʻurtalangan shaxs yoki naf oluvchi sugʻurta toʻlovini oʻz vaqtida olishini taʼminlash maqsadida sugʻurtalangan shaxsning xizmat joyidagi (naf oluvchining yashash joyidagi) vakolatli tuzilmalar ularga sugʻurta toʻlovini olish masalasini hal etish uchun zarur boʻlgan tegishli hujjatlarni rasmiylashtirishga koʻmaklashadi.
Sugʻurta toʻlovi toʻgʻrisidagi arizalarni qabul qilish va koʻrib chiqish sugʻurtalangan shaxsning xizmat joyidagi (naf oluvchining yashash joyidagi) sugʻurtalovchining alohida boʻlinmalari tomonidan amalga oshiriladi.
13. Sugʻurtalangan shaxs halok boʻlgan (vafot etgan) taqdirda, naf oluvchilarning notarial idoradan meʼros huquqi haqida guvohnomani olishlari uchun, yashash joyi boʻyicha sugʻurta qildiruvchining vakolatli tuzilmalari naf oluvchilarga notarial idoraga taqdim etish uchun ushbu Nizomning 3-ilovasida belgilangan maʼlumotnomani taqdim etadilar.
14. Sugʻurta toʻlovini olish huquqini aniqlash uchun sugʻurtalangan shaxs yoki meʼros huquqi haqida guvohnomani olgan naf oluvchilar quyidagi hujjatlarni sugʻurtalovchiga taqdim etadilar:
a) sugʻurtalangan shaxs xizmat (harbiy yigʻinlar) davrida halok boʻlgan (vafot etgan) taqdirda:
ushbu Nizomning 4-ilovasida belgilangan ariza;
sugʻurtalangan shaxsning oʻlimi haqida guvohnoma (maʼlumotnoma) nusxasi;
meros huquqini tasdiqlovchi guvohnoma nusxasi;
shaxsni tasdiqlovchi hujjat nusxasi.
Xizmatni oʻtash (harbiy yigʻinlar) davrida olingan yaralanish, kontuziya, shikast yoki kasallik oqibatida xizmatdan (harbiy yigʻindan) boʻshatilgandan keyin bir yil oʻtgunga qadar vafot etgan sugʻurtalangan shaxsga nisbatan ushbu faktni tasdiqlovchi xulosa taqdim etiladi;
b) sugʻurtalangan shaxsga nogironlik belgilansa:
ushbu Nizomning 4-ilovasida belgilangan ariza;
nogironlik toʻgʻrisidagi maʼlumotnomaning nusxasi;
shaxsni tasdiqlovchi hujjat nusxasi;
harbiy guvohnoma nusxasi — harbiy xizmatchilar va harbiy xizmatga majburlar uchun;
(elektron) mehnat daftarchasining nusxasi — maxsus unvonga ega boʻlgan xodimlar uchun;
v) sugʻurtalangan shaxslar xizmat oʻtash (harbiy yigʻinlar) davrida ogʻir yoki yengil yarador boʻlgan taqdirda:
ushbu Nizomning 4-ilovasida belgilangan ariza;
harbiy tibbiy komissiyaning olingan yaradorlik darajasi haqida belgilangan shakldagi maʼlumotnomasi;
shaxsni tasdiqlovchi hujjat nusxasi;
g) muddatli xizmatdagi harbiy xizmatchining, harbiy yigʻinlarni oʻtayotganda harbiy xizmatga majburlarning, shuningdek, maxsus unvonga ega boʻlgan xodimlarning sogʻligʻi holatiga koʻra kelgusi harbiy xizmat (harbiy yigʻinlar)ni oʻtashga yaroqsiz deb topilganda:
ushbu Nizomning 4-ilovasida belgilangan ariza;
sugʻurtalangan shaxsning kasalligi haqida guvohnomaning nusxasi;
shaxsni tasdiqlovchi hujjat nusxasi;
harbiy guvohnoma nusxasi.
Agarda xizmat tekshiruvi oʻtkazilgan boʻlsa yoki sugʻurtalangan shaxs kasb kasalligiga chalingan boʻlsa, sugʻurta qildiruvchining xizmat tekshiruvi natijalari yuzasidan xulosasi nusxasi yoki kasb kasalligini aniqlash vakolati berilgan tashkilot tomonidan berilgan tegishli xulosa ham taqdim etiladi.
Sugʻurtalangan shaxs (naf oluvchilar) hujjatlarni yuqorida keltirilgan roʻyxatga muvofiq sugʻurta hodisasidan kelib chiqib taqdim etadi. Ular toʻliq boʻlmagan hajmda (toʻplamda) taqdim etilgan taqdirda sugʻurtalovchi yetishmayotgan hujjatlarni yozma ravishda talab qilib olishi shart.
15. Sugʻurtalangan shaxs yoki naf oluvchi sugʻurta toʻlovini olishni soʻrab murojaat etganda, sugʻurtalovchi arizani ushbu Nizomning 5-ilovasida belgilangan harbiy xizmatchilar va harbiy xizmatga majburlarning, shuningdek, maxsus unvonga ega boʻlgan xodimlarning davlat majburiy sugʻurtasi boʻyicha arizalarni va sugʻurta toʻlovlarini amalga oshirishni roʻyxatga olish jurnalida yoki elektron shaklda roʻyxatga olishi va ushbu Nizomning 14-bandida koʻrsatilgan hujjatlarning rasmiylashtirilishi toʻliqligi va toʻgʻriligini tekshirishi lozim.
16. Sugʻurta toʻlovini amalga oshirish masalasini hal etish uchun vakolatli tuzilmalar yoki sugʻurtalangan shaxs (naf oluvchi) sugʻurtalovchining talabiga koʻra sugʻurta hodisalari sodir boʻlishi holatlari haqida kerakli hujjatlarni darhol taqdim etishlari shart.
Xizmat bilan bogʻliq kasb kasalliklari boʻyicha nogironlik belgilanganda, sugʻurta hodisasi sodir boʻlgan kun sifatida birinchi navbatda, kasb kasalligini aniqlash vakolati berilgan tashkilot tomonidan tegishli xulosa berilgan kun, mazkur xulosani berish imkonsiz boʻlganda, sugʻurtalangan shaxsning kasb kasalligi va xizmatga yaroqsizligi tufayli xizmatdan boʻshagan kuni belgilanadi.
3-bob. Davlat majburiy sugʻurtasi amalga oshirilishini nazorat qilish
17. Sugʻurta toʻlovlarini amalga oshirish huquqini aniqlash uchun hujjatlarni rasmiylashtirish va ularni oʻz vaqtida taqdim etilishi yuzasidan vakolatli tuzilmalarning amalga oshiradigan ishlarini nazorat qilish sugʻurta qildiruvchilarning tegishli nazorat organlari va tuzilmalariga yuklatiladi.
18. Sugʻurta qildiruvchilarning harbiy-tibbiy boʻlinmalari harbiy tibbiy komissiyalar tomonidan olingan jarohat haqida maʼlumotlar berilishi va uning ogʻirlik darajasi toʻgʻri aniqlanishi qonuniyligini nazorat qiladilar.
19. Sugʻurta qildiruvchilarning harbiy tibbiy boʻlinmalarida ushbu Nizomning 6-ilovasida belgilangan harbiy xizmatchilar va harbiy xizmatga majburlarning, shuningdek maxsus unvonga ega boʻlgan xodimlarning davlat majburiy sugʻurtasi boʻyicha sugʻurta toʻlovlarini amalga oshirish uchun rasmiylashtirilgan hujjatlarni hisobga olish namunaviy jurnali yuritiladi.
20. Sugʻurta qildiruvchi va sugʻurtalovchi sugʻurta shartnomasida har chorakda sugʻurtalovchi sugʻurta qildiruvchiga hududlar kesimida amalga oshirilgan sugʻurta toʻlovlari haqidagi ushbu Nizomning 7-ilovasida belgilangan shakldagi hisobotni taqdim etishini kelishib olishlari mumkin.
Harbiy xizmatchilar va harbiy xizmatga majburlarning, shuningdek maxsus unvonga ega boʻlgan xodimlarning davlat majburiy sugʻurtasini amalga oshirish tartibi toʻgʻrisida nizomga 1-ILOVA
Harbiy xizmatchilar va harbiy xizmatga majburlarning, shuningdek maxsus unvonga ega boʻlgan xodimlarning davlat majburiy sugʻurtasini amalga oshirish tartibi toʻgʻrisida nizomga 2-ILOVA
Ogʻir yoki yengil darajaga kiruvchi yaralanishlar, kontuziyalar, jarohatlar va shikastlanishlar
ROʻYXATI
1. Ogʻir jarohatlarga yaqqol anatomik oʻzgarishlarni va ifodalangan funksional buzilishlarni keltirib chiqaruvchi, harbiy xizmatga yaroqlilikni cheklovchi yoki yaroqsizlikka sabab boʻluvchi yaralanishlar, kontuziyalar, jarohatlar va shikastlanishlar kiradi. Ularga quyidagilar kiradi:
kalla suyagini teshib oʻtuvchi yaralanishlar, shu jumladan bosh miya zararlanishisiz;
bosh gumbaz va asos suyaklarining ochiq va yopiq sinishlari;
bosh miya oʻrta va ogʻir darajali kontuziyasi, bosh miya qisilishi va qisilmasligi bilan;
epidural, subdural va subaraxnoidal intrakranial qon quyilishlar;
umurtqa pogʻonasi va orqa miyaning ochiq va yopiq jarohatlari;
halqum, hiqildoq, traxeya va qiziloʻngachning teshib oʻtuvchi yaralanishlari;
halqum va traxeya togʻaylari yopiq sinishlari;
plevra boʻshligʻiga, perikard boʻshligʻiga yoki koʻks oraligʻi biriktiruvchi toʻqimasini teshib oʻtuvchi koʻkrak qafasi yaralanishlari, shu jumladan ichki aʼzolar zararlanishisiz;
qorin boʻshligʻiga teshib kiruvchi qorin jarohatlari, shu jumladan ichki aʼzolar shikastlanishisiz; qorin parda orti aʼzolari (buyraklar, buyrak usti bezlari, oshqozon osti bezi va h.k.) jarohatlari;
koʻkrak yoki qorin boʻshligʻi, chanoq boʻshligʻi, shuningdek, qorin parda orti aʼzolari yopiq jarohatlari;
uzun naysimon suyaklar sinishlari — yelka, son, katta boldir suyagi, ikkala bilak suyaklari;
chanoq suyaklarining koʻplab sinishlari;
siydik tanosil aʼzolari zararlanishi bilan kechadigan yaralanishlar va jarohatlar;
tana yuzasining 40% dan ortiq sathi zararlanishi bilan kechadigan I darajali termik kuyishlar;
II-III darajali kuyishlar — tana yuzasining 10% dan oshishi;
IV darajali kuyishlar, shuningdek, shok bilan kechadigan kichik maydonning kuyishi;
ovoz bogʻlamlari yorigʻi shishi va torayishi belgilari bilan kechadigan nafas yoʻllarining kuyishi;
mahalliy taʼsirdan tashqari umumiy toksik taʼsir chaqiruvchi kimyoviy birikmalar (konsentrlangan kislotalar, oʻyuvchi ishqorlar, raketa yoqilgʻisi komponentlari va boshqalar) bilan zaharlanish va kuyishlar;
III-IV darajali sovuq urish;
Koʻz pardalarining yirtilishi va koʻrish yoʻqolishi bilan kechadigan koʻz jarohatlari va teshib oʻtuvchi yaralanishlari; II — IV darajali koʻz kuyishlari; bir yoki ikki koʻzning turgʻun koʻrligi yoki 2 m va undan kam masofadan barmoq sanashgacha koʻrish oʻtkirligining pasayishi (koʻrish oʻtkirligi 0.04 va undan kam); keskin ifodalangan vestibulyar buzilishlar va ikkala quloq turgʻun karligi bilan kechadigan eshitish aʼzolari yaralanishlari va jarohatlari;
yuzning turgʻun xunuklashishi bilan kechadigan yuz yumshoq toʻqimalari va yuz skeleti suyaklari yaralanishlari va shikastlanishlari;
oyoq-qoʻllar faoliyatining doimiy buzilishlariga olib keluvchi qoʻl va oyoq yumshoq toʻqimalari va mushaklarining yaralanishlari va jarohatlari;
shok yoki massiv qon ketish, klinik ifodalangan yogʻli yoki gazli emboliya, oʻtkir buyrak yetishmovchiligi belgilari bilan kechadigan travmatik toksikoz chaqiruvchi jarohat yoki yaralanishlar;
yirik boʻgʻimlar, yirik nerv tolalari, magistral qon tomirlar yaralanishlari va yopiq jarohatlari;
maʼlum bir aʼzo yoʻqotilishi yoki aʼzo funksiyasi yoʻqotilishi (til yoki nutq yoʻqotilishi, qoʻl, oyoq yoki ular faoliyati yoʻqotilishi, mehnat qobiliyatini yoʻqotish);
xizmat faoliyati professional omillari taʼsiri bilan bogʻliq jarohatlar.
2. Yengil jarohatlarga yaqqol va turgʻun boʻlmagan anatomik oʻzgarishlar va kam ifodalangan faoliyat buzilishi bilan kechadigan yaralanishlar, kontuziya va jarohatlar kiradi. Ularga quyidagilar kiradi:
boʻshliqlarga teshib kirmagan yaralanishlar va ichki aʼzolar, boʻgʻimlar, paylar, yirik nerv tolalari va magistral qon tomirlarning zararlanishisiz kechadigan jarohatlar;
boʻgʻimlar bogʻlamlari qisman uzilishi;
asoratlanmagan boʻgʻim chiqishlari;
III, IV yoki V barmoqlardan birining travmatik amputansiyasi;
qoʻl kaftining IV yoki V barmoqlari kontrakturasi;
bir oyoq panjasining barcha yoki alohida barmoqlarining amputatsiyasi;
tos halqasi, ichki aʼzolar, yirik tomirlar va nervlarning butunligi buzilishisiz kechadigan alohida chanoq suyaklarining yopiq shikastlanishlari (yonbosh suyagi qanoti yoki qirrasi, bitta qov yoki bitta quymich suyagi sinishi);
oyoq pajalari, qoʻl kafti suyaklari, bir yoki ikkita qovurgʻa, bitta oʻmrov suyagi, bilak suyaklaridan biri, kichik boldir suyagi yaxshi konsolidatsiyalangan alohida yopiq sinishlari;
I-II darajali sovuq urishi;
tana sathining 40% dan oshmagan I darajali kuyishlari, 10% dan oshmagan II-III darajali kuyishlari;
koʻrish faoliyatining vaqtinchalik buzilishi bilan kechadigan shox parda, konyunktiva qavatida yot jism mavjudligi va koʻzning teshib oʻtmagan jarohatlari; I-darajali koʻz kuyishi;
bosh miya chayqalishi bilan kechadigan bosh suyagi yopiq jarohatlari, orqa miya yopiq jarohati;
tishlarning sinishi, burun suyaklari yopiq sinishlari, burun qanoti qisman uzilishi, quloq suprasi qisman uzilishi bilan kechadigan yuz yumshoq toʻqimalari lat yeyishi va yaralanishlari; jagʻ yopiq sinishlari.
Harbiy xizmatchilar va harbiy xizmatga majburlarning, shuningdek maxsus unvonga ega boʻlgan xodimlarning davlat majburiy sugʻurtasini amalga oshirish tartibi toʻgʻrisida nizomga 3-ILOVA
Izoh: MG — Milliy gvardiya, MV — Mudofaa vazirligi, IIV — Ichki ishlar vazirligi, DXX — Davlat xavfsizlik xizmati, ETRM — Elektron texnologiyalarini rivojlantirish markazi, OʻRPDXX — Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti davlat xavfsizlik xizmati, BQ — Bojxona qoʻmitasi, FVV — Favqulodda vaziyatlar vazirligi, HP — Harbiy prokuratura.
Harbiy xizmatchilar va harbiy xizmatga majburlarning, shuningdek maxsus unvonga ega boʻlgan xodimlarning davlat majburiy sugʻurtasini amalga oshirish tartibi toʻgʻrisida nizomga 4-ILOVA
Harbiy xizmatchilar va harbiy xizmatga majburlarning, shuningdek maxsus unvonga ega boʻlgan xodimlarning davlat majburiy sugʻurtasini amalga oshirish tartibi toʻgʻrisida nizomga 5-ILOVA
Harbiy xizmatchilar va harbiy majburiyatli shaxslarning, shuningdek maxsus unvonga ega boʻlgan xodimlarning davlat majburiy sugʻurtasi boʻyicha arizalar va sugʻurta toʻlovlari amalga oshirilganligini roʻyxatga olish
JURNALI
Izoh: MG — Milliy gvardiya, MV — Mudofaa vazirligi, IIV — Ichki ishlar vazirligi, DXX — Davlat xavfsizlik xizmati, ETRM — Elektron texnologiyalarini rivojlantirish markazi, OʻRPDXX — Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti davlat xavfsizlik xizmati, BQ — Bojxona qoʻmitasi, FVV — Favqulodda vaziyatlar vazirligi, HP — Harbiy prokuratura.
Harbiy xizmatchilar va harbiy xizmatga majburlarning, shuningdek maxsus unvonga ega boʻlgan xodimlarning davlat majburiy sugʻurtasini amalga oshirish tartibi toʻgʻrisida nizomga 6-ILOVA
Harbiy xizmatchilar va harbiy majburiyatli shaxslarning, shuningdek maxsus unvonga ega boʻlgan xodimlarning davlat majburiy sugʻurtasi boʻyicha sugʻurta toʻlovlarini amalga oshirish uchun rasmiylashtirilgan hujjatlarni hisobga olish
NAMUNAVIY JURNALI
Harbiy xizmatchilar va harbiy xizmatga majburlarning, shuningdek maxsus unvonga ega boʻlgan xodimlarning davlat majburiy sugʻurtasini amalga oshirish tartibi toʻgʻrisida nizomga 7-ILOVA
Amalga oshirilgan sugʻurta toʻlovlar haqida
HISOBOT
