Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Sanoat, qurilish va savdo masalalari qoʻmitasining 2024-yil toʻqqiz oyidagi faoliyati toʻgʻrisida (4935-IV-son)
14.10.2024
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Kengashining
qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Sanoat, qurilish va savdo masalalari qoʻmitasining (bundan buyon matnda Qoʻmita deb yuritiladi) 2024-yil toʻqqiz oyidagi faoliyati toʻgʻrisidagi axborotini koʻrib chiqib, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Kengashi taʼkidlaydiki, Qoʻmita tomonidan sanoat, savdo, transport, energetika, qurilish va uy-joy kommunal, shaharsozlik, togʻ-kon va geologiya kabi qator muhim sohalardagi munosabatlarni huquqiy jihatdan tartibga solish, qonunchilik hujjatlari ijrosini doimiy nazorat qilish, saylovchilar bilan tizimli muloqot oʻrnatish borasida muayyan ishlar amalga oshirilgan.
Xususan, hisobot davrida mamlakatimizda sanoat, savdo, transport, qurilish, energetika va togʻ-kon va geologiya sohalarini takomillashtirishning huquqiy asoslarini yaratishga qaratilgan 13 ta qonun loyihasi koʻrib chiqilib, shundan 13 tasi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi (bundan buyon matnda Qonunchilik palatasi deb yuritiladi) tomonidan qabul qilingan.
Qonun loyihalarini maromiga yetkazish hamda ularning har jihatdan pishiq va mukammal boʻlishini taʼminlash maqsadida qoʻmita masʼul boʻlgan qonun loyihalari muhokamasi boʻyicha jami 59 ta ishchi guruh va 9 ta ekspertlar guruhi yigʻilishlari tashkil etilgan.
Hisobot davrida Qoʻmita tomonidan jami 14 ta nazorat-tahlil tadbiri tashkil etilgan. Ulardan 12 tasi davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari rahbarlarining axborotini eshitishga, 2 tasi qonun va qonunosti hujjatlarining ijro etilish holatini oʻrganishga, shuningdek 1 tasi Qoʻmita qarorining ijrosini monitoring qilishga oid tadbirlardir.
Shuningdek oʻtgan davrda mansabdor shaxslarga asoslantirilgan tushuntirish berish talabi bilan Qoʻmita taklifiga muvofiq 2 ta parlament soʻrovi yuborildi. Ushbu parlament soʻrovlariga Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari J. Xodjayev hamda Oʻzbekiston Respublikasi Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vaziri B. Zakirov tomonidan asoslantirilgan javoblar olindi.
Bundan tashqari Qoʻmitaning 2024-yil toʻqqiz oyligi faoliyati davrida Qonunchilik palatasida oʻtkazilgan 2 ta “hukumat soati”ni yuqori saviyada tashkil etish choralari koʻrildi. Mazkur “hukumat soati” tadbirlarida Oʻzbekiston Respublikasi investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri L. Qudratovning hamda Oʻzbekiston Respublikasi qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vaziri v.b. Sh. Xidoyatovning Qonunchilik palatasi deputatlari tomonidan berilgan savollarga javoblari eshitildi.
Oʻtgan davrda Qoʻmita tomonidan qonun loyihalari muhokamasiga, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng koʻlamli islohotlarning mazmun-mohiyatini saylovchilarga yetkazishga, tegishli tarmoq va sohalardagi mavjud muammolarni tahlil qilish hamda ularni bartaraf etish yuzasidan takliflar ishlab chiqishga qaratilgan 7 ta davra suhbati, 4 ta seminar, 1 ta konferensiya va 1 ta matbuot anjumani oʻtkazilgan.
Qoʻmita aʼzolari nomiga jismoniy va yuridik shaxslardan kelgan jami 402 ta murojaat “Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga muvofiq belgilangan tartibda koʻrib chiqilgan.
Qoʻmita faoliyati haqida keng jamoatchilikni xabardor qilish, nazorat-tahlil tadbirlari yakunlari hamda Qoʻmita masʼulligida koʻrib chiqilayotgan qonun loyihalarining mazmun-mohiyatini aholiga muntazam ravishda yetkazib borish maqsadida ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlarda 1 952-marta chiqish qilingan.
Shu bilan birga oʻtgan davrda amalga oshirilgan ishlar tahlili Qoʻmita faoliyatini samarali tashkil etishda eʼtibor qaratilishi lozim boʻlgan ayrim masalalar ham mavjudligini koʻrsatmoqda.
Jumladan, iqtisodiyot tarmoqlarida va ijtimoiy sohada elektr energiyasi isteʼmoli samaradorligini oshirish hamda qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanishni yanada rivojlantirish, aholiga avtotransport xizmati koʻrsatish sifatini oshirish, eksportni ragʻbatlantirish va tashqi iqtisodiy faoliyat ishtirokchilarini har tomonlama qoʻllab-quvvatlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar, shuningdek shaharsozlik sohasidagi qonunchilik hujjatlari ijrosi yuzasidan parlament nazoratini yanada kuchaytirish maqsadga muvofiq.
Qoʻmita masʼulligida koʻrib chiqilgan va qabul qilingan yangi qonunlar ijrosini taʼminlash uchun qonun osti hujjatlarining oʻz vaqtida qabul qilinishi yuzasidan doimiy monitoringni amalga oshirish lozim.
Qoʻmitaning faoliyatidan kelib chiqib, amaldagi qonunchilik hujjatlarini takomillashtirish yuzasidan takliflar tayyorlash, shu jumladan qonun loyihalarini ishlab chiqish va Qoʻmita aʼzolari tomonidan qonunchilik tashabbusi huquqi asosida Qonunchilik palatasiga kiritish borasidagi ishlarni samarali tashkil qilish maqsadga muvofiq.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari va qarorlari, davlat dasturlari hamda Qonunchilik palatasi qarorlaridagi Qoʻmita faoliyatiga taalluqli boʻlgan vazifalarning ijro etilishi ustidan taʼsirchan parlament nazoratini amalga oshirishga eʼtibor qaratish muhim.
Qoʻmitaning jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlash hamda qonun loyihalari va nazorat-tahlil tadbirlarining mazmun-mohiyatini saylovchilarga yetkazish borasidagi faoliyatini samarali tashkil etish boʻyicha tegishli chora-tadbirlarni amalga oshirish lozim.
Yuqorida bayon etilganlardan kelib chiqib, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Kengashi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Sanoat, qurilish va savdo masalalari qoʻmitasining 2024-yil toʻqqiz oyidagi faoliyati toʻgʻrisidagi axborot maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Sanoat, qurilish va savdo masalalari qoʻmitasiga:
qonun loyihalarini ishlab chiqish va maromiga yetkazishda, nazorat-tahlil tadbirlarini oʻtkazishda soha mutaxassislarini va ekspertlarni jalb qilish;
2025-yilda qurilish sohasida, xususan qurilish industriyasi va qurilish materiallari tarmogʻini rivojlantirish borasida joylarda olib borilayotgan ishlarning holatini nazorat-tahlil tartibida oʻrganish, natijasi yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasi Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirining axborotini Qonunchilik palatasining majlisida eshitish;
iqtisodiyot tarmoqlarida va ijtimoiy sohada elektr energiyasi isteʼmoli samaradorligini oshirish hamda qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanishni yanada rivojlantirish, aholiga avtotransport xizmati koʻrsatish sifatini oshirish, eksportni ragʻbatlantirish va tashqi iqtisodiy faoliyat ishtirokchilarini har tomonlama qoʻllab-quvvatlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar, shuningdek shaharsozlik sohasidagi qonunchilik hujjatlari ijrosi yuzasidan parlament nazoratini yanada kuchaytirish;
jismoniy va yuridik shaxslarning Qoʻmitaga yuborilgan murojaatlarida koʻtarilayotgan dolzarb muammolarni har tomonlama tahlil qilish, ularning yuzaga kelish sabablarini oʻrganish, koʻtarilgan masalalarga toʻliq yechim topish borasida tegishli davlat organlari tomonidan koʻrilayotgan choralar ustidan taʼsirchan parlament nazoratini amalga oshirish;
yangi qonunlar ijrosini taʼminlash uchun qonunchilik hujjatlarining oʻz vaqtida qabul qilinishi yuzasidan doimiy monitoringni amalga oshirish va monitoring natijalarini Qoʻmitada muhokama qilib borish;
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 11-sentabrdagi PF-158-sonli Farmoni bilan tasdiqlangan “Oʻzbekiston — 2030” strategiyasida belgilangan ustuvor vazifalarni Qoʻmita faoliyat yoʻnalishiga aloqador boʻlgan vazirlik va boshqa davlat organlari tomonidan bajarilishi ahvolini tahlil qilib borish, bu borada ular bilan hamkorlikni mustahkamlash;
oʻz faoliyatini ommaviy axborot vositalarida keng yoritib borish, shuningdek koʻrib chiqilayotgan qonun loyihalarining va oʻtkazilayotgan nazorat-tahlil tadbirlarining mazmun-mohiyatini muntazam ravishda jamoatchilikka yetkazish choralarini koʻrish tavsiya etilsin.
3. Ushbu Qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining oʻrinbosari A. Xaitov zimmasiga yuklatilsin.
4. Ushbu Qaror qabul qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining oʻrinbosari U. INOYATOV
Toshkent sh.,
2024-yil 14-oktabr,
4935-IV-son
