Oʻzbekiston Respublikasi qishloq xoʻjaligi vaziri I. Abduraxmonovning “Qishloq xoʻjaligida samarasiz bogʻlar va boshqa ekin yerlari oʻrnida sanoatlashgan bogʻlarni barpo etish hamda qishloq xoʻjaligi sohasini qoʻllab-quvvatlashda imtiyozli kreditlar ajratish borasida amalga oshirilayotgan ishlar toʻgʻrisida”gi axboroti haqida (4988-IV-son)
18.10.2024
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining
qarori
Oʻzbekiston Respublikasi qishloq xoʻjaligi vaziri I. Abduraxmonovning “Qishloq xoʻjaligida samarasiz bogʻlar va boshqa ekin yerlari oʻrnida sanoatlashgan bogʻlarni barpo etish hamda qishloq xoʻjaligi sohasini qoʻllab-quvvatlashda imtiyozli kreditlar ajratish borasida amalga oshirilayotgan ishlar toʻgʻrisida”gi axborotini eshitib, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi taʼkidlaydiki, “Oʻzbekiston — 2030” strategiyasi doirasida agrar sohani rivojlantirish, oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash, sohada qulay agrobiznes muhitini yaratish va investitsiyaviy jozibadorlikni oshirish hamda mahsulot yetishtirishda hosildorlikni koʻpaytirish boʻyicha tizimli ishlar olib borilmoqda.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining mazkur sohaga oid qator farmonlari va qarorlari qabul qilinib, ularda qishloq xoʻjaligida samaradorlikni oshirish hamda sohaga ilmiy yondashuvlarni keng joriy etish borasida muhim vazifalar belgilab berilgan.
Shuningdek Oʻzbekiston Respublikasi qishloq xoʻjaligini rivojlantirishning 2020 — 2030-yillarga moʻljallangan strategiyasida qishloq xoʻjaligini rivojlantirish boʻyicha ustuvor yoʻnalishlar va kompleks chora-tadbirlar belgilab berildi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 20-iyundagi “Qishloq xoʻjaligi va oziq-ovqat sohasidagi islohotlarni jadallashtirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PQ-227-sonli Qarorida aholini oziq-ovqat mahsulotlari bilan taʼminlash, qishloq xoʻjaligini davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlashda bozor mexanizmlarini keng joriy etish, agroklasterlar, fermerlar va boshqa qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini yetishtiruvchilarga xizmatlar koʻrsatishni yangi tamoyillar asosida tashkil etish boʻyicha muhim vazifalar belgilandi.
Bugungi kunda respublikada 358 ming gektar mevali bogʻlar mavjud boʻlib, shundan 266 ming gektari fermer xoʻjaliklari va boshqa qishloq xoʻjaligi korxonalari hamda 92 ming gektari aholi xonadonlari hissasiga toʻgʻri keladi. 2024-yilda Qoraqalpogʻiston Respublikasi va viloyatlarda 16,3 ming gektar yer maydonida yangi bogʻlar barpo etilgan hamda samarasiz va yaroqsiz boʻlgan 17,5 ming gektar bogʻ rekonstruksiya qilingan.
Bundan tashqari yiliga oʻrtacha 950 ming tonna meva va 150 ming tonna uzum qayta ishlashga hamda 350 ming tonna meva va 320 ming tonna uzum eksportga yoʻnaltirilmoqda. Oxirgi 5 yilda 70 ming gektar intensiv bogʻ, 100 ming gektar yangi uzumzor va 2,9 ming gektar zamonaviy issiqxonalar tashkil etilgan. Joriy yilda mahsulot yetishtiruvchilarni davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash maqsadida xarajatlarning bir qismini qoplash uchun budjetdan 409 mlrd soʻm subsidiyalar ajratilgan.
Qishloq xoʻjaligi sohasini qoʻllab-quvvatlashda imtiyozli kredit ajratish masalasiga ham alohida eʼtibor qaratilmoqda. Jumladan, paxta xomashyosini yetishtiruvchilar va urugʻchilik xoʻjaliklarining paxta xomashyosini yetishtirish xarajatlarini kreditlash uchun 14 oy muddatga kredit ajratilmoqda. Natijada 2024-yilda paxta yetishtiruvchi 27 368 ta fermer xoʻjaligining buyurtmasiga asosan tijorat banklari tomonidan mahsulot yetishtirish xarajatlarini moliyalashtirish uchun 7,7 trln soʻm imtiyozli kredit mablagʻi ajratilgan.
Shu bilan birga tahlillar sohada ayrim kamchiliklar va hal etilishi lozim boʻlgan masalalar mavjudligini koʻrsatmoqda.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining deputatlari tomonidan hududlarda fermer xoʻjaliklari va boshqa qishloq xoʻjaligi korxonalaridagi bogʻ-tokzorlarning holati oʻrganilganda 18,4 ming gektar bogʻ va 16,5 ming gektar tokzor iqtisodiy samarasiz yoki yaroqsiz holga kelib qolgani aniqlandi.
Joylarda aholining daromadini oshirish, ularni ish bilan taʼminlash, yangi ish oʻrinlarini yaratish maqsadida yangi bogʻ va uzumzorlarni 3 yil davomida parvarishlash hamda tashabbuskorlarning ishchi va xodimlarini oʻrgatish sharti bilan tayyor holda topshirish borasidagi ishlar ham qoniqarli darajada olib borilmagan.
Hududlarda samarasiz bogʻlarning mavjudligi sohadagi investitsiyaviy muhitga salbiy taʼsir koʻrsatayotganini, bu borada investitsiyaviy loyihalarning kamligini inobatga olgan holda hosildorligi past boʻlgan ekin yerlari oʻrnida sanoatlashgan bogʻlarni yaratish borasida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar yetarli emas.
Shuningdek bogʻlarning oʻrtacha hosildorligi xorijiy davlatlarga nisbatan 1,5, 2 barobar kam ekanligi ham aniqlandi.
Hududlar bogʻdorchilik boʻyicha bir xil tur va navlarga ixtisoslashmaganligi natijasida mahsulotlar eksportga saralanganda sifatli, eksportbop mahsulot hajmi kamligi maʼlum boʻlmoqda.
Sanoatlashgan bogʻlarni yaratish uchun targʻibot-tashviqot ishlarini olib borish va Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Qishloq xoʻjaligini davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi orqali imtiyozli kreditlar ajratish borasida ham bajarilishi zarur boʻlgan vazifalar mavjud.
Bundan tashqari qishloq xoʻjaligi sohasini qoʻllab-quvvatlash uchun imtiyozli kreditlar ajratishda bogʻ barpo etuvchi jismoniy va yuridik shaxslardan ortiqcha hujjatlar va kafilliklar talab etilayotgani ushbu yoʻnalishdagi ishlarni tizimli yoʻlga qoʻyishga jiddiy toʻsiq boʻlmoqda.
Yuqorida bayon etilganlardan kelib chiqib, “Parlament nazorati toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 10-moddasiga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi qishloq xoʻjaligi vaziri I. Abduraxmonovning “Qishloq xoʻjaligida samarasiz bogʻlar va boshqa ekin yerlari oʻrnida sanoatlashgan bogʻlarni barpo etish hamda qishloq xoʻjaligi sohasini qoʻllab-quvvatlashda imtiyozli kreditlar ajratish borasida amalga oshirilayotgan ishlar toʻgʻrisida”gi axboroti maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi (I. Abduraxmonov):
qishloq xoʻjaligi sohasida yangi ish oʻrinlarini yaratish, aholini ish bilan taʼminlash hamda daromadini oshirish maqsadida yangi bogʻ va uzumzorlarni 3 yil davomida parvarishlash hamda bogʻ barpo qiluvchi jismoniy va yuridik shaxslarning ishchi hamda xodimlarini oʻrgatish sharti bilan tayyor holda topshirish borasidagi vazifalar ijrosini oʻz muddatida va sifatli taʼminlash;
investitsiyaviy dasturlarni bogʻdorchilik yoʻnalishlariga ham keng jalb etish va hosildorligi past boʻlgan ekin yerlari oʻrnida sanoatlashgan bogʻlarni yaratish;
sanoatlashgan bogʻlarni yaratish uchun targʻibot-tashviqot ishlarini olib borish va Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi huzuridagi Bogʻdorchilik va issiqxona xoʻjaligini rivojlantirish agentligi qoshidagi Bogʻdorchilik va issiqxona xoʻjaligini rivojlantirish jamgʻarmasi orqali imtiyozli kreditlar ajratish;
qishloq xoʻjaligi sohasini qoʻllab-quvvatlash uchun imtiyozli kreditlar ajratish tizimini soddalashtirish choralarini koʻrsin.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Agrar va suv xoʻjaligi masalalari qoʻmitasi qishloq xoʻjaligida samarasiz bogʻlar va boshqa ekin yerlari oʻrnida sanoatlashgan bogʻlarni barpo etish hamda qishloq xoʻjaligi sohasini qoʻllab-quvvatlashda imtiyozli kreditlar ajratish doirasida amalga oshirilayotgan ishlar ustidan taʼsirchan parlament nazoratini oʻrnatsin.
4. Mazkur Qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining oʻrinbosari A. Xaitov zimmasiga yuklatilsin.
5. Ushbu Qaror qabul qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Spikeri N. ISMOILOV
Toshkent sh.,
2024-yil 18-oktabr,
4988-IV-son
