3-modda. Asosiy tushunchalar
Aholiga psixologik yordam koʻrsatish toʻgʻrisida (O‘RQ-989-son) · Sana: 05.11.2024 · Amalda
Ushbu Qonunda quyidagi asosiy tushunchalar qoʻllaniladi:
psixolog — ushbu Qonunga muvofiq psixologik yordam koʻrsatish huquqiga ega boʻlgan jismoniy shaxs;
psixologik yordam — tang (krizisli) vaziyatlarning oldini olish va ularning oqibatlarini bartaraf etishga, shaxslararo munosabatlarni hamda ruhiy salomatlikni yaxshilashga, shaxsiyatni rivojlantirishga yoki insonning ijtimoiy moslashuvini yaxshilash uchun psixologik taʼsir koʻrsatishga qaratilgan, psixologik yordam koʻrsatish standartlariga muvofiq amalga oshiriladigan chora-tadbirlar majmui;
psixologik yordam koʻrsatish standartlari — aholiga psixologik yordam koʻrsatishga doir yagona talablarni belgilovchi hujjat;
psixologik muammo — shaxsning oʻzidan, oʻz kasbiy faoliyatidan, boshqa shaxslar bilan munosabatlaridan, oilasidagi vaziyatdan qoniqmasligi va (yoki) shaxsiy hayotidagi boshqa muammolar tufayli yuzaga kelgan ruhiy noqulaylik holati;
tang (krizisli) vaziyat — shaxs oʻzi uchun odatiy boʻlgan usullar bilan kurasha olmaydigan hayotiy oʻzgarishlarga hamda psixologik muammolar yuzaga kelishiga olib keluvchi omillar va shart-sharoitlar.
