12-modda. Psixologlarning jamoat birlashmalari
Aholiga psixologik yordam koʻrsatish toʻgʻrisida (O‘RQ-989-son) · Sana: 05.11.2024 · Amalda
Belgilangan tartibda davlat roʻyxatidan oʻtgan, kamida uch yuz nafar aʼzoga ega boʻlgan nodavlat notijorat tashkiloti psixologlarning jamoat birlashmasidir. Psixologlarning jamoat birlashmasi psixologlarning kasbiy darajasini oshirish va saqlab turishga koʻmaklashish, ularning kasbiy manfaatlarini himoya qilish maqsadida tashkil etiladi.
Jismoniy shaxs bir vaqtning oʻzida faqat bitta psixologlarning jamoat birlashmasiga aʼzo boʻlishi mumkin.
Psixologlarning jamoat birlashmalari oʻz faoliyatini nodavlat notijorat tashkilotlari toʻgʻrisidagi qonunchilikka muvofiq amalga oshiradi.
Psixologlarning jamoat birlashmalari:
psixologlarning odob-axloq kodeksini tasdiqlaydi hamda unga rioya etilishining tizimli monitoringini taʼminlaydi;
jismoniy shaxslarni belgilangan tartibda aʼzolikka qabul qiladi va aʼzolikdan chiqaradi;
xususiy tartibda psixologik yordam koʻrsatish faoliyatini amalga oshirish uchun oʻz aʼzolariga malaka sertifikatini (bundan buyon matnda malaka sertifikati deb yuritiladi) beradi;
oʻz aʼzolarining reyestrlarini yuritadi va ularni oʻz rasmiy veb-saytiga joylashtiradi;
oʻz aʼzolari tomonidan ushbu Qonun, psixologlarning odob-axloq kodeksi, psixologik yordam koʻrsatish sohasidagi boshqa normativ-huquqiy hujjatlar talablariga rioya etilishi ustidan nazoratni amalga oshiradi;
psixologik yordam koʻrsatish boʻyicha faoliyat bilan shugʻullanuvchi shaxslarni psixologik yordam koʻrsatish sohasidagi huquqbuzarliklar uchun aʼzolikdan chiqaradi, ularga berilgan malaka sertifikatlarining amal qilishini toʻxtatadi yoki tugatadi;
anonim tarzda psixologik yordam koʻrsatishni soʻrab murojaat etgan shaxsga rasmiylashtiriladigan shaxsiy karta namunasini tasdiqlaydi;
aholiga psixologik yordam koʻrsatish toʻgʻrisidagi qonunchilikni takomillashtirish yuzasidan takliflar tayyorlaydi.
Psixologlarning jamoat birlashmalari tomonidan oʻz vakolatlari doirasida qabul qilinadigan qarorlar ularning barcha aʼzolari uchun majburiydir.
Psixologlar jamoat birlashmalarining faoliyati ularga kirish va aʼzolik badallari, shuningdek qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa mablagʻlar hisobidan moliyalashtiriladi. Bunda badallarning va toʻlovlarning miqdorlari psixologlar jamoat birlashmalari aʼzolarining umumiy yigʻilishi tomonidan belgilanadi.
