Shahar atrofi va viloyat ichi shaharlararo muntazam avtobus yoʻnalishlarida koʻrilgan zararlarni qoplab berish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida (718-son)
30.10.2024
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining ““Oʻzbekiston — 2030” strategiyasini “Yoshlar va biznesni qoʻllab-quvvatlash yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturi toʻgʻrisida” 2024-yil 21-fevraldagi PF-37-son Farmoni ijrosini taʼminlash hamda aholining yuqori sifatli va qulay yoʻlovchi tashish xizmatlariga boʻlgan ehtiyojlarini toʻliq qondirish, sohada bozor tamoyillarini joriy etish, moliyalashtirish tizimi va tarif siyosatini takomillashtirish orqali xususiy sektor uchun jozibali biznes muhitini yaratish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Quyidagilarni nazarda tutuvchi Shahar atrofi va viloyat ichi shaharlararo norentabel muntazam avtobus yoʻnalishlarida koʻrilgan zararlarni qoplab berish davlat xizmatini koʻrsatishning maʼmuriy reglamenti (keyingi oʻrinlarda — Maʼmuriy reglament) ilovaga muvofiq tasdiqlansin:
tashuvchilarning shahar atrofi va viloyat ichi shaharlararo norentabel muntazam avtobus yoʻnalishlarida koʻrilgan zararlarini qoplab berish;
norentabel avtobus yoʻnalishlaridan koʻrilgan zararlarni qoplash boʻyicha murojaatlarini koʻrib chiqish;
norentabel avtobus yoʻnalishlariga subsidiya ajratish tartibi va shartlari.
Belgilansinki, Qoraqalpogʻiston Respublikasida shahar atrofi yoki viloyat ichidagi shaharlararo norentabel mikroavtobus yoʻnalishlarida koʻrilgan zararlar Maʼmuriy reglamentda belgilangan tartibda qoplab beriladi.
2. Transport vazirligi Raqamli texnologiyalar vazirligi bilan birgalikda 2024-yil 25-dekabrga qadar:
Maʼmuriy reglamentga muvofiq davlat xizmatlarining Oʻzbekiston Respublikasi Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (keyingi oʻrinlarda — YIDXP) orqali joriy etilishini;
YIDXPda davlat xizmatlari koʻrsatilishining har bir bosqichida murojaatlarning koʻrib chiqilishi kuzatib borilishini taʼminlasin.
3. Belgilansinki:
Maʼmuriy reglamentga muvofiq tashuvchilar shahar va viloyat ichi shaharlararo norentabel muntazam avtobus yoʻnalishlarida koʻrilgan zararlarni qoplab berish yuzasidan YIDXP orqali 2025-yil 1-fevraldan boshlab murojaat qiladilar;
shahar va viloyat ichi shaharlararo norentabel muntazam avtobus yoʻnalishlarida koʻrilgan zararlarni qoplab berishda talab etiladigan maʼlumotlarni (hujjatlarni) koʻrib chiqish uchun yigʻim undirilmaydi.
4. Vazirlar Mahkamasining “Hududlarda jamoat transporti faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2021-yil 8-oktabrdagi 630-son qarorining 6-bandi quyidagi mazmundagi xatboshi bilan toʻldirilsin:
“Bunda mazkur qarorning 4 va 6-bandlarida nazarda tutilgan shahar atrofi yoki viloyat ichidagi shaharlararo avtobus yoʻnalishida koʻriladigan zarar miqdori Qoraqalpogʻiston Respublikasi hududi uchun, istisno tariqasida, 40 foizgacha (40 foiz ham shu jumlaga kiradi) miqdorda qoplab beriladi”.
5. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari — iqtisodiyot va moliya vaziri J.A. Qoʻchqorov hamda transport vaziri I.R. Maxkamov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2024-yil 30-oktabr,
718-son
Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 30-oktabrdagi 718-son qaroriga ILOVA
Shahar atrofi va viloyat ichi shaharlararo norentabel muntazam avtobus yoʻnalishlarida koʻrilgan zararlarni qoplab berish davlat xizmatini koʻrsatishning
MAʼMURIY REGLAMENTI
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Mazkur maʼmuriy reglament (keyingi oʻrinlarda — Reglament) tashuvchilarning shahar atrofi va viloyat ichi shaharlararo norentabel muntazam avtobus yoʻnalishlarida koʻrilgan zararlarining bir qismini qoplab berish tartibini belgilaydi.
2. Ushbu Reglamentda quyidagi asosiy tushunchalardan foydalaniladi:
norentabel avtobus yoʻnalishlari — tijorat asosida yoʻlovchilar tashish xizmatini koʻrsatadigan va bunga maxsus ruxsatnomasi (litsenziyasi) boʻlgan yuridik shaxslar tomonidan shahar atrofi yoki viloyat ichidagi shaharlararo avtobus yoʻnalishida koʻriladigan zarar miqdori 30 foizgacha (30 foiz ham shu jumlaga kiradi) boʻlgan yoʻnalish, Toshkent shahri bundan mustasno;
norentabel avtobus yoʻnalishlari reyestri — tashuvchilarning asoslangan takliflariga muvofiq Qoraqalpogʻiston Respublikasi Transport vazirligi, viloyatlar transport boshqarmalari (keyingi oʻrinlarda — transport boshqarmalari) tomonidan rentabellik darajasi oʻrganib chiqilib, tasdiqlangan hamda “Uztrans” yagona interaktiv axborot tizimiga kiritilgan norentabel avtobus yoʻnalishlari roʻyxati (keyingi oʻrinlarda — Reyestr);
masʼul tashkilotlar — transport boshqarmalari, Iqtisodiyot va moliya vazirligining hamda Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Soliq qoʻmitasining hududiy boshqarmalari;
tashuvchi — tijorat asosida yoʻlovchilar tashish xizmatini koʻrsatadigan va bunga maxsus ruxsatnomasi (litsenziyasi) boʻlgan yuridik shaxslar (keyingi oʻrinlarda — tashuvchilar);
“Uztrans” yagona interaktiv axborot tizimi — avtomobil transporti sohasidagi yagona interaktiv axborot tizimi.
3. Norentabel avtobus yoʻnalishlaridan koʻriladigan zararlarni qoplash boʻyicha zarur mablagʻlar (keyingi oʻrinlarda — subsidiya) Qoraqalpogʻiston Respublikasi respublika budjeti va viloyatlar mahalliy budjetlari parametrlarida nazarda tutiladi.
4. Transport boshqarmalari tomonidan “Uztrans” yagona interaktiv axborot tizimida mazkur Reglamentga 1-ilovaga muvofiq Reyestr shakllantiriladi hamda har bir viloyat kesimida yuritiladi.
5. Tashuvchilarning asoslangan takliflariga muvofiq transport boshqarmalari tomonidan bir yilda bir marotaba 1-iyulga qadar norentabel avtobus yoʻnalishlarining rentabellik darajasi oʻrganib chiqilib, Reyestr tasdiqlanadi hamda “Uztrans” yagona interaktiv axborot tizimiga tegishli maʼlumotlar kiritiladi.
6. Tashuvchi hamda transport boshqarmalari oʻrtasida belgilangan tartibda ommaviy oferta shaklida muayyan muddatga tuziladigan, yoʻnalishda yoʻlovchi tashish xizmatlarini koʻrsatish huquqini beruvchi shartnoma bekor qilinishi natijasida ushbu yoʻnalish Reyestrdan chiqarilmaydi.
7. Tashuvchilarga subsidiya ushbu Reglamentga 2-ilovaga muvofiq sxemaga asosan ajratiladi.
2-bob. Davlat xizmatlari koʻrsatish tartibi va shartlari
8. Tashuvchi YIDXP orqali davlat xizmatidan elektron tarzda foydalanish uchun roʻyxatdan oʻtadi.
9. Tashuvchi YIDXP orqali subsidiya ajratish boʻyicha quyidagi hujjatlarni ilova qilgan holda murojaat qiladi:
tashuvchining arizasi;
mazkur Reglamentga 3-ilovaga muvofiq norentabel yoʻnalishdan koʻrilgan zarar boʻyicha hisob-kitob hujjatlari;
moliyaviy hisobot;
statistik hisobot;
yoqilgʻi, material xarajatlarini asoslovchi hisob-faktura va yoqilgʻi normasi hamda yoqilgʻi sarfi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar.
Tashuvchidan mazkur bandda koʻrsatilmagan maʼlumotlar va hujjatlarni talab qilish taqiqlanadi.
10. YIDXP orqali ariza hamda ilova qilingan hujjatlar va maʼlumotlar avtomatik tarzda tegishli transport boshqarmalariga, Iqtisodiyot va moliya vazirligining hamda Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Soliq qoʻmitasining hududiy boshqarmalariga yuboriladi.
11. Transport boshqarmalari, Iqtisodiyot va moliya vazirligining hamda Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Soliq qoʻmitasining hududiy boshqarmalari arizaga ilova qilingan hujjatlar va maʼlumotlarni besh ish kuni mobaynida tegishliligi boʻyicha oʻrganib chiqadi.
12. Masʼul tashkilotlar oʻrtasida axborot almashinuvi elektron raqamli imzoni (keyingi oʻrinlarda — ERI) majburiy tartibda qoʻllash orqali faqat idoralararo elektron oʻzaro bogʻlanish yordamida amalga oshiriladi.
13. Masʼul tashkilotlar tomonidan subsidiya ajratish yoki arizani rad etish toʻgʻrisida xulosa tayyorlanadi. Bunda:
subsidiya ajratish toʻgʻrisida xulosa tayyorlangan taqdirda, ariza Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi va viloyatlar hokimliklari huzurida tashkil etiladigan tashuvchilar tomonidan shahar atrofi va viloyat ichidagi shaharlararo norentabel avtobus yoʻnalishlaridan koʻriladigan zararlarni qoplash boʻyicha hududiy komissiyalarga (keyingi oʻrinlarda — hududiy komissiyalar) yuboriladi;
rad etish toʻgʻrisida xulosa tayyorlangan taqdirda, taqdim etilgan hujjatlar va maʼlumotlarda aniqlangan kamchiliklar hamda ularni bartaraf etish usullari, shuningdek, koʻrsatilgan sabablarni bartaraf qilib, tegishli hujjatlarni koʻrib chiqish uchun takroran taqdim etishi uchun besh ish kuni muddat berilgan holda tashuvchiga YIDXP orqali yuboriladi.
14. Masʼul tashkilotlar bir ish kunida subsidiya berishni rad etish toʻgʻrisidagi xulosani tashuvchining YIDXPdagi shaxsiy kabinetiga yuboradi.
Subsidiya ajratish quyidagi asoslarga koʻra rad etiladi:
yoʻnalish norentabel avtobus yoʻnalishlari reyestriga kiritilmaganligi va mazkur yoʻnalishdan koʻrilgan zararlarni qoplash Qoraqalpogʻiston Respublikasi respublika budjeti va viloyatlar mahalliy budjetlari parametrlarida nazarda tutilmaganligi;
arizada ushbu Reglamentning 9-bandida koʻrsatilgan hujjatlar toʻliq taqdim etilmaganligi;
tashuvchi bankrotlik yoki tugatish jarayonida boʻlishi.
Subsidiya berishni ushbu bandda koʻrsatilmagan asoslar boʻyicha rad etishga yoʻl qoʻyilmaydi.
15. Tashuvchi subsidiya berishni rad etish toʻgʻrisidagi xulosani olgan kundan boshlab koʻpi bilan besh ish kuni davomida xulosada koʻrsatilgan kamchiliklarni bartaraf etishi hamda ularning bartaraf etilganligini tasdiqlovchi hujjatlarni ilova qilgan holda, takroran ariza bilan murojaat qilishi mumkin.
Ushbu bandda koʻrsatilgan muddat tugagandan soʻng taqdim etilgan ariza yangi berilgan deb hisoblanadi.
16. Subsidiya hududiy komissiyalarning qarorlari asosida ajratiladi.
17. Qabul qilingan qaror bir ish kuni mobaynida Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi, xalq deputatlari viloyatlar Kengashlariga yuboriladi.
18. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi, xalq deputatlari viloyatlar Kengashlarining subsidiya ajratish toʻgʻrisidagi qaroriga asosan Iqtisodiyot va moliya vazirligining hududiy boshqarmalari tomonidan tegishli mablagʻlar ikki ish kunida tashuvchining tijorat banklardagi hisobvaraqlariga oʻtkazib beriladi.
3-bob. Yakunlovchi qoidalar
19. Subsidiya ajratish uchun taqdim etilgan maʼlumotlar va hujjatlarning toʻgʻriligi hamda haqqoniyligiga tashuvchilar masʼul hisoblanadi.
20. Tashuvchilarning subsidiya ajratish toʻgʻrisidagi murojaatlari oʻrnatilgan tartibda koʻrib chiqilishiga va mablagʻlar ajratilishiga hududiy komissiyalar raislari masʼul hisoblanadi.
21. Mazkur Reglament talablarining buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda javob beradilar.
Shahar atrofi va viloyat ichi shaharlararo norentabel muntazam avtobus yoʻnalishlarida koʻrilgan zararlarni qoplab berish davlat xizmatini koʻrsatishning maʼmuriy reglamentiga 1-ILOVA
_____________________viloyatining shahar atrofi yoki viloyat ichidagi shaharlararo norentabel avtobus yoʻnalishlari boʻyicha
REYESTR
Shahar atrofi va viloyat ichi shaharlararo norentabel muntazam avtobus yoʻnalishlarida koʻrilgan zararlarni qoplab berish davlat xizmatini koʻrsatishning maʼmuriy reglamentiga 2-ILOVA
Shahar atrofi va viloyat ichidagi shaharlararo norentabel avtobus yoʻnalishlaridan koʻriladigan zararni subsidiya ajratish yoʻli bilan qoplab berish
SXEMASI
Shahar atrofi va viloyat ichi shaharlararo norentabel muntazam avtobus yoʻnalishlarida koʻrilgan zararlarni qoplab berish davlat xizmatini koʻrsatishning maʼmuriy reglamentiga 3-ILOVA
“________________________________” MCHJning 20___ yil ______________ oyida___________ (korxonaning nomi) ____________________________________ (oy) ____________________________________________ ____-sonli ______________ avtobus__ (shahar atrofi / viloyat ichidagi shaharlararo) _____(№) _________ (yoʻnalish nomi) _________yoʻnalishi boʻyicha ________________ moliyaviy koʻrsatkichlar toʻgʻrisidagi____________________________ (amaldagi yoki prognoz) ___________________________________________________________MAʼLUMOTT/rKoʻrsatkichlar nomiOʻlchov birligiNorentabel yoʻnalish boʻyicha amaldagi koʻrsatkichI.Umumiy maʼlumotlar1.yoʻnalish masofasikm2.yoʻnalishdagi avtobuslar sonidona3.yoʻnalishdagi avtobuslar qiymatimln.soʻm4.avtobusning yoʻlovchi sigʻimiyoʻlovchi5.yoʻnalishdagi qatnovlar sonidona6.amaldagi tarif bir yoʻlovchi-kmsoʻmII.Jami yoʻlovchilar soniyoʻlovchiIII.Daromadlar (7.+8.)ming soʻm7.naqd pulda yoʻlovchi tashishdanming soʻm8.elektron toʻlovda yoʻlovchi tashishdanming soʻmIV.Tannarx xarajati (9.+10.+11.+12.+13.+14.+15.+16.+17.)ming soʻm9.ish haqi xarajatiming soʻm10.yagona ijtimoiy toʻlovming soʻm11.yoqilgʻi (metan gaz)ming soʻm12.shina xarajatiming soʻm13.dvigatel moy xarajatiming soʻm14.filtr, kolodka va boshqalarming soʻm15.texnik xizmat va joriy taʼmirming soʻm16.amortizatsiyaming soʻm17.boshqa xarajatlarming soʻmV.Davr xarajati (18.+19.+20.)ming soʻm18.sotish xarajatiming soʻm19.maʼmuriy xarajatlarming soʻm20.boshqa xarajatlarming soʻmVI.Moliyaviy faoliyat boʻyicha xarajatming soʻm21.foiz xarajatlariming soʻmVII.Moliyaviy faoliyatdan olinadigan daromadming soʻmVIII.Jami xarajat (IV+V+VI-VII.)ming soʻmIX.Sof foyda yoki zarar (III.-VIII.)ming soʻm22.Rentabellik darajasi (IX./IV. *100)%
Izoh. Norentabel yoʻnalishda davr xarajatlarini hisoblash uchun yoʻnalishning ish haqi xarajatlarini jami xarajatlarga nisbati foiz koʻrinishida hisoblanadi.
Rahbar________________________________________ImzoF.I.O.Bosh hisobchi________________________________________ImzoF.I.O.
