Navoiy davlat universitetini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida (PQ-378-son)
31.10.2024
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
qarori
Bugungi kunda Navoiy viloyatida iqtisodiyot tarmoqlarining oʻsish surʼatlari hamda hududning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishidan kelib chiqib, aniq va tabiiy fanlar, axborot texnologiyalari, iqtisodiyot, turizm, qishloq xoʻjaligi kabi sohalar boʻyicha yuqori malakali kadrlarga ehtiyoj ortib bormoqda.
Bu borada hududning imkoniyatlaridan toʻliq foydalanish, respublikada amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlar, ijtimoiy va iqtisodiy sohalardagi yangilanishlarda oliy taʼlim tashkilotlarining faol ishtirokini taʼminlash hamda Navoiy viloyati aholisi, avvalo, yoshlarining talab va istaklarini hisobga olib, ular uchun yanada keng imkoniyat va sharoitlar yaratish maqsadida:
1. Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi hamda Navoiy viloyati hokimligining Navoiy davlat pedagogika instituti negizida Navoiy davlat universitetini (keyingi oʻrinlarda — Universitet) tashkil etish toʻgʻrisidagi taklifi maʼqullansin.
2. Quyidagilar Universitetning asosiy vazifalari va faoliyat yoʻnalishlari etib belgilansin:
hududda soha va tarmoqlarning rivojlanish istiqbollarini hisobga olgan holda zamonaviy bilim va malakaga ega boʻlgan ilmiy va ilmiy-pedagogik kadrlarni tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish boʻyicha uzluksiz taʼlim tizimini yaratish;
zamonaviy oʻquv, ilmiy va IT-laboratoriya bazasini yaratish, ushbu laboratoriyalarni ilgʻor texnologik asbob-uskunalar bilan jihozlash hamda ilmiy-innovatsion tadqiqotlar transferini amalga oshirish;
talabalarni ilmiy-innovatsion faoliyatga keng jalb etish, ijtimoiy-iqtisodiy sohalarni rivojlantirishning dolzarb yoʻnalishlari boʻyicha ilmiy loyihalarni amalga oshirish, ularning natijalarini joriy etish yuzasidan ilmiy va amaliy takliflar ishlab chiqish;
oʻquv jarayoniga xalqaro taʼlim standartlari, ilgʻor taʼlim texnologiyalari va usullarini joriy etish, shuningdek, talabalarda mustaqil taʼlim olish, tizimli tahlil qilish, ijodiy fikrlash koʻnikmalarini shakllantirish;
yetakchi xorijiy oliy taʼlim tashkilotlari bilan akademik va ilmiy hamkorlikni rivojlantirish, professor-oʻqituvchilarning xorijiy ilmiy-amaliy stajirovkasini tizimli yoʻlga qoʻyish;
talaba-yoshlarda maʼnaviy va axloqiy fazilatlarni rivojlantirish, Vatanga muhabbat, uning taqdiriga daxldorlik, kasbga sadoqat hissini mustahkamlash, taʼlim-tarbiya jarayoni hamda maʼnaviy-maʼrifiy ishlar samaradorligini oshirish.
3. Belgilab qoʻyilsinki:
a) Navoiy davlat pedagogika institutida tahsil olayotgan barcha talabalar oʻqishlarini Universitetda davom ettiradi hamda 2024/2025 oʻquv yilidan boshlab bitiruvchi kurs talabalariga Universitet diplomi beriladi;
b) Universitet Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligiga idoraviy jihatdan boʻysunadi hamda Navoiy davlat pedagogika institutining huquqlari, majburiyatlari va shartnomalari boʻyicha huquqiy vorisi hisoblanadi;
v) Universitetda 2025/2026 oʻquv yilidan boshlab:
hududiy rivojlanish dasturlariga muvofiq ehtiyoj yuqori boʻlgan aniq va tabiiy fanlar, axborot texnologiyalari, sunʼiy intellekt, iqtisodiyot, biznes va turizm, investitsiyalarni boshqarish, qishloq xoʻjaligi, ekologiya va atrof-muhit muhofazasi, logistika kabi yoʻnalishlar boʻyicha kadrlar tayyorlash yoʻlga qoʻyiladi;
dars mashgʻulotlarini amaliyot bilan birga tashkil etish maqsadida tegishli yoʻnalishlar boʻyicha taʼlim jarayoni dual taʼlim shaklida yoʻlga qoʻyilib, korxona va tashkilotlarda kafedra filiallari tashkil etiladi hamda taʼlim jarayoniga uzoq yillik mehnat tajribasiga ega amaliyotchi mutaxassislar jalb etiladi;
yangi tashkil etilgan taʼlim yoʻnalishlari va mutaxassisliklar boʻyicha xorijiy davlatlar va respublikadagi yetakchi oliy taʼlim tashkilotlari bilan ikkita diplom berishga asoslangan qoʻshma taʼlim dasturlari yoʻlga qoʻyiladi;
alohida guruhlarda bakalavriat va magistratura bosqichlarida taʼlim jarayoni xorijiy tillarda tashkil etiladi hamda taʼlim dasturlari bosqichma-bosqich xalqaro akkreditatsiyadan oʻtkazishga tayyorlanadi.
4. Quyidagilar:
2024 — 2027-yillarda Navoiy davlat universitetini kompleks rivojlantirish dasturi 1-ilovaga muvofiq;
2026 — 2030-yillarda Navoiy davlat universitetining oʻquv va ilmiy laboratoriyalari moddiy-texnika bazasini yaratish dasturi 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
5. Belgilansinki, 2025-yil 1-yanvardan boshlab Universitetga akademik, tashkiliy-boshqaruv va moliyaviy mustaqillik beriladi. Bunda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 24-dekabrdagi “Davlat oliy taʼlim muassasalarining akademik va tashkiliy-boshqaruv mustaqilligini taʼminlash boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PQ-60-son hamda “Davlat oliy taʼlim muassasalariga moliyaviy mustaqillik berish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-61-son qarorlarida belgilangan tartiblar Universitetga tatbiq etiladi.
6. Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi “Taʼlim sohasidagi loyihalar markazi” loyiha ofisi bilan birgalikda ikki oy muddatda Universitet faoliyatini takomillashtirish va taʼlim sifatini taʼminlash maqsadida xorijiy ekspertlarni jalb qilgan holda Universitetda Transformatsiya markazini tashkil etsin.
Transformatsiya markazi quyidagi masalalar yuzasidan masʼul etib belgilansin:
Universitetning taʼlim dasturlarini xalqaro taʼlim standartlariga muvofiqlashtirish;
Universitetni dunyoning eng nufuzli oliy taʼlim tashkilotlari reytingiga kiritish chora-tadbirlarini ishlab chiqish va ijrosini tashkil etish;
Universitet taʼlim dasturlarini xalqaro akkreditatsiyadan oʻtkazish hamda Universitet diplomlarining xorijda tan olinishiga erishish;
taʼlim xizmatlarini koʻrsatish samaradorligini oshirish maqsadida Universitet oʻquv-uslubiy boʻlinma hamda dekanatlar shtatlarini maqbullashtirish hisobidan Registrator ofisi faoliyatini yoʻlga qoʻyish;
Universitetning taʼlim, tadqiqot va axborot-kutubxona faoliyatlarini hamda boshqaruv jarayonlarini toʻliq raqamlashtirish.
7. Navoiy viloyati hokimligi:
Universitet talabalarining malakaviy amaliyotlari hududda joylashgan yirik korxona va tashkilotlarda tashkil etilishini taʼminlasin;
Universitet mutaxassislik kafedralarining mos yoʻnalishlari boʻyicha mahalliy va xorijiy korxonalar bilan hamkorligini yoʻlga qoʻyishga koʻmaklashsin;
mahalliy budjet mablagʻlari hisobidan hududda joylashgan oliy taʼlim tashkilotlari talabalari va yosh tadqiqotchilar uchun startap loyihalarni moliyalashtirishni yoʻlga qoʻysin. Bunda asosiy yoʻnalish sifatida hududni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, yoshlar bandligini taʼminlash hamda import oʻrnini bosuvchi mahsulot ishlab chiqarish belgilansin.
8. Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi:
a) Universitet ilmiy salohiyatini oshirib borish chorasini koʻrsin hamda uning xalqaro hamkorligini yoʻlga qoʻyishda, xususan yetakchi xorijiy oliy taʼlim tashkilotlari bilan qoʻshma taʼlim va xalqaro almashinuv dasturlarini joriy etish, xorijlik yetakchi professor-oʻqituvchilarni Universitetning taʼlim va ilmiy-tadqiqot jarayonlariga jalb etishga koʻmaklashsin;
b) 2025-yil 1-fevralga qadar:
Universitetda joriy etiladigan yangi taʼlim yoʻnalishlarini hisobga olgan holda uning tuzilmasi, shtat birliklari, fakultet va kafedralarini qayta koʻrib chiqsin hamda belgilangan tartibda tasdiqlanishini taʼminlasin;
xorijiy talabalarni jalb etish maqsadida “Study in Uzbekistan” platformasida Universitet boʻlimini tashkil etsin va uni sifatli maʼlumotlar bilan toʻldirsin;
v) 2025-yil 1-iyunga qadar Universitetda talabalarning bitiruv malakaviy ishlari va magistrlik dissertatsiyalarini koʻchirmachilikka qarshi tekshirish (antiplagiat) mexanizmini joriy etsin.
9. Belgilansinki, Universitet faoliyatini moliyalashtirish:
Davlat budjeti mablagʻlari, toʻlov-kontrakt asosida oʻqitishdan tushadigan mablagʻlar, xoʻjalik faoliyati va shartnoma asosida xizmatlar koʻrsatishdan tushadigan tushumlar, homiylik xayriyalari va grantlar hamda qonunchilik hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan amalga oshiriladi;
2024-yilda Oʻzbekiston Respublikasining respublika budjetidan birinchi darajali budjet mablagʻlarini taqsimlovchi sifatida Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligiga ajratiladigan mablagʻlar doirasida amalga oshiriladi, 2025-yildan boshlab Davlat budjeti parametrlarida nazarda tutiladi.
10. Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi ikki oy muddatda qonunchilik hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
11. Mazkur qarorning ijrosini samarali tashkil qilishga masʼul va shaxsiy javobgar etib oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vaziri K.A. Sharipov hamda Navoiy viloyati hokimi N.T. Tursunov belgilansin.
Qaror ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N. Aripov va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi Ijtimoiy rivojlanish departamenti rahbari O.K. Abduraxmanov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2024-yil 31-oktabr,
PQ-378-son
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 31-oktabrdagi PQ-378-son qaroriga 1-ILOVA
2024 — 2027-yillarda Navoiy davlat universitetini kompleks rivojlantirish
dasturi
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 31-oktabrdagi PQ-378-son qaroriga 2-ILOVA
2026 — 2030-yillarda Navoiy davlat universitetining oʻquv va ilmiy laboratoriyalari moddiy-texnika bazasini yaratish
DASTURI
Izoh:
laboratoriyalar moddiy-texnika bazasi Universitet mablagʻlari, grantlar va homiylik mablagʻlari hisobidan moliyalashtiriladi;
laboratoriyalar moddiy-texnika bazasi qiymatiga ishlab chiqiladigan loyiha-smeta hujjatlari va tender (tanlov) savdolari natijalariga koʻra aniqlik kiritiladi.
