52-modda. Qattiq holdagi foydali qazilmalarni qazib olishga doir ruxsatnomani rasmiylashtirish
Yer qaʼri toʻgʻrisida (O‘RQ-987-son) · Sana: 31.10.2024 · Amalda
Yer qaʼridan foydalanish markazi qattiq holdagi foydali qazilmalarni geologik jihatdan oʻrganish boʻyicha yer qaʼridan foydalanuvchi tomonidan taqdim etilgan qattiq holdagi foydali qazilmalarni qazib olishga doir ruxsatnomani berish uchun ariza olingan paytdan yoxud auksion yoki tender jarayoni tugaganidan keyin yoki Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining yoki Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining hujjatlariga muvofiq berilgan ruxsatnoma munosabati bilan konni oʻzlashtirishning yakuniy loyihasi yoki texnik-iqtisodiy asos olingan paytdan eʼtiboran oʻn ish kuni ichida, qoʻllaniladigan holatga qarab, arizani koʻrib chiqadi hamda uning toʻliqligini aniqlash uchun dastlabki tarzda koʻzdan kechirishni oʻtkazadi.
Arizachi dastlabki tarzda koʻzdan kechirish bosqichi tugaganidan keyin arizadagi biror-bir kamchiliklar toʻgʻrisida xabardor qilinadi. Yer qaʼridan foydalanish markazi arizachiga uncha katta boʻlmagan kamchiliklarni tuzatishga ruxsat berishga yoki arizani rad etishga haqli. Agar ariza rad etilgan boʻlsa, arizachi takroran yangi ariza berishga haqli.
Arizani dastlabki tarzda koʻrib chiqish Yer qaʼridan foydalanish markazi tomonidan ariza olingan paytdan eʼtiboran yigirma ish kuni ichida amalga oshiriladi.
Arizani koʻrib chiqishda Yer qaʼridan foydalanish markazi qattiq holdagi foydali qazilmalarni qazib olish boʻyicha taklif etilayotgan faoliyatni amalga oshirish uchun arizachining moliyaviy, kasbiy va texnik imkoniyatlarini, shuningdek konni oʻzlashtirish loyihasining yoki texnik-iqtisodiy asosning texnik va foydalanish jihatlarini taqdim etilgan hujjatlarning toʻliqligi, ijro etilishi hamda ushbu Qonunning 50 va 53-moddalariga muvofiqligi nuqtai nazaridan koʻrib chiqadi.
Taklif etilayotgan konni oʻzlashtirish loyihasida yoki texnik-iqtisodiy asosda kamchiliklar aniqlangan taqdirda, Yer qaʼridan foydalanish markazi arizachidan toʻqson kundan oshmaydigan oqilona muddatda kamchiliklar bartaraf etilishini talab qilishi mumkin. Bunday soʻrov olinganidan keyin arizachi oʻz arizasini qaytarib olishga, unga oʻzgartirishlar kiritishga yoki oʻzgartirishlar kiritish maqsadga muvofiq emasligi toʻgʻrisida yozma tushuntirish taqdim etishga haqli. Agar arizachi oʻz arizasiga oʻzgartirishlar kiritsa yoki unga oʻzgartirishlar kiritish maqsadga muvofiq emasligi haqida yozma tushuntirish taqdim etsa, Yer qaʼridan foydalanish markazi bunday javobni koʻrib chiqadi va oʻn besh ish kuni ichida oʻzining javobini taqdim etadi. Bundan tashqari arizachi oʻz nuqtai nazarini bayon etish uchun eshituv oʻtkazilishini soʻrashga haqli, Yer qaʼridan foydalanish markazi esa asosga taalluqli savollarga javob berish uchun arizachining shaxsan hozir boʻlishini talab qilish huquqiga ega. Bunday holda Yer qaʼridan foydalanish markazi arizachining dalillarini koʻrib chiqish uchun oʻn besh ish kuni ichida shunday eshituvni oʻtkazadi. Yer qaʼridan foydalanish markazi oʻsha paytda maʼlum boʻlishi mumkin boʻlgan hamda ushbu qismda tavsiflangan jarayon doirasida uning dastlabki tarzdagi koʻrib chiqishiga kiritilmagan yangi masalalarni koʻtarish huquqiga ega emas. Ushbu qismda bayon etilgan jarayon Yer qaʼridan foydalanish markazi ruxsatnomani tasdiqlashga tayyor boʻlmaguniga yoki arizachi oʻz arizasini uzil-kesil qaytarib olmaguniga qadar bir necha bor qoʻllaniladi.
