40-modda. Qattiq holdagi foydali qazilmalarni geologik jihatdan oʻrganishga doir ruxsatnoma berishning qoʻshimcha usullari
Yer qaʼri toʻgʻrisida (O‘RQ-987-son) · Sana: 31.10.2024 · Amalda
Auksion oʻtkazish orqali kimoshdi savdolarining zarurligi Oʻzbekiston Respublikasi Togʻ-kon sanoati va geologiya vazirligi tomonidan aniqlangan hollarda, qattiq holdagi foydali qazilmalarni geologik jihatdan oʻrganishga doir ruxsatnomalar auksion oʻtkazish yoʻli bilan berilishi mumkin.
Alohida hollarda, qattiq holdagi foydali qazilmalarni geologik jihatdan oʻrganishga doir ruxsatnomalar Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining yoki Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining hujjatlariga muvofiq berilishi mumkin.
Bunday hollarda, auksion oʻtkazish uchun tegishli kadastr kvadratlari Yer qaʼridan foydalanish markazi tomonidan zaxira qilib qoʻyiladi.
Qattiq holdagi foydali qazilmalarni geologik jihatdan oʻrganishga doir ruxsatnoma berish uchun auksionlar qonunchilikka muvofiq chetdan aralashuvni istisno etadigan elektron savdo maydonchasida kimoshdi savdolarini oʻtkazish orqali amalga oshiriladi.
Auksion ishtirokchilari auksionda ishtirok etish huquqini olish uchun ushbu Qonunning 39-moddasida nazarda tutilgan maʼlumotlarni taqdim etishi kerak. Ayrim nihoyatda yirik va muhim foydali qazilmalar yoki foydali qazilmalar konlariga nisbatan Yer qaʼridan foydalanish markazi auksionda ishtirok etish uchun qoʻshimcha talablarni, masalan, taklif etilayotgan ishlar dasturini bajarishning moliyaviy va texnik imkoniyati dalillarini taqdim etish talabini belgilashi mumkin.
Yer qaʼri uchastkalaridan qattiq holdagi foydali qazilmalarni geologik jihatdan oʻrganish uchun foydalanish huquqini auksionlarda realizatsiya qilishning boshlangʻich narxi foydali qazilmaning turiga qarab, qonunchilik hujjatlarida belgilanadi.
Auksion gʻolibini aniqlash toʻgʻrisidagi bayonnoma gʻolibga tegishli kadastr kvadratlarida foydali qazilmalarni geologik jihatdan oʻrganishga doir ruxsatnomani berish uchun asos boʻladi.
Auksiondan tushgan mablagʻlar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda taqsimlanadi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining yoki Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining hujjatlariga muvofiq berilgan qattiq holdagi foydali qazilmalarni geologik jihatdan oʻrganishga doir ruxsatnomalarga ushbu Qonunda nazarda tutilgan talablardan tashqari qoʻshimcha ravishda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi va yer qaʼridan foydalanuvchi oʻrtasida tuziladigan kelishuvga koʻra qoʻshimcha shartlar va toʻlov belgilanishi mumkin.
