33-modda. Ruxsatnomalar olish uchun qulay boʻlgan yer qaʼri uchastkalari
Yer qaʼri toʻgʻrisida (O‘RQ-987-son) · Sana: 31.10.2024 · Amalda
Yer qaʼridan foydalanish uchun ruxsatnomalar faqat ochiq kadastr kvadratlariga berilishi mumkin. Yer qaʼridan foydalanishga doir ruxsatnoma olish uchun arizalar barcha ochiq kadastr kvadratlariga berilishi mumkin.
Barcha kadastr kvadratlari, agar bu bevosita ushbu modda bilan taqiqlanmagan boʻlsa, ochiq kadastr kvadratlari boʻladi.
Tashqi chegaralari quyidagi hududlar doirasida joylashgan kadastr kvadrati ochiq kadastr kvadrati boʻlmaydi:
1) ushbu Qonunning 34-moddasiga muvofiq hududida yer qaʼridan foydalanish taqiqlangan kadastr kvadratlari;
2) muhofaza qilinadigan tabiiy hududlar, geologik buyurtma qoʻriqxonalari, tabiat yoki madaniyat yodgorliklari yoxud ushbu Qonunning 35-moddasiga muvofiq ilmiy yoki oʻquv maqsadda foydalanish uchun zaxira qilib qoʻyilgan uchastkalar joylashgan kadastr kvadratlari;
3) ushbu Qonunning 108-moddasiga va 169-moddasi birinchi qismining 4-bandiga muvofiq yer qaʼridan foydalanish sohasidagi faoliyatning asosiy turlari uchun boshqa ruxsatnoma berib boʻlingan kadastr kvadratlari;
4) Yer qaʼridan foydalanish markazi tomonidan ushbu Qonunning 126-moddasiga muvofiq oltin izlovchilar usulida qazib olish uchun belgilangan kadastr kvadratlari;
5) Yer qaʼridan foydalanish markazi tomonidan ushbu Qonunga muvofiq auksion yoki tender oʻtkazish uchun zaxira qilib qoʻyilgan kadastr kvadratlari;
6) Oʻzbekiston Respublikasi mineral xomashyo bazasini rivojlantirishga oid davlat dasturlari doirasida geologik jihatdan oʻrganish amalga oshirilayotgan kadastr kvadratlari;
7) Oʻzbekiston Respublikasi Togʻ-kon sanoati va geologiya vazirligi tomonidan ushbu moddaning beshinchi qismiga muvofiq taqiqlangan kadastr kvadratlari sifatida belgilangan kadastr kvadratlari.
Ushbu moddaning uchinchi qismida sanab oʻtilgan kadastr kvadratlariga ruxsatnomalar berilmaydi va bu kvadratlarda faoliyat amalga oshirilmaydi, bundan ushbu Qonunda nazarda tutilgan hollar mustasno.
Agar ushbu Qonunda boshqacha qoida nazarda tutilmagan boʻlsa, davlat tomonidan geologik jihatdan oʻrganilishi lozim boʻlgan foydali qazilmalar konlari ushbu Qonunning 49-moddasida nazarda tutilgan qoidalarga muvofiq ularning zaxiralari tasdiqlanguniga qadar auksionga yoki tenderga qoʻyilishi mumkin emas. Davlat tomonidan geologik jihatdan oʻrganilishi lozim boʻlgan, auksionga yoki tenderga qoʻyilmaydigan foydali qazilmalar konlari ochiq kadastr kvadratlari toifasiga qaytariladi.
