3-modda. Asosiy tushunchalar — Yer qaʼri toʻgʻrisida (O‘RQ-987-son)
3-modda. Asosiy tushunchalar
Yer qaʼri toʻgʻrisida (O‘RQ-987-son) · Sana: 31.10.2024 · Amalda
Ushbu Qonunda quyidagi asosiy tushunchalar qoʻllaniladi:
benefitsiar egalik qiluvchi — yuridik shaxsni bevosita yoki bilvosita nazorat qiluvchi yoki unga egalik qiluvchi shaxs. Agar bunday shaxs shunday yuridik shaxsning yigirma besh foiz va undan ortiq foiz miqdordagi ulushiga bevosita yoxud bitta yoki oʻzaro bir-biri bilan bogʻlangan bir necha yuridik shaxs orqali egalik qilsa, bunday shaxs biror-bir boshqa malaka mezonlariga qoʻshimcha tarzda avtomatik ravishda benefitsiar egalik qiluvchi deb hisoblanadi;
vakolatli shaxs — yer qaʼridan foydalanish sohasida maxsus bilimlarga ega boʻlgan, qoʻllaniladigan milliy va (yoki) xalqaro standartlarga muvofiq vakolatli shaxs deb eʼtirof etilgan shaxs;
yer ostida saqlash — yer qaʼri makonidan foydali qazilmalarni qazib olish bilan bogʻliq boʻlmagan maqsadlarda, shu jumladan neftni, gazni, gaz kondensatini, sanoat ahamiyatiga molik yer osti suvlarini, boshqa moddalar va materiallarni yer ostida saqlash, chiqindilarni saqlash va koʻmish maqsadida foydalanish;
yer qaʼri — yer qobigʻining tuproq qatlamidan quyida joylashgan, tuproq qatlami mavjud boʻlmaganda esa yer yuzasidan yoki suv obyektlari tubidan quyida joylashgan, geologik jihatdan oʻrganish va oʻzlashtirish mumkin boʻlgan chuqurlikka qadar yastangan qismi;
yer qaʼri uchastkalaridan foydalanish huquqiga doir ruxsatnoma — vakolatli organ tomonidan beriladigan va muayyan chegaradagi yer qaʼri uchastkasidan ushbu Qonunning 30-moddasida nazarda tutilgan yer qaʼridan belgilangan muddat mobaynida foydalanish turlariga muvofiq foydalanish huquqini tasdiqlaydigan hamda yer qaʼri uchastkalaridan foydalanish shartlarini belgilaydigan hujjat;
yer qaʼri uchastkasi — ruxsatnomada koʻrsatilgan bir yoki bir necha kadastr kvadratidan iborat boʻlgan yer qaʼri uchastkasi;
yer qaʼridan foydalanish sohasidagi asosiy faoliyat turi — ushbu Qonun bilan tartibga solinadigan faoliyatning quyidagi biror-bir turi: qattiq holdagi foydali qazilmalarni geologik jihatdan oʻrganish, qattiq holdagi foydali qazilmalarni qazib olish, uglevodorodlarni rekognossirovka qilish ishlari, uglevodorodlarni geologik jihatdan oʻrganish, uglevodorodlarni qazib olish, yer osti omborlarini geologik jihatdan oʻrganish, yer ostida saqlash;
yer qaʼridan foydalanuvchi — ushbu Qonunga muvofiq yer qaʼri uchastkalaridan foydalanish huquqiga doir ruxsatnomaga ega boʻlgan yuridik yoki jismoniy shaxs;
yer qaʼrini geologik jihatdan oʻrganish — Oʻzbekiston Respublikasi hududini mintaqaviy geologik jihatdan oʻrganishni, foydali qazilmalar konlarini izlash, baholash hamda qidirishni, ulardagi foydali qazilmalar zaxiralarining miqdori va sifatini, ularning texnologik xossalarini hamda iqtisodiy qimmatini, shuningdek yer qaʼrining boshqa xossalarini belgilashni oʻz ichiga oladigan, yer qobigʻi geologik tuzilishining oʻziga xos xususiyatlarini aniqlashga doir maxsus tadqiqot ishlari majmui;
ish kuni — shanba va yakshanbadan hamda Oʻzbekiston Respublikasining Mehnat kodeksiga muvofiq belgilanadigan, ishlanmaydigan bayram kunlaridan tashqari har qanday kalendar kun;
kadastr kvadrati — kadastr setkasidagi eng kam maydon birligi boʻlib, uning har bir tomoni geografik koordinatalar tizimidagi oʻnta oltmishtalik soniyaga teng boʻladi;
kadastr kvadrati yuzasining yer uchastkasi — kadastr kvadratlari yuzasidagi, ruxsatnomaga kiritilgan hudud;
kolleksiya materiallarining namunalarini toʻplash — nodir tosh xomashyosining, paleontologik qoldiqlarning va boshqa geologik kolleksiya materiallarining namunalarini toʻplash;
konni oʻzlashtirish loyihasi — konchilik faoliyatining butun davri uchun texnik maslahatchi tomonidan tasdiqlangan ishlar (xizmatlar) loyihasi. Loyiha qazib olish uchastkasini oʻrnatish, ishlatish va yopish tavsifini oʻz ichiga oladi, shuningdek unda taklif etilayotgan loyiha, uni texnik jihatdan amalga oshirish va kutilayotgan muddatlar toʻgʻrisidagi umumiy axborot mavjud boʻladi. Unda cheklangan vaqt davri uchun qabul qilinadigan ishlatish rejasi nazarda tutilib, ushbu rejada butun tegishli texnik faoliyat, shu jumladan ishchi kuchiga boʻlgan talab, mehnatni muhofaza qilishga va texnika xavfsizligiga, shuningdek atrof muhitni muhofaza qilishga rioya etilishi boʻyicha talablar har tomonlama tavsiflanadi;
konchilik faoliyati — konni oʻzlashtirish bilan bogʻliq faoliyat, shu jumladan, qidiruv, geologik jihatdan oʻrganish, konchilik faoliyatining infratuzilma obyektlarini qurish va ularga xizmat koʻrsatish, qazib olish, konsentratsiya, boyitish yoki qayta ishlash, ishlov berish, separatsiya hamda transportda tashish, shuningdek qattiq holdagi foydali qazilmalarni geologik jihatdan oʻrganish oʻtkazish, oʻzlashtirish, ishlab chiqarish yoki qayta ishlash maqsadida amalga oshiriladigan boshqa yordamchi faoliyat turlari;
konchilik faoliyati infratuzilmasi obyektlari — konchilik faoliyatini amalga oshirish maqsadida qurilgan yoki foydalanilayotgan har qanday imorat, qurilma, zavod va boshqa asosiy uskunalar;
konchilik faoliyati chiqindilari — foydali qazilmalarni, shu jumladan uglevodorodlarni qidirish yoki qazib olish natijasida, shuningdek qayta ishlash, shu jumladan affinaj va eritish jarayonida bevosita hosil boʻladigan chiqindilar (qattiq holdagi, yarim qattiq holdagi va suyuq), jumladan boyitish fabrikalarining qoldigʻi, affinaj va eritish chiqindilari, affinaj va eritish jarayonidagi chiqindilar, qoplama togʻ jinslari, chiqindilarni qayta ishlash chogʻida tuproqning yuqori qatlami va shlaklari, texnologik materiallar hamda utilizatsiya qilish uchun yaroqli boʻlgan, ular bilan bogʻliq mahsulotlar;
lozim darajadagi neft-gaz amaliyoti — jahon neft-gaz tarmoqlarida neft-gaz operatsiyalarining tegishli jihatlari bilan bogʻliq holda yuzaga keladigan oʻxshash holatlar hamda sharoitlarda ehtiyotkor va insofli operatorlar tomonidan foydalaniladigan texnologiyalar, usullar va tartib-taomillar;
mineral xomashyo — qazib olingan va birlamchi ishlov berishdan oʻtkazilgan foydali qazilmalar;
neft va gaz koni — uglevodorodlar qazib olinishi mumkin boʻlgan bitta geologik tuzilma yoki stratigrafik sharoitlar bilan guruh hosil qilgan yoki bogʻliq boʻlgan uglevodorodlar qatlami yoki uglevodorodlarning bir necha qatlami;
neft mahsulotlari — qayta ishlash yoki ishlov berish jarayonida xom neftdan yoki tabiiy gazdan fraksiyalarga ajratilgan yoki boshqacha tarzda olingan mahsulotlar;
neft-gaz infratuzilmasi obyekti — neft-gaz operatsiyalarini amalga oshirish uchun qurilgan yoki foydalaniladigan har qanday konstruksiya, qurilma, zavod va boshqa asosiy asbob-uskuna;
neft-gaz operatsiyalari — uglevodorodlarni rekognossirovka qilish, geologik jihatdan oʻrganish va qazib olish bilan bogʻliq ishlar, shu jumladan oʻzlashtirish, saqlash, tayyorlash, qayta ishlash, transportda tashish bilan bogʻliq faoliyat yoki uglevodorodlarni rekognossirovka qilish, geologik jihatdan oʻrganish va qazib olish maqsadida amalga oshiriladigan boshqa ishlar;
noruda foydali qazilmalar — tarkibida metallar mavjud boʻlmagan, tabiiy holatda yoki tozalangan va ishlov berilgan holda foydalaniladigan foydali qazilmalar;
tabiiy gazni chuqur qayta ishlash mahsulotlari — xom tabiiy gazni tozalash hamda taqsimlash va pirovardida undan foydalanish uchun uning yaroqliligini taʼminlash maqsadida tabiiy gazni qayta ishlash natijasida olinadigan mahsulotlar;
tajriba-sanoat usulida qazib olish — foydali qazilmalarni boyitish va qayta ishlash texnologiyalarini ishlab chiqish yoki takomillashtirish, foydali qazilmalar konlarini sanoat usulida oʻzlashtirishning, shuningdek texnogen mineral hosilalardan foydalanishning oqilona usullari va uslublarini tanlash maqsadida yer qaʼrini geologik jihatdan oʻrganish jarayonida amalga oshiriladigan foydali qazilmalarni qazib olish;
texnik maslahatchi — ariza berish uchun texnik-iqtisodiy asosnoma, konni oʻzlashtirish rejasi, yer qaʼridan foydalanish oqibatlarini bartaraf etish rejasi kabi hujjatlarni, shuningdek konchilik faoliyatini amalga oshirish uchun zarur boʻlgan rejalashtirish sohasidagi boshqa hujjatlarni texnik jihatdan tayyorlashga layoqatli boʻlgan shaxs;
texnogen mineral hosilalar — konchilik, kon-qayta ishlash (boyitish) va energetika sohasidagi ishlab chiqarishlarning tarkibida keyinchalik foydalanish uchun yaroqli foydali komponentlar mavjud boʻlgan chiqindilari toʻplamlari;
tijoratbop topilma — joriy texnik va texnologik darajani hisobga olgan holda oʻzlashtirish chogʻida iqtisodiy jihatdan rentabelli boʻlgan kon;
uglevodorodlar koni — yer qaʼrida bitta tuzilma yoki qatlam doirasida hosil boʻlgan, miqdori, sifati va zaxiralari aniqlangan, uglevodorodlarning bitta yoki bir necha qatlami;
uglevodorodlar topilmasi — miqdori, sifati yoki iqtisodiy jihatdan maqsadga muvofiqligidan qatʼi nazar, uglevodorodlarni geologik jihatdan oʻrganishga doir ruxsatnomaga kiritilgan yer qaʼri uchastkasining istalgan qismidagi uglevodorodlar hajmlarining biror-bir topilmasi;
uglevodorodlar qatlami — uglevodorodlarning alohida va yakka holdagi tabiiy (suyuq yoki gaz holatidagi) uyumlarini oʻz ichiga olgan, oʻtkazmaydigan jinslar va (yoki) suv toʻsiqlari bilan chegaralangan hamda yagona tabiiy bosim tizimi xususiyatiga ega boʻlgan gʻovak va oʻtkazuvchan geologik hosila;
uglevodorodlarni baholash — uglevodorodlar topilganidan keyin uglevodorodlarning potensial qatlamidan chiqarib olinayotgan uglevodorodlar zaxiralarining miqdori va sifatini, shuningdek uglevodorodlarning potensial qatlami uglevodorodlar koni boʻla olishi mumkinligini yoki mumkin emasligini aniqlash uchun bitta yoki bir necha shunday potensial qatlamning oʻlchamini, koʻlamini hamda undan tijorat maqsadida foydalanish imkoniyatini aniqlash maqsadida uglevodorodlarni yer qaʼridan foydalanuvchi tomonidan geologik jihatdan oʻrganish doirasida amalga oshiriladigan barcha ishlar;
uglevodorodlarni birgalikda oʻzlashtirish — uglevodorodlarni qazib olishga doir turli ruxsatnomalarga taalluqli boʻlgan yer qaʼri uchastkalaridagi bitta neft-gaz koni chegaralarida joylashgan uglevodorodlarning bitta yoki bir necha qatlamiga nisbatan uglevodorodlarni qazib olishga oid birgalikdagi ishlarni bir necha yer qaʼridan foydalanuvchilar tomonidan shartnoma asosida, shu jumladan tegishli konni oʻzlashtirish uchun umumiy infratuzilmadan foydalangan holda amalga oshirish;
uglevodorodlarni rekognossirovka qilish ishlari — biror-bir usuldan foydalanish vositasida yer qaʼrining muayyan uchastkasida uglevodorodlarni izlash chogʻida bajariladigan geologik, geokimyoviy va geofizik qidiruv ishlari: seysmik, gravimetrik, magnit, elektr, elektromagnit, geokimyoviy tadqiqotlar, shu jumladan uch yuz metr chuqurlikka qadar uncha chuqur boʻlmagan burgʻilash ishlari;
uglevodorodlarni qazib olish ishlari — neft va gaz konini yoki uglevodorodlar qatlamini oʻzlashtirish, uglevodorodlarni qazib olish, chiqarib olish, transportda tashish, tayyorlash va ajratish yoxud neft-gaz infratuzilmasi obyektlarini qurish, oʻrnatish, ishlatish yoki unga xizmat koʻrsatish bilan bogʻliq har qanday ishlar;
foydali komponent — foydali qazilmaning tijoratda foydalanish maqsadida qazib olish texnologik jihatdan mumkin boʻlgan va iqtisodiy jihatdan maqsadga muvofiq boʻlgan tarkibiy qismi;
foydali qazilmalar — yer qaʼridagi kelib chiqishi noorganik va organik boʻlgan qattiq, suyuq yoki gazsimon holatdagi tabiiy mineral hosilalar, shu jumladan sanoat ahamiyatiga molik yer osti suvlari, shoʻr koʻllarning tuz eritmalari;
foydali qazilmalar koni — miqdori va sifati jihatidan oʻzlashtirish obyekti boʻlishi mumkin boʻlgan, tarkibida foydali qazilmalar mavjud yer qaʼri uchastkasi;
foydali qazilmalarni oltin izlovchilar usulida qazib olish — yer qaʼri uchastkalaridan, shu jumladan sochma oltin konlari uchastkalaridan tadbirkorlik tavakkalchiligi asosida qimmatbaho metallarni va qimmatbaho toshlarni nosanoat usulida qazib olish;
foydali qazilmalarni qazib olish — foydali qazilmalarni yer qaʼridan yuzaga chiqarib olish bilan bogʻliq ishlar majmui;
ekologik ekspertiza — rejalashtirilayotgan yoki amalga oshirilayotgan xoʻjalik faoliyatining va boshqa faoliyatning ekologik talablarga muvofiqligini “Ekologik ekspertiza toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga muvofiq belgilash hamda ekologik ekspertiza obyektini roʻyobga chiqarishga yoʻl qoʻyilishi mumkinligini aniqlash;
elektron auksion — elektron savdolarni auksion shaklida oʻtkazish usuli boʻlib, bunda yer qaʼri uchastkasidan foydalanish huquqi Internet jahon axborot tarmogʻidagi ixtisoslashgan elektron savdo maydonchasida onlayn rejimda, auksiondan teng foydalanish asosida amalga oshiriladi;
qattiq holdagi foydali qazilmalar — yer osti qatlamlarida yoki yer yuzasida qattiq shaklda joylashgan tabiiy mineral hosilalar, organik moddalar va ularning aralashmalari, rudali va noruda foydali qazilmalar;
qattiq holdagi foydali qazilmalarning asosiy turlari — noruda foydali qazilmalardan farq qiluvchi qattiq holdagi foydali qazilmalar.
O'qish oynasida ochishRangli belgilar, qaydlar, qidiruv va tanlangan matn bo'yicha test bilan.
Matn lex.uz dan avtomatik olingan va mazmunan u bilan bir xil: bu alohida tahrir emas, o'sha matnning o'zi. U ta'lim va ma'lumot maqsadida keltirilgan, normalar mazmuni o'zgartirilmaydi. Bu rasmiy nashr emas: sud, shartnoma va rasmiy javoblar uchun lex.uz dagi amaldagi tahrirni tekshiring. Loyiha haqida
Sayt haqida: NEOLEX (veoskill) — O'zbekiston Respublikasi huquqi bo'yicha ta'lim loyihasi. U lex.uz o'rnini bosmaydi, o'sha matnlarga har bir modda uchun alohida manzil, oddiy so'zlar bilan izohlar, atamalar lug'ati, testlar va uch tilda o'qishni qo'shadi. Aloqa: Telegram @neovixar.
Quyidagicha iqtibos keltiring: 3-modda. Asosiy tushunchalar Yer qaʼri toʻgʻrisida (O‘RQ-987-son). neolex.uz/uz/laws/law-7182163/3 (lex.uz/docs/-7182161)