Sudgacha sanatsiya qilishni davlat tomonidan yordam koʻrsatgan holda oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida (708-son)
28.10.2024
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Oʻzbekiston Respublikasining “Toʻlovga qobiliyatsizlik toʻgʻrisida”gi Qonuni hamda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Qonunlarning ijtimoiy munosabatlarni tartibga solishdagi rolini hamda norma ijodkorligi jarayoni sifatini yanada oshirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida” 2024-yil 19-fevraldagi PQ-75-son qarori ijrosini taʼminlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasining “Toʻlovga qobiliyatsizlik toʻgʻrisida”gi Qonunining 34-moddasiga asosan sudgacha sanatsiya qilishni davlat tomonidan yordam koʻrsatgan holda oʻtkazish Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan vakolat berilgan organning qarori asosida amalga oshirilishi belgilanganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Quyidagilarni nazarda tutuvchi Sudgacha sanatsiya qilishni davlat tomonidan yordam koʻrsatgan holda oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizom (keyingi oʻrinlarda — Nizom) ilovaga muvofiq tasdiqlansin:
sudgacha sanatsiya qilishni davlat tomonidan yordam koʻrsatgan holda oʻtkazishning obyekti, subyekti va xususiyatlari;
sudgacha sanatsiya qilishni davlat tomonidan yordam koʻrsatgan holda oʻtkazish va uning monitoringini yuritish;
korxonani sudgacha sanatsiya qilish davrida maxsus sanatsiya hisobvaragʻining ochilishi va ishlash tartibi;
sudgacha sanatsiya qilishni davlat tomonidan yordam koʻrsatgan holda oʻtkazishni tugatish.
3. Belgilansinki, kreditorlarga toʻlanadigan toʻlovlar muddatini kechiktirish va (yoki) uni boʻlib-boʻlib toʻlash yoxud qarzlardan chegirma berish toʻgʻrisida qarzdor hamda kreditorlar oʻrtasida kelishuvga erishishga qaratilgan bitimlar, soliq va boshqa vakolatli organlarning qarorlari asosida yuridik shaxslarni davlat tomonidan yordam koʻrsatgan holda sudgacha sanatsiya qilish Davlat aktivlarini boshqarish agentligining qaroriga muvofiq joriy etiladi.
Bunda davlat tomonidan yordam koʻrsatgan holda sudgacha sanatsiya qilishni joriy etish xizmatidan foydalanish uchun manfaatdor shaxslar yoki ularning ishonchli vakillari faqatgina Davlat xizmatlari markazlari yoki Oʻzbekiston Respublikasi Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (keyingi oʻrinlarda — YIDXP) orqali murojaat qiladilar.
4. Davlat aktivlarini boshqarish agentligi Raqamli texnologiyalar vazirligi bilan birgalikda ikki oy muddatda:
ushbu qaror bilan tasdiqlangan Nizomga muvofiq davlat xizmatlarini koʻrsatish Davlat xizmatlari markazlari va YIDXP orqali joriy etilishini taʼminlasin;
YIDXPda mazkur xizmat koʻrsatilishining har bir bosqichida murojaatlarning koʻrib chiqilishini kuzatib borish imkoniyatini yaratsin.
5. Adliya vazirligi:
davlat organlari va boshqa tashkilotlar tomonidan davlat xizmatlari koʻrsatilishining belgilangan tartibiga rioya etilishi yuzasidan YIDXP orqali doimiy nazorat oʻrnatsin;
Nizom talablarini buzganlik uchun davlat organlari va boshqa tashkilotlarning mansabdor shaxslariga nisbatan belgilangan tartibda maʼmuriy jazolarni qoʻllasin.
6. Davlat aktivlarini boshqarish agentligi ikki oy muddatda manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda oʻzlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlar ushbu qarorga muvofiqlashtirilishini taʼminlasin.
7. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligi direktori A.J. Ortiqov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2024-yil 28-oktabr,
708-son
Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 28-oktabrdagi 708-son qarorigaILOVA
Sudgacha sanatsiya qilishni davlat tomonidan yordam koʻrsatgan holda oʻtkazish tartibi toʻgʻrisida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Nizom Oʻzbekiston Respublikasining “Toʻlovga qobiliyatsizlik toʻgʻrisida”gi Qonuniga muvofiq toʻlovga qobiliyatsizlik alomatiga ega boʻlgan korxonalarni moliyaviy sogʻlomlashtirish hamda ularning toʻlov qobiliyatini tiklash uchun sudgacha sanatsiya qilishni davlat tomonidan yordam koʻrsatgan holda oʻtkazish masalalarini tartibga soladi.
Ushbu Nizomning amal qilishi Oʻzbekiston Respublikasining “Qishloq xoʻjaligi korxonalarini sanatsiyalash toʻgʻrisida”gi Qonuniga muvofiq amalga oshiriladigan qishloq xoʻjaligi korxonalarini sudgacha sanatsiya qilishga tatbiq etilmaydi.
2. Toʻlovga qobiliyatsizlik alomatiga ega boʻlgan korxonaga nisbatan uning toʻlov qobiliyatini tiklash va moliyaviy sogʻlomlashtirish sudgacha sanatsiya qilishni davlat tomonidan yordam koʻrsatgan holda oʻtkazishning asosiy maqsadi hisoblanadi.
3. Sudgacha sanatsiya qilish davlat tomonidan yordam koʻrsatgan holda toʻlovga qobiliyatsizlik alomatiga ega boʻlgan korxonaga nisbatan sud tomonidan toʻlovga qobiliyatsizlik toʻgʻrisida ish qoʻzgʻatilguniga qadar oʻtkaziladi va korxonaning toʻlov qobiliyatini tiklash hamda kelgusida samarali faoliyat koʻrsatishi uchun sharoitlar yaratishni nazarda tutadi.
4. Ushbu Nizomda quyidagi asosiy tushunchalar qoʻllaniladi:
joriy toʻlovlar — ushbu Nizomning 37-bandida nazarda tutilgan davlat tomonidan yordam koʻrsatgan holda sudgacha sanatsiya qilish joriy etilgan korxona tomonidan amalga oshiriladigan toʻlovlar;
sudgacha sanatsiya qilish — qarzdor yuridik shaxsning muassislari (ishtirokchilari) yoki uning mol-mulki egasi, kreditorlar va boshqa shaxslar tomonidan qarzdorning toʻlov qobiliyatini tiklash hamda toʻlovga qobiliyatsizligining oldini olish uchun koʻriladigan chora-tadbirlar;
soliqlar va yigʻimlar — Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjetiga va (yoki) davlat maqsadli jamgʻarmasiga toʻlanadigan majburiy toʻlovlar;
toʻlovga qobiliyatsizlik alomatlari — Oʻzbekiston Respublikasining “Toʻlovga qobiliyatsizlik toʻgʻrisida”gi Qonuni 5-moddasida nazarda tutilgan vaqtincha yoki doimiy toʻlovga qobiliyatsizlik alomatlari;
shaharni tashkil etuvchi va unga tenglashtirilgan korxona — xodimlari, ularning oila aʼzolari ham qoʻshib hisoblanganda, tegishli aholi punkti aholisining kamida yarmini yoki xodimlarining soni kamida uch ming nafarni tashkil etadigan yoxud davlatning mudofaa qobiliyati va xavfsizligi saqlab turilishini taʼminlaydigan, shuningdek, strategik ahamiyatga ega boʻlgan yoki tabiiy monopoliyalar subyekti boʻlgan yuridik shaxs.
5. Sudgacha sanatsiya qilishni davlat tomonidan yordam koʻrsatgan holda oʻtkazish oʻn ikki oydan yigirma toʻrt oygacha muddatga joriy etiladi.
2-bob. Sudgacha sanatsiya qilishni davlat tomonidan yordam koʻrsatgan holda oʻtkazishning obyekti va subyekti
6. Toʻlovga qobiliyatsizlik alomatiga ega boʻlgan korxona sudgacha sanatsiya qilishni davlat tomonidan yordam koʻrsatgan holda oʻtkazishning obyekti hisoblanadi.
7. Toʻlovga qobiliyatsizlik alomatiga ega boʻlgan korxonaning muassislari (ishtirokchilari), korxona mol-mulkining egasi, davlat organlari va boshqa shaxslar sudgacha sanatsiya qilishni davlat tomonidan yordam koʻrsatgan holda oʻtkazishning subyektlari boʻlishi mumkin.
8. Quyidagilar birinchi navbatda sudgacha sanatsiya qilinadigan korxonalar hisoblanadi:
hayotiy muhim oziq-ovqat va nooziq-ovqat xalq isteʼmoli mollari hamda dori-darmonlar ishlab chiqaruvchi korxonalar;
davlat mudofaasi va xavfsizligi saqlab turilishini taʼminlovchi korxonalar;
respublika iqtisodiyotini rivojlantirishda muhim oʻrin egallagan bazaviy tarmoq (kon qazish, energetika, metallurgiya, kimyo va boshqa tarmoq) korxonalari;
raqobatbardosh, eksportbop va import oʻrnini bosadigan mahsulotlar ishlab chiqaradigan korxonalar;
zamonaviy, yuqori unumli texnika ishlab chiqarishni va iqtisodiyot sohasiga yangi, progressiv, resurs tejaydigan texnologiyalarni joriy etishni taʼminlaydigan korxonalar;
shaharni tashkil etuvchi va unga tenglashtirilgan korxonalar.
3-bob. Sudgacha sanatsiya qilishni davlat tomonidan yordam koʻrsatgan holda oʻtkazish chora-tadbirlari
9. Sudgacha sanatsiya qilishni davlat tomonidan yordam koʻrsatgan holda oʻtkazish jarayoni quyidagi asosiy chora-tadbirlarni oʻz ichiga oladi:
korxonaning toʻlov muddati oʻtkazib yuborilgan qarzlarini toʻliq yoki qisman boshqa korxonalar yoki shaxslar, shu jumladan, korxonaning kreditorlari tomonidan sotib olish;
ishlab chiqarishni raqobatbardosh mahsulot ishlab chiqarishga moslab qayta ixtisoslashtirish;
chetdan yuqori malakali mutaxassislarni jalb etish;
xodimlarni tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish;
qarzdorning toʻlov qobiliyati tiklanishi hamda faoliyatini davom ettirishidan manfaatdor boʻlgan yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan moliyaviy yordam koʻrsatish;
qarzdorning faoliyatini davom ettirishi uchun kreditorlarga toʻlanadigan toʻlovlar muddatini kechiktirish va (yoki) uni boʻlib-boʻlib toʻlash yoxud qarzlardan chegirma berish toʻgʻrisida qarzdor va kreditorlar oʻrtasida kelishuvga erishishga qaratilgan bitim;
soliqlar hamda yigʻimlarni toʻlashni va kreditlarni qaytarishni sudgacha sanatsiya qilish muddatiga kechiktirish;
qarzdor yuridik shaxsni qayta tashkil etish.
Sudgacha sanatsiya qilishni davlat tomonidan yordam koʻrsatgan holda oʻtkazishda boshqa chora-tadbirlar ham amalga oshirilishi mumkin.
10. Sudgacha sanatsiya qilishni davlat tomonidan yordam koʻrsatgan holda oʻtkazishda quyidagi koʻmaklar berilishi mumkin:
toʻlovga qobiliyatsizlik alomatiga ega boʻlgan korxonaga xizmat koʻrsatuvchi bankda ilgari amal qilgan hisobvaraqlari toʻxtatilgan holda sanatsiya hisobvaragʻini ochishga ruxsat berish;
tijorat banklaridan kredit olishda yoki kreditorlar bilan kelishuv davrida kafilliklar berish shaklida moliyaviy yordam koʻrsatish;
xalqaro moliya institutlari va xorijiy moliya tashkilotlari bilan korxonalarni qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan loyihalarni amalga oshirish, ularga texnik va maslahat koʻmagi koʻrsatilishini tashkil etish boʻyicha oʻzaro hamkorlik qilish;
foydalanilmayotgan asosiy vositalarni va qurilishi tugallanmagan obyektlarni konservatsiya qilish;
qonunchilik hujjatlarida nazarda tutilgan boshqa koʻmaklar.
4-bob. Sudgacha sanatsiya qilishni davlat tomonidan yordam koʻrsatgan holda oʻtkazish va uning monitoringini yuritish tartibi
11. Sudgacha sanatsiya qilish davlat tomonidan yordam koʻrsatgan holda mazkur Nizomga 1-ilovaga muvofiq sxema boʻyicha oʻtkaziladi.
12. Toʻlovga qobiliyatsizlik alomati mavjud boʻlgan korxonani sudgacha sanatsiya qilishni davlat tomonidan yordam koʻrsatgan holda oʻtkazish toʻgʻrisidagi qarorni Davlat aktivlarini boshqarish agentligi (keyingi oʻrinlarda — Agentlik) qabul qiladi.
13. Toʻlovga qobiliyatsizlik alomati mavjud boʻlgan korxonani davlat tomonidan yordam koʻrsatgan holda sudgacha sanatsiya qilish toʻgʻrisidagi murojaatni ushbu korxona rahbari yoki uning nomidan murojaat qilish huquqiga ega boʻlgan shaxs Agentlikka taqdim etadi.
Bunda korxona mazkur xizmatdan foydalanish uchun Davlat xizmatlari markaziga oʻzi kelib murojaat etadi yoki davlat xizmatlaridan elektron shaklda foydalanish uchun Oʻzbekiston Respublikasi Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalida (keyingi oʻrinlarda — YIDXP) roʻyxatdan oʻtadi.
Murojaatlar YIDXP orqali dam olish va bayram kunlaridan qatʼi nazar, har kuni 24 soat davomida yuborilishi mumkin.
Bunda murojaatlar ish vaqtidan keyin yoki dam olish va bayram kunlari tushganda, navbatdagi ish kuni arizalarning Agentlikka tushgan hamda Agentlik tomonidan qabul qilingan kun hisoblanadi.
14. Korxona rahbari yoki uning nomidan ariza berish huquqiga ega boʻlgan shaxs Davlat xizmatlari markaziga oʻzi kelib murojaat etgan taqdirda, Davlat xizmatlari markazi xodimi murojaat qiluvchi nomidan, YIDXP orqali murojaat etgan taqdirda esa, mustaqil ravishda ushbu Nizomga 2-ilova shaklida soʻrovnomani elektron shaklda toʻldiradi.
15. Soʻrovnomada quyidagilar koʻrsatiladi:
korxonaning nomi, yuridik manzili va soliq toʻlovchining identifikatsiya raqami (STIR);
korxona rahbari yoki uning nomidan murojaat qilish huquqiga ega boʻlgan shaxs familiyasi, ismi va otasining ismi;
elektron pochta manzili (mavjud boʻlsa) va telefon raqami;
davlat xizmatini joriy etish soʻralgan muddat.
16. Toʻlovga qobiliyatsizlik alomati mavjud boʻlgan korxonani sudgacha sanatsiya qilishni davlat tomonidan yordam koʻrsatgan holda oʻtkazish uchun quyidagi hujjatlar soʻrovnomaga ilova qilinadi:
ichki zaxiralardan foydalanish imkoniyatlari puxta tahlil qilingan, shu jumladan, ishlab chiqariladigan mahsulotga haq toʻlashga qodir ehtiyoj mavjudligini tasdiqlovchi tegishli shartnomalar koʻrsatilgan, qarzdor korxona taʼsischilari (ishtirokchilari) tomonidan tasdiqlangan biznes-reja va qarzni uzish rejasi nusxasi;
korxonaning soliqlar va yigʻimlardan qarzlari boʻyicha solishtirish dalolatnomasi hamda qarzdor korxonaning soliq qarzini toʻlashni kechiktirish yoki boʻlib-boʻlib toʻlash toʻgʻrisida vakolatli organning qarori nusxasi;
hisobvaraqlarining holati va kartoteka toʻgʻrisida xizmat koʻrsatuvchi bankning maʼlumotnomasi nusxasi;
kreditorlarga toʻlanadigan toʻlovlar muddatini kechiktirish va (yoki) uni boʻlib-boʻlib toʻlash yoxud qarzlardan chegirma berish toʻgʻrisida qarzdor va kreditorlar oʻrtasida kelishuvga erishishga qaratilgan bitimlar nusxasi;
Agentlik zaruratga koʻra vakolatli organlarda mavjud boʻlgan zarur hujjatlar va axborotlarni belgilangan tartibda oʻzaro maʼlumotlar almashish yoʻli bilan, shu jumladan, elektron shaklda mustaqil ravishda soʻrab oladi.
17. Sudgacha sanatsiya qilishni davlat tomonidan yordam koʻrsatgan holda oʻtkazishni joriy etish boʻyicha davlat xizmatini koʻrsatishda yigʻim undirilmaydi.
18. Korxona rahbari yoki uning nomidan murojaat qilish huquqiga ega boʻlgan shaxs sudgacha sanatsiya qilishni davlat tomonidan yordam koʻrsatgan holda oʻtkazishni joriy etish xizmatidan foydalanish davomida bosh tortish huquqiga ega. Bu holatda murojaatni koʻrib chiqish toʻxtatiladi.
Bunda sudgacha sanatsiya qilishni davlat tomonidan yordam koʻrsatgan holda oʻtkazishni joriy etish toʻgʻrisida qaror qabul qilingan boʻlsa, mazkur qaror bekor qilinadi.
19. Korxona rahbari yoki uning nomidan murojaat qilish huquqiga ega boʻlgan shaxs tomonidan Davlat xizmatlari markaziga kelib murojaat qilgan taqdirda, uning murojaati Davlat xizmatlari markazi xodimi tomonidan soʻrovnoma shaklida toʻldirilib, korxona rahbari yoki uning nomidan murojaat qilish huquqiga ega boʻlgan shaxs tomonidan tasdiqlangandan soʻng ushbu Nizomning 16-bandida nazarda tutilgan hujjatlar ilova qilingan holda, oʻn daqiqada Agentlikka elektron shaklda yuboriladi. YIDXP orqali murojaat qilinganda, murojaat avtomatik tarzda Agentlikka yuboriladi.
20. Agentlik bir oy muddatda toʻlovga qobiliyatsizlik alomatlari mavjud korxonaning murojaatini va unga ilova qilingan ushbu Nizomning 16-bandida nazarda tutilgan hujjatlarini koʻrib chiqib, kreditorlarga toʻlanadigan toʻlovlar muddatini kechiktirish va (yoki) uni boʻlib-boʻlib toʻlash yoxud qarzlardan chegirma berish toʻgʻrisida qarzdor hamda kreditorlar oʻrtasida kelishuvga erishishga qaratilgan bitimlar, soliq va boshqa vakolatli organlarning qarorlari asosida korxonaga nisbatan sudgacha sanatsiya qilishni davlat tomonidan yordam koʻrsatgan holda oʻtkazishni joriy etish toʻgʻrisida qaror (keyingi oʻrinlarda — sanatsiya) qabul qiladi.
21. Korxona rahbari yoki uning nomidan murojaat qilish huquqiga ega boʻlgan shaxs tomonidan hujjatlar toʻliq taqdim etilmaganda, murojaat va unga ilova qilingan hujjatlarda notoʻgʻri yoki buzib koʻrsatilgan maʼlumotlar mavjud boʻlganda, Agentlik korxona rahbariga besh ish kuni ichida xatolarni bartaraf etish hamda yetishmayotgan hujjatlarni taqdim etish imkoniyatini beradi.
Bunda korxona rahbari YIDXP orqali murojaat etgan boʻlsa, Agentlik uning shaxsiy kabinetiga asoslantirilgan xabarnoma yuboradi yoki korxona rahbari Davlat xizmatlari markazi orqali murojaat etgan boʻlsa, Davlat xizmatlari markazi uni axborot-kommunikatsiya tizimi orqali xabardor qiladi.
22. Quyidagilar sudgacha sanatsiya qilishni davlat tomonidan yordam koʻrsatgan holda oʻtkazishni joriy etish boʻyicha korxonaning murojaatini qaytarish uchun asos boʻladi:
ushbu Nizomning 16-bandida nazarda tutilgan hujjatlar toʻliq taqdim etilmaganda;
hujjatlarda yolgʻon yoki qalbaki maʼlumotlar koʻrsatilgani aniqlanganda;
korxona tomonidan taqdim etilgan biznes-reja koʻrsatkichlari asossiz maʼlumotlar yoki notoʻgʻri hisob-kitoblarga koʻra shakllantirilganligi aniqlanganda;
korxona rahbari tomonidan mazkur Nizomning 21-bandida belgilangan muddatda hujjatlar qayta taqdim etilmaganda.
Murojaatni qabul qilishni boshqa sabablarga koʻra rad etish qatʼiyan taqiqlanadi.
23. Korxona rahbari ushbu Nizomning 22-bandida nazarda tutilgan rad etishga sabab boʻlgan kamchiliklarni bartaraf etgandan keyin Davlat xizmatlari markaziga yoki YIDXP orqali qayta murojaat qilishi mumkin.
Kamchiliklar bartaraf etilganligi haqidagi murojaat olingan kundan boshlab uch ish kunida taqdim etilgan hujjatlar Agentlik tomonidan takroran koʻrib chiqiladi.
Hujjatlarni takroran koʻrib chiqishda Agentlik tomonidan avvalgi rad etish uchun asoslarda bayon etilmagan sabablar keltirilishiga yoʻl qoʻyilmaydi, avval koʻrsatilgan sabablar bartaraf etilganligini tasdiqlovchi maʼlumotlar bilan bogʻliq rad etish sabablarining keltirilishi bundan mustasno.
24. Agentlik sanatsiya toʻgʻrisida uch ish kuni muddatda korxonaga xizmat koʻrsatuvchi tijorat bankini, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Soliq qoʻmitasini va murojaat qilgan korxonani xabardor qiladi.
25. Agentlik sanatsiyani QR-kod (matrik shtrixli kod) qoʻyilgan holda, mazkur Nizomga 3-ilovadagi shaklda rasmiylashtiradi va uni oʻz ERIsi bilan tasdiqlaydi hamda Davlat xizmatlari markaziga (oʻzi kelib murojaat etgan taqdirda) yoki korxona rahbariga (elektron tarzda murojaat etgan taqdirda) YIDXP orqali yuboradi.
26. Agentlik va uning hududiy boshqarmalari sudgacha sanatsiya qilishni davlat tomonidan yordam koʻrsatgan holda oʻtkazish joriy etilgan korxonalar monitoringini yuritadi.
27. Sudgacha sanatsiya qilishni davlat tomonidan yordam koʻrsatgan holda oʻtkazish joriy etilgan korxona har chorak yakuniga koʻra keyingi oyining 15-sanasiga qadar sudgacha sanatsiya qilish hamda belgilangan moliyaviy sogʻlomlashtirishga qaratilgan chora-tadbirlar bajarilishi toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni korxona roʻyxatdan oʻtgan joydagi Agentlikning tegishli hududiy boshqarmasiga taqdim etadi.
Sudgacha sanatsiya qilishni davlat tomonidan yordam koʻrsatgan holda oʻtkazish joriy etilgan korxonalar roʻyxati har chorak yakuniga koʻra keyingi oyning 15-sanasiga qadar Agentlikning rasmiy veb-saytida eʼlon qilib boriladi.
28. Sudgacha sanatsiya qilishni davlat tomonidan yordam koʻrsatgan holda oʻtkazish joriy etilgan korxona rahbari va uning boshqaruv organlari korxonani moliyaviy sogʻlomlashtirishga qaratilgan chora-tadbirlarni bajarishga masʼul hisoblanadi.
5-bob. Sudgacha sanatsiya qilinayotgan korxona sanatsiya hisobvaragʻining ishlash tartibi
29. Agentlikning qaroriga asosan sudgacha sanatsiya qilishni davlat tomonidan yordam koʻrsatgan holda oʻtkazish joriy etilgan korxonaga milliy va (yoki) chet el valyutadagi sanatsiya hisobvaragʻi ochiladi.
30. Sanatsiya hisobvaragʻini ochish uchun sudgacha sanatsiya qilishni davlat tomonidan yordam koʻrsatgan holda oʻtkazish joriy etilgan korxona uning talab qilib olinguncha asosiy depozit hisobvaragʻiga xizmat koʻrsatayotgan bankka sanatsiya hisobvaragʻi ochish toʻgʻrisida ariza bilan murojaat etadi. Arizaga Agentlikning korxonaga nisbatan sudgacha sanatsiya qilishni davlat tomonidan yordam koʻrsatgan holda oʻtkazishni joriy etish toʻgʻrisidagi qarorining nusxasi, tasdiqlangan biznes-reja va qarzni uzish jadvallari ilova qilinadi.
31. Xizmat koʻrsatuvchi bank ariza kelib tushgan sanadan eʼtiboran bir ish kunida 2-kartotekaning va sudgacha sanatsiyani davlat tomonidan yordam koʻrsatgan holda oʻtkazish joriy etilgan korxonaning ushbu bankdagi boshqa barcha hisobvaraqlarining amal qilishini toʻxtatib, ulardagi mavjud mablagʻlarni korxonaning sanatsiya hisobvaragʻiga oʻtkazadi. Bunda korxonaning chet el valyutasidagi talab qilib olinguncha depozit hisobvaragʻi avvalgi rejimda faoliyatni davom ettiradi, uni tasarruf etish huquqi sudgacha sanatsiya qilishni davlat tomonidan yordam koʻrsatgan holda oʻtkazish joriy etilgan korxonaga oʻtadi.
32. Xizmat koʻrsatuvchi bank elektron pochta orqali sudgacha sanatsiya qilishni davlat tomonidan yordam koʻrsatgan holda oʻtkazish joriy etilgan korxonaga talab qilib olinguncha ikkilamchi depozit hisobvaraqlari ochilgan boshqa barcha banklarga, uning raqami va qabul qilish sanasini koʻrsatgan holda Agentlikning qaroriga havola qilib, ushbu hisobvaraqlarni yopish va ulardagi mavjud mablagʻlarni sudgacha sanatsiya qilishni davlat tomonidan yordam koʻrsatgan holda oʻtkazish joriy etilgan korxonaning sanatsiya hisobvaragʻiga oʻtkazish talabini yuboradi.
1-kartotekada akseptni kutayotgan toʻlov hujjatlari mablagʻlarni oluvchilarga korxonaga nisbatan Agentlikning qarori bilan sudgacha sanatsiya qilishni davlat tomonidan yordam koʻrsatgan holda oʻtkazish joriy etilganligi toʻgʻrisida belgi bilan qaytariladi.
33. Agentlik tomonidan sudgacha sanatsiya qilishni davlat tomonidan yordam koʻrsatgan holda oʻtkazishning muddati ushbu Nizomning 4-bandida nazarda tutilgan umumiy muddatidan oshmagan muddatga uzaytirish toʻgʻrisida qaror qabul qilingan taqdirda sanatsiya hisobvaragʻi sanatsiya yakunlanishigacha amal qilishda davom etadi.
34. Mablagʻlarni sanatsiya hisobvaragʻidan hisobdan chiqarishga faqat sudgacha sanatsiya qilishni davlat tomonidan yordam koʻrsatgan holda oʻtkazish joriy etilgan korxonaning toʻlov topshiriqnomalari asosida yoʻl qoʻyiladi.
35. Sanatsiya hisobvaragʻiga quyidagilar qayd etiladi:
asosiy faoliyatdan, ortiqcha mol-mulkni, tovar-moddiy boyliklarni sotishdan tushayotgan mablagʻlar;
valyuta tushumini sotishdan tushadigan mablagʻlar;
ilgari tuzilgan shartnomaviy majburiyatlar boʻyicha toʻxtatilgan hisobvaraqlarga kelib tushgan mablagʻlar va boshqa tushumlar.
36. Sanatsiya hisobvaragʻidagi sudgacha sanatsiya qilishni davlat tomonidan yordam koʻrsatgan holda oʻtkazish joriy etilgan korxonaning toʻlov topshiriqnomasi bilan qarzni uzish jadvaliga muvofiq joriy toʻlovlar va toʻlovlar amalga oshiriladi.
37. Sudgacha sanatsiya qilishni davlat tomonidan yordam koʻrsatgan holda oʻtkazish joriy etilgan sanadan eʼtiboran yuzaga kelgan joriy toʻlovlarga quyidagilar kiradi:
mehnatga haq toʻlash, alimentlar, mualliflik shartnomalari boʻyicha haqlar, fuqarolarning hayoti yoki sogʻligʻiga yetkazilgan zararni qoplash talablari boʻyicha hisob-kitoblar;
soliqlar va yigʻimlar boʻyicha toʻlovlar;
ijro muddati sudgacha sanatsiya qilish davrida boshlangan kreditlar boʻyicha joriy toʻlovlar va bank komissiyalari;
ular yetkazib beradigan mahsulot va bajaradigan ishlar uchun mahsulot yetkazib beruvchilar va pudratchilarga boʻnak hamda asosiy toʻlovlar;
ishlab chiqarish ehtiyojlari boʻyicha hisob-kitoblar, shu jumladan, energiya resurslarining barcha turlari, aloqa xizmatlari, xom ashyo, materiallar, butlovchi buyumlar, taʼmirlash-foydalanish xarajatlari;
olingan kreditlar boʻyicha, shuningdek, ijro muddati sanatsiya davrida boshlangan, hukumat kafolati bilan taʼminlangan kreditlar boʻyicha bank va Oʻzbekiston Respublikasining Tiklanish va taraqqiyot jamgʻarmasi oldidagi majburiyatlarga doir hisob-kitoblar.
Joriy toʻlovlarga ehtiyoj boʻlmaganda, sanatsiya hisobvaragʻi mablagʻlarining qoldiqlari qarzni uzish jadvalini muddatidan avval ijro etishga yoʻnaltiriladi.
38. Sudgacha sanatsiya qilishni davlat tomonidan yordam koʻrsatgan holda oʻtkazish joriy etilgan korxonaning chet el valyutasidagi talab qilib olinguncha depozit hisobvaragʻi boʻyicha operatsiyalar Markaziy bankning ushbu hisobvaraqning amal qilishini tartibga soluvchi meʼyoriy hujjatlari bilan belgilangan tartibda, sudgacha sanatsiya qilinayotgan korxonaning topshiriqlariga koʻra oʻtkaziladi.
39. Sanatsiya hisobvaragʻining amal qilishi belgilangan sudgacha sanatsiya qilish muddati yakunlanganda yoki Agentlik tomonidan sudgacha sanatsiya qilishni davlat tomonidan yordam koʻrsatgan holda oʻtkazishni muddatidan avval tugatish toʻgʻrisida qaror qabul qilingan taqdirda toʻxtatiladi.
6-bob. Sudgacha sanatsiya qilishni davlat tomonidan yordam koʻrsatgan holda oʻtkazishni tugatish
40. Monitoring natijasida sudgacha sanatsiya qilishni davlat tomonidan yordam koʻrsatgan holda oʻtkazish samarasiz ekanligi aniqlanganda (biznes rejasi va (yoki) qarzni uzish jadvali ketma ket uch chorak davomida bajarilmasa) yoki sudgacha sanatsiya qilishni davlat tomonidan yordam koʻrsatgan holda oʻtkazish muddati tugaganda yoxud soliq organi tomonidan soliqlarni toʻlash boʻyicha kechiktirish yoki boʻlib-boʻlib toʻlashning amal qilishi muddatidan oldin tugatilganda, Agentlik sudgacha sanatsiya qilishni davlat tomonidan yordam koʻrsatgan holda oʻtkazishni tugatish toʻgʻrisida qaror qabul qiladi.
41. Sudgacha sanatsiya qilishni davlat tomonidan yordam koʻrsatgan holda oʻtkazishni tugatish toʻgʻrisidagi Agentlikning qarori qabul qilinganidan soʻng mazkur qarorning nusxasi uch ish kunidan kechiktirilmay korxonaga xizmat koʻrsatuvchi tijorat bankiga va Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Soliq qoʻmitasiga hamda sudgacha sanatsiya qilish tugatilgan korxonaga yuboriladi.
Xizmat koʻrsatuvchi bankka Agentlikning sudgacha sanatsiya qilishni davlat tomonidan yordam koʻrsatgan holda oʻtkazishni muddatidan avval tugatish toʻgʻrisidagi qarori nusxasi taqdim etilgan kundan boshlab sanatsiya hisobvaragʻining amal qilishi toʻxtatiladi va u talab qilib olinguncha asosiy depozit hisobvaragʻi sifatida amal qilishda davom etadi.
Shuningdek, xizmat koʻrsatuvchi bank 2-kartotekaning amal qilishini tiklaydi.
7-bob. Yakunlovchi qoidalar
42. Korxona rahbari sudgacha sanatsiya qilishni davlat tomonidan yordam koʻrsatgan holda oʻtkazish bilan bogʻliq maʼlumot va hujjatlarning toʻgʻriligiga va haqqoniyligi uchun javob beradi.
43. Ushbu Nizom talablarining buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar, shu jumladan, oʻzlariga yuklangan vazifalarni bajarmaganlik yoki zarur darajada bajarmaganlik natijasida kreditorlarga, muassislarga (qatnashchilarga) yoki uchinchi shaxslarga yetkazilgan zarar uchun qonunchilik hujjatlariga muvofiq javobgar boʻladi.
Sudgacha sanatsiya qilishni davlat tomonidan yordam koʻrsatgan holda oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga 1-ILOVA
Sudgacha sanatsiya qilishni davlat tomonidan yordam koʻrsatgan holda oʻtkazish
SXEMASI
Sudgacha sanatsiya qilishni davlat tomonidan yordam koʻrsatgan holda oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga 2-ILOVA
Sudgacha sanatsiya qilishni davlat tomonidan yordam koʻrsatgan holda oʻtkazishni joriy etish toʻgʻrisida murojaat yuzasidan
SOʻROVNOMA
Sudgacha sanatsiya qilishni davlat tomonidan yordam koʻrsatgan holda oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga 3-ILOVA
