7-modda. Vazirlar Mahkamasini shakllantirish tartibi
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi toʻgʻrisida (O‘RQ-982-son) · Sana: 25.10.2024 · Amalda
Bosh vazir nomzodi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining mansabdor shaxslari saylangandan va organlari shakllangandan soʻng bir oy ichida yoki Bosh vazir lavozimidan ozod etilganidan keyin yoxud Bosh vazir, Vazirlar Mahkamasining amaldagi tarkibi isteʼfoga chiqqanidan keyin bir oy ichida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi (bundan buyon matnda Qonunchilik palatasi deb yuritiladi) koʻrib chiqishi va maʼqullashi uchun Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan barcha siyosiy partiyalar fraksiyalari bilan maslahatlashuvlar oʻtkazilganidan soʻng taqdim etiladi.
Qonunchilik palatasi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan taqdim etilgan Bosh vazir nomzodini taqdimnoma kiritilgan kundan eʼtiboran oʻn kun ichida koʻrib chiqadi.
Bosh vazir lavozimiga nomzod Qonunchilik palatasida uning nomzodi koʻrib chiqilayotganda Vazirlar Mahkamasining yaqin muddatga va uzoq istiqbolga moʻljallangan harakat dasturini taqdim etadi.
Bosh vazir nomzodi uning uchun Qonunchilik palatasi deputatlari umumiy sonining yarmidan koʻpi tomonidan ovoz berilgan taqdirda maʼqullangan hisoblanadi va keyin Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan lavozimga tayinlanadi.
Bosh vazir lavozimiga taqdim etilgan nomzod uch marta rad etilgan taqdirda, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Bosh vazirni tayinlaydi va Qonunchilik palatasini tarqatib yuborishga haqli.
Vazirlar Mahkamasining aʼzolari ularning nomzodlari Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining taqdimiga binoan Qonunchilik palatasi tomonidan maʼqullanganidan keyin Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan lavozimga tayinlanadi.
Vazirlar Mahkamasi aʼzoligiga nomzod masʼul qoʻmita, siyosiy partiyalar fraksiyalari tomonidan dastlabki tarzda koʻrib chiqilganidan keyin Qonunchilik palatasining majlisida koʻrib chiqiladi va maʼqullanadi.
Vazirlar Mahkamasi aʼzosining lavozimiga nomzod uning nomzodi Qonunchilik palatasida koʻrib chiqilayotganda va maʼqullanayotganda Vazirlar Mahkamasining harakatlar dasturi bilan oʻzaro bogʻliq boʻlgan, istiqbolga moʻljallangan maqsadli koʻrsatkichlar va vazifalarga erishish borasidagi huquqiy, iqtisodiy, ijtimoiy, tashkiliy-texnik choralarni nazarda tutuvchi harakatlar rejasini hamda korrupsiyaga qarshi kurashish rejasini taqdim etadi.
Qonunchilik palatasi Vazirlar Mahkamasi aʼzoligiga nomzodni rad etgan taqdirda, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti koʻrib chiqish va maʼqullash uchun yangi nomzodni kiritadi.
