“Agroekspress” tezlashtirilgan temir yoʻl tashuvlarini tashkil etish loyihasini amalga oshirish masalalari boʻyicha hamkorlik qilish toʻgʻrisida
09.09.2024
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan Rossiya Federatsiyasi Hukumati oʻrtasida
Bitim
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan Rossiya Federatsiyasi Hukumati, keyingi oʻrinlarda “Tomonlar” deb ataluvchilar,
Oʻzbekiston Respublikasi bilan Rossiya Federatsiyasi oʻrtasidagi iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirish maqsadida,
tezlashtirilgan temir yoʻl tashuvlaridan foydalanib, mahsulotlar yetkazib berishni koʻpaytirish lozimligini tan olgan holda,
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan Rossiya Federatsiyasi Hukumati oʻrtasida 2021-yil 22-iyundagi “Oʻzbekiston-Rossiya” logistik koridorlarni rivojlantirish sohasida oʻzaro Anglashuv Memorandumi hamda Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi bilan Rossiya Federatsiyasi Iqtisodiy rivojlanish vazirligi oʻrtasida 2023-yil 6-oktabrdagi “Agroekspress” tezyurar temir yoʻl tashuvlarini tashkil etish loyihasini amalga oshirish boʻyicha oʻzaro hamkorlik toʻgʻrisida Bitimni hisobga olgan holda,
quyidagilar toʻgʻrisida kelishib oldilar:
1-modda Tushunchalar
Mazkur Bitim maqsadlari uchun quyidagilarni anglatuvchi atamalar qoʻllaniladi:
“loyiha operatori” — mahsulot tashuvini amalga oshiruvchi yuridik shaxs;
“Agroekspress loyihasi” — “Agroekspress” tezlashtirilgan temir yoʻl tashuvlari loyihasi;
“mahsulotlar” — kelib chiqish mamlakati Oʻzbekiston Respublikasi boʻlgan qishloq xoʻjaligi va boshqa oziq-ovqat mahsulotlari;
“mahsulotni tashish” — Oʻzbekiston Respublikasidan Rossiya Federatsiyasiga mahsulotni temir yoʻl transportida xalqaro tashuvlar;
“Soddalashtirilgan bojxona yoʻlagi” — Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bojxona qoʻmitasi va Federal bojxona xizmati (Rossiya Federatsiyasi) oʻrtasida 2016-yil 30-dekabrdagi Oʻzbekiston Respublikasi va Rossiya Federatsiyasi oʻrtasida tovar va transport vositalarini olib oʻtishda bojxona operatsiyalarining soddalashtirilgan tartibini tashkil etish (“Soddalashtirilgan bojxona yoʻlagi”) toʻgʻrisidagi Bitim qoidalariga muvofiq qoʻllaniladigan savdoga koʻmaklashish tartibi.
2-modda Umumiy qoidalar
Mazkur Bitim, “Agroekspress” loyihasi doirasida, mahsulotlarni tashish boʻyicha Tomonlar oʻrtasida amalga oshirilayotgan oʻzaro hamkorlik yoʻnalishlarini belgilaydi.
Tomonlar “Agroekspress” loyihasi doirasida mahsulotlarni tashishga koʻmaklashadilar, shu jumladan, zarur boʻlgan hollarda, davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash vositalarini qoʻllash orqali.
Mazkur Bitim maqsadlari uchun quyidagilar Tomonlarning masʼul organlari boʻlib hisoblanadilar:
Rossiya tomoni tarafidan — Rossiya Federatsiyasi Iqtisodiy rivojlanish vazirligi, Rossiya Federatsiyasi Transport vazirligi, Federal bojxona xizmati, Veterinariya va fitosanitariya nazorati Federal xizmati;
Oʻzbek tomoni tarafidan — Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi, Oʻzbekiston Respublikasi Transport vazirligi, Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Bojxona qoʻmitasi, Oʻzbekiston Respublikasi Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qoʻmitasi, Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi huzuridagi Oʻsimliklar karantini va himoyasi agentligi, Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi huzuridagi Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasi.
3-modda Yuk oqimini taʼminlash
Tomonlar “Agroekspress” loyihasini amalga oshirish doirasida tashqi iqtisodiy faoliyat ishtirokchilariga mahsulotlar tashuvini tashkil etishga koʻmaklashadilar, shu jumladan mahsulotlarni shakllantirish va birlashtirishga.
Tomonlar loyiha operatorlarini va ularning vazifalarini mustaqil ravishda belgilaydilar.
4-modda Veterinariya nazorati va karantin fitosanitariya nazoratini lozim darajada amalga oshirishga koʻmaklashish
Tomonlar Oʻzbekiston Respublikasi va Rossiya Federatsiyasi hududlarida zarur boʻlgan veterinariya va karantin fitosanitariya nazorati tartibotlarini oʻtkazishni tashkil etish uchun shart-sharoitlar yaratishga koʻmaklashadi, shu jumladan “Agroekspress” loyihasi doirasida mahsulotlarni tashish uchun sertifikatlangan ulgurji tarqatish markazlari maydonlarida.
5-modda Bojxona operatsiyalarini tezlashtirishga koʻmaklashish
Tomonlar “Agroekspress” loyihasi doirasida soddalashtirilgan bojxona yoʻlagidan foydalangan holda tashilayotgan mahsulot turlarini kengaytirishga qaratilgan tadbirlarni amalga oshirishga koʻmaklashadi.
6-modda Oʻzgartirishlar va qoʻshimchalar
Tomonlarning oʻzaro kelishuviga asosan mazkur Bitimga, uning ajralmas qismi boʻlgan va alohida bayonlar bilan rasmiylashtiriladigan, oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritilishi mumkin.
7-modda Ushbu Bitim qoidalarining bajarilishini monitoring qilish
Mazkur Bitimni amalga oshirish jarayonini koʻrib chiqish uchun Tomonlar oʻz davlatlari hududida muntazam ravishda navbatma-navbat uchrashuvlar oʻtkazishlari mumkin. Zarur hollarda, Tomonlar oʻzaro kelishuvga koʻra, videokonferensaloqa orqali ham uchrashuvlar oʻtkazishlari mumkin.
8-modda Nizolarni hal etish tartibi
Mazkur Bitimni talqin qilish yoki qoʻllash bilan bogʻliq barcha kelishmovchiliklar Tomonlar tarafidan maslahatlashuv yoʻli bilan hal etiladi.
9-modda Yakunlovchi qoidalar
Mazkur Bitim nomaʼlum muddatga tuziladi.
Mazkur Bitim Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi bilan Rossiya Federatsiyasi Iqtisodiy rivojlanish vazirligi oʻrtasida 2023-yil 6-oktabrdagi “Agroekspress” tezyurar temir yoʻl tashuvlarini tashkil etish loyihasini amalga oshirish boʻyicha hamkorlik toʻgʻrisidagi Bitim bekor qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi va Tomonlardan biri diplomatik kanallar orqali boshqa Tomonga mazkur Bitimni bekor qilish niyati toʻgʻrisida tegishli yozma bildirishnoma olgan kundan boshlab uch oy oʻtgach oʻz kuchini yoʻqotadi.
Toshkent shahrida, 2024-yil 9-sentabrda, ikki nusxada, har biri oʻzbek va rus tillarida imzolandi, bunda har ikkala matn ham bir xil kuchga ega.
(imzolar)
