Intellektual mulk huquqlari sohasi boʻyicha hamkorlik toʻgʻrisida
12.07.2024
Oʻzbekiston Respublikasi adliya vazirligi va Birlashgan qirollik intellektual mulk idorasi oʻrtasida
Anglashuv Memorandumi
Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi va Birlashgan Qirollik Intellektual mulk idorasi (keyingi oʻrinlarda birgalikda “Ishtirokchilar” hamda alohida “Ishtirokchi” deb yuritiladi), intellektual mulk sohasi davlatlar va korxonalar raqobatbardoshligini oshirishda, shu bilan birga iqtisodiy va ijtimoiy rivojlanishda muhim rol oʻynashini tan olgan holda, mavjud intellektual mulk tizimlarini rivojlantirish maqsadida, ikki tomonlama hamkorlikni yanada kuchaytirishni istagan holda, quyidagilar toʻgʻrisida anglashib oldilar:
1. Maqsad
1.) Ushbu Memorandumning asosiy maqsadi Ishtirokchilarning intellektual mulkka oid masalalarda hamkorligini rivojlantirish va kuchaytirish.
2. Hamkorlik yoʻnalishlari
2.) Ishtirokchilar ushbu Memorandum qoidalariga va ishtirokchilar faoliyatini tartibga soluvchi amaldagi qonun hujjatlariga muvofiq teng va oʻzaro manfaatdorlik maqsadida umumiy manfaatlarga ega boʻlgan sohalarda intellektual mulkka taalluqli masalalar boʻyicha hamkorlik qilishni rejalashtirmoqda;
3.) Ishtirokchilar xalqaro va mintaqaviy shartnomalar doirasida fikr almashishga intiladi;
4.) Oʻzaro xabardorlikni oshirish maqsadida Ishtirokchilar milliy qonunchilikdagi oʻzgarishlar va milliy intellektual mulk tizimlarini rivojlantirishning hozirgi tendensiyalari, shuningdek, intellektual mulk huquqlarini himoya qilish boʻyicha ilgʻor tajribalar boʻyicha axborot almashishga intiladi;
5.) Intellektual mulkka aloqador masalalar boʻyicha jamoatchilik xabardorligini oshirish va tajriba almashish maqsadida Ishtirokchilar davra suhbatlari, seminarlar va boshqa qoʻshma tadbirlarni oʻtkazadi;
6.) Ishtirokchilar ikki tomonlama hamkorlik jarayonida Ishtirokchilarning hozirgi ehtiyojlaridan kelib chiqqan holda belgilanadigan va har ikki Ishtirokchi tomonidan qabul qilinadigan boshqa sohalarda ham hamkorlik qilishlari mumkin.
3. Yakuniy qoidalar
7.) Ushbu Memorandum moliyaviy majburiyatlarni nazarda tutmaydi, Ishtirokchilar ushbu Memorandumda belgilangan chora-tadbirlarni amalga oshirish bilan bogʻliq xarajatlarni oʻz hisoblaridan qoplaydi. Agar chora-tadbir har ikki Ishtirokchi tomonidan belgilansa va moliyaviy masalalarni hal etishni talab qilsa, xarajatlarning koʻlami va xususiyatlari aniq va yozma ravishda belgilanadi.
8.) Ushbu Memorandum har ikki Ishtirokchi tomonidan imzolangan kundan boshlab kuchga kiradi va uch (3) yil davomida amal qiladi.
9.) Ushbu Memorandum faqatgina Ishtirokchilarning qoʻshma qarori yordamida bir Ishtirokchining boshqa Ishtirokchiga yozma bildirishnomasi bilan yangilanishi mumkin, bunday bildirishnoma Memorandum muddati tugashidan toʻqson (90) kalendar kun oldin taqdim etiladi.
10.) Ushbu Memorandumga kuchga kirish sanasi koʻrsatilgan, Ishtirokchilarning yozma shakldagi bildirishnomalari bilan rasmiylashtirilgan qoʻshma qaror asosida oʻzgartirishlar kiritilishi mumkin.
11.) Har bir Ishtirokchi ushbu Memorandumni istalgan vaqtda boshqa Ishtirokchiga yozma xabar berish orqali bekor qilishi mumkin, bunday bildirishnoma bekor qilish sanasidan kamida toʻqson (90) kalendar kun oldin taqdim etiladi.
12.) Ushbu Memorandum ingliz va oʻzbek tillarida imzolanadi va ikkala matn ham teng kuchga ega boʻladi.
13.) Ushbu Memorandum xalqaro shartnoma emas va xalqaro huquq bilan tartibga solinadigan huquq va majburiyatlarni keltirib chiqarmaydi.
2024-yil 12-iyul sanasida har ikki Ishtirokchi tomonidan imzolangan.
(imzolar)
