Kinematografiya sohasidagi ayrim normativ-huquqiy hujjatlarni tasdiqlash toʻgʻrisida (694-son)
24.10.2024
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Kinematografiya sohasini yanada rivojlantirish hamda mamlakatimiz tarixiga bagʻishlangan filmlar turkumini yaratishga doir chora-tadbirlar toʻgʻrisida” 2024-yil 5-iyundagi PQ-209-son qaroriga muvofiq kinematografiya sohasini rivojlantirish, filmlarning gʻoyaviy-badiiy saviyasini oshirish, milliy filmlar ijodkorlarini munosib ragʻbatlantirish ishlarini yanada takomillashtirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Kinematografiya sohasini yanada rivojlantirish hamda mamlakatimiz tarixiga bagʻishlangan filmlar turkumini yaratishga doir chora-tadbirlar toʻgʻrisida” 2024-yil 5-iyundagi PQ-209-son qaroriga muvofiq:
Kinematografiyani rivojlantirish va qoʻllab-quvvatlash boʻyicha milliy komissiya hamda Filmlarning gʻoyaviy-badiiy saviyasini oshirishga koʻmaklashuvchi milliy kengash tuzilganligi va ularning tarkiblari tasdiqlanganligi;
xalqaro kinofestival va kino taqdimotlarida mukofotlangan milliy filmlar ijodkorlarini ragʻbatlantirish tizimini yoʻlga qoʻyish belgilanganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Quyidagilar:
Kinematografiyani rivojlantirish va qoʻllab-quvvatlash boʻyicha milliy komissiya toʻgʻrisidagi nizom 1-ilovaga muvofiq;
Filmlarning gʻoyaviy-badiiy saviyasini oshirishga koʻmaklashuvchi milliy kengash toʻgʻrisidagi nizom 2-ilovaga muvofiq;
Xalqaro kinofestival va kino taqdimotlarida mukofotlangan milliy filmlar ijodkorlarini ragʻbatlantirish tartibi toʻgʻrisidagi nizom 3-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
3. Madaniyat vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda oʻzlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni bir oy muddatda ushbu qarorga muvofiqlashtirsin.
4. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi madaniyat vaziri O.A. Nazarbekov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2024-yil 24-oktabr,
694-son
Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 24-oktabrdagi 694-son qaroriga 1-ILOVA
Kinematografiyani rivojlantirish va qoʻllab-quvvatlash boʻyicha milliy komissiya toʻgʻrisida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Nizom Kinematografiyani rivojlantirish va qoʻllab-quvvatlash boʻyicha milliy komissiyaning (keyingi oʻrinlarda — Milliy komissiya) maqomi, maqsadi va asosiy vazifalari, huquqlari va majburiyatlari hamda faoliyatini tashkil etish tartibini belgilaydi.
2. Milliy komissiya respublikada kinematografiya sohasini rivojlantirish va qoʻllab-quvvatlash boʻyicha qarorlar qabul qilish vakolatiga ega boʻlgan doimiy faoliyat koʻrsatuvchi kollegial organ hisoblanadi.
Milliy komissiya yuridik shaxs hisoblanmaydi.
3. Milliy komissiya oʻz faoliyatida Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi va qonunlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining qarorlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari va farmoyishlariga, boshqa qonunchilik hujjatlariga hamda ushbu Nizomga amal qiladi.
4. Ushbu Nizomda quyidagi asosiy tushunchalardan foydalaniladi:
“Tirik tarix” dasturi — Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Kinematografiya sohasini yanada rivojlantirish hamda mamlakatimiz tarixiga bagʻishlangan filmlar turkumini yaratishga doir chora-tadbirlar toʻgʻrisida” 2024-yil 5-iyundagi PQ-209-son qarori bilan tasdiqlangan 2024 — 2027-yillarga moʻljallangan “Tirik tarix” filmlar turkumini yaratish dasturi;
film — badiiy, badiiy-publitsistik, xronikal-hujjatli, ilmiy-ommabop, oʻquv, animatsion yoki boshqa shakllarda ijodiy gʻoya asosida yaratilgan, bir-biri bilan bogʻliq boʻlgan tasvirlarning ovoz joʻrligida yoki ovoz joʻrligisiz yozib olingan turkumdan iborat boʻlgan, tegishli texnika vositalari yordamida qayd etilgan, koʻrib va eshitib idrok etish uchun moʻljallangan audiovizual asar.
2-bob. Milliy komissiyaning maqsadi va asosiy vazifalari
5. Milliy komissiyaning maqsadi kinematografiya sohasini yanada rivojlantirish, sohada sogʻlom raqobat muhitini shakllantirish, zamon talablariga mos, yuqori saviyadagi xalqchil filmlar yaratish hamda xalqaro kinobozorlarga olib chiqishni taʼminlashdan iboratdir.
6. Quyidagilar Milliy komissiyaning asosiy vazifalari hisoblanadi:
“Tirik tarix” dasturi doirasida hamda davlat buyurtmasi asosida yaratiladigan filmlarning moliyalashtirish manbalarini belgilash va filmlarni ishlab chiqarish uchun qoʻshimcha mablagʻlarni jalb qilish;
kinoindustriyani iqtisodiyotning alohida tarmogʻi sifatida rivojlantirish, shu jumladan, imtiyoz va preferensiyalarga ega maxsus kino hududlarini tashkil etish, zamonaviy moddiy-texnik bazaga ega infratuzilmani yaratish hamda kinoprokat tizimini rivojlantirish choralarini koʻrish;
filmlar ishlab chiqarishda davlat organlari va tashkilotlari faoliyatini muvofiqlashtirish, alohida masalalar boʻyicha ishchi guruhlar tuzish, muhofaza qilinadigan hudud va obyektlarda suratga olish, maxsus va harbiy texnikalarni jalb qilish hamda boshqa tashkiliy masalalarni hal etish;
milliy filmlarni xorijda, shu jumladan, xorijiy kinofestivallarda keng targʻib qilish, filmlarni ishlab chiqarishga mahalliy va xorijiy hamkorlar, nodavlat tashkilotlar hamda homiylarni jalb qilish;
milliy kinematografiya sohasi ijodkorlari, mutaxassislari va soha vakillarini ragʻbatlantirish, ijtimoiy muhofaza qilish va qoʻllab-quvvatlash, xalqaro kinofestivallar gʻoliblarini taqdirlash tizimini yoʻlga qoʻyish;
Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi huzuridagi Kinematografiya agentligi (keyingi oʻrinlarda — Kinematografiya agentligi) huzurida tashkil etiladigan, “Tirik tarix” dasturi doirasidagi filmlarning budjetini koʻrib chiqish va ekspert xulosasini berish faoliyati bilan shugʻullanuvchi, kino yoʻnalishi boʻyicha iqtisodiyot va moliya sohasidagi mutaxassislardan iborat Ekspertlar guruhining tarkibini hamda ushbu guruhning xulosalarini tasdiqlash;
“Tirik tarix” dasturi ijrosi bilan bogʻliq joriy ishlarning masʼul vazirlik va idoralar, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari va boshqa tashkilotlar tomonidan bajarilishini muvofiqlashtirish va nazorat qilish maqsadida Kuzatuv guruhi tuzish hamda uning hisobotlari va tahliliy maʼlumotlarini har oy yakunlari boʻyicha muhokama qilib borish;
Kinematografiya agentligi tomonidan davlat buyurtmasi asosida ishlab chiqariladigan kino mahsulotlarining yillik rejasini tasdiqlash;
“Tirik tarix” dasturiga kiritilgan filmlarning ishlab chiqarish rejasini tasdiqlash;
“Tirik tarix” dasturiga kiritilgan filmlarni ishlab chiqarish boʻyicha tanlov oʻtkazish tartibini tasdiqlash.
3-bob. Milliy komissiyaning huquqlari va majburiyatlari
7. Milliy komissiya oʻz vakolatlari doirasida quyidagi huquqlarga ega:
kinoindustriya va kinematografiya sohasini yanada rivojlantirish boʻyicha tegishli davlat organlari va tashkilotlari faoliyatini oʻrganish, tahlil etish, yigʻilishlarda muhokama qilish hamda tegishli chora-tadbirlarni belgilash;
Kinematografiya agentligi va uning tizimiga kiruvchi tashkilotlar faoliyatini yanada rivojlantirish boʻyicha dasturlarni qabul qilish.
Milliy komissiya qonunchilik hujjatlariga muvofiq boshqa huquqlarga ham ega boʻlishi mumkin.
8. Milliy komissiya:
kinematografiya sohasini tartibga soluvchi qonunchilik hujjatlariga, shuningdek, ushbu Nizomda belgilangan talablarga rioya etishi;
oʻz faoliyati toʻgʻrisidagi axborotlarni ommaviy axborot vositalarida eʼlon qilib borishi lozim.
Milliy komissiya oʻziga yuklangan vazifalarning samarali bajarilishi va natijadorligi uchun javob beradi.
4-bob. Milliy komissiya faoliyatini tashkil etish
9. Milliy komissiyaning tarkibi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining tegishli qarori bilan tasdiqlanadi.
10. Milliy komissiya yigʻilishlari har yarim yilda kamida bir marta chaqiriladi. Milliy komissiya aʼzolarining uchdan ikki qismi ishtirok etgan taqdirda, Milliy komissiya yigʻilishlari vakolatli hisoblanadi.
11. Milliy komissiya ishiga rais rahbarlik qiladi. Milliy komissiya raisi ushbu komissiya yigʻilishida uzrli sabablarga koʻra ishtirok eta olmagan hollarda, yigʻilishlarni uning oʻrinbosari boshqaradi.
12. Milliy komissiya raisi:
Milliy komissiyaning samarali ishlashini taʼminlaydi;
Milliy komissiya majlislarini oʻtkazadi va ularda raislik qiladi;
Milliy komissiyaga yuklangan vazifalarning bajarilishi boʻyicha komissiya aʼzolari ishini muvofiqlashtiradi;
Milliy komissiya faoliyati va uning ish tartibiga rioya etilishini tashkil etadi.
13. Milliy komissiyaning aʼzosi koʻriladigan har bir masala boʻyicha muhokamada qatnashish, fikr va xulosalarni bildirish, qaror qabul qilish jarayonida ovoz berish huquqiga ega.
5-bob. Yakunlovchi qoida
14. Ushbu Nizom talablari buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda javob beradilar.
Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 24-oktabrdagi 694-son qaroriga 2-ILOVA
Filmlarning gʻoyaviy-badiiy saviyasini oshirishga koʻmaklashuvchi milliy kengash toʻgʻrisida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Nizom Filmlarning gʻoyaviy-badiiy saviyasini oshirishga koʻmaklashuvchi milliy kengashning (keyingi oʻrinlarda — Milliy kengash) maqomi, maqsadi va asosiy vazifalari, huquqlari va majburiyatlari hamda faoliyatini tashkil etish tartibini belgilaydi.
2. Milliy kengash filmlarning gʻoyaviy-badiiy saviyasini oshirishga koʻmaklashishga qaratilgan ijodiy masalalar boʻyicha qarorlar qabul qilish vakolatiga ega boʻlgan doimiy faoliyat koʻrsatuvchi kollegial organ hisoblanadi.
Milliy kengash yuridik shaxs hisoblanmaydi.
3. Milliy kengash oʻz faoliyatida Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi va qonunlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining qarorlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari va farmoyishlariga, boshqa qonunchilik hujjatlariga hamda ushbu Nizomga amal qiladi.
4. Ushbu Nizomda quyidagi asosiy tushunchalardan foydalaniladi:
“Tirik tarix” dasturi — Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Kinematografiya sohasini yanada rivojlantirish hamda mamlakatimiz tarixiga bagʻishlangan filmlar turkumini yaratishga doir chora-tadbirlar toʻgʻrisida” 2024-yil 5-iyundagi PQ-209-son qarori bilan tasdiqlangan 2024 — 2027-yillarga moʻljallangan “Tirik tarix” filmlar turkumini yaratish dasturi;
film — badiiy, badiiy-publitsistik, xronikal-hujjatli, ilmiy-ommabop, oʻquv, animatsion yoki boshqa shakllarda ijodiy gʻoya asosida yaratilgan, bir-biri bilan bogʻliq boʻlgan tasvirlarning ovoz joʻrligida yoki ovoz joʻrligisiz yozib olingan turkumdan iborat boʻlgan, tegishli texnika vositalari yordamida qayd etilgan, koʻrib va eshitib idrok etish uchun moʻljallangan audiovizual asar.
2-bob. Milliy kengashning maqsadi va asosiy vazifalari
5. Milliy kengashning maqsadi “Tirik tarix” dasturiga kiritilgan filmlarni mazmunan yanada rivojlantirish, ularning gʻoyaviy-badiiy saviyasi hamda jamiyat ijtimoiy-madaniy hayotidagi taʼsirchan rolini oshirish, Vatanimiz tarixi, buyuk ajdodlarimizning ilmiy, madaniy va maʼnaviy merosini aks ettiruvchi zamonaviy sifatli kino mahsulotlar ishlab chiqarishni kengaytirishdan iboratdir.
6. Quyidagilar Milliy kengashning asosiy vazifalari hisoblanadi:
kino sanʼatini jamiyatning ijtimoiy, madaniy-maʼrifiy hayotida, shu jumladan, yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalashda muhim strategik vosita sifatida shakllantirish;
“Tirik tarix” dasturi doirasida yaratiladigan filmlarning gʻoyaviy va badiiy mazmuni, adabiy va rejissorlik ssenariylarining yuksak saviyada boʻlishini taʼminlash choralarini koʻrish, shuningdek, ijodiy guruhlarga nisbatan aniq vazifa va talablar belgilash, tayyorlangan kino loyihalarni koʻrib chiqish va baholash;
davlat buyurtmasi asosida ishlab chiqariladigan kino mahsulotlarini muvofiqlashtirish, ularni yaratish uchun ustuvor mavzular va janrlar boʻyicha kvotalarni belgilash, shuningdek, Kinematografiyani rivojlantirish va qoʻllab-quvvatlash boʻyicha milliy komissiyaga (keyingi oʻrinlarda — Milliy komissiya) ishlab chiqarishi boshlangan kino loyihalarining hajmini oshirish (qisqartirish) yoki vaqtincha toʻxtatib turish boʻyicha takliflar kiritish.
3-bob. Milliy kengashning huquqlari va majburiyatlari
7. Milliy kengash oʻz vakolati doirasida quyidagi huquqlarga ega:
“Tirik tarix” dasturi doirasidagi filmlarni ishlab chiqarish rejasiga oʻzgartirishlar kiritish yuzasidan Milliy komissiyaga takliflar kiritish;
“Tirik tarix” dasturi doirasidagi filmlarni ishlab chiqarish boʻyicha tashkil etiladigan tanlovlarda Milliy kengash muhokamasiga qoʻyilgan har bir kino loyihasi yuzasidan fikr va mulohazalar bildirish, loyihalarni rad etish yoki qoʻshimcha ishlash uchun qaytarish;
davlat buyurtmasi asosida kino mahsulotlarini ishlab chiqarishga ularning badiiy konsepsiyasi hamda moliyalashtirish hajmi va manbalari yuzasidan xulosalar berish;
filmlarni suratga olish yoki ishlab chiqarish jarayonlarini oʻrganib borish, bunda aniqlangan kamchiliklarni tuzatish yuzasidan kino ishlab chiqaruvchilarga tegishli koʻrsatma va tavsiyalar berish, zarur hollarda tegishli choralar koʻrish;
“Tirik tarix” dasturi doirasida ishlab chiqarish ishlari yakunlangan filmlarni gʻoyaviy-badiiy jihatdan koʻrib chiqish va xulosa berish.
Milliy kengash qonunchilik hujjatlariga muvofiq boshqa huquqlarga ham ega boʻlishi mumkin.
8. Milliy kengash:
kinematografiya sohasini tartibga soluvchi qonunchilik hujjatlariga, shuningdek, ushbu Nizomda belgilangan talablarga rioya etishi;
oʻz faoliyati toʻgʻrisidagi axborotlarni ommaviy axborot vositalarida eʼlon qilib borishi lozim.
Milliy kengash oʻziga yuklangan vazifalarning samarali bajarilishi va natijadorligi uchun javob beradi.
4-bob. Milliy kengash faoliyatini tashkil etish
9. Milliy kengashning tarkibi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining tegishli qarori bilan tasdiqlanadi.
10. Milliy kengash kino loyihalarni koʻrib chiqish va baholash uchun bir oyda kamida bir marta chaqiriladi. Milliy kengash yigʻilishlarida aʼzolarining uchdan ikki qismi ishtirok etgan taqdirda, vakolatli hisoblanadi.
11. Milliy kengash ishiga rais rahbarlik qiladi. Milliy kengash raisi ushbu kengash yigʻilishlarida uzrli sabablarga koʻra ishtirok eta olmagan hollarda, yigʻilishlarni uning oʻrinbosari boshqaradi.
12. Milliy kengash raisi:
Milliy kengashning samarali ishlashini taʼminlaydi;
Milliy kengash majlislarini oʻtkazadi va ularda raislik qiladi;
Milliy kengashga yuklangan vazifalarning bajarilishi boʻyicha aʼzolar ishini muvofiqlashtiradi;
Milliy kengash faoliyati va uning ish tartibiga rioya etilishini tashkil etadi.
13. Milliy kengashning har bir aʼzosi koʻriladigan har bir masala boʻyicha muhokamada qatnashish, fikr va xulosalarni bildirish, qaror qabul qilish jarayonida ovoz berish huquqiga ega.
14. “Tirik tarix” dasturiga kiritilgan kino loyihalarni amalga oshirish boʻyicha oʻtkaziladigan tanlov va pitchinglarni yuqori saviyada tashkil qilish maqsadida Milliy kengash aʼzolaridan iborat tarkibda Ishchi guruh shakllantiriladi.
Ishchi guruhning asosiy vazifalari va faoliyatini tashkil etish tartibi Milliy kengash tomonidan tasdiqlanadi.
5-bob. Yakunlovchi qoida
15. Ushbu Nizom talablari buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda javob beradilar.
Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 24-oktabrdagi 694-son qaroriga 3-ILOVA
Xalqaro kinofestival va kino taqdimotlarida mukofotlangan milliy filmlar ijodkorlarini ragʻbatlantirish tartibi toʻgʻrisida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Nizom xalqaro kinofestival va kino taqdimotlarida mukofotlangan milliy filmlar ijodkorlarini bir martalik pul mukofotlari bilan ragʻbatlantirish tartibini belgilaydi.
2. Ushbu Nizomda quyidagi asosiy tushunchalardan foydalaniladi:
ariza beruvchi — xalqaro kinofestival va kino taqdimotlarida mukofotlangan milliy filmlar ijodkorlari hamda ular aʼzo boʻlgan nodavlat tashkilotlar va mukofotlangan filmlarni ishlab chiqargan kinokompaniyalar (kinostudiyalar);
milliy film — Oʻzbekiston Respublikasining kinokompaniyalari tomonidan ishlab chiqarilgan, ommaviy namoyish qilishga moʻljallangan audiovizual asar (badiiy toʻliq metrajli, badiiy qisqa metrajli, hujjatli-xronikal, ilmiy-ommabop, badiiy-publitsistik va animatsion filmlar);
xalqaro kinofestival — yangi filmlar namoyish etiladigan, tashkiliy shakliga koʻra tanlov (konkurs) yoki tanlovsiz asosda filmlar va ularning mualliflari taqdirlanadigan xalqaro tadbir;
Xalqaro kino prodyuserlari assotsiatsiyalari federatsiyasi (FIAPF) (keyingi oʻrinlarda — Xalqaro kino prodyuserlari federatsiyasi) — belgilangan talablar asosida kinofestivallarni tashkil qilish va oʻtkazish saviyasini inobatga olgan holda, akkreditatsiyadan oʻtkazuvchi xalqaro tashkilot;
xalqaro kino taqdimoti — hayʼat (ekspertlar, kino tanqidchilari va boshqa kino mutaxassislari guruhlari) qarori asosida filmlar va ularning mualliflarini mukofotlash marosimi.
2-bob. Milliy filmlar ijodkorlarini ragʻbatlantirish
3. Xalqaro kinofestival va kino taqdimotlarida mukofotlangan (taqdirlangan) milliy filmlar ijodkorlari quyidagi yoʻnalishlarda bir martalik pul mukofotlari bilan ragʻbatlantiriladi:
Xalqaro kino prodyuserlari federatsiyasida akkreditatsiyadan oʻtgan kinofestivallarning nominatsiya gʻoliblari yoki Gran-pri sohiblariga — bazaviy hisoblash miqdorining 150 baravarigacha;
Xalqaro kino prodyuserlari federatsiyasida akkreditatsiyadan oʻtmagan, biroq xalqaro miqyosda nufuzli va yetakchi xisoblangan kino taqdimotlarning nominatsiya gʻoliblari yoki Gran-pri sohiblariga — bazaviy hisoblash miqdorining 100 baravarigacha;
Xalqaro kino prodyuserlari federatsiyasida akkreditatsiyadan oʻtgan kinofestivallarning tanlov (konkurs) bosqichi nominantlariga — bazaviy hisoblash miqdorining 75 baravarigacha.
Bunda mazkur bandning uchinchi xatboshisida koʻrsatilgan kino taqdimotlari va kinofestivallar roʻyxati Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi huzuridagi Kinematografiya agentligi (keyingi oʻrinlarda — Kinematografiya agentligi) tomonidan Madaniyat vazirligi bilan kelishilgan holda tasdiqlanadi.
4. Xalqaro kinofestival va kino taqdimotlarida mukofotlangan milliy filmlar ijodkorlarini ragʻbatlantirish bilan bogʻliq xarajatlar Kinematografiya agentligi huzuridagi Milliy kinematografiyani rivojlantirish jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan amalga oshiriladi.
5. Kinematografiya agentligi huzurida Xalqaro kinofestival va kino taqdimotlarida mukofotlangan milliy filmlar ijodkorlarini ragʻbatlantirish bilan bogʻliq hujjatlarni koʻrib chiqish boʻyicha komissiya (keyingi oʻrinlarda — Komissiya) faoliyati yoʻlga qoʻyiladi.
3-bob. Komissiya faoliyatini tashkil etish
6. Komissiya tarkibi Kinematografiya agentligi direktorining buyrugʻi bilan tasdiqlanadi va uning aʼzolari yetti nafardan kam boʻlmagan toq sonli tarkibdan iborat boʻladi.
7. Komissiya raisi Komissiyaning ishiga rahbarlik qiladi, Komissiyaning majlislarini chaqiradi va olib boradi, kun tartibidagi masalalarni ovozga qoʻyadi hamda Komissiya tomonidan qabul qilingan qarorlarni eʼlon qiladi, Komissiya majlislarining bayonnomalari va boshqa tegishli hujjatlarni imzolaydi va tasdiqlaydi.
8. Komissiyaning raisi boʻlmaganda, uning vazifalarini rais oʻrinbosari yoki Komissiya raisi tomonidan vakolat berilgan aʼzolaridan biri bajaradi.
9. Komissiyaning har bir aʼzosi ovoz berishda yoqlab yoki qarshi ovoz berish huquqiga ega.
10. Komissiya aʼzolari xolis boʻlishi va filmlar ijodkorlarini ragʻbatlantirishdan shaxsan manfaatdor boʻlmasligi kerak.
11. Komissiyaning majlisi uning aʼzolari umumiy sonining uchdan ikki qismi ishtirok etganda vakolatli hisoblanadi.
Qaror Komissiya majlisida qatnashayotgan aʼzolarning umumiy sonining koʻpchilik ovozi bilan qabul qilinadi.
4-bob. Milliy filmlar ijodkorlarini ragʻbatlantirish boʻyicha arizalarni koʻrib chiqish tartibi
12. Xalqaro kinofestival va kino taqdimotlarida mukofotlangan milliy filmlar ijodkorlarini ragʻbatlantirish ushbu Nizomga ilovada keltirilgan sxemaga muvofiq amalga oshiriladi.
13. Xalqaro kinofestival va kino taqdimotlarida mukofotlangan milliy filmlar ijodkorlari bir oy muddatda xalqaro mukofot bilan bogʻliq hujjatlarni Kinematografiya agentligiga taqdim etadi.
14. Komissiya tomonidan ariza beruvchining hujjatlari oʻrganib chiqilib, uning natijalariga koʻra milliy film ijodkorlarini ragʻbatlantirish yoki ragʻbatlantirishni rad etish toʻgʻrisidagi qaror ariza qabul qilingan sanadan boshlab oʻn besh ish kunidan ortiq boʻlmagan muddatda qabul qilinadi.
15. Komissiyaning milliy film ijodkorlarini ragʻbatlantirish yoki ragʻbatlantirishni rad etish toʻgʻrisidagi qarori Komissiya aʼzolarining ochiq ovoz berish yoʻli bilan qabul qilinadi. Komissiyaning har bir aʼzosi bitta ovoz berish huquqiga ega.
Ovoz berish jarayonida tarafdorlar va qarshilar soni teng boʻlgan taqdirda, Komissiya raisining ovozi hal qiluvchi hisoblanadi.
16. Komissiya xalqaro mukofot bilan bogʻliq hujjatlarni koʻrib chiqish va milliy filmlar ijodkorlarini ragʻbatlantirish haqida qaror qabul qilishda quyidagilarni inobatga olishi majburiy hisoblanadi:
Xalqaro kino prodyuserlari federatsiyasida akkreditatsiyadan oʻtgan kinofestivallar roʻyxatida xalqaro mukofot berilgan kinofestivalning mavjudligi;
rasmiy manbalarda xalqaro kinofestival va kino taqdimotlari gʻoliblari haqidagi maʼlumotlarda xalqaro mukofotning mavjudligi, gʻoliblar yoki nominantlar roʻyxatiga kiritilganligi;
Kinematografiya agentligi tomonidan tasdiqlangan kino taqdimotlari va kinofestivallar roʻyxatiga xalqaro mukofot berilgan kino taqdimot yoki kinofestivalning kiritilganligi.
17. Kinematografiya agentligi Komissiyaning tegishli qarori qabul qilingan sanadan eʼtiboran uch ish kunidan kechiktirmay milliy film ijodkorlarini ragʻbatlantirish yoki ragʻbatlantirish rad etilganligi toʻgʻrisidagi qaror yuzasidan ariza beruvchini yozma yoki elektron shaklda xabardor qiladi.
Komissiya tomonidan ragʻbatlantirish rad etilganligi toʻgʻrisidagi qaror qabul qilingan taqdirda, ariza beruvchiga milliy film ijodkorlarini ragʻbatlantirishni rad etish sabablari, qonunchilik hujjatlarining aniq normalarini koʻrsatgan holda xabarnoma yuboriladi.
5-bob. Komissiya qarori yuzasidan shikoyatlarni koʻrib chiqish tartibi
18. Komissiya qarori yuzasidan shikoyatlarni koʻrib chiqish uchun Kinematografiya agentligi tomonidan malakali mutaxassislardan (Komissiya aʼzolaridan tashqari) iborat besh nafar aʼzodan kam boʻlmagan toq sonli tarkibda Appelyatsiya komissiyasi tuziladi.
19. Ariza beruvchi milliy film ijodkorlarini ragʻbatlantirish rad etilganligi, shuningdek, Komissiya aʼzolarining harakati (harakatsizligi) ustidan Komissiya qarori chiqarilgan va qaror nusxasi olingan kundan boshlab oʻn kun muddat ichida shikoyat arizasi bilan murojaat qiladi.
20. Komissiya qarori yuzasidan berilgan shikoyat Appelyatsiya komissiyasi tomonidan uch ish kuni ichida koʻrib chiqiladi.
Koʻrib chiqish natijalariga koʻra shikoyatni qanoatlantirish yoki qanoatlantirishni rad etish toʻgʻrisida qaror qabul qilinadi.
21. Appelyatsiya komissiyasining qarori yuzasidan ariza beruvchi belgilangan tartibda sudga murojaat qilishi mumkin.
6-bob. Yakunlovchi qoida
22. Mazkur Nizom talablari buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda javob beradilar.
Xalqaro kinofestival va kino taqdimotlarida mukofotlangan milliy filmlar ijodkorlarini ragʻbatlantirish tartibi toʻgʻrisida nizomga ILOVA
Xalqaro kinofestival va kino taqdimotlarida mukofotlangan milliy filmlar ijodkorlarini ragʻbatlantirish
SXEMASI
Bosqichlar Subyektlar Tadbirlar Muddatlar 1-bosqich Xalqaro kinofestival va kino taqdimotlarida mukofotlangan milliy film ijodkorlari (ariza beruvchi) Xalqaro mukofot bilan bogʻliq hujjatlarni Kinematografiya agentligiga taqdim etadi. Xalqaro kinofestival va kino taqdimotlarda mukofotlangandan soʻng bir oy muddatda 2-bosqich Kinematografiya agentligi huzuridagi Xalqaro kinofestival va kino taqdimotlarida mukofotlangan milliy filmlar ijodkorlarini ragʻbatlantirish bilan bogʻliq hujjatlarni koʻrib chiqish boʻyicha komissiya (Komissiya) Ariza beruvchilarning hujjatlarini oʻrganib chiqib, milliy film ijodkorlarini ragʻbatlantirish yoki ragʻbatlantirishni rad etish toʻgʻrisida qaror qabul qiladi. Ariza qabul qilingan sanadan boshlab 15 ish kunidan ortiq boʻlmagan muddatda 3-bosqich Kinematografiya agentligi Milliy film ijodkorlarini ragʻbatlantirish yoki ragʻbatlantirish rad etilganligi toʻgʻrisidagi qaror yuzasidan ariza beruvchini yozma yoki elektron shaklda xabardor qiladi. Komissiya qarori qabul qilingan sanadan eʼtiboran uch ish kunidan kechiktirmay 4-bosqich Ariza beruvchi Shikoyat arizasi bilan Kinematografiya agentligiga murojaat qiladi. Zaruratga koʻra (Komissiya qarori nusxasini olgan kundan boshlab oʻn kun muddatda) 5-bosqich Appelyatsiya komissiyasi Komissiya qarori yuzasidan berilgan shikoyat arizasini koʻrib chiqadi va koʻrib chiqish natijasiga koʻra shikoyat arizasini qanoatlantirish yoki qanoatlantirishni rad etish toʻgʻrisida qaror qabul qiladi. Uch ish kunida
