Sanoat mulki sohasida hamkorlik toʻgʻrisida
08.06.2023
Oʻzbekiston Respublikasi adliya vazirligi bilan Italiya respublikasi korxonalar va ishlab chiqarish vazirligi oʻrtasida
Anglashuv memorandumi
Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi va Italiya Respublikasi Korxonalar va ishlab chiqarish vazirligi, keyingi oʻrinlarda birgalikda “Ishtirokchilar” deb ataluvchilar,
innovatsiyalarni ragʻbatlantirish va milliy iqtisodiy rivojlanishni jadallashtirishda sanoat mulkiga boʻlgan huquqlarning strategik ahamiyatini qayd etib,
Oʻzbekiston Respublikasi va Italiya Respublikasi oʻrtasida iqtisodiy, savdo, ilmiy-texnikaviy aloqalarni chuqurlashtirish uchun sanoat mulki sohasidagi hamkorlikni qoʻllab-quvvatlash muhimligini qayd etib,
teng huquqlilik va oʻzaro manfaatdorlik tamoyillariga asoslangan sanoat mulkiga boʻlgan huquqlarni muhofaza qilish va ularga amal qilinishini taʼminlash uchun qulay shart-sharoitlar yaratish muhimligini qayd etib,
yuqorida qayd etilgan sohada ikki tomonlama aloqalarni va hamkorlikni mustahkamlash niyatida,
quyidagi anglashuvga erishdilar:
1-PARAGRAF: MAQSAD
Mazkur Anglashuv Memorandumining (keyingi oʻrinlarda “Memorandum”) maqsadi Ishtirokchilar oʻrtasidagi sanoat mulki sohasidagi hamkorlikning umumiy asoslarini yaratish hisoblanadi.
2-PARAGRAF: HAMKORLIK DOIRASI
Ishtirokchilar quyidagi sohalarda hamkorlikni amalga oshiradilar:
1) sanoat mulki obyektlarini ekspertizadan oʻtkazish tartib-taomillari sohasida axborot va bilimlarni almashish;
2) onlayn xizmatlarni qoʻllash va rivojlantirish hamda elektron axborot tizimlari boʻyicha tajriba almashish;
3) ingliz tilida sanoat mulki sohasidagi maʼlumotlarni almashish;
4) kontrafakt mahsulotlarga qarshi kurashishda tadbirkorlik subyektlarini qoʻllab-quvvatlash boʻyicha amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar hamda kontrafakt mahsulotlarning tadbirkorlik va jamiyatga taʼsiri toʻgʻrisida jamoatchilik xabardorligini oshirish boʻyicha tashabbuslar yuzasidan bilimlar almashish;
5) mazkur sohadagi qonunchilik boʻyicha huquqni qoʻllash amaliyoti, sanoat mulkiga boʻlgan huquqlar buzilishi bilan bogʻliq nizolarni sudlar tomonidan koʻrib chiqish amaliyoti, shu jumladan kontrafakt mahsulotlarga qarshi kurashish boʻyicha amaliy chora-tadbirlar toʻgʻrisida maʼlumot almashish;
6) jamiyatda sanoat mulkini rivojlantirish, shu jumladan aholining sanoat mulki toʻgʻrisida xabardorligini oshirish va oʻquv mashgʻulotlari oʻtkazish yuzasidan tajriba almashish;
7) qoʻshma yigʻilishlar, xususan, mahorat darslari va maxsus seminarlar tashkil etish;
oʻzaro aniqlanadigan boshqa sohalar.
3-PARAGRAF: TALQIN QILISHDAGI TAFOVUTLAR
Mazkur Memorandumni amalga oshirish yoki talqin qilishdagi har qanday tafovutlar Ishtirokchilar oʻrtasida toʻgʻridan-toʻgʻri maslahatlashuvlar va muzokaralar yoʻli bilan doʻstona hal qilinadi.
4-PARAGRAF: UMUMIY QOIDALAR
Mazkur Memorandum Ishtirokchilar oʻrtasidagi hamkorlikni kengaytirish va rivojlantirishga qaratilgan boʻlib, xalqaro huquqqa muvofiq huquq va majburiyatlarga olib kelishi mumkin boʻlgan xalqaro shartnomani tashkil etmaydi. Ushbu Memorandumning hech bir qoidasi Ishtirokchilar uchun huquq yoki majburiyatlar yaratuvchi sifatida tushunilmaydi va qoʻllanilmaydi.
Ishtirokchilar ushbu Memorandumda nazarda tutilgan faoliyatni oʻz davlatlarining tegishli qonunlari va qoidalariga toʻliq muvofiq ravishda, shuningdek, xalqaro majburiyatlarga va Italiyaning Yevropa Ittifoqiga aʼzoligidan kelib chiqadigan majburiyatlarga muvofiq amalga oshiradilar.
Mazkur Memorandumda nazarda tutilgan tadbirlar Ishtirokchilar tomonidan mavjud moliyaviy va inson resurslari doirasida Oʻzbekiston Respublikasi va Italiya Respublikasi davlat budjetlari uchun qoʻshimcha xarajatlarsiz amalga oshiriladi. Har bir Ishtirokchi ushbu Memorandumdan nazarda tutilgan tadbirlarga jalb etilgan xodimlari uchun xarajatlarni oʻz zimmasiga oladi.
Mazkur Memorandumni amalga oshirish doirasida oʻzaro almashilgan shaxsiy maʼlumotlarning maxfiyligini taʼminlash maqsadida har bir Ishtirokchi boshqa Ishtirokchining oldindan yozma roziligisiz ushbu maʼlumotlarni uchinchi tomonlarga bermaydi yoki kelishilgan maqsadlarga mos kelmaydigan tarzda foydalanmaydi.
5-PARAGRAF: OʻZGARTIRISHLAR
Oʻzaro kelishuvga koʻra, Ishtirokchilar ushbu Memorandumga yozma ravishda oʻzgartirishlar kiritishlari mumkin.
6-PARAGRAF: ALOQA MANZILLARI
Har bir Ishtirokchi ushbu Memorandum doirasida samarali muloqot va hamkorlikning oʻziga xos masalalari uchun oʻzining quyidagi aloqa manzillarini belgilaydi va aloqa manzili almashgan yoki oʻzgargan taqdirda boshqa Ishtirokchini bunday almashish yoki oʻzgarish sodir boʻlgan vaqtda bu toʻgʻrisida xabardor qiladi.
7-PARAGRAF: KUCHGA KIRISHI VA TUGATILISHI
Mazkur Memorandum imzolangan sanadan boshlab kuchga kiradi va uch (3) yil mobaynida amal qiladi. Basharti Ishtirokchilardan biri uning navbatdagi amal qilish muddati tugashidan toʻqson (90) kun oldin ushbu Memorandumni amal qilishini tugatish niyati toʻgʻrisida ikkinchi Ishtirokchini yozma ravishda xabardor qilmasa, uning amal qilishi keyingi uch (3) yillik davrlarga oʻz-oʻzidan uzayaveradi.
Mazkur Memorandum istalgan vaqtda Ishtirokchilardan biri tomonidan boshqa Ishtirokchini kutilayotgan tugatish vaqtidan 90 kun oldin bu haqida yozma ravishda xabardor etish orqali tugatilishi mumkin.
Rim shahrida 2023-yil 8-iyun kuni ikki asl nusxada, har biri oʻzbek, italyan va ingliz tillarida imzolandi, bunda barcha matnlar teng autentikdir. Tafovutlar yuzaga kelgan taqdirda, ingliz tilidagi matn ustuvor hisoblanadi.
(imzolar)
