Suv omborlari toʻgʻonlarining zilzilabardoshligini doimiy radiolokatsion kosmik monitoring qilish tizimini joriy etish toʻgʻrisida (666-son)
11.10.2024
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekiston Respublikasining seysmik xavfsizligini taʼminlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2022-yil 30-maydagi PF-144-son hamda “Oʻzbekiston — 2030” strategiyasini “Yoshlar va biznesni qoʻllab-quvvatlash yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturi toʻgʻrisida” 2024-yil 21-fevraldagi PF-37-son farmonlariga muvofiq, shuningdek, suv omborlari toʻgʻonlarining zilzilabardoshligini doimiy radiolokatsion kosmik monitoring qilish tizimini amaliyotga keng joriy etish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Raqamli texnologiyalar vazirligi huzuridagi Kosmik tadqiqotlar va texnologiyalar agentligi tomonidan Suv xoʻjaligi vazirligi, “Oʻzbekgidroenergo” AJ va Fanlar akademiyasi bilan birgalikda suv omborlari toʻgʻonlarining zilzilabardoshligini doimiy radiolokatsion kosmik monitoring qilish tizimi ishga tushirilganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
Belgilansinki, suv omborlari toʻgʻonlarining zilzilabardoshligini doimiy radiolokatsion kosmik monitoring qilish tizimini doimiy yangilab borish va yuritish xarajatlari Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Seysmologiya, inshootlarning seysmik mustahkamligini va seysmik xavfsizlikni taʼminlash sohasini qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi hisobidan moliyalashtiriladi.
2. Quyidagilarni nazarda tutuvchi Suv omborlari toʻgʻonlarining zilzilabardoshligini doimiy radiolokatsion kosmik monitoring qilish tartibi toʻgʻrisidagi nizom 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin:
suv omborlari toʻgʻonlari va ularga tutash maydonlarning deformatsiyalanish, siljish va choʻkish dinamikasini aniqlash maqsadida doimiy radiolokatsion kosmik monitoringni amalga oshirish;
kuchli zilzilalar sodir boʻlgandan soʻng sunʼiy yoʻldoshlarning texnik imkoniyatlaridan kelib chiqqan holda, suv omborlari toʻgʻonlarining deformatsiyalanish, siljish va choʻkish dinamikasini radiolokatsion kosmik monitoring tizimi orqali aniqlash va maʼlumotlarni “Suv omborlarida seysmologik kuzatuvlarni amalga oshirish elektron platformasi”ga (keyingi oʻrinlarda — Platforma) kiritish;
suv omborlari toʻgʻonlari va ularga tutash maydonlarning turli jadallikdagi zilzilalar yoki boshqa jarayonlar natijasidagi oʻzgarishlari toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni toʻplash, qayta ishlash va Platformaga kiritish;
radiolokatsion kosmik monitoring maʼlumotlari asosida suv omborlari toʻgʻonlarining dinamik xossalarini oʻrganish va kuchlanganlik-deformatsiyalanganlik holatini baholash;
Platformaga kiritilgan kosmik monitoring natijalarini har bir toʻgʻon kesimida ilmiy tahlil qilish hamda tahliliy maʼlumotlar asosida deformatsiyalanish, siljish va choʻkish koʻrsatkichlarini aniqlash;
instrumental-texnik tekshiruv va kosmik monitoring natijasida aniqlangan maʼlumotlarni oʻrganish, ularning xavfsizlik mezonlari talablariga mos kelishi yoki mos kelmasligi, shuningdek, toʻgʻonning seysmik mustahkamligi toʻgʻrisida xulosa tayyorlash;
favqulodda vaziyatlar xavfi yuzaga kelishi mumkin boʻlgan suv omborlari toʻgʻonlarida aniqlangan muammolarni bartaraf etish boʻyicha chora-tadbirlarni belgilash.
3. Quyidagilar:
Oʻzbekiston Respublikasi Raqamli texnologiyalar vazirligi huzuridagi Kosmik tadqiqotlar va texnologiyalar agentligi — suv omborlari toʻgʻonlarining deformatsiyalanish, siljish hamda choʻkish dinamikasi boʻyicha maʼlumotlarini tuzish, qayta ishlash va suv omborlari toʻgʻonlarining zilzilabardoshligini doimiy radiolokatsion kosmik monitoring qilishga;
Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi — suv omborlari toʻgʻonlarining zilzilabardoshligini doimiy radiolokatsion kosmik monitoring qilish tizimi orqali deformatsiyalanish, siljish va choʻkish dinamikasi maʼlumotlarini har bir toʻgʻon kesimida tahlil qilish, dinamik xossalarini oʻrganish, ularning kuchlanganlik-deformatsiyalanganlik holatini baholash hamda xavfsizlik mezonlari talablari boʻyicha xulosa tayyorlashga;
Oʻzbekiston Respublikasi Suv xoʻjaligi vazirligi, “Oʻzbekgidroenergo” AJ — suv omborlari toʻgʻrisidagi barcha maʼlumotlarni suv omborlari toʻgʻonlarining zilzilabardoshligini doimiy radiolokatsion kosmik monitoring qilish tizimi hamda Platformaga kiritish va ularni muntazam yangilab borishga masʼul etib belgilansin.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Suv xoʻjaligi vazirligi, Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Fanlar akademiyasi va “Oʻzbekgidroenergo” AJning taklifiga muvofiq Suv omborlari toʻgʻonlarining zilzilabardoshligini doimiy radiolokatsion kosmik monitoring qilish tizimi bosqichma-bosqich joriy etiladigan suv omborlari roʻyxati 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
5. Suv omborlari toʻgʻonlarining zilzilabardoshligi kosmik monitoringini oʻrganish komissiyasi (keyingi oʻrinlarda — Komissiya) 3-ilovaga muvofiq tarkibda tashkil etilsin.
6. Quyidagilar Komissiyaning asosiy vazifalari etib belgilansin:
suv omborlari toʻgʻonlarining instrumental-texnik tekshiruvi va kosmik monitoringi natijasida aniqlangan maʼlumotlarni hamda ularning xavfsizlik mezonlari talablariga mos kelishi yoki mos kelmasligi, shuningdek, toʻgʻonning seysmik mustahkamligi toʻgʻrisidagi xulosalarni Komissiya majlislarida koʻrib chiqish va tegishli qaror qabul qilish;
Komissiya qarorini vazirlik va idoralar, suv omborlariga masʼul boʻlgan tashkilotlar hamda mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlariga yuborish;
suv omborlari toʻgʻonlari xavfsizlik mezonlariga mos kelmaganda, shuningdek, toʻgʻonda seysmik zaiflik mavjud boʻlganda hamda favqulodda vaziyatlarning kelib chiqish xavflari yuzaga kelganda, Oʻzbekiston Respublikasi aholisi va hududining seysmik xavfsizligini taʼminlash tadbirlarini muvofiqlashtirish boʻyicha respublika kengashiga (keyingi oʻrinlarda — Kengash) axborot kiritish;
suv omborlariga masʼul boʻlgan tashkilotlar va hokimliklarning toʻgʻonlar xavfsizligini taʼminlash boʻyicha ishlarini doimiy nazorat qilish;
suv omborlari toʻgʻonlarida seysmik zaiflikni bartaraf etish yuzasidan ilmiy yondashuv asosida takliflarni ishlab chiqish.
7. Oʻzbekiston Respublikasi Suv xoʻjaligi vazirligi, Suv xoʻjaligi vazirligi huzuridagi Suv xoʻjaligi obyektlari xavfsizligini nazorat qilish inspeksiyasi va “Oʻzbekgidroenergo” AJ 2024-yil 20-oktabrdan boshlab bosqichma-bosqich zamonaviy ilgʻor texnologiyalardan foydalangan holda, suv omborlari toʻgʻonlarining xavfsizlik mezonlari qayta koʻrib chiqilishini hamda qaytadan tasdiqlanishini taʼminlasin.
8. Komissiya (S. Mirzayev):
a) bir hafta muddatda:
oʻz yigʻilishini oʻtkazib, mazkur qarorda belgilangan topshiriqlar ijrosini tashkil etish choralarini koʻrsin;
respublikaning seysmik xavfli hududlarida joylashgan har bir suv omborining hozirgi kundagi seysmik holati va ulardan foydalanish samaradorligini oʻrganish maqsadida ishchi guruhni shakllantirib, reja-grafik asosida uning faoliyatini tashkil etsin;
b) 2024-yil 1-dekabrga qadar respublikaning seysmik xavfli hududlarida joylashgan kamida uchta suv omborining seysmik holati va ulardan foydalanish samaradorligini oʻrganib, natijasi boʻyicha axborotni Kengashga kiritsin.
9. Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi, Suv xoʻjaligi vazirligi va Favqulodda vaziyatlar vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda oʻzlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni ikki oy muddatda ushbu qarorga muvofiqlashtirsin.
10. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi suv xoʻjaligi vaziri Sh.R. Xamrayev, Oʻzbekiston Respublikasi favqulodda vaziyatlar vaziri A.X. Qoʻldoshev va Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi vitse-prezidenti S.Z. Mirzayev zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2024-yil 11-oktabr,
666-son
Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 11-oktabrdagi 666-son qaroriga 1-ILOVA
Suv omborlari toʻgʻonlarining zilzilabardoshligini doimiy radiolokatsion kosmik monitoring qilish tartibi toʻgʻrisida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Nizom Oʻzbekiston Respublikasi hududidagi suv omborlari toʻgʻonlari va ularga tutash maydonlarning zilzilabardoshligini doimiy radiolokatsion kosmik monitoring qilish tartibini belgilaydi.
2. Doimiy radiolokatsion kosmik monitoring qilish tizimi suv omborlari toʻgʻonlarining zilzilabardoshlik holati toʻgʻrisidagi axborotlarni tizimli ravishda toʻplab borish, qayta ishlash hamda tahlil qilish, radiolokatsion kosmik suratlarni interferometrik qayta ishlash orqali yer yuzasidagi deformatsiyalanish, siljish va choʻkish dinamikasini aniqlash hamda suv omborlari toʻgʻonlarining dinamik xossalarini oʻrganish va kuchlanganlik-deformatsiyalanganlik holatini aniqlashni oʻz ichiga oladi.
3. Ushbu Nizomda quyidagi asosiy tushunchalar qoʻllaniladi:
zilzila — yer qobigʻining yoki yer ustki qatlamining toʻsatdan roʻy bergan siljishi, yemirilishi yoki oʻpirilishi oqibatida vujudga keladigan, uzoq masofalarga tarqaladigan toʻlqinsimon tebranishlar tarzidagi yer osti silkinishlari va tebranishlari;
zilzilabardoshlik — aholi hayoti hamda mol-mulkining xavfsizligini taʼminlaydigan binolar va inshootlarning zilzila taʼsiriga boʻlgan mustahkamlik koʻrsatkichlari;
instrumental-texnik tekshiruv — maxsus kuzatuv, oʻlchov va nazorat vositalaridan foydalangan holda binolar hamda inshootlarning texnik holatini tekshirish;
interferometrik qayta ishlash — turli radiolokatsion kosmik suratlardagi signallarning turli fazalardagi farqi asosida yer yuzasidagi nuqtalarning balandligi toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni olish usuli;
kosmik monitoring — kosmik suratlar, ayero suratlar va yerni masofadan zondlashning boshqa vositalari, geoaxborot hamda boshqa raqamli texnologiyalardan foydalangan holda maʼlumotlarni qayta ishlash va tahlil qilish orqali hududlarning holatini muntazam kuzatish va nazorat qilish, unda sodir boʻlayotgan jarayonlarni va oʻzgarish tendensiyalarini aniqlash hamda tahlil qilish;
kuchli zilzila — magnitudasi (zilzila quvvati) Rixter oʻlchovi boʻyicha 5,0 va undan yuqori boʻlgan zilzila;
radiolokatsion kosmik monitoring tizimi — radiolokatsion kosmik suratlarni interferometrik qayta ishlash orqali yer yuzasidagi deformatsiyalanish, siljish va choʻkish holatlarini aniqlash;
radiolokatsion kosmik suratlar — uzunligi 1 sm dan 1 m gacha boʻlgan radiatsion toʻlqinlar muayyan bir hududga yoʻnaltirilib, qayta aks ettirilgan nurlardagi signallar yozib olingan kosmik suratning maxsus turi.
4. Quyidagilar suv omborlari toʻgʻonlarining zilzilabardoshligini doimiy radiolokatsion kosmik monitoring qilish tizimining asosiy vazifalari hisoblanadi:
suv omborlari toʻgʻonlari va ularga tutash maydonlarning deformatsiyalanish, siljish va choʻkish dinamikasini aniqlash maqsadida doimiy radiolokatsion kosmik monitoringni amalga oshirish;
Oʻzbekiston Respublikasi Suv xoʻjaligi vazirligi (keyingi oʻrinlarda — Suv xoʻjaligi vazirligi) hamda “Oʻzbekgidroenergo” AJ tomonidan taqdim etilgan roʻyxat asosida zaruratga koʻra III — IV-sinfga kiruvchi suv omborlarida radiolokatsion kosmik monitoringni amalga oshirish;
kuchli zilzilalar sodir boʻlgandan soʻng sunʼiy yoʻldoshlarning texnik imkoniyatlaridan kelib chiqqan holda, suv omborlari toʻgʻonlarining deformatsiyalanish, siljish va choʻkish dinamikasini aniqlash maqsadida radiolokatsion kosmik monitoringni amalga oshirish va maʼlumotlarni “Suv omborlarida seysmologik kuzatuvlarni amalga oshirish elektron platformasi”ga (keyingi oʻrinlarda — Platforma) kiritish;
suv omborlari toʻgʻonlari va ularga tutash maydonlarning turli jadallikdagi zilzilalar yoki boshqa jarayonlar natijasidagi oʻzgarishlari toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni toʻplash, qayta ishlash va Platformaga kiritish;
radiolokatsion kosmik monitoring maʼlumotlari asosida suv omborlari toʻgʻonlarining dinamik xossalarini oʻrganish va kuchlanganlik-deformatsiyalanganlik holatini baholash;
Suv xoʻjaligi vazirligi, “Oʻzbekgidroenergo” AJ hamda Oʻzbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligini (keyingi oʻrinlarda — Favqulodda vaziyatlar vazirligi) tabiiy va texnogen xususiyatli favqulodda vaziyatlarning yuzaga kelish xavflari toʻgʻrisida ogohlantirish.
2-bob. Suv omborlari toʻgʻonlarining zilzilabardoshligini doimiy radiolokatsion kosmik monitoring qilish tartibi
5. Suv omborlari toʻgʻonlarining zilzilabardoshligini doimiy radiolokatsion kosmik monitoring qilish ushbu Nizomga ilovada keltirilgan sxemaga muvofiq amalga oshiriladi.
6. Suv xoʻjaligi vazirligi, “Oʻzbekgidroenergo” AJ hamda “Oʻzbekgidrogeologiya” davlat muassasasi suv omborlari toʻgʻrisidagi barcha maʼlumotlarni (loyiha hujjatlari, kunlik olib boriladigan oʻlchov natijalari va boshqalar), shuningdek, uning atrof hududida sodir boʻlishi mumkin boʻlgan koʻchki hodisalari toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni doimiy ravishda Platformaga kiritib boradi.
7. Oʻzbekiston Respublikasi Raqamli texnologiyalar vazirligi huzuridagi Kosmik tadqiqotlar va texnologiyalar agentligi (keyingi oʻrinlarda — Agentlik) har yili kamida bir marta Platformaga kiritilgan maʼlumotlardan foydalangan holda, suv omborlari (III-IV-sinfga kiruvchi suv omborlarida taqdim etilgan roʻyxat asosida) toʻgʻonlarining zilzilabardoshligini radiolokatsion kosmik monitoring qiladi hamda toʻgʻonlarning radiolokatsion kosmik suratlarini interferometrik qayta ishlash orqali deformatsiyalanish, siljish va choʻkish dinamikasini aniqlaydi.
Bunda Agentlik yuqorida koʻrsatilgan ishlarni oʻzining muassisligidagi Kosmik monitoring va geoaxborot texnologiyalari markazini jalb qilgan holda amalga oshirishi mumkin.
8. Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi (keyingi oʻrinlarda — Fanlar akademiyasi) suv omborlari toʻgʻonlarining zilzilabardoshligini doimiy radiolokatsion kosmik monitoring qilish tizimidagi deformatsiyalanish, siljish va choʻkish dinamikasi maʼlumotlarini ikki hafta muddatda har bir toʻgʻon kesimida ilmiy tahlil qiladi, shuningdek, kuchlanganlik-deformatsiyalanganlik holatini baholab, ularni Platformaga kiritadi.
9. Fanlar akademiyasi radiolokatsion kosmik monitoring natijalariga asosan suv omborlari toʻgʻonlari va unga tutash maydonlarda deformatsiyalanish, siljish va choʻkish dinamikasi yuqori boʻlgan holatlar vujudga kelgan taqdirda, zaruratga koʻra tegishli xulosani Suv omborlari toʻgʻonlarining zilzilabardoshligi kosmik monitoringini oʻrganish komissiyasiga (keyingi oʻrinlarda — Komissiya) taqdim etadi.
10. Komissiya Fanlar akademiyasining tegishli xulosasini uch kun muddatda Komissiya majlisida batafsil koʻrib chiqadi va tegishli qaror qabul qiladi.
Komissiya qarori vazirlik va idoralar hamda mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlariga yuboriladi.
11. Agar Komissiya qarorida suv omborlari toʻgʻonlari va unga tutash maydonlarda deformatsiyalanish, siljish va choʻkish dinamikasi yuqori boʻlgan holatlar koʻrsatilgan boʻlsa, Suv xoʻjaligi vazirligi, “Oʻzbekgidroenergo” AJ va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari ikki hafta muddatda suv omborlari toʻgʻonlarida instrumental-texnik tekshiruv oʻtkazadi hamda natijasi boʻyicha hisobot tayyorlab, Suv xoʻjaligi vazirligi huzuridagi Suv xoʻjaligi obyektlari xavfsizligini va suvdan foydalanishni nazorat qilish inspeksiyasi (keyingi oʻrinlarda — Inspeksiya) va Fanlar akademiyasiga taqdim etadi.
12. Inspeksiya va Fanlar akademiyasi bir hafta muddatda instrumental-texnik tekshiruv va kosmik monitoring natijasida aniqlangan maʼlumotlarni oʻrganib chiqib, ularning xavfsizlik mezonlari talablariga mos kelishi yoki mos kelmasligi, shuningdek, toʻgʻonning seysmik mustahkamligi toʻgʻrisida xulosa tayyorlaydi hamda xulosani Komissiyaga taqdim etadi.
13. Komissiya uch kun muddatda taqdim etilgan xulosani Komissiya majlisida koʻrib chiqadi va qaror qabul qiladi.
Oʻrganish natijalariga koʻra xulosa xavfsizlik mezonlari talablariga mos kelgan taqdirda, Komissiya Oʻzbekiston Respublikasi aholisi va hududining seysmik xavfsizligini taʼminlash tadbirlarini muvofiqlashtirish boʻyicha respublika kengashiga (keyingi oʻrinlarda — Respublika kengashi) axborot kiritadi.
Suv omborlari toʻgʻonlari xavfsizlik mezonlariga mos kelmaganda, toʻgʻonda seysmik zaiflik mavjud boʻlganda hamda favqulodda vaziyatlarning kelib chiqish xavflari yuzaga kelganda, Komissiya bir kun muddatda Respublika kengashiga holat toʻgʻrisida axborot kiritadi.
14. Respublika kengashi uch kun muddatda favqulodda vaziyatlar xavfi yuzaga kelishi mumkin boʻlgan suv omborlari toʻgʻonlarida aniqlangan muammolarni bartaraf etish boʻyicha chora-tadbirlarni belgilaydi.
15. Suv xoʻjaligi vazirligi, “Oʻzbekgidroenergo” AJ va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari Favqulodda vaziyatlar vazirligi bilan birgalikda ikki hafta muddatda suv ombori toʻgʻonida aniqlangan muammolarni bartaraf etish boʻyicha tegishli chora-tadbirlarni amalga oshiradi hamda amalga oshirilgan ishlar toʻgʻrisida Respublika kengashiga axborot kiritadi.
16. Inspeksiya xavfsizlik mezonlari talablari asosida suv omborlari toʻgʻonlarida instrumental-texnik tekshiruvlar oʻtkazilishini taʼminlaydi, shuningdek, toʻgʻonning seysmik mustahkamligi boʻyicha nazoratni amalga oshiradi.
17. Agentlik radiolokatsion kosmik monitoring natijasida aniqlangan maʼlumotlarni Platformaga doimiy ravishda kiritadi va yangilab boradi.
18. Manfaatdor vazirlik va idoralar Platformaga kiritiladigan maʼlumotlar hamda tayyorlanadigan xulosalarning toʻgʻri va ishonchli boʻlishiga javobgar hisoblanadi.
3-bob. Suv omborlari toʻgʻonlarining zilzilabardoshligini doimiy radiolokatsion kosmik monitoring qilish tadbirlarini moliyalashtirish tartibi
19. Agentlik tomonidan amalga oshiriladigan suv omborlari toʻgʻonlarining zilzilabardoshligini doimiy radiolokatsion kosmik monitoring qilish tizimini yuritish bilan bogʻliq xarajatlar Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Seysmologiya, inshootlarning seysmik mustahkamligini va seysmik xavfsizlikni taʼminlash sohasini qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan moliyalashtiriladi.
20. Fanlar akademiyasi tomonidan kelgusi yil uchun suv omborlari toʻgʻonlarining zilzilabardoshligini doimiy radiolokatsion kosmik monitoring qilish rejalashtirilgan suv omborlari toʻgʻrisidagi maʼlumotlar har yili 1-iyunga qadar Agentlikka kiritib boriladi.
21.Agentlik suv omborlari toʻgʻonlarining zilzilabardoshligini doimiy radiolokatsion kosmik monitoring qilish hamda Platformaning yuritish bilan bogʻliq xarajatlar toʻgʻrisida har yili 1-iyulga qadar Vazirlar Mahkamasiga asoslangan hisob-kitoblar taqdim etadi.
22. Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Seysmologiya, inshootlarning seysmik mustahkamligini va seysmik xavfsizlikni taʼminlash sohasini qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi kengashi Agentlik tomonidan taqdim etilgan asoslangan hisob-kitoblar yuzasidan tegishli qaror qabul qiladi.
23. Suv ombori toʻgʻonlarida insturmental-texnik tekshiruv oʻtkazish hamda favqulodda vaziyatlarni bartaraf etish boʻyicha tegishli chora-tadbirlarni amalga oshirish bilan bogʻliq xarajatlar mahalliy ijro hokimiyat organlarining budjet va budjetdan tashqari mablagʻlari, shuningdek, qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan moliyalashtiriladi.
4-bob. Yakunlovchi qoidalar
24. Suv omborlari toʻgʻonlarining seysmik mustahkamligi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar Agentlik tomonidan respublika va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari hamda boshqa tashkilotlarning soʻrovlari asosida taqdim etilishi mumkin, davlat sirlarini tashkil etuvchi maʼlumotlar bundan mustasno.
Davlat sirlarini tashkil etuvchi maʼlumotlarni umumlashtirish va berish qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
25. Ushbu Nizom talablari buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda javob beradilar.
Suv omborlari toʻgʻonlarining zilzilabardoshligini doimiy radiolokatsion kosmik monitoring qilish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga ILOVA
Suv omborlari toʻgʻonlarining zilzilabardoshligini doimiy kosmik monitoring qilish
SXEMASI
Bosqichlar Masʼullar Amalga oshirish mexanizmi Muddati 1-bosqich Suv xoʻjaligi vazirligi, “Oʻzbekgidroenergo” AJ, “Oʻzbekgidrogeologiya” davlat muassasasi Suv omborlari toʻgʻrisidagi barcha maʼlumotlarni (loyiha hujjatlari, kunlik olib boriladigan oʻlchov natijalari va boshqalar), shuningdek, uning atrof hududida sodir boʻlishi mumkin boʻlgan koʻchki hodisalari toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni “Suv omborlarida seysmologik kuzatuvlarni amalga oshirish elektron platformasi”ga (keyingi oʻrinlarda — Platforma) kiritib boradi. Doimiy ravishda 2-bosqich Kosmik tadqiqotlar va texnologiyalar agentligi Platformaga kiritilgan maʼlumotlardan foydalangan holda, suv omborlari (III-IV-sinfga kiruvchi suv omborlarida taqdim etilgan roʻyxat asosida) toʻgʻonlarining zilzilabardoshligini doimiy radiolokatsion kosmik monitoring qiladi va toʻgʻonlarning radiolokatsion kosmik suratlarini interferometrik qayta ishlash orqali deformatsiyalanish, siljish va choʻkish dinamikasini aniqlaydi. Har yili kamida bir marta 3-bosqich Fanlar akademiyasi Suv omborlari toʻgʻonlarining zilzilabardoshligini doimiy radiolokatsion kosmik monitoring qilish tizimidagi deformatsiyalanish, siljish va choʻkish dinamikasi maʼlumotlarini har bir toʻgʻon kesimida ilmiy tahlil qiladi, shuningdek, kuchlanganlik-deformatsiyalanganlik holatini baholab, ularni Platformaga kiritadi. Ikki hafta muddatda Radiolokatsion kosmik monitoring natijalariga asosan suv omborlari toʻgʻonlari va unga tutash maydonlarda deformatsiyalanish, siljish va choʻkish dinamikasi yuqori boʻlgan holatlar vujudga kelgan taqdirda, tegishli xulosani Suv omborlari toʻgʻonlarining zilzilabardoshligi kosmik monitoringini oʻrganish komissiyasiga (keyingi oʻrinlarda — Komissiya) taqdim etadi. Zaruratga koʻra 4-bosqich Suv omborlari toʻgʻonlarining zilzilabardoshligi kosmik monitoringini oʻrganish komissiyasi Fanlar akademiyasining tegishli xulosasini Komissiya majlisida batafsil koʻrib chiqadi va tegishli qaror qabul qiladi. Komissiya qarorini vazirlik va idoralar hamda mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlariga yuboradi. Uch kun muddatda 5-bosqich Suv xoʻjaligi vazirligi, “Oʻzbekgidroenergo” AJ va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari Komissiya qarorida suv omborlari toʻgʻonlari va unga tutash maydonlarda deformatsiyalanish, siljish va choʻkish dinamikasi yuqori boʻlgan holatlar mavjud boʻlsa, suv omborlari toʻgʻonlarida instrumental-texnik tekshiruv oʻtkazadi va natijasi boʻyicha hisobot tayyorlab, Suv xoʻjaligi obyektlari xavfsizligini va suvdan foydalanishni nazorat qilish inspeksiyasi hamda Fanlar akademiyasiga taqdim etadi. Ikki hafta muddatda 6-bosqich Suv xoʻjaligi obyektlari xavfsizligini va suvdan foydalanishni nazorat qilish inspeksiyasi hamda Fanlar akademiyasi Instrumental-texnik tekshiruv va kosmik monitoring natijasida aniqlangan maʼlumotlarni oʻrganib chiqib, ularning xavfsizlik mezonlari talablariga mos kelishi yoki mos kelmasligi, shuningdek, toʻgʻonning seysmik mustahkamligi toʻgʻrisida xulosa tayyorlaydi hamda xulosani Komissiyaga taqdim etadi. Bir hafta muddatda 7-bosqich Suv omborlari toʻgʻonlarining zilzilabardoshligi kosmik monitoringini oʻrganish komissiyasi Taqdim etilgan xulosani Komissiya majlisida koʻrib chiqadi va qaror qabul qiladi. Uch kun muddatda Oʻrganish natijalariga koʻra, xulosa xavfsizlik mezonlari talablariga mos kelgan taqdirda, Respublika kengashiga axborot kiritadi. Qaror qabul qilingandan soʻng Suv omborlari toʻgʻonlari xavfsizlik mezonlariga mos kelmaganda, toʻgʻonda seysmik zaiflik mavjud boʻlganda hamda favqulodda vaziyatlarning kelib chiqish xavflari yuzaga kelganda, Respublika kengashiga holat toʻgʻrisida axborot kiritadi. Bir kun muddatda 8-bosqich Respublika kengashi Favqulodda vaziyatlar xavfi yuzaga kelishi mumkin boʻlgan suv omborlari toʻgʻonlarida aniqlangan muammolarni bartaraf etish boʻyicha chora-tadbirlarni belgilaydi. Uch kun muddatda 9-bosqich Suv xoʻjaligi vazirligi, “Oʻzbekgidroenergo” AJ va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari Favqulodda vaziyatlar vazirligi bilan hamkorlikda Suv ombori toʻgʻonida aniqlangan muammolarni bartaraf etish boʻyicha tegishli chora-tadbirlarni amalga oshiradi. Amalga oshirilgan ishlar toʻgʻrisida Respublika kengashiga axborot kiritadi. Ikki hafta muddatda
Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 11-oktabrdagi 666-son qaroriga 2-ILOVA
Suv omborlari toʻgʻonlarining zilzilabardoshligini doimiy radiolokatsion kosmik monitoring qilish tizimi bosqichma-bosqich joriy etiladigan suv omborlari
ROʻYXATI
T/r Suv omborining nomi Joylashgan manzili Sinfi Foydalanuvchi tashkilot Seysmik jihatdan necha ballik zonada joylashganlik koʻrsatkichi 1. Andijon Andijon viloyati 1 “Oʻzbekgidroenergo” AJ 8 2. Toʻdakoʻl Buxoro viloyati 2 Suv xoʻjaligi vazirligi 8 3. Tozakoʻl Buxoro viloyati 2 Suv xoʻjaligi vazirligi 8 4. Qoʻrgʻontepa Fargʻona viloyati 2 Suv xoʻjaligi vazirligi 8 5. Karkidon Fargʻona viloyati 1 Suv xoʻjaligi vazirligi 8 6. Qoravultepa Jizzax viloyati 2 Suv xoʻjaligi vazirligi 8 7. Zomin Jizzax viloyati 2 Suv xoʻjaligi vazirligi 8 8. Chortoq Namangan viloyati 2 Suv xoʻjaligi vazirligi 9 9. Rezaksoy Namangan viloyati 1 Suv xoʻjaligi vazirligi 9 10. Varzik Namangan viloyati 2 Suv xoʻjaligi vazirligi 9 11. Jiydalisoy Namangan viloyati 2 Suv xoʻjaligi vazirligi 9 12. Pachkamar Qashqadaryo viloyati 2 Suv xoʻjaligi vazirligi 8 13. Hisorak Qashqadaryo viloyati 1 “Oʻzbekgidroenergo” AJ 8 14. Qizilsuv Qashqadaryo viloyati 2 Suv xoʻjaligi vazirligi 8 15. Dehqonobod Qashqadaryo viloyati 2 Suv xoʻjaligi vazirligi 8 16. Langar Qashqadaryo viloyati 2 Suv xoʻjaligi vazirligi 8 17. Chimqoʻrgʻon Qashqadaryo viloyati 2 Suv xoʻjaligi vazirligi 8 18. Qorabogʻ Qashqadaryo viloyati 2 Suv xoʻjaligi vazirligi 8 19. Talimarjon Qashqadaryo viloyati 1 Suv xoʻjaligi vazirligi 7 20. Qattaqoʻrgʻon Samarqand viloyati 2 Suv xoʻjaligi vazirligi 8 21. Qoratepa Samarqand viloyati 2 Suv xoʻjaligi vazirligi 8 22. Tusunsoy Samarqand viloyati 2 Suv xoʻjaligi vazirligi 7 23. Oqdaryo Samarqand viloyati 3 Suv xoʻjaligi vazirligi 7 24. Uchqizil Surxondaryo viloyati 4 Suv xoʻjaligi vazirligi 7 25. Toʻpolang Surxondaryo viloyati 1 “Oʻzbekgidroenergo” AJ 9 26. Janubiy Surxon Surxondaryo viloyati 2 Suv xoʻjaligi vazirligi 9 27. Chorvoq Toshkent viloyati 1 “Oʻzbekgidroenergo” AJ 8 28. Ohangaron Toshkent viloyati 1 “Oʻzbekgidroenergo” AJ 8 29. Toshkent Toshkent viloyati 2 Suv xoʻjaligi vazirligi 8
Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 11-oktabrdagi 666-son qaroriga 3-ILOVA
Suv omborlari toʻgʻonlarining zilzilabardoshligi kosmik monitoringini oʻrganish komissiyasi
TARKIBI
1. S.Z. Mirzayev — Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining vitse-prezidenti, Komissiya raisi 2. D.A. Bekmirzayev — Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi boʻlim boshligi, Komissiya raisining oʻrinbosari 3. T.N. Butunbayev — Oʻzbekiston Respublikasi suv xoʻjaligi vazirining birinchi oʻrinbosari 4. S.T. Zuparov — Oʻzbekiston Respublikasi favqulodda vaziyatlar vazirining birinchi oʻrinbosari 5. A.K. Fozilov — “Oʻzbekgidroenergo” AJ Suv omborlaridan xavfsiz va samarali foydalanish boshqarmasi boshligʻi 6. Sh.M. Qodirov — Oʻzbekiston Respublikasi Raqamli texnologiyalar vazirligi huzuridagi Kosmik tadqiqotlar va texnologiyalar agentligi direktori 7. R.B. Rahimov — Oʻzbekiston Respublikasi Suv xoʻjaligi vazirligi huzuridagi Suv xoʻjaligi obyektlari xavfsizligini va suvdan foydalanishni nazorat qilish inspeksiyasi boshligʻi 8. T.Z. Sultanov — Andijon qishloq xoʻjaligi va agrotexnologiyalar instituti rektori 9. K.Dj. Salyamova — Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining M.T. Oʻrozboyev nomidagi Mexanika va inshootlar seysmik mustahkamligi instituti bosh ilmiy xodimi 10. B.E. Xusanov — Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining M.T. Urozboyev nomidagi Mexanika va inshootlar seysmik mustahkamligi instituti bosh ilmiy xodimi 11. V.A. Ismailov — Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining Gʻ.O. Mavlonov nomidagi Seysmologiya instituti direktori 12. Q.I. Qoʻchqorov — Oʻzbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi Seysmoprognostik monitoring respublika markazi boshligʻi 13. E.S. Toshmatov — “Toshkent irrigatsiya va qishloq xoʻjaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti” Milliy tadqiqot universiteti dotsenti 14. Sh.N. Nasrullayev — Oʻzbekiston Respublikasi Raqamli texnologiyalar vazirligi huzuridagi Kosmik tadqiqotlar va texnologiyalar agentligi boʻlim boshligʻi, Komissiya kotibi
Izoh. Komissiya aʼzolari boshqa ishga oʻtgan taqdirda, uning tarkibiga ushbu lavozimga yangi tayinlangan yoki zimmasiga tegishli funksiyalarni bajarish yuklangan shaxslar kiritiladi.
