“191-modda. Xalq deputatlari Kengashi doimiy va muvaqqat komissiyalarining vakolatlari
Yangi tahrirdagi Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganligi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga mahalliy davlat hokimiyati organlari faoliyatini takomillashtirishga qaratilgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida (O‘RQ-976-son) · Sana: 17.10.2024 · Amalda
Xalq deputatlari Kengashining doimiy va muvaqqat komissiyalari:
oʻz tashabbusiga koʻra yoki Kengashning topshirigʻiga binoan Kengash qarorlarining loyihalarini ishlab chiqadi;
faoliyat yoʻnalishi doirasida hududiy dasturlarni ishlab chiqish va amalga oshirishda ishtirok etadi;
xalq deputatlari Kengashi qarorlari loyihalarini dastlabki tarzda koʻrib chiqadi va ularni Kengash sessiyasida koʻrib chiqish uchun tayyorlaydi;
xalq deputatlari Kengashi qarorlarining loyihalari yuzasidan xulosalar beradi;
viloyatlar va Toshkent shahri mahalliy budjetlari, shuningdek tumanlar va shaharlar budjetlari loyihalari yuzasidan xulosalar hamda takliflar beradi;
xalq deputatlari Kengashining tavsiyasiga koʻra budjet mablagʻlarining maqsadli sarflanishi va ulardan samarali foydalanilishi holatini oʻrganadi;
ishchi guruhlar tuzadi, ularning tarkibiga davlat organlari va nodavlat notijorat tashkilotlarining, ilmiy muassasalarning vakillarini, mutaxassislar va olimlarni jalb etadi;
tegishli hududdagi davlat organlari va tashkilotlaridan, mansabdor shaxslardan maʼlumotlarni va ekspert xulosalarini, shuningdek boshqa axborotni talab qilib oladi;
tegishli hududda qonun hujjatlarining va xalq deputatlari Kengashi qarorlarining davlat organlari tomonidan ijro etilish holatini, huquqning qoʻllanilish amaliyotini joylarga chiqqan holda oʻrganadi;
normativ-huquqiy hujjatlarni, xalq deputatlari Kengashi qarorlarini targʻib etish, ularning mohiyati va ahamiyatini tushuntirish boʻyicha tadbirlarni amalga oshiradi.
Doimiy va muvaqqat komissiyalar qonunchilikka muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin”;
13) 20-moddaning:
beshinchi qismi quyidagi mazmundagi beshinchi va oltinchi qismlar bilan almashtirilsin:
“Xalq deputatlari viloyat, tuman, shahar Kengashi kotibiyatining mudiri tegishli xalq deputatlari Kengashi deputatlari orasidan Kengash raisi tomonidan tayinlanadi va doimiy asosda faoliyat yuritadi.
