164-modda. Xalq deputatlari Kengashi raisini muddatidan ilgari lavozimidan ozod qilish
Yangi tahrirdagi Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganligi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga mahalliy davlat hokimiyati organlari faoliyatini takomillashtirishga qaratilgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida (O‘RQ-976-son) · Sana: 17.10.2024 · Amalda
Xalq deputatlari Kengashi raisi ovoz berish orqali Kengash deputatlari umumiy sonining uchdan ikki qismidan koʻprogʻining ovozi bilan qabul qilingan Kengash qaroriga binoan muddatidan ilgari lavozimidan ozod qilinishi mumkin.
Xalq deputatlari Kengashi raisini muddatidan ilgari lavozimidan ozod qilish toʻgʻrisidagi masala Kengash deputatlari umumiy sonining kamida uchdan bir qismidan iborat deputatlar guruhining taklifiga binoan Kengash tomonidan koʻrib chiqiladi.
Xalq deputatlari Kengashi raisini muddatidan ilgari lavozimidan ozod qilish toʻgʻrisidagi masala koʻrib chiqilayotganda sessiyada Kengashning doimiy komissiyalari raislaridan biri raislik qiladi.
Xalq deputatlari Kengashi raisini muddatidan ilgari lavozimidan ozod qilish toʻgʻrisida qaror qabul qilinadi, qaror sessiyada raislik qiluvchi tomonidan imzolanadi”;
9) 17-moddaning:
birinchi va ikkinchi qismlari quyidagi mazmundagi birinchi — toʻrtinchi qismlar bilan almashtirilsin:
“Xalq deputatlari viloyat, tuman, shahar Kengashi faoliyatining tashkiliy shakli uning sessiyalaridir. Xalq deputatlari viloyat, tuman, shahar Kengashining sessiyalari tegishli Kengashning faoliyatni jamoatchilik asosida amalga oshiradigan raisi, u yoʻqligida esa tegishli Kengashga saylovda eng koʻp deputatlik oʻrinlarini olgan siyosiy partiyadan ilgari surilgan deputatlar tomonidan tashkil etilgan partiya guruhi rahbari tomonidan, zaruratga qarab, har chorakda kamida bir marta chaqiriladi. Sessiya xalq deputatlari tegishli Kengashi deputatlari kamida uchdan ikki qismining tashabbusiga yoki hokimning taklifiga binoan ham chaqirilishi mumkin. Kengash sessiyasini chaqirish toʻgʻrisidagi qarordan deputatlar sessiya ochilishidan kamida uch kun oldin xabardor qilinadi.
Yangi saylangan xalq deputatlari viloyat, tuman, shahar Kengashining birinchi sessiyasi hokim tomonidan saylovdan keyin kechi bilan uch haftalik muddat ichida chaqiriladi. Kengashning birinchi sessiyasini tegishli hududiy, tuman, shahar saylov komissiyasi raisi ochib beradi hamda u Kengash raisi saylanguniga qadar sessiyada raislik qiladi.
