162-modda. Xalq deputatlari Kengashi raisining vakolatlari
Yangi tahrirdagi Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganligi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga mahalliy davlat hokimiyati organlari faoliyatini takomillashtirishga qaratilgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida (O‘RQ-976-son) · Sana: 17.10.2024 · Amalda
Xalq deputatlari Kengashi raisi:
xalq deputatlari Kengashi sessiyasiga koʻrib chiqish uchun kiritiladigan masalalarni tayyorlashga umumiy rahbarlikni amalga oshiradi;
xalq deputatlari Kengashi sessiyasiga raislik qiladi va Kengash sessiyasining ishini tashkil etadi;
xalq deputatlari Kengashi Kotibiyati mudiri va xodimlarini lavozimga tayinlaydi hamda lavozimidan ozod qiladi;
Kengash Kotibiyatiga xalq deputatlari Kengashi ishini tashkil etish boʻyicha topshiriqlar beradi, Kotibiyat xodimlari oʻrtasida vazifalarni taqsimlaydi;
xalq deputatlari Kengashining qarorlarini va Kengash sessiyasi bayonnomalarini imzolaydi, shuningdek ularning ijrosi ustidan nazoratni tashkil etadi;
xalq deputatlari Kengashining sessiyasini, shu jumladan navbatdan tashqari sessiyasini chaqirish toʻgʻrisida qaror qabul qiladi;
fuqarolarni qabul qilishni tashkil etadi, jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlarini koʻrib chiqadi;
xalq deputatlari Kengashining doimiy va muvaqqat komissiyalari ishini muvofiqlashtirib boradi;
xalq deputatlari Kengashi muhokamasiga kiritilgan masalalarni koʻrib chiqish uchun davlat organlari va tashkilotlarining mutaxassislari hamda ekspertlarini jalb etadi;
deputatlarga oʻz vakolatlarini amalga oshirishda koʻmaklashadi;
xalq deputatlari Kengashi faoliyatining ochiqligi va oshkoraligini taʼminlash choralarini koʻradi;
xalq deputatlari Kengashi faoliyatining tashkiliy, axborot, moddiy-texnika taʼminotini tashkil etadi;
ushbu Qonunda va boshqa qonun hujjatlarida nazarda tutilgan vakolatlarni amalga oshiradi.
